Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Qiziqarli kimyo Metallar haqida oz-mozdan

Metallar haqida oz-mozdan

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 17
Juda yomon!A'lo! 

Metallar haqida oz-mozdan

Metallar shubhasizki eng asosiy texnik xom-ashyodir. Ulardan taqinchoq, ish qurollari, texnika vositalari va ho kazolar tayyorlanadi. Kimyoviy element nuqtai nazaridan esa metallarning har biri o‘ziga xos tarixi va qiziq xossalariga egaligi bilan ahamiyatlidir. Ushbu maqolada davriy jadvaldagi eng taniqli va asosiy metallar haqida qiziqarli faktlar bilan nomma-nom o‘rtoqlashamiz.

Palladiy.

Tartib raqami 46. Atom og‘irligi 106,4

1802-yilda nemis astronomi Genrix Olbers eng yirik asteroidni kashf qilgan va unga Pallada deb nom bergan edi. Undan bir yil o‘tib, Angliyalik kimyogar Uilyam Vollaston platina rudasini spirtda eritish orqali o‘tkazilgan uzun zanjirli reaksiyadan so‘ng, undan yangi kimyoviy elementni ajratib oladi va unda, o‘sha Pallada asteroidi sharafiga palladiy deb nom beradi.

 

 

Palladiyni qaysi sohada va nima maqsadlarda qo‘llash kerakligini kimyogarlar ancha yillar bilishmagan. Yillar o‘tgachgina, palladiy juda yaxshi katalizator ekani va organik kimyoda vodorodni o‘zlashtirish reaksiyalarida asqotishi aniqlandi. Masalan, yog‘larni gidrogenlash reaksiyalarida palladiydan katalizator sifatida foydalaniladi va xususan, margarin mahsuloti shu orqali ishlab chiqariladi.

Shuningdek, palladiy elektronikada, kondensatorlar tayyorlashda ishlatiladi. Lekin, palladiy qimmatbaho metall bo‘lgani uchun, bu sohada palladiyning qo‘llanishi unchalik keng tarqalmagan. Palladiy shuningdek oltin bilan qotishma ko‘rinishida ajoyib bir xossani namoyish qiladi. Agar sof oltinga atiga 1/100 ulushda palladiy qo‘shib, qotishma hosil qilinsa, oltinning rangi o‘ziga xos zarhal tillarangdan kumush rangiga o‘zgaradi-qoladi! Oq oltinni shu tariqa hosil qilinadi va undan tilla tangalar zarb qilinadi. Numizmatika (ya’ni, tanga to‘plash) shaydolari bunday tangalarni juda qimmat baholashadi.

Qayerlarda duch kelish mumkin?: vodorod saqlanadigan ballonlar metalida, tibbiy jihozlarda, elektron platalar, avtomobil tashlama gazlari chiqariladigan quvurlarida, hamda, ayrim tangalarda

Platina.

Tartib raqami 78. Atom og‘irligi 195,1

Platina qachonlardir juda beqadr metall bo‘lgan va uni hatto «zargarlik chiqiti» ham deb nomlashgan. Uning nomi ham shunga mos - «kumushcha» degan ma’noni beradi. Platina nomi ispan tilidan kelib chiqqan bo‘lib, bu metallni ilk bora ispan konkistadorlari Janubiy Amerikadan aniqlashgan edi. Ular bu metallni shunchaki sifati past kumush bo‘lsa kerak deb o‘ylashgan. Ispan kemalari platinani Amerikadan Yevropaga tashib kelgach, yevropaliklar ham buni qalbaki kumush deb o‘ylab, tashlab yuborishgan. Rossiyada esa, kumush tanqis bo‘lgan paytlarda tanga zarbxonasi 1828-yilda 3, 6 va 12 rubl qiymatga ega platina tangalar ham zarb qilgan. Ular odamlarga yoqmagan bo‘lsa-da, qiymatiga ko‘ra kumush tangalar bilan teng kuchda qabul qilinishi shart bo‘lgan va bir necha yil muomalada bo‘lgan. Bilasiz, hozirda platina eng qimmatbaho metallar turkumiga kiradi va bir paytlar, uni shu qadar qadrsiz qilishgani odamni taajjubga soladi.

Hozirda platina kimyo korxonalari uchun eng yaqin dastyor – katalizatordir. Shuningdek, undan kimyo laboratoriyalari uchun maxsus idishlar tayyorlanadi. Tibbiyotda esa platinali birikmalardan onkologik xastaliklarni davolashda foydalaniladi. Masalan, tsisplatin preparati platinaning kompleks xlorid-ammiakati bo‘lib, saratonni davolashda qo‘llanila boshlagan ilk preparatlardan biridir.

Rodiy.

Tartib raqami 45. Atom og‘irligi 102,9

Rodiy elementining rangi qanday? Agar pulingiz ko‘p bo‘lsa, bir bo‘lak rodiy sotib olib, uni spirtda eritib ko‘rishingiz mumkin. Natijada, to‘yingan to‘q qizil rang hosil bo‘ladi. Aftidan, 1803-yilda rodiyni kashf qilgan olim Uilyam Vollaston aynan shu yo‘ldan borgan bo‘lsa kerak.

Platina guruhidagi boshqa metallar singari, rodiy ham juda yaxshi katalizatordir. Ammiakdan azot kislotasi ishlab chiqarish texnologiyasi uchun, rodiydan bo‘lak munosibroq boshqa katalizator topilmagan. Shuningdek, bu metallni suyuq kristalli ekranlar ishlab chiqarishda, kuchli lazer manbalari bilan ishlaydigan ko‘zgular tayyorlashda, hamda, zargarlik sohasida ishlatiladi. Rodiyni atom sanoatida ham qo‘llanadi. Undan, neytron oqimi detektori yasaladi. Narxi ham juda baland bu metallning. Xususan, u oltinga nisbatan 7 barobar qimmat yuradi.

 

Iridiy.

Tartib raqami 77. Atom og‘irligi 192,2

Iridiy – yerdagi eng og‘ir metallardan biridir. Uning zichligi suvnikidan 22 barobar katta. Iridiyning tuzlari o‘zida kamalakning hamma ranglarini aks ettiradi. 1803-yilda ushbu metallni kashf qilgan ingliz kimyogari Smitson Tennat, metallga shu xossasidan kelib chiqib nom bergan. Yunon tilida kamalakni «iris» deyiladi.

Iridiy Yerda juda kam. Yillik iridiy ishlab chiqarish hajmi butun dunyo bo‘yicha uch tonna atrofida xolos. Biroq, geologlar, ayrim chuqurlik qatlamlaridagi cho‘kindi jinslar tarkibida ba’zan iridiy miqdori keskin ortishini qayd etishadi. Bu joylar odatda, juda qadim zamonlarda Yerga kelib urilgan meteorit yoki asteroidning zarbasida hosil bo‘lgan krater bo‘lib chiqadi.

Garchi, ishlab chiqarish hajmi juda kam bo‘lsa-da, iridiyni qo‘llash sohasida juda rang-barangdir. Masalan, iridiyning gafniy bilan qotishmasidan, kosmik apparatlarning yoqilg‘i baki tayyorlanadi. Shuningdek, avtomobilni o‘t oldirish mexanizmida, iridiy metali albatta ishlatiladi.

Ruteniy.

Tartib raqami 44. Atom og‘irligi 101,1

Bu metall Rossiya davlati sharafiga nomlagan. Uni 1844-yilda, o‘sha paytda Qozon universitetida ishlagan olim Karl Klaus kashf qilgan. Ayrim kitoblarda ruteniyni «eng befoyda element», yoxud, zararli element deb ham ta’riflashadi. Bu gaplarda oz bo‘lsa-da haqiqat bor albatta. Odatda, ruteniy radioaktiv parchalanish jarayonida hosil bo‘ladi va shu sababli ham, uni yadro reaktorlaridan topiladi.

Shunga qaramay, muhandislar ruteniyning ham foydali qo‘llash sohasini topishgan. Xususan, u elektr kontaktlarining bardoshliligini orttirishga xizmat qiladi. Titanga mingdan bir ulushda qo‘shilgan ruteniy tufayli, titanning korroziyaga chidamliligi keskin ortadi. Platina bilan eng yaxshi qotishma hosil qiladigan metall ham aynan ruteniydir. Umuman olganda, platina guruhining boshqa metallari singari, ruteniy ham juda yaxshi katalizator bo‘ladigan metalldir. Chunonchi Xalqaro Kosmik Stansiyada ichimlik suvini aynan ruteniy katalizatori vositasida tozalanadi. Atmosferadagi azotni xona haroratida bog‘lay oladigan birikmalar ham aynan ruteniy birikmalari bo‘ladi.

Oltin.

Tartib raqami 79. Atom og‘irligi 196,6

Odamzot juda qadimdan buyon biladigan metallardan biri shubhasiz oltindir. Shu sababli ham uni kim va qachon kashf qilganini hech kim bilmaydi. Bu metallning qo‘llash sohasi haqida ham ko‘p gap aytishni hojati yo‘q. Avvalo, oltin bu – mamlakatlarning oltin zaxira fondining asosi bo‘ladi; qolaversa, u taqinchoq, zeb-ziynat, hamda, juda yaxshi o‘tkazgich metalldir. Yana undan protez tish tayyorlanishini yaxshi bilasiz. Oltin juda oson ishlov beriladigan, yumshoq metalldir. Qadimda eng muhim me’moriy yodgorliklarning devorlariga oltin bilan ishlov berish urf bo‘lgan edi.

Kumush.

Tartib raqami 47. Atom og‘irligi 107,8

Kumush ham oltin singari odamlarga juda ilgarigi zamonlardan buyon ma’lum metalldir. Undan eng avvalo tanga pullar zarb qilishda keng foydalanilgan. Hatto XX-asrning o‘rtalarida ham ayrim mamlakatlarda hali kumush tangalar muomalada edi. Hozirda esa, kumush tangalar odatda cheklangan tirajda zarb qilingan yubiley tangalari bo‘ladi.

Kumushning zamonaviy qo‘llanish sohalarida elektronika yetakchilik qiladi. Chunki, kumush juda yaxshi o‘tkazgichdir. Akkumulyatorlar va kondensatorlarni kumush qo‘shmasdan tayyorlashning iloji yo‘q. Bulutlarni haydash uchun ishlatiladigan vosita – lyapis moddasi kumushning nitrati hisoblanadi. Kumush karbidi esa ajoyib detonator bo‘ladi. Kumush qoshiqlar va kumush qoplamali ko‘zgularga esa, alohida to‘xtalib o‘tirishning keragi ham yo‘q deb o‘ylayman.

 

Nikel.

Tartib raqami 28. Atom og‘irligi 58,7

Bu ham korroziyaga bardoshli juda ajoyib xossalarga ega metall bo‘lib, uning nomi o‘rta asrlarda nemis konchilari orasida tildan-tilga ko‘chib, vahima bilan o‘zaro aytib berilgan afsonalardagi yovuz ajina – Nikning nomidan kelib chiqqan. Nemis konchilari rudadagi misni aynan Nik ismli ajina o‘g‘irlab ketadi deb hisoblashar edi.

Nikel keng miqyosda ishlab chiqarilishni boshlagan paytlarda, kumush tangalar o‘rniga ayrim davlatlarda nikel tangalar ham zarb qilingan. Zamonaviy texnikada reaktiv dvigatellar parraklarining kuraklarini nikeldan yasaladi. Shuningdek, nikel-kadmiyli akkumulyatorlar, protez mahsulotlari, musiqa asboblarining torlari singarilarni ishlab chiqarishda, nikel metali benazirdir.

Mis.

Tartib raqami 29. Atom og‘irligi 63,5

Misning lotincha nomi Cuprum bo‘lib, u Kipr mamlakati nomi bilan bog‘liq. Buning sababi juda oddiy: Kipr juda qadim zamonlardan buyon asosiy mis qazib olinadigan joy bo‘lgan. Tarixda bronza davri deb nom olgan davr albatta misning ishtirokisiz imkonsiz bo‘lardi. Misni qo‘llash sohasi ham juda keng. Masalan, mis kuporosi bilan bog‘dorchilik zararkunandalariga qarshi kurashiladi; latun ham misning qotishmasidan tayyorlanadi; mis simlarniku aytmasak ham bo‘laveradi. Hozirda aksariyat xonadonlarning elektr o‘tkazgich simlari aynan mis simlardir. Sovitish tizimlari uchun mis quvurlar benazirdir. Mis juda yaxshi issiqlik o‘tkazish xossasiga ega. Shu sababli ham, radiatorlarda hamda, issiqlik almashinish jarayoni kechadigan texnologik uskunalarda mis ko‘p qo‘llanadi.

Kobalt.

Tartib raqami 27. Atom og‘irligi 58,9

Kobalt ko‘p jihatdan nikelning ukasi deyish mumkin. Birinchidan, bu elementlarning har ikkalasining nomi nemis konchilari afsonalaridan paydo bo‘lgan. Xuddi, nikel singari kobalt nomi ham konchilar vahima bilan hikoya qilib beradigan ertaklardagi yovuz va pakana ajinaning nomiga qo‘yilgandir. Kobaltni 1735-yilda Georg Brandt ismli kimyogar kashf qilgan.

Kobalt metalining ham qo‘llash sohalari rang-barang. Uni, akvarel bo‘yoqlari tarkibidan tortib, yuqori haroratga bardoshli po‘lat markalari tarkibida ham uchratish mumkin. Kobalt-litiy juftligi litiy-ion batareykalari uchun elektrod vazifasini bajaradi. Boz ustiga, B12 vitamini tarkibida ham kobalt atomi bo‘ladi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 03.10.2019 23:36  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Agar arktangens shimoliy yarimsharda mavjud bo'lsa,
demak, janubiy yarimsharda

Antarktangens ham mavjuddir!!!



Tafakkur durdonalari

Ilm-Fan Taraqqiyotni yetaklovchi kuchdir!