Antrop tamoyili
Hozirgi kunda zamonaviy fizika, ayniqsa astrofizika hamda subatom zarrachalar tabiati bilan shug‘ullanuvchi olimlarning aksariyati (deyarli hammasi) shunday yakdillikka kelmoqdalar: "Agar koinot, butun olam, ya'ni borliq salgina boshqacharoq tuzilganida, unda hayotning vujudga kelishi imkonsiz bo‘lur edi va koinot-borliq haqida tafakkur yurituvchi biz kabi ongli mavjudotlar umuman bo‘lmasdi".
Olam muvozanatining ilmiy qonuniyatlari bilan tanishib, hayratlanmaslikning, yaratuvchining favqulodda buyuk qudratidan lol qolmaslikning iloji yo‘q. Biz yashayotgan koinot aynan biz uchun, maxsus yaratilgandek. U hayot paydo bo‘lishi va rivojlanishi uchun yagona imkonli tizim-muvozanatga asoslangan eng oliy va mukammal yaratilmishdir. Bunday yondoshuvni, ya'ni, olam tuzilishining biz ko‘rib, yashab turgan shaklidan boshqacha shakli bo‘lishi mumkin emasligini olimlar "Antrop tamoyili" deb yuritishadi. Unga ko‘ra, agar koinot Ulkan Portlashdan keyin, salgina boshqacha yo‘nalishda rivojlanganida, masalan, sal tezroq yoki sal sekinroq rivojlanganida, hozirgidek, materiyaning turli shakllari - qattiq jismlar ham, gazlar ham va umuman moddiyat dunyosi shakllanmagan bo‘lardi deb taxmin qilinadi.