Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Qiziqarli fizika Teleskoplar: Yerda, ko‘kda va orbitada

Teleskoplar: Yerda, ko‘kda va orbitada

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 17
Juda yomon!A'lo! 

Teleskoplar: Yerda, ko‘kda va orbitada

Biz Koinotdagi milliardlab ulkan galaktikalardan birining ovloq bir chetida joylashgan, boshqalardan hech bir jihati bilan ajralib turmaydigan, eng oddiy bir o‘rtahol yulduz yaqinidagi favqulodda mitti kichkina sayyorachada yashaymiz. Koinotdagi hamma-hamma narsa bizdan favqulodda uzoq masofada joylashgan. Ba’zi obyektlar esa yerimizdan shunchalik olisda joylashganki, oradagi masofani tasavvur qilishning o‘zi mushkul. Favqulodda o‘ta katta kosmik masofa o‘lchamlari esa kishi aqlini shoshirib qo‘yadi va odamzotning aslida butun Koinot haybati qarshisida qanchalik ojiz ekanini tan olishga majbur qiladi.

Shunga qaramay, ushbu mittigina sayyorada o‘z hukmini o‘tkazayotgan bizdek juda ojiz insonlar o‘ta qiziquvchanmiz va o‘sha yaqin va olis Koinotdagi obyektlar nimalardan iborat ekanini bilishni juda-juda istaymiz. Baxtimizga, Koinot ham jim turadigan, zerikarli suhbatdosh emas. Aksincha, biz unga yuzlanganimiz sayin, u ham biz uchun hayratlanarli va lol qoldiruvchi yangidan-yangi tafsilotlarni ochaveradi. Kosmosda sodir bo‘layotgan hodisalar o‘zi haqida turli vositalar orqali, xususan, elektromagnit to‘lqinlar vositasida bizgacha xabar yetkazib turadi. Ushbu to‘lqinlarni ilg‘ash va mazmunini tushunish orqali esa biz, Koinotda sodir bo‘layotgan hodisalarning mohiyatini anglaymiz va ularning sabablarini tushunib yetamiz. Shunday qilib biz, Koinotdagi ushbu, aslida o‘zimiz hech qachon borib yetolmaydigan obyektlar haqida bilib olamiz. Bu jarayonda esa, bizning benazir ko‘makchimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, bizning o‘tkir ko‘zlarimiz – teleskoplar dastyorlik qiladi.

Kirish qismi falsafaga yo‘g‘rilgan holda biroz cho‘zilib ketgan ushbu maqolada biz aynan teleskoplar haqida suhbatlashamiz. Ularning bir-biridan farqi, oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalari to‘g‘risida ma’lumot beramiz.

  1. Ko‘rinadigan nurlar diapazoni teleskoplari.

Odamlar albatta eng qadimgi zamonlardan buyon tungi osmonni kuzatib kelishadi. Teleskoplar kashf etilishidan minglab yillar avval ham odamlarda allaqachon yulduzlar xaritasi mavjud bo‘lgan va ajdodlarimiz yulduz turkumlarining joylashuviga qarab yil fasllari, hamda, boshqa muhim tabiat hodisalarining davriy takrorlanishini yaxshi bilishgan. Ular qo‘zg‘almas yulduzlarni yulduz turkumlariga birlashtirib, nom berib, tasniflab chiqishgan. Qo‘zg‘aluvchan, ya’ni, joyini o‘zgartirib turadigan yulduzlarni esa ular «sayr qiluvchi» yulduzlar deb atashgan. Biz bilgan «sayyora» so‘zi shundan kelib chiqqan bo‘lib, qadimgi munajjimlar shu tariqa o‘zlari uchun yaqin va uzoq qo‘shnilarimiz – Quyosh sistemasidagi sayyoralarni kashf etishgan.

Teleskop vositasida kashf etilgan ilk sayyora esa Uran bo‘lgan edi. Uni 1781-yilda Angliyalik astronom Uilyam Gershel ochgan. Garchi, tungi osmonda Uran ba’zan oddiy ko‘z bilan ham ko‘ra bo‘ladigan darajada ko‘rinsa-da, Gersheldan avvalgi astronomlar uni shunchaki oddiy xira yulduz deb o‘ylashgan. Aslida, samoga teleskop bilan yuzlangan ilk astronom Gershel emas edi. Koinotni teleskop bilan kuzatishni boshlagan ilk odam Galileo Galiley bo‘lgan. Xususan, 1610-yilda u tomonidan teleskop vositasida Yupiterning to‘rtta tabiiy yo‘ldoshining aniqlanishi, ilm-fan uchun g‘oyat katta hodisa bo‘lgan edi.

O‘sha voqea astronomiyaning butunlay o‘zgacha yo‘nalishga burib yuborgan. Odam ko‘z o‘ngida odatda butun boshli g‘uj yulduzlar to‘dasi bo‘lib ko‘rinadigan Somon Yo‘li teleskop vositasida alohida-alohida, dona-dona yulduzlarga parchalangan holda namoyon bo‘ldi. Inson koinotni teleskop bilan kuzatar ekan, ilgari oddiy ko‘z ilg‘ay olmagan yana minglab sondagi yangidan yangi yulduzlar kashf etildi. Oyda esa, kraterlar borligi, yulduzimiz – Quyoshda esa dog‘lar mavjudligi aniqlandi. Bu muhim kashfiyotlarning barchasi eng oddiy, optik teleskop vositasida – ko‘rinar nurlar diapazoni teleskoplari orqali amalga oshirildi. O‘sha paytlar, bunday teleskoplar faqat biz ko‘ra oladigan diapazondagi axborotni yetkaza olgan xolos. Aytaylik, infraqizil va ultrabinafsha nurlar diapazonida tasvir hosil qilish imkoniyati bunday teleskoplarda hali mavjud emas edi.

Bunday eng oddiy teleskoplarda muayyan osmon jismining kattalashtirilgan tasviri ko‘riladi yoki, fotoapparat orqali suratga tushiriladi. Astronomiya hozirda ham bu kabi jo‘n teleskoplardan keng foydalanadi.

Oddiy teleskoplar turkumidan sayyoramizdagi eng yirik teleskop «Juda Katta Teleskop» deb nomlanadi va u Chilidagi Atakama cho‘lida, Serro-Paranal tog‘ining cho‘qqisida joylashgan o‘sha mashhur Paranal rasadxonasida o‘rnatilgan. Aslida, Rasadxona Janubiy Amerikada joylashgan bo‘lsa-da, uni aslida o‘tgan asrning eng oxirgi yillarida Yevropa mamlakatlari tomonidan umumiy moliyalashtirish asosida barpo etilgan va shunga muvofiq, rasmiy nomi ham «Yevropa janubiy rasadxonasi» (YJR) deb nomlanadi. Bu yerda, cho‘l o‘rtasidagi ajoyib tog‘ cho‘qqisida juda musaffo atmosfera sharoitida, yil mobaynida juda ko‘p kunlarda havo ochiq bo‘ladi va osmon tiniq bo‘lib, optik diapazonda kuzatuv olib borish uchun nihoyatda qulay sharoitlar taqdim etadi. Paranal rasadxonasidagi «Juda Katta Teleskop» nomli optik teleskop o‘zi ham aslida bir dona teleskopdan iborat emas; balki u yerda to‘rtta asosiy va yana shuncha yordamchi teleskoplardan iborat butun boshli kuzatuv kompleksi mavjud.

"Juda Katta Teleskop"

Juda Katta Teleskop - Paranal rasadxonasi, Chili

Paranalda ushbu «Juda Katta Teleskop»dan tashqari yana VISTA, hamda, Survey VLT Telescope nomli boshqa yirik teleskoplar ham mavjud. 2017-yilda esa, Yevropa mamlakatlari astronomiya institutlari hamkorlikda, Paranalga qo‘shni bo‘lgan yana bir tog‘ tepasida, aniqrog‘i, Armasones cho‘qqisi ustida endi «Yevropa Favqulodda Ulkan Teleskopi» nomli yanada yirik teleskopni barpo etish ishlarini boshlab yuborishgan. Loyihaga ko‘ra, uning segmentlangan ko‘zgusining diametri 39,3 metr bo‘ladi.

«Juda Katta Teleskop» (keyingi matnda «JKT») lardan eng birinchisi 1998-yilda ishga tushirilgan edi. U ko‘zgusi yaxlit quyma shaklda tayyorlangan, ya’ni, monolit ko‘zguli eng yirik teleskopdir. Ungacha bo‘lgan paytda esa, eng yirik optik teleskop Rossiyaning Nijniy Arxiz qishlog‘ida joylashgan, ko‘zgusining diametri 6 metr keladigan «BTA» nomli teleskop bo‘lgan.  «JKT»larning qolgan uchtasi 2000-yilda foydalanishga topshirilgan. Ularning har biri bir xil o‘lchamda, ya’ni, 8,2 metrga teng diametrga ega. 2012-yil yanvarida, muhandislar ushbu to‘rtala teleskopni yagona interferometr rejimiga birlashtirishga muvaffaq bo‘lishgan. Ushbu rejimda, «JKT» xuddiki diametri 16,4 metrlik ko‘zguli teleskop singari ishlay oladi. «JKT» tarkibidagi to‘rtta kichik yordamchi teleskoplar esa ko‘chma teleskoplar bo‘lib, ularni rels bo‘ylab u yoqdan bu yoqqa harakatlantirib, joyini o‘zgartirib turish mumkin. Ushbu kichik teleskoplarning ko‘zgu diametri 1,8 metrdan qilib ishlangan va ularning vazifasi, interferometrik kuzatuvlar olib borishdan iborat. «JKT» elektromagnit to‘lqinlarning juda katta diapazonida, jumladan, ko‘rish diapazonidan tashqari, ultrabinafsha va infraqizil nurlar spektrida ham kuzatuv olib borishga imkon beradi. Adolat yuzasidan aytish joizki, garchi, «JKT» mashhurlik bobida «Xabbl» fazoviy teleskopi bilan bahslasha olmasa-da, lekin, texnik ko‘rsatkichlari bo‘yicha undan ustun turadigan jihatlarga ega.

Basharti, gap endi «Xabbl» haqida ochilgan ekan, u haqida ham batafsil to‘xtalib o‘tamiz. «Xabbl» - AQSH va Yevropaning hamkorlikdagi loyihasi bo‘lib, rejaga ko‘ra Amerika-Yevropa hamkorligida jami to‘rtta shu kabi yirik Kosmik teleskoplar orbitaga chiqarilishi ko‘zda tutilgan. O‘sha to‘rttadan dastlabkisi aynan «Xabbl» bo‘ladi. Mazkur to‘rt kosmik teleskop o‘ziga tegishli bo‘lgan elektromagnit diapazonda Koinotni kuzatadi. «Xabbl» - osmonni ultrabinafsha va yaqin infraqizil diapazonda, hamda, ko‘rinar nurlar diapazonida kuzatadi.

Xabbl teleskopi

 

«Xabbl» Koinotga chiqqaniga deyarli 30 yil bo‘lib qoldi. Uni 1990-yilda «Diskaveri» shattli ekipaji Yerning yaqin tevarak orbitasiga, aniqrog‘i, 569 km balandlikka olib chiqib qo‘ygan edi. O‘tgan 28 yil mobaynida, NASA mutaxassislari «Xabbl»ga yana 5 marta borib kelishdi. Tashriflardan muddao – teleskopni ta’mirlash va xizmat ko‘rsatish ishlarini bajarish bo‘lgan. Aslida «Xabbl» orbitaga chiqishidayoq asosiy ko‘zgusida nuqson hosil bo‘lgan edi. Ushbu nuqsonni bartaraf etish uchun 1993-yilda NASA ushbu kosmik teleskopga ta’mir guruhi jo‘natishga majbur bo‘lgan. O‘shanda, teleskopga sferik aberratsiyani korreksiya qiluvchi maxsus tizim o‘rnatilgan edi. Ushbu tizimni o‘rnatish uchun esa, «Xabbl»ga avvaldan loyihaviy o‘rnatilgan boshqa bir muhim ilmiy uskuna – yuqori tezlikli fotometrdan voz kechishga to‘g‘ri kelgan. «Xabbl»ning asosiy ko‘zgusining diametri 2,4 metrni tashkil qiladi. Fokus masofasi esa 57,6 metr. Teleskopning o‘zi Richi-Kretyen sistemasidan iborat reflektor shaklida tayyorlangan.

Arp-273 o‘zaro ta’sirlashayotgan galaktikalar guruhi. «Xabbl» teleskopi orqali olingan rasm.

2. Infraqizil diapazon teleskoplari.

Uran sayyorasini kashf etgan o‘sha Uilyam Gershelning aynan o‘zi tomonidan amalga oshirilgan yana bir o‘ta muhim kashfiyot – infraqizil diapazonning kashf etilganiga ham mana 200 yildan oshdi. O‘shanda, 1800-yilda olimning o‘zi kalorifer nurlanishlari deb atagan, ya’ni, aynan tarjimasi «issiqlik nurlanishlari» desa to‘g‘ri bo‘ladigan, ko‘zga ko‘rinmas nurlarni tasodifan ochgan edi. Gershel Quyosh nurlarini spektrga yoyib ko‘rib, har bir rang diapazonining haroratini o‘lchab ko‘rgan. U spektrdagi binafsharang qismi eng kam isiganini payqagan. Spektrdagi harorati eng baland joy esa qizil rang sohasi bo‘lib chiqqan. Lekin, biroq, spektrdagi qizil rang tugagan joydan ham narida, hech qanday rang joylashmagan shunchaki chetki qismidagi joy undan ham yuqoriroq haroratga ega bo‘lgan edi.

Biroq, kosmosni infraqizil diapazonda kuzatish borasidagi amaliy ishlar, ya’ni, tom ma’nodagi infraqizil astronomiya faqatgina XX-asrning 50-yillaridan keyin rivojlandi. O‘shanda olimlar radioastronomiyaning ilk yutuqlaridan lol bo‘lgan holda, demakki, ko‘rinadigan nurlar diapazonidan tashqarida ham, mislsiz katta hajmda axborot mavjudligiga ishonch hosil qilishgan edi.

Lekin, Yerdan turib infraqizil diapazonda kuzatuv olib borish biroz mushkul. Chunki, bunda Yer atmosferasi bilan bog‘liq qator o‘ziga xosliklar mavjud. Xususan, atmosfera infraqizil nurlarni sifatli darajada qabul qilishga mone’lik qiladi. Chunki, atmosferamizdagi azot va kislorod gazlari koinotdan kelayotgan infraqizil nurlarni sochib yuboradi; karbonat angidrid gazi, hamda, suv bug‘lari esa bu nurlarni yutadi. Shu sababli ham, infraqizil diapazonda ishlovchi teleskoplarni yoki juda baland tog‘ cho‘qqilarida, ya’ni, juda siyrak atmosfera sharoitlarida o‘rnatiladi, yoki, «Xabbl» singari, orbital teleskop sifatida butunlay yerdan tashqariga olib chiqib ketiladi. Ba’zi infraqizil teleskoplarni stratosferaga ham olib chiqish mumkin.

Infraqizil teleskoplarning ham bugungi kundagi eng kuchlisi o‘sha Paranal rasadxonasida joylashgan. U dengiz sathidan 2158 metr balandlikdagi tog‘ cho‘qqisiga o‘rnatilgan bo‘lib, VISTA deb nomlanadi. U infraqizil diapazonning ko‘rinar nurlar diapazoniga yaqin qismidagi to‘lqin uzunliklarida ishlaydi. Teleskop nomi inglizcha Visible and Infrared Survey Telescope for Astronomy so‘zlarining bosh harflaridan yasalgan.

VISTA teleskopi

 

VISTA infraqizil teleskopining asosiy ko‘zgusi 4,1 metr diametrga ega. Uni sayqallash uchun zavodda naq 2 yil vaqt ketgan. Juda nozik asbob. Teleskopning fokus masofasi 12,1 metr; burchak ko‘rsatkichi esa 0,34 sekund yoydan iborat.

Mazkur teleskop tarkibida faqat bitta ilmiy uskuna – VIRCAM kamerasi mavjud. U infraqizil nurlarga o‘ta sezgir uch qatlamli 16 ta maxsus detektorlardan tashkil topgan bo‘lib, 67 million piksel ko‘rsatkichga ega. Bu teleskopni ham xuddi «JKT» singari, Yevropa janubiy rasadxonasi tasarruf qiladi. Garchi teleskoplar o‘zi Chilida joylashgan bo‘lsa-da, lekin, ushbu rasadxonaning rasmiy idorasi Germaniyaning Garxing nomli kichikkina shaharchasida faoliyat ko‘rsatadi. Bu shaharcha Myunxendan 16 km shimolroqdan joylashgan.

VISTA 2009-yilda ishga tushirilgan. Uning maqsadi, Yerimizning janubiy yarim shari osmonini tizimli ravishda xaritalashdan iborat. Har bir tungi kuzatuvda VISTA 300 gigabayt axborot hosil qiladi.

Yuqorida aytganimizdek, atmosferadagi bug‘ va gazlar infraqizil nurlarning katta qismini yutib qoladi va shu sababli ham VISTA faqat yaqin infraqizil diapazonda ishlay oladi xolos. Koinotni infraqizil diapazondagi kengroq tadqiq qilish uchun esa, infraqizil teleskop bilan birga stratosferagacha ko‘tarilish kerak. XX-asrning 50-70 yillarida, infraqizil teleskoplarni havo shariga mahkamlab, 24 km balandlikkacha bo‘lgan masofaga uchirilar edi va havo sharlarini radioto‘lqinlar orqali boshqarib, infraqizil teleskopdan ma’lumot olinar edi. Bu maqsadda xususan AQSHda «Stratoskop-1», hamda, «Stratoskop-2» nomli teleskoplar ishlab chiqarilgan. Ushbu infraqizil teleskoplar sayyoralar va yulduzlarning infraqizil spektrini o‘rganishda dastlabki qadamlarni qo‘yish imkonini bergan edi.

Hozirda esa, bu maqsad uchun, stratosferaga maxsus jihozlangan samolyotlar uchirilmoqda. Masalan, «Boeing» korporatsiyasi NASA buyurtmasi asosida maxsus Boeing 747SP samolyotini ishlab chiqargan. Uning bortida SOFIA nomli ko‘chma infraqizil rasadxona o‘rnatilgan. Rasadxona nomi inglizcha Stratospheric Observatory for Infrared Astronomy so‘zlarining bosh harflaridan yasalgan. Parvoz vaqtida bort 12-14 km balandlikda uchadi. Bu balandlikda, koinotdan kelayotgan infraqizil nurlar spektrining 85% qismini to‘liq kuzatish mumkin. Teleskop-reflektorning o‘zi fyuzelyajning orqa qismida joylashtiriladi. Uning asosiy ko‘zgusi 2,5 metr diametrga ega. Ko‘chma (uchma) rasadxona tarkibida ushbu infraqizil teleskopning o‘zidan tashqari, olimlar ixtiyorida yana yetti xil muhim ilmiy uskunalar – kamera, spektrometr, fotometr va ho kazolar mavjud. SOFIA stratosfera infraqizil rasadxonasi ilk marta 2010-yilning may oyida parvozga chiqqan. Uning bortlarining doimiy dislokatsiya manzili Kaliforniyadagi Palmeyda shahri hisoblanadi. Loyiha garchi NASAniki bo‘lsa-da, uning uncha-muncha xarajatini Germaniya qoplaydi.

SOFIA uchoq rasadxonasi

Bu kabi uchuvchi ko‘chma rasadxonaning eng katta afzallik jihati shundaki, u Yer sharining istalgan qismiga uchib borib, kerakli joydan kuzatuv olib borish imkonini beradi. Ya’ni, undan ham shimoliy, ham janubiy yarim sharlar osmonini infraqizil spektrda kuzatish maqsadida foydalaniladi. Hozirda, ushbu uchma rasadxonaning tadqiqot obyekti – Koyper belbog‘idagi 2014 MU69 asteroidi bo‘lib, NASAning «Yangi Gorizontlar» kosmik stansiyasining navbatdagi manzili sifatida aynan shu jism tanlangan. «Yangi Gorizontlar» ushbu obyektga 2019-yilning 1-yanvar kuni yaqinlashishi belgilangan. Shu sababli, astrofiziklar avval uning yaqin atrofida boshqa jism yo‘qligiga ishonch hosil qilishlari kerak. Aks holda, «Yangi Gorizontlar» apparati to‘qnashuvga uchrashi va shikastlanishi hech gap emas. Hozirda, SOFIA kuzatuvlarni Tinch Okeani ustida uchgan holda olib bormoqda.

Stratosferadan yana ham balandroqda, orbitada bir necha yil avval yana bir boshqa muhim infraqizil teleskop - «Gershel» ishlab berdi. «Gershel» yer tevarak orbitasida emas, balki, geliosentrik orbitada faoliyat olib borgan. Ushbu orbital teleskop 2013-yilda rasman o‘z faoliyatini tugatgan. U atiga 4 yil ishladi. Biroq, ushbu qisqa muddatda u orqali astronomlar juda katta hajmdagi axborotga ega bo‘lishdi va ushbu axborotni qayta ishlash va tahlillash ishlari hali hamon davom etmoqda. «Gershel» Koinotni to‘liq infraqizil diapazonda tekshirish imkonini beradigan ilk uskuna ham bo‘lgan edi. Boz ustiga, u eng katta infraqizil rasadxona ham bo‘lib, ko‘zgusining diametri 3,5 metr, fokus masofasi esa 28,5 metr bo‘lgan. «Gershel» ishdan to‘xtagach, hozirda ishlayotgan eng katta infraqizil teleskopning ko‘rsatkichlari ancha g‘arib. Xususan, endilikdagi eng katta infraqizil teleskop - «Spitser»ning ko‘zgusi diametri 0,85 metr, hamda, fokus masofasi ham atiga 10,2 metrni tashkil qiladi. «Spitser» 3 mkm dan 180 mkm gacha bo‘lgan to‘lqin uzunligidagi infraqizil nurlarni tuta oladi xolos. «Gershel»da esa bu diapazon ancha keng edi. U 60 mkm dan 670 mkm gacha keng infraqizil diapazonda ishlagan.

"Gershel" teleskopi

Yuqorida aytilganidek, 2013-yilda rasman ishdan to‘xtagan «Gershel» Yer-Quyosh sistemasining L2 Lagranj nuqtasida, sayyoramiz sirtidan 1,5 million km balandlik masofasida ishlagan.

2019-yil oktyabrida, orbitaga yana bir o‘ta muhim kosmik rasadxona - «Jeyms Uebb» nomidagi fazoviy teleskopni olib chiqish rejalashtirilgan. «Jeyms Uebb» koinotda «Xabbl»ning o‘rniga ish boshlashi maqsad qilinmoqda. Lekin, «Xabbl»dan farqli o‘laroq, «Jeyms Uebb» birinchi o‘rinda – infraqizil diapazon teleskopidir. Uning asosiy ko‘zgusining diametri 6,5 metr bo‘ladi. Bu eng olis masofalardagi galaktikalardan kelayotgan nurlarni ham ko‘rish imkonini beruvchi eng minimal o‘lchamdir.

"Jeyms Uebb" teleskopi

3. Ultrabinafsha diapazoni

Ma’lumki, ultrabinafsha nurlarning me’yoridan ortig‘i tirik organizmlar uchun zararlidir. Ultrabinafsha lampalar vositasida suvni, havoni va turli yuza sirtlarini zararsizlantiriladi. Lekin, Koinotdan keluvchi ultrabinafsha nurlardan bizni Yer atmosferasi himoya qiladi. Shu bilan birga, aynan atmosfera, bizning teleskoplarimizga ultrabinafsha diapazonda kuzatuv yuritishga to‘sqinlik qiladi. Birinchi navbatda, ultrabinafsha nurlarni tutib qoluvchi qalqon bu – ozon qatlamidir. Ozon qatlamiz 20-70 km balandlikda joylashadi. Shu sababi, ultrabinafsha diapazonda kuzatuv olib borish imkonini beruvchi teleskoplarni atmosferaning eng yuqori qatlamlariga, yoki, biryo‘lasi, orbitaga olib chiqish kerak bo‘ladi.

Ultrabinafsha nurlanishlarni 1801-yilda nemis fizigi Iogann Ritter tomonidan ochilgan edi. Lekin, ultrabinafsha astronomiya esa atiga 1947-yilga kelib is boshlagan. O‘shanda, AQSH olimlari, ikkinchi jahon urushi yakunlariga ko‘ra nemislardan harbiy o‘lja sifatida qo‘lga kiritgan FAU-2  o‘ta yuqori balandliklargacha chiqa oluvchi geofizik raketalar vositasida ultrabinafsha teleskoplarini uchirishgan edi.

XX-asrning 60-yillaridan boshlab esa, maxsus sun’iy yo‘ldoshlar vositasida ultrabinafsha teleskoplarni orbitaga chiqara boshladi. 1972-yilda esa, NASA maxsus ultrabinafsha rasadxonasi - «Kopernik» kosmik teleskopini orbitaga olib chiqqan edi. SSSR esa 1983-yilda orbitaga «Astron» nomli ultrabinafsha teleskopli kosmik rasadxona uchirgan. Uning ko‘zgusi 80 sm diametrga ega edi. Ultrabinafsha teleskopi shuningdek «Xabbl» kosmik rasadxonasi bortida ham mavjud. Aynan «Xabbl»ning ultrabinafsha teleskopi tufayli, astronomlar birinchi marta, Saturn va Yupiter sayyoralarida, shuningdek, Ganimedda ham qutb yog‘dusi hodisasi sodir bo‘lishini bilib olishdi va hatto bu hodisalarni suratga olishga erishishdi. 60-70 yillarda Oyga parvoz qilgan astronavtlar ham o‘zlari bilan kichikroq o‘lchamdagi ultrabinafsha teleskop olib yurishgan.

Hozirda faoliyat ko‘rsatayotgan ultrabinafsha teleskoplar ichida UVOT teleskopini alohida aytish joiz. U Swift nomli kosmik apparat bortiga o‘rnatilgan bo‘lib, 170 nm dan 650 nm gacha bo‘lgan to‘lqin uzunliklarida kuzatuv olib borish imkonini beradi. Undagi ko‘zguning diametri 0,3 metrni tashkil qiladi.

"Swift" teleskopi

 

Biroq, Swift kosmik rasadxonasining vazifasi birgina ushbu ultrabinafsha teleskop bilan cheklanib qolmaydi. Uning muddaosi aslida boshqacharoq. 2004-yilda Koinotga olib chiqilgan ushbu orbital rasadxona tarkibida yana uchta muhim ilmiy uskuna mavjud bo‘lib, uning oldiga qo‘yilgan eng asosiy vazifa – gamma-chaqnashlarni qayd etishdan iborat.

Koinotdagi gamma-chaqnashlari juda qisqa vaqt ichida sodir bo‘ladigan va juda ulkan miqdorda energiya sochilishi bilan yuz beradigan favqulodda keng miqyosli fizik hodisa bo‘lib, odatda, juda-juda olisdagi galaktikalarda sodir bo‘ladi. Gamma-chaqnashlarning asosiy qismi o‘ta yangilarning chaqnashi vaqtida sodir bo‘ladi. Swift 2008-yilda shunday chaqnashlardan birini barcha tafsilotlari bilan birga qayd etishga muvaffaq bo‘lgan. O‘shanda, bizdan 88 million yorug‘lik yili masofada joylashgan SN 2008D o‘ta yangi yulduzi chaqnagan edi. Ushbu yulduz Silovsin yulduz turkumidagi NGC 2770 galaktikasida joylashgan.

Ultrabinafsha diapazon teleskoplari ichida eng muvaffaqiyatli ishlayotganlaridan biri bu - GALEX (Galaxy Evolution Explorer) kosmik teleskopidir. U 2003-yilda Pegasus-XL eltuvchi raketasi vositasida, L-1011 samolyoti bortidan orbitaga olib chiqilgan.

"GALEX" teleskopi

Avvaliga, olimlar ushbu teleskop 2,5 yil ishlab bersa bo‘ldi deb hisob-kitob qilishgan edi. Lekin, uning texnik imkoniyatlari 9 yil barqaror ishlashga yetarli bo‘ldi. Bu vaqt ichida GALEX 697 km balandlikdagi yer tevarak orbitasida turib, ultrabinafsha diapazonda kuzatuv olib borgan. Uning ko‘zgusi 0,5 metr diametrga ega bo‘lib, fokus masofasi 3 metr edi. Teleskop 1,2 daraja ko‘rish maydoniga ega bo‘lgan.

Ushbu teleskop vositasida ochilgan eng hayratlanarli kashfiyotlardan biri – Kit yulduz turkumidagi Tinchlik yulduzning favqulodda ulkan masofaga cho‘zilib ketgan uzun dumi borligining aniqlanishi bo‘lgan. Bizdan 417 yorug‘lik yili masofasida joylashgan mazkur qo‘shaloq yulduz, o‘zining «g‘alati qiliqlari» bilan astronomlar diqqatini olis 1957-yildayoq o‘ziga jalb eta boshlagan edi. Lekin, to 2007-yilgacha, unga ultrabinafsha nigoh bilan nazar tashlash imkoni bo‘lmagan. Yulduzning dumining uzunligi 13 yorug‘lik yiliga teng bo‘lib, Bu, Quyoshdan eng yaqin yulduz – Sentavr Proksimasigacha bo‘lgan masofadan naq 3 barobar katta o‘lchamdir!

"Dumli yulduz" - GALEX olgan tasvir

4. Rentgen nurlari diapazoni

Koinotni rentgen nurlari diapazonida ham kuzatish kerakligini, olimlar radioastronomiya, infraqizil va ultrabinafsha astronomiya sohalari muvaffaqiyat keltira boshlagach anglab yetishgan. Biroq, Yerdan kuzatish uchun, Koinotdagi rentgen nurlanishlari manbalarini yana o‘sha atmosfera to‘sib qo‘yadi. Shu sababli, rentgen diapazonida kuzata oladigan teleskoplarni ham albatta orbitaga olib chiqish zarur. Koinotda o‘zidan rentgen nurlari taratadigan obyektlar aslida juda bisyor. Xususan, kvazarlar, neytron yulduzlari va qora tuynuklar rentgen nurlarining Kosmik manbalari hisoblanadi. Albatta, qora tuynuklar o‘zidan rentgen nurlari taramaydi, biroq, o‘ziga yaqinlashib kelayotgan moddalarni, o‘zidan rentgen nuri chiqarishga majburlaydi. Kosmik rentgen nurlarining bizga eng yaqin bo‘lgan manbai esa albatta o‘z yulduzimiz – Quyoshdir.

Hali orbitaga maxsus orbital rasadxonalar olib chiqish imkoni bo‘lmagan paytlarda, rentgen teleskoplarini ham havo sharlari va atmosferaning eng yuqori qatlamlarigacha ko‘tarila oladigan raketalarga joylashtirib uchirilgan. Havo shariga o‘rnatib uchirilgan ilk rentgen teleskopi o‘ziyoq, Quyosh ham rentgen nurlari chiqarishini namoyon qilib bergan edi. Albatta, Quyosh o‘zidan chiqayotgan favqulodda ulkan energiya miqdorining atiga milliondan bir qisminigina rentgen nurlari ko‘rinishida nurlatadi.

Rentgen diapazonida kuzatuv olib borish uchun ataylab mo‘ljallab yasalgan ilk orbital rasadxona bu AQSH tomonidan 1970-yilda orbitaga chiqarilgan Uhuru sun’iy yo‘ldoshi edi. Sun’iy yo‘ldoshning bunday g‘alati (tushunarsiz) nom olishining sababi esa, uning 12-dekabr kuni Keniya sohilidan uchirilgani bilan bog‘liq. Chunki, bu sana Keniyaning mustaqillik kuni bo‘lib, «Uhuru» degani, ushbu mamlakat mahalliy aholisi tilida «mustaqillik» degani bo‘ladi. Sun’iy yo‘ldoshning asl loyihadagi nomi esa, aslida «KA X-Ray Explorer» bo‘lgan.

"Uhuru" rentgen teleskopi

Uhuru tufayli astrofizika sohasida butun boshli yangidan-yangi fundamental kashfiyotlar qilindi. Xususan, ushbu fazoviy rasadxona Koinotda rentgen pulsarlarini aniqlab berdi. Shuningdek, tarixda ilk marta, Koinotning rentgen diapazonidagi xaritasini hosil qilindi. Uhuru jami bo‘lib 339 ta rentgen manbaini aniqlab bergan. Lekin, Uhuru aslida to‘laqonli rentgen teleskopi bo‘lgan deyish qiyin. Sababi, avvalo rentgen kvantlari juda katta energiyaga ega ekani tufayli, bunday nurlar moddada deyarli sinishga uchramaydi va deyarli doimo, moddaga yutiladi. Rentgen nurlarini yig‘uvchi ko‘zgu yasash juda murakkab ish, rentgen nurlari uchun maxsus linza yasashning esa deyarli iloji yo‘q. Uhuru teleskopida rentgen nurlarini tutuvchi antenna bo‘lgan xolos. Unda ushbu nurlarni fokuslovchi optik tizim bo‘lmagan.

Tom ma’nodagi haqiqiy rentgen teleskopi sifatida «Chandra» kosmik teleskopini keltirish mumkin. Uni 1999-yilda NASA tomonidan «Kolumbiya» shattli yukxonasida orbitaga eltib qo‘yilgan.

"Chandra" teleskopi

Ushbu teleskop Yerdan eng olis nuqtada ishlovchi orbital apparatlardan biri bo‘lib, u sun’iy yo‘ldosh sifatida Yerni 65-soatda bir marta aylanib chiqadi. Shundan 55-soat vaqt ichida uzluksiz kuzatuv yuritish imkoni mavjud. Uning orbitasi o‘ta cho‘zinchoq ellips shaklida bo‘lib, apogeyda «Chandra» 134527,6 km masofagacha olislab ketadi. Perigeyda esa uni 14307,9 km masofada ko‘rish mumkin. Ushbu fazoviy rentgen rasadxonasi, XX-asrning eng kuchli astrofiziklaridan biri bo‘lgan, asli kelib chiqishi Hindistonlik bo‘lmish AQSH astronomi Subraxmanyan Chandrasekar sharafiga nomlangan. Chandraning rentgen ko‘zgusi diametri 1,2 metr. Fokus masofasi 10 metrni tashkil qiladi. Unda, rentgenoskopik teleskoplar uchun maxsus ishlab chiqilgan «Volter sistemasi» nomli optik tizim qo‘llaniladi. Rentgen nurlarini qayd qiluvchi qurilmalar shuningdek, yuqorida tilga olib o‘tilgan «Swift» rasadxonasida ham o‘rnatilgan.

5. Gamma nurlar diapazoni

Gamma-nurlar diapazoni rentgen nurlari diapazoniga qo‘shni. Lekin, gamma kvantlari rentgen kvantlaridan ham yuqoriroq energiyaga ega bo‘ladi. Bu – elektromagnit nurlanishlar ichida eng kuchli energiyaga ega bo‘lgan nurlanish turi bo‘lib, bunda fotonlar energiyasi 100 keV dan ham o‘tadi. Gamma-nurlarni chiqarish uchun favqulodda kuchli va ulkan energiya kerak bo‘ladi. Shu sababli, bunday nurlar chiqaradigan obyektlar odatda, pulsarlar, o‘ta yangi qoldiqlari va galaktikalarning faol yadrolari bo‘ladi.

Gamma-nurlardan ham Yer yuzini himoyalaydigan tabiiy qalqon – atmosferadir. Shu sababli, gamma-nurlarni qayd qiluvchi asboblarni va gamma teleskoplarini ham atmosferadan tashqariga olib chiqish zarur.

Birinchi gamma teleskop 1990-yilda «Kompton» kosmik rasadxonasi bortida Koinotga chiqarilgan edi. U 2000-yilgacha faoliyat ko‘rsatdi va keyinchalik, Tinch Okeaniga qulatildi.

"Kompton" kosmik rasadxonasi

«Chandra»dan farqli o‘laroq, «Kompton» uzoqqa ketib qolmaydi. U atiga 450 km balandlikda, ya’ni, yer tevarak orbitasida ishlaydi. Uning AQSH fizigi Artur Kompton sharafiga nomlanganligini sezgan bo‘lsangiz kerak. Uning to‘rtta asosiy gamma detektorlari 20 keV dan 30 GeV gacha bo‘lgan energetik diapazonda kuzatuv olib borish imkonini bergan. Ishlash faoliyati mobaynida «Kompton» Koinotning yuqori sifatli gamma-nurlar xaritasini yaratgan hamda, 3000 dan ziyod gamma-chaqnashlarini qayd etgan edi. Shuningdek u, hatto Yer atmosferasidagi chaqmoqli bulutlardan ham qisqa gamma-chaqnashlar sodir bo‘lishini aniqlagan.

«Kompton»ning davomchisi sifatida, Koinotni gamma diapazonda tadqiq qilish uchun orbitaga chiqarilgan keyingi teleskop mashhur italyan fizigi Enriko Fermi sharafiga nomlangan edi. Uni 2008-yilning iyun oyida, Delta II raketasi vositasida orbitaga eltib qo‘yilgan. Ushbu loyihani AQSH, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya va Shvetsiya davlatlari birgalikda moliyalashtirishgan. «Fermi» yerdan 550 km balandlikda ishlaydi. Uning loyihaviy nomi GLAST (Gamma-ray Large Area Space Telescope) bo‘lgan.

"Fermi" orbital teleskopi

Uning asosiy uskunasi LAT (Large Area Telescope) deb nomlanuvchi gamma-teleskop bo‘lib, u bir necha o‘n MeV energiya miqdoridan boshlab to bir necha yuzlab MeV energiya darajalarigacha bo‘lgan diapazonda gamma kuzatuvini yuritadi. Mohiyatan, «Fermi» bu butun boshli orbital gamma rasadxonasi deyish mumkin. Chunki unda, mazkur LAT gamma teleskopidan tashqari, yana butun Koinot bo‘ylab sodir bo‘layotgan gamma-chaqnashlarni qayd etuvchi «Fermi GBM» nomli gamma registrator ham mavjud.

«Fermi» teleskopi vositasida amalga oshirilgan eng muhim kashfiyotlardan biri – Somon Yo‘li diski tekisligidan har ikki tarafga 25 ming yorug‘lik yili masofasida yastanib yotgan Fermi shishlarining qayd etilishi bo‘lgan edi. Bu shishlarini 2010-yilda aniqlangan bo‘lib, har ikkala shish o‘ta yuqori energiyali nurlanishlar manbai sifatida namoyon bo‘ladi.

"Fermi shishi"

Ushbu orbital gamma-rasadxonaning yana bir muhim yutug‘i, 2017-yilda LIGO rasadxonasi qayd etgan gravitatsion to‘lqinlarning manbaini va uning osmondagi joylashuvini aynan «Fermi» aniqlab bergan edi. O‘shanda, LIGO detektorlari qayd etgan gravitatsion to‘lqinlar manbai Kit va Baliq yulduz turkumlari hududida ekanini, hamda, ushbu hududda, ikkita qora tuynuk to‘qnashuvi sodir bo‘lganligini, shuningdek, to‘qnashuv natijasida, o‘ta yuqori energiyali chaqnash sodir bo‘lganini «Fermi» gamma-rasadxonasi ko‘rsatib bergan edi. Chaqnash va to‘qnashuv sodir bo‘lgan vaqt, LIGO tomonidan gravitatsion to‘lqinlar qayd etilgan vaqt bilan aynan mos kelgan.

6. Radiodiapazon

Radioastronomiya diqqat qaratadigan obyektlar bu – Koinotdagi deyarli barcha obyektlar bo‘ladi. Koinotdan kelayotgan radioto‘lqinlarni ilk marotaba AQSHlik radiomuhandis Karl Yanski tomonidan 1932-yilda aniqlangan edi. U bir metr to‘lqin uzunligi diapazonidagi atmosfera radioxalaqitlarni o‘rganib, noma’lum manbadan kelayotgan davriy radiosignallarni qayd eta boshlagan. Signalning paydo bo‘lish, kuchayish va susayish vaqtlarini yulduz sutkasi bilan monand holda tahlil qilgach, Yanski, ushbu radioto‘lqinlar manbai Koinotda ekaniga ishonch hosil qilgan edi. O‘shandan buyon, Koinotni radioteleskoplar vositasida o‘rganish jarayoni boshlangan. O‘shanda beri, yerda va orbitada ko‘p sonli radioteleskoplar faoliyat yuritmoqda.

2016-yilda Xitoy dunyodagi eng katta radioteleskop qurilishini yakunlab, uni foydalanishga topshirgan. U FAST deb nomlanadi. Sezganingizdek, bu qisqartma nom bo‘lib, u Five hundred meter Aperture Spherical Telescope so‘zlarining birinchi harflaridan yasalgan. Ingliz tilini tushunadigan ziyrak mutolaachilar allaqachon payqaganidek, buning ma’nosi, akslantirish yuzasining diametri 500 metr bo‘lgan, haqiqatan ham ulkan teleskopdir.

FAST teleskopi

FAST ning yuzasi 70000 m2 ni tashkil qiladi. Fokus masofasi esa 140 metr. U Xitoyning Guychjou provinsiyasida o‘rnatilgan va tabiiy botiqlikda joylashtirilgan. Mazkur radioteleskopning ishchi diapazoni 70 MHz dan 3 GHz gacha. Ya’ni, u 0,10 m dan 4,3 m gacha to‘lqin uzunligiga ega elektromagnit nurlanishlar bilan ishlaydi. Ushbu teleskop vositasida astrofiziklar pulsarlarni tadqiq qilishni, galaktikalarning evolyutsiyasini o‘rganishni va yana ko‘plab maqsadlarni reja qilishgan.

Radioteleskoplar shuningdek, orbitada ham ishlab kelmoqda. Birinchi orbital radioteleskop 1978-yilda uchirilgan edi. Uni sobiq ittifoq orbitaga chiqargan bo‘lib, u «Salyut-1» orbital rasadxonasi tarkibida bo‘lgan «KRT-10» radioteleskopi edi. O‘sha radioteleskopni Progress-7 yuk raketasi orbitaga olib chiqqan. KRT-10 radioteleskopi atiga ikki oy ishlab bergan.

Hozirda esa, mohiyatan uning merosxo‘ri bo‘lgan boshqa bir radioteleskop - «Spektr-R» orbitada ishlamoqda. Ushbu radioteleskop 2011-yilda Roskosmos tomonidan uchirilgan.

"Spektr-R' kosmik radioteleskopi

«Spektr-R»ning diametri 10 metr, fokus masofasi 4,22 metrni tashkil qiladi. U ham xuddi «Chandra» singari o‘ta elliptik orbita bo‘ylab Yer atrofida aylanadi. Apogeyda «Spektr-R» Oy joylashadigan masofagacha yetib qoladi va Oy tortish kuchidan gravitatsion manyovr bajarishda ham foydalanadi. Bu paytda u Yerdan 338541,5 km masofagacha olislashgan bo‘ladi. Perigeyda esa bu radioteleskop 10651,6 km masofagacha qaytadi. «Spektr-R» 92 sm, 18 sm, 6,2 sm va 1,19-1,63 sm to‘lqin uzunligiga ega radio to‘lqinlarini tuta oladi.

7. Neytrino rasadxonalari.

Koinotda sodir bo‘layotgan hodisalar haqida bilib olish uchun faqat elektromagnit to‘lqinlarni tutish va qayta ishlash bilan cheklanish yaramaydi. Zamonaviy astrofizika olimlar oldiga ko‘plab savollarni yog‘dirmoqda. An’anaviy usullardan tashqari, yangi yo‘nalishlarni tadbiq etish orqali, Koinotni yanada mukammal o‘rganish mumkin bo‘ladi. Masalan, butun Koinot bo‘ylab, butun borliq bo‘ylab tarqalib turgan neytrino oqimlarini o‘rganish ham astronomiyada muhim yangiliklarni taqdim etishi tayin. Neytrino – subatom zarracha bo‘lib, u elektr zaryadiga ega emas, yoki, boshqacha aytganda, elektr neytral zarrachadir. Uning massasi shu darajada kichikki, uni deyarli hech qanday asbob ham seza olmaydi. Neytrinoning tabiatda haqiqatan borligini aniq isbotlanganiga ham hali ko‘p bo‘lgani yo‘q o‘zi. Shunisi qiziqki, neytrino oqimi o‘z yo‘lida uchragan istalgan narsa orqali bemalol o‘tib keta oladi. Uning uchun har qanday jism xuddi yo‘qdek. Hech narsa neytrino yo‘liga g‘ov bo‘la olmaydi. Neytrino oqimlari yulduzlarning qa’rida sodir bo‘layotgan yadroviy reaksiyalar natijasidan chiqib keladi va o‘zi bilan noyob va muhim axborotni tashib keladi. Yuqorida aytganimizdek, neytrinoni tutish va qayd qilish g‘oyat murakkab vazifa. Shunga qaramay, olimlar uni «ushlashga» muvaffaq bo‘lishgan.

Neytrino oqimlarini qayd etishga mo‘ljallangan maxsus rasadxonalar ham shu yaqin yillar ichida paydo bo‘la boshladi. Neytrino rasadxonalari ichida hozirda eng yirigi Antarktidadagi Amudsen Skot nomli AQSH janubiy qutb stansiyasida joylashgan. «IceCube» nomli mazkur rasadxona Antarktidaning qalin muz qalqoni ostiga, yuzadan 2450 metr chuqurlikka joylashtirilgan.

IceCube rasadxonasi

8. Gravitatsion to‘lqinlar rasadxonasi

Joriy yil boshida, LIGO-Virgo xalqaro kollaboratsiyasi yana bir bora, gravitatsion to‘lqinlarni qayd etganini ma’lum qildi. Bu, tarixda uchinchi marotaba bunday signalning tutilishi bo‘ladi. Ushbu gravitatsion to‘lqin bundan taxminan 3 milliard yil muqaddam ikkita qora tuynuklarning o‘zaro to‘qnashishi va yaxlit bitta qora tuynukka birlashishi natijasida hosil bo‘lgan. O‘sha qora tuynuklarning biri Quyosh massasidan 19 marta katta massaga ega bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchisi Quyoshdan 31 marta katta massa egasi bo‘lgan. Ular bir-biriga spiralsimon harakat bilan yaqinlashib kelgan va oxiri to‘qnashib, juda katta massani atrof muhitga sochib yuborish orqali, o‘zaro birlashib ketgan. Birlashish hodisasi bir soniyadan ham qisqa muddat ichida hal bo‘lgan. To‘qnashuv paytidagi har ikkala qora tuynukning bir-biriga nisbatan tezligi, yorug‘lik tezligining 60% miqdorigacha yetib borgan. O‘sha to‘qnashuvda atrofga sochilib ketgan juda katta massa miqdori, Quyosh massasining taxminan ikki barobaricha bo‘lgan. Natijada, favqulodda ulkan qudratga ega portlash sodir bo‘lgan. Ushbu favqulodda yirik miqyosli to‘qnashuv butun Koinot bo‘ylab tarqalib ketadigan gravitatsiya to‘lqinlarini vujudga keltirgan. Natijada, o‘shanda Koinotning zamon-makon uyg‘unligi, ya’ni, Koinot matosining o‘zi mavjlanib ketgan. LIGO va Virgo kollaboratsiyasi esa ushbu mavjlanishni qayd qilgan. Ushbu muhim hodisadan keyin, ya’ni, gravitatsion to‘lqinlarni qayd etish amaliyoti o‘zlashtirilgach, endilikda, astronomiya tamomila yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda deb ta’kidlashmoqda olimlar. Sababi, endilikda, gravitatsiya to‘lqinlarini qayd etuvchi rasadxonalar vositasida, astrofiziklar Koinotni butunlay o‘zgacha nuqtai nazardan – gravitatsion to‘lqinlar «ko‘zi» bilan o‘rganish imkoniga ega bo‘lishdi. Albatta, gravitatsion to‘lqinlar astronomiyasi, ta’bir joiz bo‘lsa, endi-endi dunyoga keldi va hali atak-chechak qilib yuradigan holatdagi chaqaloqchalik ham emas. Hozirda dunyo bo‘yicha gravitatsiya to‘lqinlarini qayd eta oladigan atiga ikkita rasadxona mavjud. Bularning biri AQSHda joylashgan o‘sha nomi tanish LIGO rasadxonasi bo‘lsa, ikkinchisi Italiyada joylashgan va nomi yuqorida ham qayd etilgan Virgo rasadxonasidir.

LIGO

VIRGO

Xotima

Astronomiya fani muntazam taraqqiy etib kelmoqda. Yana atiga bir necha o‘n yillardan keyin, bugungi kundagi bizga eng maqbul ko‘ringan va biz alqab maqtaydigan teleskoplar ham eskirib, ularning o‘rniga yanada mukammal, yanada aniq kuzatish uskunalari paydo bo‘ladi.

O‘z tarixi mobaynida astronomiya bir necha inqiloblarni boshdan kechirdi. 1610-yilda Galiley, eng oddiy optik teleskop bilan samoga yuzlanar ekan, odam ko‘zi ko‘ra olmaydigan osmon jismlarini kuzatish erasini ochib berdi. XX asr esa optika monopoliyasiga barham berdi va Koinot elektromagnit nurlanishlarning barcha diapazonlarida bizga o‘z sirlarini ocha boshladi. Hozirda esa, biz neytrino astronomiyasi va gravitatsion to‘lqinlar vositasida kuzatuv astronomiyasi bilan bog‘liq yangi inqilob arafasida turibmiz. Va shunisi aniqki, ushbu qadam oxirgisi ham bo‘lmaydi.

Astronomiya istiqboli esa porloq bo‘lishi tayin. Biz hali Koinotning ko‘plab jumboqlariga javob topishimiz kerak. Bunda esa bizga shubhasiz, o‘sha eski qadrdon va yangi ishonchli teleskoplarimiz yordam beradi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 08.12.2018 22:45  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

Kimyo o'qituvchisi Boltavoyga savol beryapti:

-Boltaviy, doskada qaysi moddaning formulasi yozilgan?

Boltavoy vaziyatdan chiqmoqchi bo'lib:

-Domla, shu tilimni uchida turibdiyu, aytolmayapman-da!

Shunda domla rangi oqarib, titroq ovoz bilan:

-Tez tupurib tashla! Axir bu zaharli kislota-ku!!!


Mavzuga oid boshqa materiallar

Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 11557656

Tafakkur durdonalari

Ilm-Fan Taraqqiyotni yetaklovchi kuchdir!