Slanesli neft
Slanesli neft
Avvalo slanes haqida. Slanes - qatlam-qatlam ko'rinishdagi tog' jinsi bo'lib, bu qatlamlar osonlik bilan o'zaro ajraladi. Slanesli neft (inglizchasi - "shale oil") - yonuvchan slaneslarga qo'shimcha kimyoviy va mexanik ishlov berish natijasida olinadigan noaa'anaviy neft bo'lib, u kerogen moddasiga boy bo'lgan slaneslardan olinadi. Kerogen - butum holiga kelib qolgan organik moddadir. Slanesli neft olishda odatda salnes konlaridan olingan jinslarni piroliz qilinadi yoki gidrogenlanadi, yoxud, termik eritish bilan qayta ishlanadi. Bunda slaneslardagi organik moddalar qoldiqlari sintetik uglevodorodlarga, ya'ni, sintetik gaz va neftga aylanadi. Bunday usul bilan olingan neft to'g'ridan-to'g'ri yoqilg'i sifatida ishlatilishi, yoki, NQZ larda qo'shimcha qayta ishlanishi (oltingugurt va azot qoldiqlaridan tozalanishi) mumkin. Slanesli neft mahsulotlari ham an'anaviy neft mahsulotlari singari, ular bilan bir xil maqsadlarda qo'llanilishi mumkin.
Slanesli neft ("shale oil") atamasi shuningdek, an'anavaiy yengil neftni ifodalash uchun ham keng qo'llanliadi (ayniqsa AQSHda). Bunday neft ham slanesli qatlamlar jinslari va ularga yaqin zich kollektorlardan qazib olinadi. Lekin bunda piroliz va boshqa kimyoviy ta'sir usullari qo'llanilmaydi. Bunday yengil neft bilan slanesli neftni, o'zaro farqlab belgilash uchun, Xalqaro Energetika Agentligi, "light tight oil" (qisqacha LTO) atamasini qo'llashni tavsiya qiladi.
Yangilаndi: 17.02.2025 08:06
Tezkor zarrachalarning energiyasi va impulsi
Tezkor zarrachalarning energiyasi va impulsi

Yangilikni bayon qilishda, avvaldan ma'lum bilimga suyanish kerak. O'quvchi E=Mc2 formulani biladi deb qabul qilamiz.
Bu formulani Eynshteyn kashf qilgan. Endilikda biz, tezkor zarrachalarning energiyasini qanday hisoblashni yoki shunchaki yerda yotgan toshda ham, foydalanilmay yotgan behisob energiya zaxiralari mavjudligini aynan u tufayli bilamiz. U mazkur formula amaliyotda birinchi marta zarur bo'lishidan ancha avval (1919-yilda birinchi marta yadroviy parchalanish qayd etilishidan ancha avval) keltirib chiqargan edi. 1905-yildayoq Eynshteyn, tezkor zarrachalarning energiyasi va impulsini odatiy formulalar E=mv2/2 yoki P=mv bilan hisoblab bo'lmasligini isbotlab bergan edi. U yana ko'plab narsalarni isbotlab berdi, u bizning asosiy tushunchalar: zamon, makon, harakat, Yorug'lik va massalar haqidagi tasavvurlarimizni tom ma'noda o'zgartirib yubordi. Lekin biz uchun hozircha uning energiya va impuls haqida nimalar degani muhimroq.
Eynshteyn kashfiyotinining mohiyatini tahminan shunday bayon qilish mumkin. Olamda Yorug'likdan tezkorroq hech narsa yo'q. Va bir Yorug'lik boshqasidan tezroq bo'lishi mumkin emas. Har qanday Yorug'lik (bo'shliqda) domiy bir xilda tezlik bilan harakatlanadi. Shu tufayli ham Yorug'lik tezligini birlik uchun qabul qilish qulay. Boshqa har qanday harakat, masalan biror jismning harakati Yorug'likning tarqalish tezligidan yuqori bo'lishi mumkin emas, ya'ni, har qanday jismning tezligi doimo birdan kichik.
Yangilаndi: 14.04.2025 09:19
Quyosh tutilishi
Quyosh tutilishi

2015-yil 20-mart kuni sayyoramizda navbatdagi Quyosh tutilishi hodisasi kutilmoqda. Bu tutilish to'liq tutilish bo'lib, asrimiz boshidan hisoblaganda to'qqizinchi to'liq tutilish hisoblanadi. 20.03.2015 Quyosh tutilishi asosan shimoliy Atlantika va Shimoliy Muz Okeani ustida sodir bo'ladi. Uning qisman tutilish fazasini Afrikaning shimoliy hududlari, Yevropa va Yevroosiyoning shimoliy-g'arbiy qismlarida kuzatish mumkin bo'ladi. Ushbu to'liq fazadagi Quyosh tutilishini quruqlikning juda oz qismida kuzatiladi. Xususan, to'liq tutilish yo'lagiga to'g'ri keladigan quruqlik qismlari sifatida Farer orollari ham Spitsbergen arxipelagini keltirish mumkin xolos. 20-martdagi Quyosh tutilishining maksimal fazasida, Quyoshni to'sib qo'yuvchi Oy diskining Quyosh gardishidan kattaligi 1.0445 gacha yetadi. To'liq tutilish davomiyligi 1337 soniya (2 daqiqa va 47 soniya) ni tashkil qiladi. Soya uzunligi esa, 462.6 km dan iborat bo'ladi. Tutilish Toshkent vaqti bo'yicha soat kunduz 12:40 da boshlanadi. To'liq faza (ya'ni, Quyosh gardishining to'liq tutilishi) Toshkent vaqti bilan 14:09 da Islandiya yaqinidagi Shimoliy dengiz akvatoriyasida yuz beradi. Oy soyasining Yer sirti bo'ylab sayohati, jami bo'lib 4 soat, 9 daqiqa va 21 soniya davom etadi.
Taasufki, bu safargi Quyosh tutilishi vatanimiz hududidan faqat qisman ko'rinadi.
Fiziklar va astronom olimlarni doim ilhomlantiradigan Quyosh tutilishi hodisasi, o'ziga xos, kamyob va ajoyib tabiat hodisasi bo'lib, ilm-fandan yiroq bo'lgan odamlar uchun ham vahimaga soladigan va zavqlantiradigan muhim voqea hisoblanadi. Ilgari zamonlarda Quyosh tutilishidan kishilar qo'rqib, sarosimaga tushishgan bo'lsa, hozirda ilm-fanda andak bo'lsa-da xabardor bo'lgan har qanday shahs, avvalo bunday noyob tabiat hodisasini o'tkazib yubormasdan, uning jozibasidan bahra olisha intiladi.
Yangilаndi: 05.02.2025 11:48
Ko'zlaringga ishonma...
Ko'zlaringga ishonma...

Inson uchun ko'z - uni o'rab turgan dunyo haqidagi asosiy axborot manbai. Biz ko'zlarimizga mutloq ishonishga ko'nikib qolganmiz. "Ko'zlarimga ishonmadim" so'zi, hayratlanishning eng yuqori darajasini ifodalaydi. Odatiy sharoitlarda bunday ishonch o'zini to'liq oqlaydi. Ko'z va bosh miyaning unga bog'liq bo'limlari o'zaro birgalikda, nozik tahliliy apparatni o'zida namoyon qiladi va u bizga juda turli tuman sharoitlarda: yorqin quyosh nurlarida va yorug'lik umuman kam bo'lganida, tinch holatda va tezkor harakatlanish kabilarda beminnat xizmat qiladi. Bizning ko'zimiz to'r pardasida olinayotgan tasvir, hech qanday nuqsonlarsiz namoyon bo'ladi. U yetarlicha ravshan, manzara to'g'ri, to'g'ri chiziqlar - to'g'ri chiziq bo'lib ko'rinadi, buyumlar atrofida kamalaksimon gardish - xromatik aberratsiya yo'q. Shunga qaramay, ko'zlarimizni ideal asbob deb o'ylashimiz o'rinli emas.
Sinchkovlik bilan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko'rsatmoqdaki, inson ko'ziga ham linzalardagi barcha nuqsonlar xosdir. Lekin, bizning ongimiz, ko'z to'r pardasidagi nomukammal tasvirdan, bizni o'rab turgan fazo haqidagi to'g'ri tasavvurni hosil qila oladi.
Misol keltiramiz. Uzoqni ko'ra olmaslik holati paydo bo'lgan odam, birinchi marta ko'zoynak taqdi. Dastlabki vaqtlarda u manzarani juda xiralashgan va chaplashib ketgan holda ko'radi. To'g'ri chiziqlar unga qiyshaygan bo'lib, tekisliklar - qiyshiq va qiya bo'lib ko'rinadi. Ba'zan bu yengil bosh aylanishini ham keltirib chiqaradi. Lekin, bir muddat o'tgach, odam, ko'zoynaklar orqali, manzarani ham to'g'ri chiziqlarni ham to'g'ri qabul qila boshlaydi. Atrof uning ko'z o'ngida yana to'g'ri ko'rinishda, xiralashmagan, tiniq holatda namoyon bo'ladi, garchi ko'z to'r pardasidagi tasvir hali-hamon noto'g'ri bo'lsa ham.
Noodatiy sharoitlarda - qachonki ko'zlar mantiqqa to'g'ri kelmaydigan axborot olayotganda, tasvir o'ta keskin bo'lganida, masofa, o'lcham va nisbatlarni to'g'ri chamalash qiyin bo'lganida, yoki, ko'z to'r pardasining ayrim qismlari qandaydir qo'zg'atuvchining davomli ta'siri tufayli charchaganida, bizning miyamiz ham adashishni boshlaydi. Turli xil aldamchi tasavvurlar - ko'z aldanishlari paydo bo'ladi. Shubhasiz, siz o'zingiz ham shunday g'aroyib illuziyalarning turli xillari bilan ko'p marta to'qnash kelgansiz. Biz, ko'zlarimizning qanday qilib xato qilishi haqidagi bir necha tajribalarning tafsilotini keltiramiz. Bundan maqsadimiz, sizning ko'rish hissiyotiga bo'lgan ishonchingizni yo'q qilish emas, balki, timsollarni shakllantirishda, miyaning sintez qila olish xususiyati qanday yuksak ahamiyat kasb etishini isbotlashdir.
Ko'z to'r pardasida ham, xuddi fotoapparatdagidek teskari (to'ntarilgan) tasvir hosil bo'lishini isbotlab beruvchi birinchi tajriba uchun, ikki bo'lak karton, masalan ikkita tabriknoma kerak bo'ladi. Ulardan birida yo'g'on igna bilan, taxminan 0.5 mm atrofidagi tuynuk teshing va uni ko'z oldingizda 2 - 3 sm masofada tutib, u orqali yoritilgan manzaraga - yorug' osmonga yoki chiroqqa qarang. Ikkinchi tabriknomaning chetlari bilan sekin asta ko'z qorachig'ingizni pastdan yuqoriga boshlab to'sing. Ko'zning ko'rish maydonida siz tabriknomaning chetlarining soyasini yuqoridan pastga qarab yo'nalganligini ko'rasiz.
Yangilаndi: 29.01.2025 08:53
DAWN sayyoralararo avtomatik stansiyasi Serera mitti sayyorasiga yetib bordi.
DAWN sayyoralararo avtomatik stansiyasi Serera mitti sayyorasiga yetib bordi
2015-yilning 6-mart kuni NASAning DAWN koinot kemasi mitti sayyora - Sereraga yetib bordi va uning atrofida aylanish orbitasiga chiqishga muvaffaq bo'ldi. 2015-yilga mo'ljallangan dasturning ilk bandlariga ko'ra, Dawn Serera orbitasida 2015-yilning iyul oyigacga faoliyat ko'rsatishi ko'zda tutilgan. Avvallari fazoga uchrilgan sayyoralaro avtomatik fazo stansiyalaridan faqrli o'laroq, Dawn o'ziga belgilangan vazifalar yuzasidan tashrif buyurishi lozim bo'lgan osmon jismlari - Vesta asteroidi hamda Serera mitti sayyorasini "uchib o'tish" yo'nalishida, ya'ni, yaqinidan uchib o'tayotib o'rgnadigan apparat sanalmaydi. Balki u o'zi yo'nalgan osmon jismi orbitasi atrofida ma'lum muddat aylanib, keyin esa navbatdagi manzil tomon yo'l oladigan fazoviy apparat sanaladi. Xususan u, Sereraga yetib borgunicha, Vesta asteroidi atrofidas deyarli bir yil aylanib, undasn keyingina, aniqrog'i, 2012-yil sentyabrida mitti sayyoraga yo'l olgan edi.
Dawn sayyoralararo apparatining asosiy maqsadi Vesta asteroidi va Serera mitti sayyorasini o'rganishdan iborat bo'lib, bu apparat 2007-yilning 27-sentyabr kuni Kanaveral kosmodromidan Delta-2 7925H raketa eltuvchisi tomonidan uchirilgan edi. Parvoz vaqtidagi massasi 725 kg bo'lgan. o'rganish uchun Vesta va Serera tanlanishining sababi sifatida esa, NASA mutaxassisari tomonidan, bu ikki osmon jismining bir-biriga qarama-qarshi turdagi asteroidlar sinfiga mansubligi bilan izohlashgan edi. Ya'ni, Vesta asteroidi - yaxlit tog' jinsiga o'xshash, suvsiz osmon jismi bo'lsa, Serera esa - taxminan 100 km gacha bo'lgan qalin muz qatlamiga ega bo'lgan va shaklan sfera shakilga yaqin osmon jismi hisoblanadi. Bundan tashqari, Vesta asteroidi Yer sirtiga yetib keladigan meteoritlarning asosiy manbai sanaladi.
Yangilаndi: 31.01.2025 11:01
Leonardo da Vinchi va Abadiy dvigatelning imkonsizligi tamoyili
Leonardo da Vinchi va Abadiy dvigatelning imkonsizligi tamoyili
Abadiy dvigatelning imkonsizligi haqidagi tushuncha fizikaning maktablardayoq o‘quvchilar ongiga singdiradigan eng muhim qoidalaridan biri hisoblanadi. Natijada ko‘pchilikda shunday tushuncha paydo bo‘ladiki, kimki abadiy dvigatelni yasashga harakat qilayotgan bo‘lsa, demak u, yoki savodsiz, yoki, aqldan ozgan degan xulosaga kelinadi. Bunday yondoshuv bilan esa biz, o‘rta asrlar davri olimlarining fan va texnika oldidagi xizmatlarining ahamiyatini nomunosib tarzda pasaytirib qo‘yamiz.
Umuman olganda abadiy dvigatel yasash uchun bo‘lgan urinishlarni tushunish mumkin. Birinchidan, samarador va arzon energiya manbasi bo‘lgan mashinalarni qurish, jamiyatning eng muhim talablaridan biri hisoblanadi. (shunisi qiziqki, antik davrda, turli xil ilmiy maktablar mavjud bo‘lganiga qaramay, abadiy dvigatel yasash g‘oyasi amalda mavjud bo‘lmagan. Sababi oddiy: arzon ishchi kuchi - qullar mehnatidan keng foydalanish.) bu sohadagi dastlabki ixtirolar, turli mamlakatlarda XII-XIII asrlarga taalluqli bo‘lib, u asosan hunarmandchilik ishlab chiqarishining talab va ehtiyojlari bilan bog‘liq. Ikkinchidan, juda kuchli psixologik omil mavjud: kim ushbu muammoni hal qila olsa, butun insoniyatga katta xizmat ko‘rsatgan bo‘ladi va uning nomi asrlar osha ulug‘lanadi. Va nihoyat, uchinchidan, har kim ham tabiatdagi abadiy, to‘xtovsiz harakatlarni kuzatishi mumkin: Oyning, sayyoralarning harakati, daryolarning oqishi kabi. Agar bunday harakat tabiatda mavjud bo‘lsa, nahotki inson, texnik ko‘nikmalar va ilmiy salohiyat orqali, sun'iy abadiy dvigatelni o‘z qo‘llari bilan yasay olmasa? Agar sening modeling ishlamayotgan bo‘lsa, uni mukammallashtirishga intil! Shunday fikrlar, ilm-fan, texnika bilan aloqasi bo‘lgan ko‘plab shaxslarni abadiy dvigatelning loyihasi ustida faol ravishda izlanishga undagan.
Yangilаndi: 22.12.2018 11:18
Metallar tabiati
Metallar tabiati
Metallar nisbatan og‘ir, yarqiroq bo‘lib, shaffoflik xususiyati yo‘q. Metallar mustahkam, lekin ularning shaklini bolg‘alab ishlov berish yoki, chig‘irlash orqali o‘zgartirish,shuningdek, eritish va payvandlash mumkin. Metallar yaxshigina elektr va issiqlik o‘tkazuvchanlik xususiyatiga ega. Buning barchasi uchun ular metall bog‘lanishlardan minnatdor bo‘lishlari kerak. Bu bog‘lanishning tabiati shundaki, metallardagi har bir atom, o‘z atrofida ko‘p miqdordagi xuddi o‘zi kabi atomlar bilan o‘ralgan. Ulardan har biri tashqi elektron qavatida oz sondagi elektronlargagina ega bo‘lib, bu elektron qavatlar shunday to‘soladiki, arang tutib turiladigan tashqi elektronlarni biror bir atomga bog‘lashning iloji bo‘lmaydi. Atomlar, to‘g‘rirog‘i ionlar o‘z joyida qolayotgan vaqtda, "elektron gazlari" ionlar orasida erkin harakatlanib, ularni o‘zaro bog‘laydi.
Elektronlarning erkinligi va ularning elektr maydonida harakatlana olishi tufayli, metallar o‘tkazgich xususiyatiga ega bo‘ladi. Erkin elektronlarning tashqaridan tushayotgan yorug‘lik nurlarining katta miqdorini yutishi va qayta akslantirishi tufayli metallar shaffof emas va ular yarqiraydi. Erkin elektronlarning issiqlik energiyasini erkin tashiy olishi tufayli metallar yuqori issiqlik o‘tkazguvchanlik xususiyatiga ega bo‘ladi.
Bu maqolada metalarning elektr, issiqlik o‘tkazuvchanlik, hamda, optik xususiyatlari qaralmaydi. Asosiy e'tibor, ularning mexanik xususiyatlariga qaratiladi.
Metallat har xil bo‘lsa ham, ulardagi metall bog‘lanishlarining tabiati bir xil. U metall atomlarining zich va tartibli joylashgan. Bunday struktura esa, siqilishga qarshilik ko‘rsata turib, unga nisbatan siljishga kamroq qarshilik ko‘rsatadi. Shu tufayli metalllar egiluvchandir. Atomlarning zich joylashuvi, metallarning solishtirma og‘irligining ham asosiy izohidir. Metallarning mexanik xususiyatlari, erkin elektronlarning metall bog‘lanishlarga nisbatan to‘g‘ri keladigan kristall strukturasi tufayli vujudga keladi.
1665-yildayoq Robert Guk kristallar shaklini qatorga tartibli terilgan g‘o‘lachalar tarzida modellashtirgan edi. Lekin faqat oradan 250 yil o‘tibgina uning, o‘sha paytda fanga ma'lum bo‘lgan metallarning‘ kristall strukturasining aniq modelini yasagani ma'lum bo‘ldi.
Yangilаndi: 25.12.2018 14:23
Eng uzun so'z va eng katta formula
Eng uzun so'z va eng katta formula
Litseyda ta'lim olayotganimizda sinfdoshlar bilan o'zbek tilidagi eng uzun so'z haqida bahs boylashib qolgan edik. Ko'pchilik singari men ham o'z taxminlarimni aytganman. Bu bahs bejizga bo'lmay, yaqinlashib kelayotgan 21-oktyabr, o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganliga bag'ishlab litseyda o'tkazilishi rejalashtirilgan tadbirda o'tkaziladigan qiziqarli viktorina savollari ichida shunday savol borligini bilar edik. Baribir savolning javobini bayram kuni ona-tili o'qituvchimizning o'zidan eshitganmiz: "elektromexanizatsiyalashtiraolmayotganligimizdandirmikin". Ko'rib, o'qib turganingiz juda uzundan-uzoq so'z, biz sanagan vaqtda naq 51 ta harfdan iborat bo'lib chiqqan edi. Albatta biz maktabda hali kirill alifbosi amalda bo'lgan davrda ta'lim olganmiz. Hozirgi lotin alifbosida esa, ш, ё, я, va ц harflari juftlikka aylanib, sh, yo, ya va ts ko'rinishini olganligi bois, so'zning yozma shaklining uzunligi yana ortdi.
Lekin men bu maqolada sizlar bilan litsey xotiralari yoki, o'zbek tilidagi uzun so'zlar haqida emas, balki, kimyoviy atamalar va formulalarda uchraydigan, talaffuzga juda qiyin uzun so'zlar va sahifalarda katta o'lchamlarni egallaydigan formulalar haqida suhbatlashmoqchiman.
Maqolani o'zbek tilidagi eng uzun so'zdan haqida boshlashim ham besabab emas. Bir zamonlar kimyoga bag'ishlangan viktorinalarda ham shunga o'xshash savollar uchrab turar edi. Xususan, maktab kimyo kursiga oid darslik va qo'llanmalara uchratish mumkin bo'lgan eng uzun kimyoviy atama haqidagi savolga, kitobning o'zida, oxirgi sahifalarida javob berib qo'yilgan bo'lib, biz - erinchoq o'quvchilar, javobni o'sha yerdan qarab bilib olganmiz: "dixlordifeniltrixlormetilmetan" - 30 ta harfdan iborat. Ko'pchilik bu birikmaning qisqartma nomi - DDT orqali yaxshi taniydi. DDT bundan bir necha yillar avval, qishloq xo'jaligida zararkunandalarga qarshi kurashda keng qo'llanilgan vosita bo'lib, hozirda u haqida kimyo darsliklarida ma'lumot uchratish amri mahol. Agar maktab kimyo darsliklaridan emas, umuman kimyoga oid adabiyotlarda va ilmiy manbalarda uchraydigan eng uzun kimyoviy atamani qidirib ko'rsakchi?
Yangilаndi: 22.01.2025 11:25
Turbulentlk
Turbulentlk
Turbulentlk - suyuqlik va gazlarning ko'p oqimlarda kuzatiladigan hamda, bu oqimlarda turli o'lchamli ko'plab uyurmalar hosil bo'lishidan iborat hodisa. Bu hodisa tufayli gidrodinamik va termodinamik xarakteristikalar (tezlik, bosim, harorat, zichlik) tartibsiz fluktuatsiyalar ta'sirida bo'ladi hamda, shuning uchun fazoda va vaqt davomida tartibsiz o'zgaradi.
Turbulentlik kuzatiladigan suyuqlik oqimiga turbulent oqim deyiladi. Bunday oqimda suyuqlik va gazning zarralari tartiblanmagan, turg'unlashmagan harakatlar qiladi. Hamda bu hol ularning intensiv jadal aralashuviga olib keladi.
Bu jihatdan turbulent oqimlar tartibli xarakterga ega bo'lgan va faqat ta'sir qiluvchi kuchlarning o'zgarishidangina vaqt o'tishi bilan o'zgaradigan laminar oqimlardan farq qiladi. Laminar oqimda suyuqlik yoki gaz zarralari bir-biri bilan aralashmaydigan qatlamlar tarzida qat'iy bitta yo'nalishda ko'chadi.
Jadal tartibsiz aralashuv tufayli turbulent oqimlar yuqori issiqlik uzatish, kimyoviy reaksiyalarni (masalan yonishni) tez tarqatish, tovush va elektromagnit to'lqinlarni sochish, shuningdek impulsni uzatish va shu sababli qattiq jismlarni aylanib oqayotganda ularga yuqori kuch bilan ta'siri ko'rsatish xususiyatlariga egadir. Bunda turbulent oqimlarda harakatlanuvchi jismlar anchagina katta qarshilikka uchrashi sababli, kattagina energiya yo'qotadi.
Yangilаndi: 29.01.2025 09:38
|
|