Hamma zamonlarda ham, ilm fan taraqqiyoti jarayoning eng zarbdor yetaklovchi kuchi bu o‘z sohasining asl bilimdoni bo‘lgan tafakkur sohiblari - olimlar hisoblanadi. Noyob aql zakovat egalarining ilmiy mulohazalari, amaliy tajribalari va eng muhimi, o‘zlaridan qoldirgan qimmatli ilmiy meroslar - kitob va ilmiy ishlari, butun bashariyatning eng qimmatbaho boyligidir. Zero yer yuzini obod qilgan ham, odamzot hayotini farovon va obod qilgan ham bu ilm fan va olimlardir. «Olim»va «Ilm» so‘zlari bir-biriga o‘zakdosh va egizakdir.
Saytimizning ushbu bo‘limida, jahon ilm fani osmoni yulduzlari haqida suhbatlashamiz. Ularning hayoti, faoliyati, va ilm fanga qo‘shgan hissasi haqida ma'lumotlar almashinamiz.
|
Klayd Tombo
Klayd Tombo 4-fevral, 1906-yilda AQSHning Illinoys shtatida, ijaraga yer olib dehqonchilik qiluvchi fermer oilasida tug'ilgan. 12-yoshidan boshlab astronomiya bilan jiddiy qiziqib shug'ullana boshlagan. o'rta maktabni tugallagach, keyingi ta'limni olish uchun mablag'i yetmaganligi bois, mustaqil shug'ullanishga majbur bo'lgan. U o'zining yasama teleskopida Oy va Marsning tasvirlarini olib, Louell rasadxonasiga yuborgan. Rasadxonadagi yuqori malakali astronomlarning hayratiga sabab bo'lgan bu fototasvirlar, o'zining aniqligi va sifati tufayli, Tombo ushbu nufuzli rasadxonaga ishga taklif etilgan. Aynan Louell rasadxonasida, 1930-yilning 18-fevral kuni, Klayd Tombo o'zining eng olamshumul kashfiyoti - Pluton sayyorasini kashf qildi. Shuningdek u, Plutonni qidirish ishlari mobaynida, yangi kometa va yuzlab ilgari fanga noma'lum bo'lgan asteroidlarni ham ochdi. Tombo 1932-yilda Kanzas universitetiga o'qishga kirib, 1936-yilda bakalavr diplomiga ega bo'ldi. U 1943-yilgacha Louell rasadxonasida ishladi. 1943-45 yillarda esa, Arizona kollejida, 1945-46 yillarda esa Kaliforniya universitetida dars berdi. 1946-yildan boshlab Las-Krus laboratoriyasida, 1955-yildan boshlab esa, Nyu-Meksiko universitetida ishladi. 1965-yilda Nyu-Meksiko universiteti professori, 1973-yildan esa faxriy professor unvonlariga ega bo'ldi. Klayd Tombo Plutonni ochganligi uchun maxsus medal (Uilyam Gershel tasviri tushirilgan) va Buyuk Britaniya Qirollik ilmiy jamiyatining Astronomiya uyushmasi tomonidan maxsus oltin medal bilan taqdirlangan. Tombo 1934-yilda Patrisiya Edisonga uylangan va umrining oxirigacha o'z oilasiga sodiq yashagan. U o'zidan bir o'g'il, bir qiz qoldirgan. Klayd Tombo 1997 yilda Nyu-Meksiko shtatidagi, Las-Kruses shahrida olamdan ko'z yumgan. Tomboga oid qiziq ma'lumot: o'rta maktabni bitiruv oqshomida, sinfdoshlari u haqida dastxat-esdaliklar kitobiga "U yangi olamlarni kashf etadi" degan qaydni qoldirishgan ekan.
Yangilаndi: 31.01.2025 10:53
|
Stiven Xoking - inson irodasiga qo'yilgan haykal

1941-yilning ikkinchi yarmida minglab ingliz oilalari imkon qadar Oksford va Kembrijga ko'chib o'tishga intilishardi. Lekin bu intilish mazkur shaharlarning mashhur oliy o'quv yurtlariga kirish uchun emas, balki o'z jonlarini omon saqlash, bolalarni ehtiyotlash maqsadini ko'zlardi. Fashistlar Germaniyasi va Angliya hukumatlari o'rtasidagi o'ta kam sonli kelishuvlardan biriga ko'ra, qarama-qarshi tomonlar, Angliyada Kembrij va Oksfordni, Germaniyada esa Geydelberg va Gyottingenni harbiy harakatlarda holi tutishga rozi bo'lishgan. Otasi tropik kasalliklar bo'yicha mutaxassis vrach, onasi esa kotiba bo'lib ishlagan Xokinglar oilasi ham, 1941-yilda London osmonida Lyuftvaffe bombardimonchilari muntazam paydo bo'la boshlagach, poytaxtni tashlab, vaqtincha Oksfordga ko'chib o'tishga majbur bo'lishdi. Taqdirning shunday taqozosi bilan, biz ushbu maqola orqali tanishtirmoqchi bo'lgan olim, zamonamizning eng nufuzli nazariyotchi fiziklaridan bo'lmish Stiven Xoking 1942-yilning 8-yanvarida, Oksfordda dunyoga keldi. U o'zining tavalludini, zamonaviy fizika fanining otasi bo'lmish Galileyning vafotidan roppa-rosa 300 yil o'tib yuz berganiga hech qanday ramziy ma'no bermaydi. O'zining ta'biri bilan aytganda, "axir aynan shu kuni yana ikki yuz mingga yaqin boshqa chaqaloqlar ham tug'ilgan edi".
Yangilаndi: 30.01.2025 07:42
David Gilbert - haqiqiy parishonxotir olim
Biz bilishimiz lozim va bilib olamiz ham!
David Gilbert.

David Gilbert 1862-yilning 23-yanvar sanasida Sharqiy Prussiya davlati poytaxti Kyoningsbergda (hozirda Rossiya Federatsiyasining Kaliningrad shahri) tavallud topgan. Gilbertning otasi ushbu shahar mahkamasida sudya bo‘lib ishlagan. Oilaviy muhitning ilmiy faoliyatga rag‘bat beradigan darajada bo‘lganidan, Gilbertlar oilasining hamma a'zolari ziyoli insonlar bo‘lib yetishishgan. Xususan uning onasi ham falsafa, astronomiya hamda matematikani juda yaxshi biluvchi olima ayol bo'lgan.
18 yoshida o‘rta maktabni tugatgan David Gilbert Kyoningsberg universitetiga o‘qishga kiradi. Ushbu oliy ma'hadda Gilbert matematika yo‘nalishida tahsil olgan. Gilbertning ustozlar borasida omadi kelgan edi. Unga ustozlik qilgan insonlar o‘z davrining eng kuchli matematik olimlari bo‘lib, xususan Genrix Veber va Ferdinand Lindemanlarni alohida ko‘rsatish mumkin. Talabalik yillarida David Gilbert invariantlar nazariyasini tadqiq qila boshlaydi va bu borada ilmiy bahs olib borishga tayyor bo'lgan boshqa bir kuchli matematik - German Minkovskiy bilan yaqindan tanishadi. Minkovskiy va Gilbert keyinchalik, bir umrga qalin do‘st bo‘lib qolishgan. Aynan Minkovskiy orqali Gilbert, Ernst Kummer, Leopold Kroneker, Karl Vayershtrass, hamda Felkis Klyayn kabi o‘sha zamonning eng yetuk matematik mutaxassislari bilan ilmiy aloqalar o‘rnatadi. Gilbertning kasbiy faoliyatiga eng katta ta'sir ko‘rsatgan matematik aynan Feliks Klyayan bo‘lib, u bilan David 1885 yilda Leyptsigda amaliyot o‘tash paytida tanishgan edi. 1892-yilda Gilbertni Kyoningsberg universitetining matematika kafedrasida privat-dostesnt lavozimiga ishga tayinlanadi. Bu lavozim unga nafaqat moddiy tarafdan to‘kinchilikni, balki, nufuzli ilmiy doiralardan eng kuchli olim va mutaxassislar bilan muntazam kasbiy aloqalar o‘rnatish imkonini ham berdi. Gilbert ishga joylashgach, oila qurishga qaror qiladi va Keyte Yerosh ismli ayolga uylanadi. Ko‘pchilik Gilbertning xotinini XIX-asr Olmoniyasining mashhur avangard rassomi bo'lgan Keyt Kolvits bilan adashtirib yuborishadi. Ta'kidlash joizki, Keyt Kolvits ijodini Gilbert yoshligidanoq qattiq hurmat qilgan va uni kerakli o‘rinlarda himoya qilgan ersa-da, harholda u bilan faqat do‘stona munosabat yuritgan. Gilbertning xotini Keytni esa, tasviriy san'atga umuman aloqasi bo‘lmagan.
Yangilаndi: 19.12.2018 08:02
Albert Eynshteyndan iqtiboslar
Albert Eynshteyn o‘zining teran, chuqur ma'noli iqtiboslari bilan nafaqat ilm-fan, balki umuman jahon ijtimoiy-madaniy tarixda ham o‘ziga xos yorqin iz qoldirgan. Unga tegishli qanotli iboralar ba'zan kishini o‘ylashga, fikrlashga majbur qilisa, boshqa safar quvnoqlik, xushnudlik bag‘ishlaydi. Quyida jahon fiziklarning dohiysi tilidan saralangan eng mashhur va ma'nodor iqtoboslarni havola etamiz.
Agar hayotda baxtli yashab o‘tishni istasang, uni muayyan odamlar yoki buyumlarga emas, biror ulkan maqsad sari bag‘ishla.
* * *
Men ikkita jahon urushi boshdan kechirganim va ikki marta uylanganimni e'tiborga olsak, hozirda yomon yashayotganim yo‘q...
* * *
Hayotda shunday maqsadni tanlash kerakki, u sendagi mavjud hamma imkoniyatni ishga solishni talab qilsin.
Yangilаndi: 22.12.2018 11:02
Jon Edvard Lennard-Jons

Jon Edvard Lennard-Jons (inglizcha Sir John Edward Lennard-Jones) - ingliz fizik- va kimyogar-nazariyotchisi. Kvant kimyosining dastlabki namoyandalaridan biri. Uning asosiy ishlari, kvant kimyosi, atom fizikasi va statik mexanika sohalariga oiddir. Olimning asl ism-sharifi Jon Edvard Jons bo'lib, 1924-yilda, rafiqasi Ketlin Lennardga uylanishi munosabati bilan, familiyasini Lennard-Jons tarzida qo'shaloq shaklga o'zgartirgan.
Jon Edvard Lennard-Jons 1894-yilning 27-oktyabr sanasida, Angliyaning Lanakshir grafligi hududida joylashgan Li shahrida tug'ilgan. Avvaliga mahalli grammatika maktabida ta'lim olgan. 1912-yilda u Manchester universitetiga matematik mutaxassisligi bo'yicha o'qishga kirib, ushbu oliygohni magistr darajasi diplomi bilan muvaffaqiyatli tamomlaydi. Oliy ta'lim davomida u tovush nazariyasi masalalari bilan shug'ullangan.
1915-yilda, I-jahon urushi munosabati bilan uni Qirollik harbiy havo kuchlari safiga chaqirishadi va bo'lajak olim, harbiy xizmatni Fransiyada, jangovar harakatlar maydonida o'taydi. Ushbu davr, harbiy harakatlar uchun aviatsiyaning endi-endi qo'llana boshlayotgan boshlang'ich davri bo'lib, harbiy havo kuchlarining tashkil etilishi tarixan yangilik edi. Shu tufayli ham, Lennard-Jons harbiy xizmat bilan vaqtning o'zida, Milliy Fizika laboratoriyasi uchun aerodinamik hisob-kitoblarni yuritish ishlarida faol qatnashgan.
1919-yilda u harbiy xizmatdan qaytgach, o'zi o'qigan Manchester universitetiga ishga joylashadi va matematikadan dars bera boshlaydi. Ayni vaqtda unda gazlarning kinetik nazariyasi yuzasidan jiddiy qiziqishlar paydo bo'ladi. universitetdagi faoliyatini rivojlantirib u, fan doktori darajasiga erishadi va 1922-yilga kelib esa, 1851-yil Butunjahon ko'rgazmasi nomidagi stipendiyaga ega bo'ladi. bu uning uchun ilmiy izlanishlaridagi faoliyatini yanada nufuzliroq muassasa - Kembrij universitetida, mashhur olim Ralf Fauler qo'l ostida davom ettirish imkonini beradi. 1824-yilda u Kembrijda Falsafa Fanlari Doktori[1] (PhD) darajasi uchun dissertatsiya himoya qiladi. Faulerning tavsiyasi bilan u molekulalararo va atomlararo kuchlar masalalari bilan jiddiy qiziqib shug'ullana boshlaydi. o'sha yili u, qator moddalarning kristall panjaralarining energetik parametrlarini hisoblash uchun qo'llagan va atomlararo kuchlarning potensiallarini ifodalashga xizmat qiluvchi ilmiy mulohazalarini bayon qildi. Shuningdek, Van der Vaals tenglamasi parametrlarni, molekulalararo o'zaro ta'sir kuchlarini bayon qiluvchi atamalar doirasida umumlashtirdi.
Yangilаndi: 11.02.2025 15:23
|
|
Mavzuga oid boshqa mаqоlаlаr...
|
|
Maqolaning 4 sahifasi, jami 11 sаhifа |