Alyuminiy - oshxona elementi

27.08.2016 13:16 Muzaffar Qosimov Maqolalar - Qiziqarli kimyo
Chop etish
Maqola Reytingi: / 2
Juda yomon!A'lo! 

Alyuminiy - oshxona elementi

Yer qobig‘ida eng keng tarqalgan metall - alyuminiydir. U shuningdek, eng ko‘p uchraydigan kimyoviy elementlar ichida ham uchinchi o‘rinda turadi. Alyuminiydan ko‘ra ko‘proq uchratish mumkin bo‘lgan kimyoviy elementlar bu - kislorod va kremniy bo‘lib, ular metallmaslar turkumiga mansubdirlar. Foiz hisobida oladigan bo‘lsak, yer qobig‘ining 7% dan ziyodrog‘ini aynan alyuminiy tashkil qiladi. Alyuminiy ko‘pincha tuproq tarkibidagi alyumosilikatlar ko‘rinishida tarqalgan bo‘ladi.

Alyumosilikatlar - alyuminiy, kislorod va kremniyning yana bir, yoki ikkita boshqa element bilan birikmasi hisoblanadi. Qizil rangli qimmatbaho toshlar - granatlar ham alyumosilikatlarning bir turi hisoblanadi.

 

Yer yuzida eng ko‘p tarqalgan tosh jinslardan biri - granitdir. Odatda ulkan granit jinslari, yana bir boshqa tosh jinslardan bo‘lmish - bazalt qatlamlari ostida joylashadi.

Bazalt ham, granit ham vulqon jinslari hisoblanadi. Ya'ni, ular yuqori harorat va bosim ostidagi sharoitlarda, yerning juda chuqur qa'rida shakllangan bo‘ladi. Yer qa'rida yuqori haroratda erigan holda mavjud bo‘ladigan jinslar magma deb nomlanadi. Vulqonlar orqali shiddat bilan otilib chiqadigan magmani esa, lava deb ataladi. o‘ta qaynoq haroratda otilib chiqib, tez sovishi natijasida shishasiman massa hosil qilib qotadigan jinslarni obsidian deb yuritiladi. Obsidianning an'anaviy nomi esa - vulqon shishasi bo‘lib, haqiqatan ham, tashqi ko‘rinishida shishaga juda o‘xshaydi. Ichida turli gazlarning pufakchalari qolib ketganligi sababli g‘ovak massaga aylanib qotgan lava esa, yengilligi sababli suvda cho‘kmay, qalqib yuradi va uni pemza deb nomlanadi.

Granit asosan uch xil moddadan: kvarts, dala shpati va slyudadan tarkib topgan bo‘ladi. Kvarts bu - kremniyning dioksididir (SiO2). Dala shpati va slyuda esa - alyumosilikatlarning shakllaridan sanalishadi.

Dala shpatining bir turi - to‘q ko‘k rangli mineral lazurit (Na6Ca2(AlSiO4)6(SO4,S,Cl)2) bo‘lib, kamyob minerallar sirasiga kiradi va yarim qimmatbaho tosh sanaladi. Mutaxassislar lazuritni sun'iy yo‘l bilan olishni ham o‘rganib olishgan bo‘lib, bunday sun'iy lazurit ultramarin deyiladi.

Slyudaga esa, yupqa shaffof list ko‘rinishida ishlov berilsa, oyna sifatida qo‘llasa bo‘ladigan holga keladi. Oddiy shishadan farqli ravishda, slyudadan tayyorlangan shishadan avtomobil oynalari va yuqori haroratlarda ishlovchi obyektlarning ichkarisini kuzatish darchalarining oynalarini tayyorlash mumkin. Slyuda oddiy shishadan ko‘ra ancha baland haroratlarga ham chidamli bo‘ladi. Shu sababli, masalan, sanoat pechlarning kuzatuv oynalarini aynan slyudadan yasaladi. Shuningdek, slyudani maydalab, yangi yil bayramlarida qo‘llanadigan xona bezaklari uchun "qor" tayyorlanadi. Bunday "qor" ham tabiiysiga o‘xshab oppoq va jilvakor bo‘ladi. Shuningdek u yong‘inga xavfsiz bo‘lgani uchun ham, ancha bexavotir bezak hisoblanadi.

Kvarts suv va havo ta'sirida yemirilib, tuproqqa aylanib ketishi mumkin. Xuddi shu tarzda, dala shpatidan gil tuproq hosil bo‘ladi. Gil tuproq zarrachalari oddiy tuproqdan ko‘ra maydaroq va yopishqoqroq bo‘ladi. Gil tuproq o‘zaro qorishib, g‘ovak massa hosil qiladi. Bunday tuproqdan hosil bo‘lgan qatlam suvni va bug‘ni o‘zida yaxshi tutib tura oladi. Shu sababli ham gil tuproqli yerlarda unumdorlik biroz bo‘lsa-da yuqoriroq bo‘ladi. Garchi tirik organizmlar kremniyga ham, alyuminiyga ham muhtoj bo‘lmasa-da, lekin tuproq unumdorligi uchun ushbu elementlar baribir muhim sanaladi (kremniy singari, alyuminiy ham biror bir tirik organizmning to‘qimalari tarkibida aniqlanmagan). Temirning birikmalari bilan hamda qum bilan aralashtirilgan gil shaklli gil deyiladi.

Bilamizki, qurilish uchun eng qulay va eng ko‘p qo‘llanuvchi materiallardan biri - loydir. Loyni ustalar tuproqni suvga qorishtirish orqali pishirishadi. Keyin esa, loydan g‘isht yasash, yoki, suvoq ishlarida foydalaniladi. Pishiq g‘isht - 1000 °C atrofidagi harorat pishirilgan va shakl berilgan loy bo‘lagidir. Siz nega oddiy xom g‘ishtdan farqli ravishda, pishiq g‘ishtning qo‘ng‘ir-qizg‘ish tusda bo‘lishining sababi bilan qiziqqan bo‘lsangiz kerak. Gap shundaki, pishiq g‘ishtni tayyorlash jarayonida loyga temir birikmalaridan aralashtirib yuboriladi va ularning ta'sirida pishiq g‘isht shunday qizg‘ish-qo‘ng‘ir tusga kiradi. Pishiq g‘isht - qattiq, mustahkam va olovga bardoshli, uzoq muddat xizmat qiladigan ommabop qurilish materialidir.

Gilning tarkiban yanada toza turlaridan kulolchilikda sopol va chinni mahsulotlari tayyorlanadi. Gilning kulolchilikka to‘g‘ri keladigan shunday turlaridan biri - kaolin (Al2O3·2SiO2·2H2O) deb nomlanadi. Kaolin - Xitoycha nom bo‘lib, u "baland tog‘lar" degan ma'noni bildiradi. Kaolindan tayyorlangan chinni pishiq, yarqiroq va jilvakor bo‘lib, ichi g‘ovak bo‘lmaydi. Agar kaolinni yaxshilab qizdirilsa, uning yaltiroqligi yo‘qolgach, qattiqligi yanada ortib, keramik tosh hosil bo‘ladi. Agar nisbatan past haroratda pishirilsa, kaolin g‘ovakligicha qoladi va nisbatan mo‘rt massa hosil bo‘ladi. Bunday massani fayans deb ataladi. Fayansdan santexnika mahsulotlari - qo‘l yuvish jihozlari (rakovina), tuvak (unitaz), shuningdek keramik plitkalar (kafel) kabilarni tayyorlashda keng qo‘llaniladi. Yaxshi bilasizki, bunday mahsulotlar umumlashtirib kerakmik mahsulotlar, yoki, keramika deb yuritiladi. Keramik mahsulotlar esa, qadimdan oshxona va uy-ro‘zg‘orning eng asosiy elementlaridan sanaladi. Aynan keramika orqali alyuminiy oshxonada o‘z o‘rinini topa boshlagan.

Nisbatan chuqurroq qatlamlarda, katta bosim ostida joylashib qolgan gil qatlamlari asta-sekinlik bilan qo‘yiq zich massa - slanesga aylanadi. Slanes kavlab olinsa, u yupqa va tekis plastinalarga ajraladigan bo‘ladi. Shimoliy Amerikaning keng tekisliklarida, ayniqsa AQSH va Kanada hududlarida slaneslar neft bilan qorishgan holatda yastanib yotibdi va ulardan slanesli neftni ajratib olish orqali, bu davlatlar yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyojni qisman bo‘lsa-da qondirishmoqda.

Alyuminiy oltingugurt, kislorod va boshqa yana qator elementlar bilan birikish orqali, siz bilan biz achchiqtosh deb taniydigan birikmalar hosil qiladi. Achchiqtosh odamlarga juda qadimdan ma'lum bo‘lib, aynan achchiqtosh nomining lotinchasi bo‘lgan "alyum" so‘zidan alyuminiyning nomi kelib chiqqan. Achchiqtoshdan qadimda odamlar qon to‘xtatish uchun foydalanishgan bo‘lib, kichik jarohatlarda, xususan sartaroshxonalarda mijozning yuzini kesib olganda ustalar achchiqtosh qo‘yish orqali qonni to‘xtatishgan. Shuningdek, achchiqtoshlardan ichimlik suvni tozalash va tindirish uchun ham foydalanishgan. Agar idishdagi suvga ozgina achchiqtosh solib qo‘yilsa, suvdagi bakteriyalar va boshqa mayda zarralar, achchiqtosh atrofida to‘planib qoladi va idish tubiga u bilan birga cho‘kadi. Suv esa, tinib, tozalanib qoladi.

Achchiqtoshning bir turi kimyoda alyuminiy sulfati deb nomlanadi va qog‘oz sanoatida yelim tayyorlash uchun ishlatiladi. Alyuminiy sulfati qo‘shib qorilgan qog‘oz bo‘tqasining, qovushqoqligi kuchli bo‘ladi va undan tayyorlangan qog‘oz pishiq va tarang bo‘lib chiqadi. alyuminiy sulfati shuningdek to‘qimachilik sanoatida ham qo‘llaniladi. Uni suvda eritilsa, alyuminiy oksidining gidratlaridan iborat mayda zarrachalarni hosil qiladi. Bunday zarrachalar bilan ishlov berilsa, mato tolalari bir-biriga yanada jips yopishadi va matoning pishiqligi ortadi. Boz ustiga, bunday gidrat bilan ishlov berilgan mato sirtiga bo‘yoqlar ham yaxshi o‘rnashadi va to‘qimachilikda shu orqali mahsulot rang-barangligi ortishiga erishiladi. Bo‘yoq moddalarning yaxshi o‘rnashishiga zamin bo‘luvchi bunday moddalarni kimyogarlar mordantlar deb nomlaydilar. Mordantlar vositasida matolarni bo‘yash ancha osonlashadi.

Siz yuqoridagi hikoyalardan kelib chiqib, alyuminiyning birikmalari atrofda tiqilib yotibdi ekan degan fikrga borgan bo‘lishingiz mumkin. Haqsiz. Alyuminiy birikmalari tabiatda haqiqatan ham juda ko‘p va u har tarafda sochilib yotibdi. Lekin, bu degani alyuminiyning o‘zi har yerdan topsa bo‘ladigan arzon metall degani emas. Alyuminiy tuproq va gil tarkibida salmoqli miqdorda ekanini bilgan holda, ko‘pchilik uni juda oson va deyarli tekinga olinadigan modda deb o‘ylaydi. Aslidachi?

Aslida hammasi tamomila boshqacha. U oyoq ostimizda, har yerda to‘lib yotgani bilan, lekin alyuminiyni alohida holda ajratib olish oson ish emas. Tuproq va umuman, silikatlar tarkibida mavjud bo‘lgan alyuminiy atomlari boshqa elementlar atomlari bilan shu darajada mustahkam birikib olganki, ularning bog‘larini uzish, ya'ni, alyuminiyni alohida ajratib olishning deyarli iloji yo‘q.

Metall alyuminiyni birinchi bo‘lib, 1825-yilda Daniyalik kimyogar Xans Xristian Ersted (1777-1851) ajratib olishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq, uning alyuminiy ajratib olish usuli juda qimmat bo‘lib, iqtisodiy jihatdan o‘zini mutlaqo oqlamas edi. Shunga qaramay, Ersted yo‘lga qo‘ygan usul, alyuminiyni metall holida ajratib olish uchun yana 25 yil davomida yagona usul bo‘lib qoldi va shu sababli, to 1850-yilgacha alyuminiydan tijorat va sanoat maqsadlarida foydalanishning iloji bo‘lmagan. Lekin, 1850 yillarda alyuminiyni sanoat miqyosida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganida ham, uning tannarxi juda qimmat bo‘lib qolavergan. o‘sha paytlarda ushbu metall xuddi oltin va kumush kabi qimmatbaho metallar turkumiga kirgan. Chunonchi, 1850-yilda 1 kg alyuminiy narxi 180 AQSH dollarini tashkil qilgan. Bu narx o‘sha paytdagi kumush narxidan deyarli ikki barobar qimmat bo‘lib, oltinning narxi bilan teng yurgan.

Narxining o‘ta qimmatligi sababli, alyuminiydan tayyorlangan buyumlar XIX-asr o‘rtalarida ziynat va hashamat buyumlari sifatida qadrlangan. Alyuminiydan yasalgan narsalarga faqat qirol va uning oilasi, shuningdek eng badavlat mulkdorlar va zodagonlar, ega bo‘lishgan xolos. 1850-1860 yillarda Farangistonda hukmronlik qilgan imperator Napoleon III uchun maxsus alyuminiy sanchqi (vilka) tayyorlangan. Uning go‘dak o‘g‘li uchun esa alyuminiydan shildiroq o‘yinchoq tayyorlab berishgan. Ya'ni, o‘sha paytlarda alyuminiy faqat imperatorga tegishi hashamat belgisi bo‘lgan. 1855-yilda Parijda o‘tkazilgan butunjahon ko‘rgazmasida alyuminiy quymasi Fransiya fan-texnikasining eng yuksak yutuqlaridan biri sifatida katta shov-shuv bilan namoyish qilingan. Uni olimlar "loydan olingan kumush" deb atashgan.

Biroq, kimyogarlar tuproqdan alyuminiy ajratib olishning nisbatan oson va arzon yo‘llarini muntazam qidirib, tobora yangi-yangi usullarni ishlab chiqa boshladilar. Mutaxassislarning sayi-harakatlari bilan, 1880-yillar boshiga kelib alyuminiyning bozor narxi 10 AQSH dollari qiymatigacha tushib ketdi. Chunki, alyuminiy olishning juda arzon texnologiyalari ixtiro qilingan edi. Alyuminiy olish texnologiyasidagi eng muhim voqea esa 1886-yilda sodir bo‘ldi. o‘shanda, atiga 22 yoshda bo‘lgan amerikalik kimyogar Charlz Martin Xoll (1863-1914) tomonidan, alyuminiy oksididan metall alyuminiy ajratib olishga asoslangan juda arzon texnologik usul o‘ylab topilgan edi. Shuni ham ta'kidlab o‘tish joizki, Xoll bilan bir yilda tug‘ilib, u bilan aynan bir yilda vafot etgan farang kimyogari Pol Eru ham, aynan o‘sha 1886-yilda metall alyuminiy olishning xuddi shunday usulini kashf qilgan edi. Aytilishicha, Xoll va Eru bir biridan mutlaqo bexabar, har ikkisi ham mustaqil tarzda ushbu usulni kashf qilishgan emish.

Alyuminiyning toza oksidi oq kristall modda ko‘rinishida bo‘lib, u ikki atom alyuminiy va uch atom kisloroddan iborat bo‘ladi (Al2O3). Tabiiy alyuminiy oksidini shuningdek korund deb ham ataladi. Bundan tashqari, alyuminiy oksidining sofligi nisbatan past bo‘lgan turi bizga jilvirtosh ko‘rinishida yaxshi tanish. Korund ham, jilvirtosh (qayroqtosh) ham o‘ta qattiqligi bilan ajralib turadi. Albatta ularning qattiqligi olmos, yoki, karborund toshichalik emas. Biroq, alyuminiy oksidi asosidagi korund va qayroqtosh nisbatan arzon va jilvirlash, silliqlash ishlarida bemalol qo‘llanishi mumkin. Korund shuningdek juda qiyin eriydigan material hamdir. Boshqacha aytganda, koranda - o‘tga chidamli material sanaladi. Shu sababli korunddan pechlarni futerovka qilish uchun foydalaniladi.

Aslida olganda, ko‘plab qimmatbaho toshlarning asosini ham korund tashkil qiladi. Qimmatbaho toshlarda korund bilan boshqa aralashmalarning o‘zaro nisbati mazkur toshning jilvasini va rangini belgilab beradi. Bunday toshlarga misol qilib, sariq topaz, moviy sapfir va qirmizi yoqutni keltirish mumkin. Korundga kerakli aralashmalarni belgilangan nisbatlarda qo‘shib ishlov berish orqali, sun'iy ravishda topaz va yoqut toshlarini olish mumkin. Bunday sun'iy usulda olingan qimmatbaho toshlarning o‘zini sun'iy tosh deb bo‘lmaydi. Ularni faqat olinish usuli sun'iy; toshlarning o‘zining tarkibi esa asl tabiiysi bilan hech qanaqa farqqa ega bo‘lmaydi. Tuzilishiga ko‘ra murakkabroq yana bir qimmatbaho tosh - firuza esa, alyuminiy fosfatining bir ko‘rinishidir.

Alyuminiy oksidining foydalanish uchun eng qulay ko‘rinishlaridan biri, yer sharining deyarli hamma joyida ko‘p miqdorda uchraydigan modda - boksitlar sanaladi. Boksitdan alyuminiy oksidini ajratib olish uchun, uni avval kremniy va boshqa keraksiz aralashmalardan tozalanadi. Bunda alyuminiy oksididan iborat oppoq kukun modda hosil bo‘ladi. So‘ngra, mazkur kukunni suyuq mineral - kriolit (Na3AlF6) ta'sirida eritiladi. Kriolit molekulasida alyuminiy va natriydan tashqari ftor atomlari ham mavjud. Xoll va Eru kashf qilgan arzon alyuminiy olish usulining eng muhim jihati ham aynan shu - katta haroratlarda alyuminiy oksidini erita oladigan mineralni topa olishganligidir. o‘sha paytlarda kriolitning asosiy manbai Grenlandiya orolining g‘arbiy qirg‘oqlari bo‘lib, shu jihatga ko‘ra ushbu muz sahrosidan iborat ulkan va deyarli kimsasiz orol, metallurgiya uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan joyga aylandi. Shu orqali Grenlandiyaga sivilizatsiya kirib kela boshladi. Hozirgi paytda esa, kimyogarlar kriolitni sun'iy ravishda olishni yo‘lga qo‘yganlar va alyuminiy ishlab chiqarishda Grenlandiya kriolitiga qaramlik bartaraf etilgan.

Alyuminiy oksidining kriolitdagi eritmasi hali qaynoq holatdalik paytida ichkarisidan kimyoviy toza ko‘mir bilan o‘ralgan idishga quyiladi. Keyin esa, ichida qaynoq eritma turgan o‘sha idishga ko‘mirli elektrodlar solinadi va elektr toki o‘tkazila boshlaydi. Uglerod o‘zi metall bo‘lmasa-da, lekin elektr tokini juda yaxshi o‘tkazadi. Tok ko‘mir elektrodlar va idishning ko‘mir devorlari orasida oqadi. Natijada metall alyuminiy ajralib chiqib, erigan metall holida idish tubiga cho‘ka boshlaydi. Bu jarayonda katta miqdorda elektr energiyasi sarflanadi.

Xoll va Eru yo‘lga qo‘ygan ushbu arzon alyuminiy olish texnologiyasi, qisqa muddatlar ichida alyuminiyning tannarxini keskin tushib ketishiga omil bo‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, 1850-yillarda 1 kg alyuminiy uchun 180 AQSH dollari so‘ralganini aytgan edik. Xoll texnologiyasi bo‘yicha olingan alyuminiyning esa, har bir kilogrammi 60 sentdan sotilgan. Oqibatda, alyuminiy juda arzon va hammabop metallga aylandi va inson xo‘jalik faoliyatining va texnikaning ajralmas qismiga aylandi.

Insoniyat qurilish va qurol-aslaha yasash maqsadlarida deyarli 6000 yildan beri turli metallardan foydalanib kelmoqda. Eng qadimgi sivilizatsiya beshiklarida esa, metalldan foydalanish tarixi bundan-da qadim. Metallardan foydalanishni o‘rganishguncha, odamlar tosh, yog‘och va suyaklardan foydalanib kelishgan.

Tosh bilan taqqoslaganda metall qator afzalliklarga ega. Metallarning ko‘plab turlari toshdan ko‘ra qattiq va pishiqligi hammaga ma'lum. Aytaylik, bir xil o‘lchamda tayyorlangan metall ustun va tosh ustun o‘zaro solishtirilsa, metall ustun ancha baquvvat bo‘lib chiqadi va nisbatan kattaroq vazndagi yukni ko‘tarib tura oladi.

Metall qovushqoq va egiluvchan bo‘ladi. To‘satdan beriladigan kuchli zarba metallni egib-bukib qo‘yishi mumkin. Lekin, aynan o‘sha kuch bilan toshga urilsa, tosh bardosh berolmay, parchalanib ketadi.

Boshqa tomondan olib qaralsa, metall ayrim jihatlarga ko‘ra toshga nisbatan kamchiliklarga ham egadir. Birinchidan, og‘irlik masalasida. Metallarning ko‘pchiligi, toshdan ko‘ra og‘ir bo‘ladi va bu tashish va ishlov berishdagi noqulayliklarga sabab bo‘ladi. Agar, Misr ehromlarining ulkan toshlari o‘rniga, xuddi shu hajmdagi po‘lat g‘ishtlar tayyorlab o‘rnatilganida, bunday metall g‘ishtni o‘z joyiga o‘rnatish uchun hech qanday mexanizm ham, Misrning barcha aholisining kuchi ham yetmagan bo‘lar edi.

Metall va toshning shunday afzallik jihatlarini o‘z ichiga olgan modda odamlar uchun ayni muddao edi. Alyuminiy aynan shunday metall bo‘lib chiqqan va juda tez ommalashgan. Alyuminiyning og‘irligi marmar va granit og‘irligi bilan bir xil bo‘lib, po‘latdan ko‘ra uchdan ikki qismicha yengildir. 1 sm3 temir 9 gramm atrofida bo‘ladi. 1 sm3 alyuminiy esa 3 grammcha keladi xolos (tosh ham deyarli shunday). Alyuminiy toshdan ko‘ra mustahkamroq, lekin, po‘latchalik emas. Bir xil qalinlikda tayyorlangan alyuminiy va temir to‘sinlarning yuk ko‘tarish qobiliyati taqqoslansa, albatta temir to‘sin ko‘proq yukni ko‘tara oladi.

Alyuminiyning mustahkamligini orttirish uchun unga oz miqdorlarda boshqa metallardan aralashtirish kerak bo‘ladi. Boshqacha aytganda, alyuminiyning qotishmalarini tayyorlash zarur bo‘ladi. Odatda qotishmalar, o‘z tarkibidagi metallarning alohida olgan holda ega bo‘lmagan sifatlariga ega bo‘ladi. Metallurgiyada turli maqsadlar uchun foydalanish mumkin bo‘lgan yuzlab xil metall qotishmalari farqlanadi.

Masalan, 45 kg alyuminiyga 2 kg mis, 200 grammdan magniy va marganes qo‘shib qotishma tayyorlansa, mutaxassislar dyural deb nomlaydigan qotishma hosil bo‘ladi. Albatta, mustahkamlik borasida dyural qotishmasi temir va uning qotishmalari bilan bellasha olmasa-da, biroq, ko‘plab texnik va maishiy ehtiyojlar uchun kifoya qiladigan darajadagi mustahkamlikka ega bo‘ladi. Ayniqsa, ishlatilayotgan materialning yengil bo‘lishi muhimroq bo‘lgan o‘rinlarda, dyural bebaho yechim bo‘ladi. Masalan, mashinasozlik va aviasozlikda metall konstruksiyasining umumiy vazni o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy samolyotlar asosan alyuminiy asosida yasaladi. Shuningdek, poyezdlar, yuk mashinalari, va qurilish materiallari tayyorlash singari mustahkamlik va yengillik uyg‘unligi talab etiladigan sohalarda ham, dyural keng qo‘llaniladi.

Alyuminiyning yengil metall ekanligi elektrotexnika sohasi uchun g‘oyat muhimdir. Alyuminiy - elektr tokini juda yaxshi o‘tkazadi. To‘g‘ri, ayrim boshqa metallar elektr tokini alyuminiydan ko‘ra yaxshiroq o‘tkazadi. Biroq, ular alyuminiydan ko‘ra ham qimmat, ham og‘ir bo‘ladi. Xususan, mis simning elektr o‘tkazish qobiliyati alyuminiynikidan ancha yaxshi. Biroq, bir xil qalinlik va uzunlikdagi mis va alyuminiy simlari olinsa, mis sim deyarli uch barobar og‘ir bo‘lib chiqadi. Agar og‘irligi va uzunligiga ko‘ra mis sim bilan teng bo‘lgan alyuminiy sim tayyorlansa, uning qalinligi ancha kattaroq bo‘ladi va u elektr tokini mis simdan ko‘ra yaxshiroq o‘tkazadi. Boz ustiga, bunday alyuminiy sim, mis simga qaraganda ancha arzon ham tushadi. Shu sababli ham uy ichkarisidagi mahalliy elektr simlarini mis simda tayyorlansa-da, lekin, uzoq masofalarga elektr uzatish liniyalarining simlari albatta alyuminiydan tayyorlanadi.

Bundan tashqari, alyuminiyning yana bir ajoyib xossasi bor. Alyuminiy - yorug‘likni akslantirish bo‘yicha ham yaxshi sifat ko‘rsatkichlariga ega. Uning bu xossasidan teleskoplarining ko‘zgusini yasashda foydalaniladi. Bunda ko‘zguning bir tarafida yupqa alyuminiy qavati qoplanadi. Aynan ushbu alyuminiy qatlami akslantiruvchi yuzani tashkil qiladi.

Alyuminiyning temirga nisbatan afzallik jihatlaridan yana biri, uning zanglamasligidir. Buning sababi shundaki, alyuminiy temirga qaraganda faol element bo‘lib, uning kislorod bilan reaksiyaga kirishishi tez va juda oson sodir bo‘ladi. Natijada, alyuminiy metallining sirtini nihoyatda yupqa va lekin mustahkam alyuminiy oksidi qoplab oladi. Ushbu alyuminiy oksidi qatlam shu darajada shaffof va yupqa bo‘lgani sababli, biz uni ko‘rmaymiz va sezmaymiz. Ushbu qatlam havodagi kislorod bilan reaksiyaga kirishmaydi va shu orqali alyuminiyni keyingi zanglashdan himoya qilib turadi. Shu sababli ham, alyuminiydan tayyorlangan buyumlar yarqiroq bo‘lib jilvalanadi va havoning ta'siri, hamda, ob-havo injiqliklariga bardoshli bo‘ladi.

Ushbu alyuminiy oksidi qatlamining chidamliligini yanada oshirish, pirovardida, alyuminiy buyumning xizmat muddatini yanada uzaytirish uchun, uni elektr toki o‘tkazilayotgan eritmaga solib ishlov berish kerak. Bunday tarzda ishlov berilgan alyuminiy anodlangan alyuminiy deyiladi.

So‘nggi paytlarda, eshik va deraza romlari, tarnovlar va ho kazolar tayyorlashda, alyuminiydan keng foydalanilmoqda. Bunday mahsulotlar uchun qo‘shimcha himoya choralarini ko‘rish, yoki, bo‘yash shart emas. Lekin ularning kamchilik jihati shundaki, alyuminiydan tayyorlangan eshik-romlar turli zarbalar ta'sirida oson egilib, o‘z shaklini yo‘qotishi mumkin. Shu sababli, quruvchilar aksar hollarda baribir temir yoki, yog‘och materialini afzal ko‘rishadi.

Metallning o‘zi qanday tabiiy rangda bo‘lishidan qat'iy nazar, aksariyat metallarning kukunlari asosan qora rangda bo‘ladi. Alyuminiy esa bundan mustasnodir. Alyuminiyning kukuni ham, ushbu metallning kattaroq bo‘lagi kabi oqish-kumushrang va yarqiroq bo‘ladi. Alyuminiy kukunini zig‘ir moyi bilan aralashtirib, alyuminiy bo‘yog‘i olinadi. Bunday bo‘yoq bilan bo‘yalgan yuza juda yaxshi nur qaytaruvchi bo‘ladi. Shuningdek, bunday bo‘yoqli yuzaning issiqlik o‘tkazish va zanglashdan himoya qilish xususiyati ham yuqori bo‘ladi.

Va nihoyat, alyuminiy - uy-ro‘zg‘or buyumlari tayyorlash uchun eng maqbul metall sanaladi. Hozirgi kunda alyuminiydan tayyorlangan oshxona jihozlari, idishlar va boshqa maishiy buyumlarni har bir xonadonda shubhasiz uchratish mumkin. Biz foydalanayotgan alyuminiy kastryullar, qoshiq va sanchqilar, Napoleon III zamonasi uchun hatto imperatorlar ham orzu ham qilolmaydigan darajadagi ziynat va hashamat bo‘lgan (ayrim xonadonlarda esa, alyuminiy idishlardan mol va itga ovqat berish uchun ham foydalaniladi ??????).

Siz konfetni o‘ramidan ochib ko‘rganingizda asosiy qadoq ichida yana yaltiroq zarqog‘oz (folga) borligini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. o‘sha yupqa zarqog‘oz ham alyuminiydan tayyorlangan bo‘ladi. Alyuminiy zarqog‘ozni shuningdek yana boshqa ko‘plab oziq ovqat mahsulotlarining qadog‘i ichida uchratish mumkin. Salqin va energetik ichimliklarning bankalarini eslasangiz, yana boshqa qadoqlar ham ko‘z oldingizga keladi albatta. Shuningdek, alyuminiy zarqog‘ozidan oshpazlar ham keng foydalanishadi. Zarqog‘ozga o‘rab pechda dimlab pishirilgan kurka go‘shtini yeganingizda, ushbu yupqa metall qog‘ozi go‘shtni kuyib qorayib ketishini oldini olishini mulohaza qilgan bo‘lsangiz kerak.

Ushbu metallning issiqlikni juda yaxshi o‘tkazish xususiyati tufayli, undan tayyorlangan idishlarda ovqat nisbatan tez pishadi. Alyuminiy idish zanglamaydi va unga ozuqa mahsulotlari tarkibiga kiruvchi turli kislotalar ham ta'sir ko‘rsatmaydi. Eng asosiysi esa, alyuminiy idishlar juda yengil bo‘lib, bu nozik uy bekalari uchun ayni muddaodir. Shu sababli ham, alyuminiy bizning zamonamizda oshxonaning eng asosiy elementiga aylanib qolgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 12.12.2018 13:01