Karat

21.02.2017 15:09 Muzaffar Qosimov Xalqaro birliklar tizimi - SI - Tizimlashmagan birliklar
Chop etish
Maqola Reytingi: / 1
Juda yomon!A'lo! 

Karat

Karat - o‘zbekcha belgilanishi kar, xalqaro belgilanishi ct bo‘lgan, SI Xalqaro Birliklar Tizimi tarkibiga kirmaydigan, tizimlashmagan maxsus massa birligi. Hozirda butun dunyo bo‘yicha xalqaro miqyosda qabul qilingan va umumiy tan olingan karat birligi 200 milligramm, ya'ni, 0,2 grammga teng. Asosan, zargarlik sohasida, qimmatbaho toshlarning og‘irligini ifodalash uchun qo‘llaniladi. IV-o‘lchov va Tarozilar Xalqaro Bosh Konferensiyasida, 1907-yilda qabul qilingan.

Karatni adabiyotlarda "metrik karat" deb yuritiladi. Chunki, karat birligining qadimda keng qo‘llangan va grammga nisbatan boshqacha qiymatga ega bo‘lgan turlari ham mavjud. Garchi, o‘sha qadimgi karatlar allaqachon iste'moldan chiqib ketgan va amalda qo‘llanilmayotgan bo‘lsa-da, ilmiy manbalarda karat haqida gap ketganda, uning 1907-yilda O‘TXQning IV Bosh Konferensiyasida qabul qilingan xalqaro karat ekaniga urg‘u berish uchun, ataylab, "metrik karat" deb yoziladi.

 

Atamaning etimologiyasi qadimgi arab tilidagi qiyrot so‘ziga borib taqaladi. Qiyrot birligi bilan musulmon dunyosida oltin, olmos va boshqa qimmatbaho toshlarni o‘lchashgan. Qiyrot so‘zining o‘zi esa, o‘rta Yer dengizi havzasi atrofida keng tarqalgan dukkakli o‘simliklardan biri bo‘lgan kerob daraxti (ilmiy nomi Ceratonia siliqua) urug‘ining donasini ifodalagan. Chunki, o‘sha paytlarda odamlar ushbu kabi donlarning har birining vazni bir xil bo‘ladi deb o‘ylashgan va donlarni, ayniqsa dukkakli o‘simliklar donlarini massa birligi sifatida keng qo‘llashgan.

XIX-asr so‘ngigacha yaqin va o‘rta sharq, hamda, bizning diyorlarimizda keng qo‘llangan musulmon karati, yoki, qiyrot birligi taxminan 0,2125 grammga (≈0,22 gr) teng bo‘lgan. Qiyrot dinor birligining 1/20 qismi va dirxam birligining 1/14 qismiga teng bo‘lgan (ya'ni, 1 dinor=20 qiyrot, 1 dirxam=14 qiyrot). o‘z navbatida, dirxam - taxminan ?3 gramm (0,2975 gramm); dinor esa 4,25 grammga teng bo‘lgan. Biroq, turli musulmon mamlakatlarida qiyrotni turlicha o‘lchash borasidagi chalkashliklar ham mavjud bo‘lgan. Xususan, Turkiya hududlaridan qiyrot taxminan 204 mg ga teng nisbatda yuritilgan bo‘lsa, Shom (Suriya), Makka va Misr hududlarida qiyrotni taxminan 195 mg nisbatda yuritishgan. Yevropa va Amerikadagi boshqa mamlakatlarda va hatto bir mamlakat hududidagi boshqa-boshqa shaharlarda ham karat 187 mg dan 216 mg gacha oraliqdagi juda turlicha nisbatlarga ega bo‘lgan. Chunonchi, Kipr davlatida karat 187 mg; Italiyaning Florensiya sharida 197,2 mg, Venetsiyada 207 mg, Livorno sharida esa 215,99 mg ga teng bo‘lgan. Germaniyaning Frankfurt shahrida karat 205,77 mg, Berlinda esa 205,44 mg nisbatida bo‘lgan. Ispaniya hududida 205,3 mg, Ruminiya hududida esa 215 mg keladigan karat birliklari mavjud bo‘lgan.

Ko‘rib turganingizdek, XIX-asr oxiri va XX-asr boshlarigacha, karatning aniq bir belgilangan etaloni mavjud bo‘lmagan va turli mamlakatlardagi karat massasi bir-biridan sezilarli farq qilgan. Shu sababli ham, O‘TXQning IV-Bosh konferensiyasi butun dunyo uchun yagona metrik karatni qabul qilgan.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 23.11.2018 12:57