Erkinjon Karimov

23.12.2015 17:17 Muzaffar Qosimov Minbar - Olim yurtdoshlarimiz minbari
Chop etish
Maqola Reytingi: / 13
Juda yomon!A'lo! 

Erkinjon Karimov

Orbita.Uz minbarining birinchi ishtirokchisi - fizika-matematika fanlari doktori Erkinjon aka Karimov bo‘ldilar.

Erkinjon Karimov

Orbita.Uz minbarining birinchi ishtirokchisi - fizika-matematika fanlari doktori Erkinjon aka Karimov bo‘ldilar.

Suhbatdoshimizni savolga tutishdan avval, u kishi haqida qisqacha ma'lumot keltirsak:
Karimov Erkinjon To‘lqinovich, 20.05.1977 yilda Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida tug‘ilgan. 1993-1998 yillarda Farg‘ona davlat Universiteti, matematika fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini dastavval Bag‘dod tumanidagi o‘rta maktabda matematika o‘qituvchiligidan boshlagan (1998-2001 yillar). 2001-2002 yillarda Farg‘ona Davlat universitetida ishlagan. 2005-2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Matematika va Axborot Texnologiyalari Institutida faoliyat ko‘rsatgan. 2006- yildan e'tiboran to 2008 yilgacha qo‘shni Qozog‘istonning Sirdaryo Davlat universitetida katta o‘qituvchi sifatida mehnat qilgan. 2009 yildan boshlab shu kungacha O‘zbekiston Milliy Universiteti Matematika Institutida katta ilmiy xodim bo‘lib ishlamoqda. Biz suhbatdoshimizning ilmiy ishlari va chop etgan maqolalari haqidagi odatiy standart ma'lumotlarni uning shaxsiy sahifasi: http://mathinst.uz/karimov/resume.html dan olishingiz mumkinligini aytib, e'tiborimizni suhbatga qaratamiz:

1) O‘zingiz tanlagan fan sohasi o‘rganadigan masalalar haqida qisqacha.

Men shug‘ullanadigan sohaning nomi xususiy hosilali differensial tenglamalar nazariyasi deb nomlanib, matematikaning amaliyotda eng ko‘p tadbiqqa ega bo‘lgan va uzluksiz rivojlanib kelayotgan sohalaridan biri hisoblanadi. Issiqlik tarqalish, tor tebranish, diffuziya hodisalarining matematik modeli asosini aynan xususiy hosilali differensial tenglamalar tashkil etadi. Men hozirda shug‘ullanayotgan yo‘nalishim bu sohaning tor bir yo‘nalishi bo‘lib kasr tartibli aralash tipdagi differensial tenglamalar uchun to‘g‘ri va teskari masalalar nazariyasiga qarashli. Teskari masalalarning tadbiqi nisbatan ko‘p bo‘lib, georazvedka sohasida, tibbiyotda odam ichki a'zolarini diagnostika qilishga oid muammolarni o‘rganishda ishlatiladi.

To‘g‘risini aytish kerakki, ayni men shug‘ullanayotgan masalalarning amaliyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tadbiqi yo‘q. Bu degani umuman bo‘lmaydi degani emas. Ko‘pincha biz matematiklar o‘rganilayotgan obyektni umumiylashtirishni yaxshi ko‘ramiz va buning natijasi o‘laroq shunday olingan natijalarda zamondan ancha ilgarilab ketamizki, ularning amaliyotdagi tadbiqi ancha yillar o‘tib topiladi. Masalan, o‘simliklarda barglarning joylashishiga oid jarayonning matematik modeli parabolik tipdagi xususiy hosilali differensial tenglama uchun nolokal shartli masalaga keltirilgan. Bu masala esa ancha yillar oldin umumiy holatda o‘rganilib bo‘lingan edi. Matematikaning turli yo‘nalishlarda olingan natijalardan matematiklarning o‘zi ham foydalanilashadi. Mana shu holatlarda matematikaning bir sohasida yangi olingan natijaning darrovda boshqa sohada tadbiqi topilib qoladi. Mana yaqinda o‘zimning faoliyatimda shunday bo‘ldi ham. 2013-yilda Hindistonlik matematiklar o‘rgangan yangi funksiya, hozirda men o‘rganayotgan kasr tartibli oddiy differensial tenglamaning yechimini ifodalashda ishlatildi.

2) Nima sababdan ilm-fan bilan shug‘ullanishga qaror qilgansiz.

1998-yilda Farg‘ona davlat universitetini bitirib kelganimda dastlab pedagogik faoliyatimni qishlog‘imdagi gimnaziyada boshlaganman. 3 yil ishlagandan so‘ng negadir bundanda ko‘proq ishlar qilishim mumkin degan o‘yga borib qoldim, qishloq torlik qilib qoldi desayam bo‘laveradi. o‘sha paytlarda Farg‘ona davlat universitetida talabalik paytimda diplom rahbarim bo‘lgan hurmatli ustozim, fizika-matematika fanlari doktori, professor Ahmadjon Qo‘shoqovich o‘rinov rektor edilar. Kursdoshim esa universitetda ishlardi. Shu kursdoshim orqali universitetga qaytish niyatim rektorga borib yetgan. Aynan o‘sha paytda Toshkent bilan ilmiy aloqalarni davom ettirishda Farg‘ona uchun vakil qidirib turilgan payt ekan. o‘rinov domla chaqirib, suhbatlashdi. Ilmni Toshkentga borib davom ettirishga chorladi. Ko‘ngil nimanidir sezganmi yo o‘zimga ishonchim katta bo‘lganmi yo mas'uliyatni to‘la his qilmaganmanmi, bilmadimu, lekin darrov rozi bo‘lib 2001 yilning kuz oyida Toshkentga kelganman. Mana shu bilan ilm yo‘liga kirdim desam ham bo‘ladi. Lekin ilmiy ish hayotimning asosiy mazmuniga aylanishini 2006-yilda fan nomzodligini himoya qilganimdan so‘ng tushunib yetdim. Sodda qilib aytganda o‘shanda "ilm virusi"ni yuqtirganman. Mana hozirgacha shu yo‘ldan yurib kam bo‘lmayapman.

3) Sizning fan sohangizdagi ustoz(lar)ingiz haqida.

Ilm sohasidagi dastlabki ustozim deb albatta Ahmadjon o‘rinovni bilaman. Mana hanuzgacha maslahatlarini ayamaydilar. Buning uchun ulardan juda minnatdorman. Farg‘ona matematikasining oxirgi yillardagi rivoji aynan o‘rinov domlaning sermahsul ilmiy faoliyati bilan bog‘liq. U kishi rahbarligida bir necha fan nomzodlari yetishib chiqdi, xususiy hosilali differensial tenglamalar, maxsus funksiyalarga oid bir necha o‘quv qo‘llanma, monografiyalar chop etildi.

Nomzodlik ishimga fizika-matematika fanlari doktori, professor Abdumavlon Sulaymonovich Berdishev rahbarlik qildi. Ayni paytda professor Berdishev Qozog‘istonda Abay nomidagi Qozoq Milliy pedagogik universitetida kafedra mudiri sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.

Hozirgi qilayotgan doktorlik ishimda esa ilmiy maslahatchim fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, atoqli fan va jamoat arbobi Salohiddinov Mahmud Salohiddinovich bo‘ladilar. Salohiddinov o‘z ilmiy maktabini yaratgan yirik O‘zbek olimlaridan biridir. O‘zbekistonda differensial tenglamalar bo‘yicha dunyo miqyosida tan olingan to‘rtta ilmiy maktablardan birining asoschisi. Ilm sohasida ham, ta'limni boshqarish, rivojlantirish borasida ham salmoqli ishlarni amalga oshirgan olim.

4) O‘zingiz tadqiq qilayotgan fanning o‘tmishdagi eng buyuk olimi kim deb hisoblaysiz? hozirdagi eng yetuk mutaxassisichi (shu jumladan O‘zbekistonda)?

Umuman, matematika sohasida shubhasiz Abu Muso Al-Xorazmiyni eng birinchi o‘ringa qo‘yaman. Keyingi davrlardan Riman, Gaussni e'tirof etishni xohlasam, yaqin asrlardan David Gilbertni tilga olmasam bo‘lmaydi.

Hozirgi paytda dunyo miqyosidagi eng ko‘p tan olingan matematik bu Terens Taodir. Uni "santexnik" deb ham atashadi. Sababi matematikaning ixtiyoriy sohasida yechilmay turgan muammo paydo bo‘lsa va bunga Tao qiziqib qolsa, bu muammo yechimini topish ehtimolli katta bo‘lyapti va ko‘p hollarda yechim topilyapti ham. U haqda mana bu yerdan ma'lumot olishingiz mumkin: https://www.math.ucla.edu/~tao/

Yurtimizdagi ilmiy maktab asoschilarini bemalol eng yetuk mutaxassislar qatoriga qo‘shish mumkin. Bular T.A.Sarimsoqov, S.X.Sirojiddinov, M.S.Salohiddinov, T.J.Jo‘raev, N.Yu.Satimov, Sh.A.Alimov va eng yosh akademik Sh.A.Ayupovlarni sanab o‘tsak bo‘ladi. Agar biror kishini alohida ta'kidlab o‘tish kerak bo‘lsa dunyo miqyosida ko‘pchilik tan olayotgan va ayni paytda ham faol tarzda ilm bilan shug‘ullanib kelayotgan akademik Shavkat Arifdjanovich Alimovni e'tirof etish mumkin. Ha, bu o‘sha siz bilgan, maktablardagi algebra darsligining muallifi hamdir. U kishi hozirda Malayziyaning yirik ilmiy markazida o‘z ilmiy faoliyatlarini davom ettirmoqda. Ayni paytda hatto Moskva davlat universitetida ishlaydigan ko‘plab mashhur matematik professorlar ham bu kishining ilmiy salohiyatiga tan berib keladi.

5) Sizning faningizdagi zamonaviy eng dolzarb ilmiy masala nimada?

Mening fikrimcha Navye-Stoks tenglamasi yechimining mavjudligi va uning silliqlik masalasi eng dolzarb masalalardan biri. Bu masala o‘sha mashhur "ming yillik masalalar"idan biri. Buning o‘zi ham uning qanchalik ahamiyatliligini bildiradi. Bu masalani yechish borasidagi ko‘plab muvaffaqiyatsiz urinishlar izsiz ketmadi. Bu urinishlar natijasi o‘laroq sohaning tor yo‘nalishlarida ko‘plab ilmiy natijalar olindi. Garchi asosiy muammo hal qilinmagan bo‘lsa ham ba'zi xususiy holda olingan natijalarning ahamiyati ham kam bo‘layotgani yo‘q. Yaqindagi qozoq matematigi Muxtarbay o‘telbaevning urinishi ham dunyo bo‘yicha ko‘plab matematiklarning e'tirofiga sazovor bo‘ldi. Garchi ishda xato topilgan bo‘lsa ham, qo‘llanilgan usullar ko‘pchilikda yaxshi taassurot qoldirdi.

6) O‘zingiz shug‘ullanayotgan sohaning insoniyat turmush tarziga ko‘rsatgan ijobiy va salbiy jihatlari (agar bo‘lsa) haqida nima deya olasiz?

Matematika sohasida olingan natijalarning ko‘pchiligi insoniyatga katta foyda keltiryapti. Ommaviy qirg‘in qurollarini yaratish borasida qo‘llanilgan matematik kashfiyotlarda matematiklarni aybdor qilolmaymiz. Bu qurollarni qo‘llayotgan siyosatchilarga hamma aybni yuklash kerak.

7) O‘z faningizning kelajak taqdirini qanday tasavvur qilasiz?

Matematika fani o‘lmaydigan fan. U hech qachon eskirmaydi, doimo o‘zini yangilab boradi. Men dunyoni matematikasiz tasavvur qilolmayman. Kelajakda hamma narsan texnikaga bog‘liq bo‘lib ketgan taqdirda ham matematikaga ehtiyoj o‘lmaydi. Elementar matematikadan tortib to zamonaviy fan darajasidagi ilmiy natijalargacha.

8) Bu fan bo‘yicha hozirdagi eng kuchli ilmiy maktab(lar) qaerda joylashgan (oliygohlar, ilmiy tadqiqot institutlari, laboratoriya, ilmiy markaz va ho kazo)?

Dunyo bo‘yicha yirik ilmiy markazlar asosan Yevropa va AQSH dagi universitetlarda joylashganiga qaramay, Rossiyadagi ilmiy maktablarning ta'sir doirasi hanuzgacha saqlanib qolingan.

Quyida matematikaning turli ilmiy izlanish sohalari va o‘qitishda kuchli potensialga ega bo‘lgan universitetlarning ba'zilariga havolani keltiraman:

Prinston Universiteti (AQSH): https://www.math.princeton.edu/events/seminars

Stenford Universiteti (AQSH): http://mathematics.stanford.edu/research-areas/seminar-listing/

Kaliforniya Los Anjeles Universiteti (AQSH): https://www.math.ucla.edu/research

London Imperial Kolleji (Buyuk Britaniya): https://www.imperial.ac.uk/natural-sciences/departments/mathematics/research/centres/

Kembridj Universiteti (Buyuk Britaniya): https://www.maths.cam.ac.uk/research

Gyottingen universiteti matematika instituti (Germaniya): https://www.uni-goettingen.de/en/20693.html

9) Bu fan bo‘yicha tahsil olmoqchi bo‘lgan va kelajakda uning mutaxassisi bo‘lishga qaror qilgan yoshlarga maslahatlaringiz?

Avvalo elementar matematikani yaxshi o‘zlashtirish kerak. Qolaversa olimpiada masalalarini yechib borish bilan o‘zi uchun ulkan tajriba va ilmiy yondashuvga moyillikni orttirish mumkin. Bakalavrlik darajasini olish uchun o‘qitiladigan kurslarni imtihondan o‘tish uchun emas, keyinchalik ilmiy faoliyatga asos bo‘ladigan qilib o‘rganish. Xususan, matematik analiz, funksional analiz kurslari juda muhim kurslardir. Imkon bo‘lsa magistrlik diplomini olish uchun xorijiy universitetlarni tanlagan ma'qul. Chunki keyinchalik ilmiy faoliyatni davom ettirgan holda PhD ilmiy darajasini olishda ham bu qo‘l keladi. Buning ustiga amaliy matematika sohasiga o‘tish uchun ham Yevropa yoki AQSH universitetlarida sharoit yaxshiroq. o‘zimizda hali magistrlik va oliy ta'limdan keyingi ta'lim tizimlarida ancha kamchiliklar bor va bu boradagi islohotlar hali anchaga cho‘ziladigan ko‘rinadi.

10) O‘z faningiz bo‘yicha bizga quyidagilarni tavsiya qilsangiz: a) fanga boshlang‘ich kirish uchun eng maqbul, tushunarli adabiyot(lar) qaysi?; b) fanning fundamental masalalari eng keng qamrovda yorituvchi mukammal fundamental adabiyot(lar) qaysi? c) bu fan mutaxassisi bo‘lmagan, lekin unga qiziquvchilarga qaysi ilmiy-ommabop adabiyot, yoki nazariy minimum(lar)ni tavsiya etasiz?

a) Oliy matematika bilan dastlabki tanishuv uchun V.Boss. "Лекции по математике том 1-13;" 1-13; Matematika yo‘nalishida ilmiy ishni boshlashdan oldin matematik analiz bo‘yicha Sh.A.Alimov, R.R.Ashurov. "Matematik analiz", 1-2 tom;

b) Bunday bitta adabiyotning o‘zi yo‘q. Har bir yo‘nalish bo‘yicha turli xil kitoblar tavsiya qilinadi. Masalan:

Matematik analiz bo‘yicha: nazariya uchun S.M.Nikolskiy. Курс математического анализа. 1,2 tom, amaliyot uchun Б.П.Демидович. Сборник задач по математическому анализу.

Oddiy differensial tenglamalar bo‘yicha: nazariya uchun, И.Г.Петровский. "Лекции по теории обыкновенных дифференциальных уравнений, amaliyot uchun A.F.Fillipov. "Сборник задач по дифференциальным уравнениям".

...

c) Mutaxassislikka qarab turli kitoblar tavsiya qilinishi mumkin. Masalan, gumanitar soha vakillari uchun П.В.Грес. Математика для гуманитариев; Fizik, texniklar uchun Я.Б.Зельдович. "Высшая математика для начинающих и её приложения к физике".

11) Bu fan bo‘yicha zamonaviy tendentsiyalarni o‘zida ifodalovchi qanday ilmiy jurnallar, axborotnoma va saytlarni tavsiya etasiz?

Xalqaro miqyosdagi jurnallar juda ko‘p. Asosan Elsevier, Springer nashriyotlarida chiqadigan jurnallarning reytingi yuqori. Jurnallar ro‘yxatini quyidagi havolalardan topishingiz mumkin:

https://www.elsevier.com/physical-sciences/mathematics/mathematics-journals

http://www.springer.com/mathematics/math+journals?SGWID=0-40012-0-0-0

12) Bu fan bo‘yicha adabiyot, qo‘llanma va ho kazo manbalar O‘zbek tilida yetarlimi yoki aksincha? O‘zbekistonda bu fanni yanada taraqqiy qilishi uchun bajarilish lozim bo‘lgan ishlar hali ko‘pmi?

Oliy o‘quv yurtlari uchun O‘zbek tilidagi darsliklar yetarli emas deb hisoblayman. Bu borada ancha ishlar qilinyapti, ko‘p yo‘nalishlar bo‘yicha yetakchi olimlarimizning darsliklari davlat tomonidan chop etilyapti. Lekin amaliy matematikaga oid kitoblar borasida bunday deya olmayman. Boshqa sohalar bilan bog‘langan matematika darsliklari deyarli yo‘q. Masalan, iqtisodiy, tabiiy, texnik va gumanitar yo‘nalishlar uchun oliy matematika bo‘yicha darsliklarni zamonaviy talablarga javob beradi deb o‘ylamayman. Mablag‘ topilsa bu yo‘nalishdagi xorij mualliflarining kitoblarini tarjima qilsa ham bo‘ladi. Va nihoyat, ruscha-O‘zbekcha, inglizcha-O‘zbekcha matematik terminlarning izohli lug‘atini chop etish vaqti keldi. Bu yo‘nalishda oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tender e'lon qilib, ko‘plab mutaxassislarni bu ishga jalb qilishi kerak.

13) Bu fan bo‘yicha O‘zbek tiliga birinchi navbatda o‘girilishi zarur deb hisoblagan va O‘zbek mutaxassislariga amaliy/nazariy yordam berishi mumkin bo‘lgan biror horijiy nashrni (kitob, lug‘at va ho kazolar) ayta olasizmi?

Matematik terminlarning ruscha inglizcha lug‘atlaridan Loxvaterning kitobini (Lohwater A.J. "Russian-English dictionary of mathematical sciences"), ingliz tilida matematikaga oid ilmiy maqola yozishga oid (А.Б.Сосинский. "Как написать математическую статью по-английски", Trzeciak J. Writing mathematical papers in English. a practical guide)

Sohaga oid adabiyotlardan Lawrence C. Evans. "Partial Differential Equations"; Mark A. Pinsky. "Partial Differential Equations and Boundary-value problems with Applications"; V.Boss, Лекции по математике том 1-13;

14) Agar o‘tmishga qaytib, o‘zingiz istagan faqat bitta buyuk olim bilan gaplashish imkoni berilsa siz qaysi olim bilan suhbatlashishni istardingiz va undan nimani so‘ragan bo‘lardingiz?

Al-Xorazmiy bilan uchrashib, uning "Al-jabr val Muqobala..." asari haqida suhbat qilgan bo‘lardim.

15) Ilmni puxta egallash uchun kishida eng avvalo qaysi jihatlar bo‘lishi kerak deb o‘ylaysiz. ilm egallash uchun biror narsadan voz kechish shartmi?

Ilmni puxta egallash uchun aavlo iroda mustahkam bo‘lishi kerak. Undan keyin sabrli bo‘lish ham muhim o‘rin tutadi. Shoshqaloqlik eng halaqit qiladigan xislatdir. Ilm egallash uchun halovatdan voz kechish kerak. Jon chekmasang jonona qayda deganlaridek bu yo‘lda ham zahmat chekib mehnat qilmasangiz biror narsaga erishishingiz qiyin. Ma'lum muddatda dunyoviy orzu-havaslarniyam chetga surishga to‘g‘ri keladi.

16) O‘zbekistonliklarning ilk Nobel mukofoti qaysi sohada bo‘ladi deb o‘ylaysiz?

Fizika yoki genetika sohasida deb o‘ylayman.

17) O‘zingiz kutgan, lekin biz bermagan savol bormi? agar bo‘lsa, javobi bilan bayon etsangiz?

"Yosh avlodni ilmiy sohaga qiziqtirish uchun nimalar qilish kerak?" degan savolni kutgandim. Bu savolga javobim esa quyidagicha:

Dastlab ilm odamlarining targ‘ibotini OAV lari orqali kuchaytirish kerak. Maktabdan boshlab fan olimpiadalariga ta'lim muassasasining reytingini aniqlash mezoni deb emas, iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish imkoniyati deb qarash kerak. Respublika miqyosida shunday o‘quvchilarni saralab maxsus ta'lim muassasalarida kuchaytirilgan tartibda o‘qitishni tashkil qilish kerak. Xalqaro olimpiadalarga qatnashayotgan o‘quvchilarga ham moddiy ham ma'naviy ko‘makni keskin oshirish kerak. Yoshlar sportchilarimizga havas qilgani yaxshi albatta, lekin aqli, bilimi bilan dunyoni tan oldirayotgan yoshlar ham havasga arzigulik emasmi?

18) (Ixtiyoriy savol, istasangiz javob bermasligingiz ham mumkin) Tasavvur qiling, siz yashash uchun yaroqli kimsasiz sayyoraga tushib qoldingiz. Sizni u joydan qutqaruvchi ekspeditsiya yetib borgunga qadar, avval Sizga oziq-ovqat, shaxsiy gigiena vositalari va kiyim-kechakdan tashqari, yana zerikmaslik uchun to‘rtta badiiy kitob, to‘rtta musiqiy albom va to‘rtta kinofilm disklarini yuborishadi. Qaysi asarlarni tanlardingiz?

Men badiiy kitoblardan O‘.Xoshimov. "Ikki eshik orasi"; T.Murod. "Otamdan qolgan dalalar"; Ch.Aytmatov. "Asrga tatigulik kun"; A.Qodiriy. "O‘tkan kunlar"ni tanlardim. Kinofilmlardan "Shaushenkdan qochish", "Ishdagi ishq", "Mahallada duv-duv gap", "If qal'asi mahbusi" filmlari ma'qul. Musiqiy albomlardan Tohir Mahkamov qo‘shiqlari, Ennio Morikkone, Pol Moria va Jo Dassen musiqalaridan tuzilgan albomlarni olgan bo‘lardim.

 


 


 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda:https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda:@OrbitaUz

Google+ :https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz:https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 11.06.2020 11:05