Relikt nurlanish
Relikt nurlanish nurlanishning yana boshqacha bir nomlanishi – mikroto‘lqinli kosmik fon nurlanishi ham deyiladi. Ushbu nurlanishlar butun Koinotni to‘ldirib turadi. Relikt nurlanish bundan 13,7 milliard yil muqaddam sodir bo‘lgan va hozirgi biz bilgan Koinotning paydo bo‘lishiga sababchi bo‘lgan Ulkan portlashning o‘ta kuchsizlangan, sezilar-sezilmas aks-sadosi hisoblanadi. Koinot yaralgan dastlabki lahzada yuzaga kelgan favqulodda ulkan miqdordagi energiya tashuvchi gamma va rentgen nurlari diapazonidagi elektromagnit nurlanishlarni tashuvchi yuqori energiyali fotonlarning to‘lqin uzunligi vaqt o‘tishi bilan juda ham kattalashib ketdi va hozirga kelib, ushbu to‘lqinlar uzunligi past energiyali mikroto‘lqinlar diapazoniga o‘tib ketgan.
Koinotda bunday mikroto‘lqinli nurlanishlarning mavjudligini va ularni tutish mumkinligini 1948-yilda kosmolog olim Georgiy Gamov ta’kidlagan edi. 1965-yilda Nyu-Jersidagi Bell laboratoriyasida ish olib borayotgan fiziklar Arno Penzias va Robert Uilsonlar, kuzatishlarga xalaqit berayotgan g‘alati mikroto‘lqinli shovqinni payqab qolishdi. U mutlaq nol haroratga juda yaqin bo‘lgan, ya’ni, 3K (‒270 ℃) darajadagi issiqlik nurlanishini o‘zida namoyon qilayotgan edi. O‘shanda olimlar, antenna tutayotgan ushbu darajada mikroto‘lqinli shovqinning manbai bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha manbalarni (shu jumladan, antennalarga qushlarning axlat qilishini ham) tekshirib, barcha taxminlarni istisno qilib chiqishgach, ushbu nurlanish haqiqatan ham, Koinot ibtidosi bo‘lgan o‘sha Ulkan portlashning aks-sadosi ekaniga ishonch hosil qilishdi. Ushbu Relikt mikroto‘lqinli nurlanishning kashf qilinishi, Koinot yaralishi bilan bog‘liq taxminlar ichidagi Ulkan portlash nazariyasining to‘g‘ri ekaniga jiddiy ishora berar edi. Aytib o‘tamizki, Koinot qa’ridagi obyektlardan Yerga yetib kelgunicha fotonlarga muayyan vaqt kerak bo‘ladi va shu sababli ham, biz Koinotning qayeriga qaramaylik, baribir o‘tmishga nazar tashlayotgan bo‘lamiz.
Relikt nurlanishga oid yanada mukammal o‘lchashlar COBE (Cosmic Backround Explorer) fazoviy rasadxonasi orqali 1989-yilda bajarildi. Ushbu rasadxona «Explorer» sun’iy yo‘ldoshiga o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu satellitga o‘rnatilgan asboblar, mikroto‘lqinli kosmik fon nurlanishining harorati ‒270,26 ℃ (2,735 K) ekanini aniqladi. Shuningdek, mazkur nurlanish intensivligining Koinotda galaktikalar yuzaga kelishi bilan bog‘liq fluktuatsiyalari ham ushbu samoviy rasadxonaning sezgir asboblari tomonidan qayd qilingan.
Omad juda yaxshi narsa. Ilm-fanda ham u olimlarga kerak bo‘lib turadi. Xususan, Arno va Penzias aslida Relikt nurlanishni qidirishmagan bo‘lishsa-da, unga tasodifan, o‘zlari kutmagan holda to‘qnash kelishdi. Boz ustiga, garchi ular ushbu Relikt nurlanishni tekshirib, tadqiq qilishmagan va biror-bir ilmiy natijalarni ilmiy jurnallarda e’lon qilishmagan bo‘lsa-da, ularga mazkur kashfiyot uchun 1978-yilda fizika bo‘yicha Nobel mukofoti topshirildi.
Siz hech qaysi telekanalga sozlanmagan televizorda ekran jivirlashi va shivirlagan shovqin eshitilishini ko‘rgansiz albatta. Aynan shu jivirlash va shovqinning 1% atrofidagi qismi o‘sha Relikt mikroto‘lqinli nurlanish bo‘ladi. Shu sababli, agar siz televizor hech narsani ko‘rsatmayapti deb xunob bo‘layotgan bo‘lsangiz, bunga hojat yo‘q. Chunki, siz Koinotdagi eng qadimgi nurlanish shovqinini tinglamoqdasiz.
Nyu-Jersidagi Bell laboratoriyasining reflektor antennasi. Aynan shu antenna orqali Penzias va Uilson Relikt mikroto‘lqinli nurlanishni aniqlashgan.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|
Bildirilgan fikrlar
Mulohazalar uchun RSS tasmasi