Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Qiziqarli kimyo Geliy - o‘ziga to‘q element

Geliy - o‘ziga to‘q element

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 15
Juda yomon!A'lo! 

Geliy - o‘ziga to‘q element

Quyosh nuri aslida biz ko‘rganimizdek zarrin sariq emas, balki, tabiatda bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha ranglar yig‘indisidan iboratdir. Agar Quyoshdan kelayotgan yorug‘lik nurlarini uchburchak shisha shaklidagi prizmadan o‘tkazilsa, yorug‘lik tarkibiy ranglarga taqsimlanib, xuddi kamalak misol jilvalana boshlaydi. Yorug‘likning bu tarzda tarkibiy ranglarga taqsimlanishini spektr deyiladi.

Kimyoviy elementlar ham yuqori haroratlargacha qizigan chog‘da ulardan chiqayotgan yorug‘lik nurlarining spektrdan o‘tkazilsa, hosil bo‘lgan spektr turli ranglardagi yorqin chiziqlar namoyon qiladi. Bu chiziqlar ketma-ketligini spektral chiziqlar deyiladi. Tabiatda har bir element faqat o‘zigagina xos bo‘lgan va boshqa elementda takrorlanmaydigan shunday spektral chiziqlar ketma-ketligiga ega.

 

Agar siz muayyan spektral chiziqlar ketma-ketligini kuzatayotgan bo‘lsangiz, undagi yorqin chiziqlar va qora chiziqlar ketma-ketligiga asoslanib, mazkur nurni aynan qaysi kimyoviy element chiqarayotganini aniqlashingiz mumkin bo‘ladi. Astronomlar xuddi shu usul bilan yulduzlarning qanday elementlardan tarkib topganini bilib oladilar. Aynan shu usul vositasida o‘z vaqtida yulduzimiz - Quyoshning qanday kimyoviy elementlardan tuzilgani aniqlangan edi.

1868-yilda Quyosh tutilishi hodisasi kuzatilgan. Quyosh tutilishi Quyoshni o‘rganish uchun g‘oyat qulay paytdir. Chunki, bu paytda Quyoshning asosiy gardishi Oy tomonidan to‘sib qo‘yiladi va teleskop orqali Quyoshning chetki qismlarini, ayniqsa, Quyosh toji va tashqi atmosferasini kuzatish mumkin bo‘ladi. Quyosh o‘zi charaqlab turgan boshqa odatiy paytda esa buning iloji bo‘lmaydi.

o‘sha 1868-yilgi Quyosh tutilishini farang astronomi Pyer Jansen va ingliz astronomi ser Jozef Normann Lokyer ham kuzatishgan. Ularning maqsadi Quyoshning spektral chiziqlarini o‘rganish va shu orqali, bizning yulduzimiz nimalardan tarkib topganini aniqlashdan iborat edi.

Olimlar Quyosh tutilishidan olgan spektral chiziqlarni sinchiklab tahlil qilishga kirishishdi. Ular olingan chiziqlarni o‘zlariga ma'lum elementlar chiziqlari bilan solishtirib chiqib, spektrda fanga ma'lum hech qaysi element spektri bilan mos kelmaydigan g‘alati chiziqlar ketma-ketligini aniqlashgan. Bu shubhasiz yangi kimyoviy element edi. Chunki, yuqorida aytilgandek, tabiatda biror-bir kimyoviy elementning spektral chiziqlari boshqasinikini takrorlamaydi va hamma elementning chiziqlari faqat o‘zigagina xos bo‘ladi.

Lokyer ushbu Quyoshdan aniqlangan yangi kimyoviy elementga «geliy» (yunoncha helios) deb nom berishga qaror qildi. Ushbu nom asl mohiyatida «Quyosh» degan ma'noni bildiradi. Olimning muddaosi ayon: u element dastavval Quyoshdan aniqlanganiga ishora bermoqchi bo‘lgan.

1898-yilda yana bir ingliz kimyogari ser Uilyam Ramzay uran rudasining bir turidan ajratib olingan gaz tarkibini tadqiq qilishga kirishadi. Tajribalardan birida u mazkur gazni qizdirilganda chiqadigan yorug‘lik nurlarini ham o‘rganishga qaror qiladi va uning spektral chiziqlarini kuzatadi. Va Ramzay o‘zi kuzatayotgan spektral chiziqlarni ko‘rib hayratda qolgan edi. Chunki, u olgan spektral chiziqlar Lokyer Quyoshdan aniqlagan geliy elementining spektral chiziqlari bilan aynan mos kelardi va uning ranglari ham bir-biri bilan bir xil bo‘lib chiqqandi. Tasavvur qilyapsizmi, element avval Quyoshda aniqlanganidan 30 yil o‘tibgina Yer sharoitida ham topilgan!

Geliy davriy jadvalda 2-raqamli elementdir. U vodoroddan keyin eng sodda atom tuzilishiga ega bo‘lgan element sanaladi va balki shu sababdan, geliy - Koinotda eng keng tarqalgan elementlar ichida ikkinchi o‘rinda turadi (undan faqat vodorod ko‘p xolos). Biz vodorod haqidagi maqolada aytganimizdek, Koinotdagi atomlarning deyarli 90% qismi vodoroddir. Geliy ham bu jihatdan salmoqli o‘rin egallaydi. Zero, Koinotdagi atomlarning 9% qismini aynan geliy atomlari tashkil qiladi. Qolgan barcha elementlar birgalikda bo‘lsagina, Koinotdagi umumiy atomlar sonining qolgan 1% ulushini egallaydi xolos.

Geliy Yerda juda-juda kam tarqalgan. U shu darajada yengil va uning molekulalari shu darajada tezkorki, sayyoramizning tortishish kuchi ularni ushlab turishga qodir emas. Lekin tashqi sayyoralar atmosferasida nisbatan ko‘p miqdorda geliy mavjud. Chunki, ulkan sayyoralarning o‘ziga mos ulkan gravitatsiyasi tezkor va yengil geliyni ham sayyora yaqinida tutib tura oladi.

Yerda geliy vodoroddan ham kam uchraydi. Birinchidan, u shunchaki juda oz. Ikkinchidan, maishiy tilda aytganda, geliy atomlari o‘ziga to‘q va o‘ziga tinch. Ilmiy jihatdan aytsak esa, geliy - boshqa elementlar atomlari bilan birikmalar hosil qilishga umuman moyilligi yo‘q. Nafaqat boshqa elementlar bilan, balki, geliy atomlari bir-biri bilan ham o‘zaro birikmaydi. Gazsimon holatdagi geliy alohida-alohida holdagi, yakka-yakka atomlardan iborat bo‘ladi. Ya'ni, geliy - bir atomli gazdir. Siz kislorod va vodorod atomlari albatta ikkita-ikkitadan birikib, ikki atomli molekula hosil qilishini avvalgi boblardan bilib olgansiz. Ozon esa uch atomli gaz ekanini ham eslasangiz kerak.

Vodorodning muayyan qismi o‘zidan og‘irroq bo‘lgan boshqa atomlar bilan birikmalar tarkibida Yerda qolgan. Shu sababli ham Yerda vodorod geliydan ko‘ra ko‘proq. Geliy esa hech qaysi element bilan birikma hosil qilmaydi va shu sababli ham u sayyoramizda deyarli qolmagan.

Agar siz davriy jadvalga diqqat bilan razm solsangiz, geliyning 10, 18, 36, 54 va 86 raqamli elementlar bilan bir guruhdan o‘rin olganini ko‘rasiz. Ushbu elementlarning barchasi bir-biri bilan muayyan o‘xshashlikka ega. Ularning o‘zaro o‘xshash bo‘lgan eng asosiy jihati shuki, ularning barchasi aynan gazlar bo‘lib, boz ustiga, ular boshqa atomlar bilan deyarli yoki, mutlaqo birikmaydi. Ularning barchasi tabiatda bir atomli gaz ko‘rinishida tarqalgan. Ushbu gazlar deyarli hech qaysi atom va molekulalar bilan birikma hosil qilmasligiga e'tiboran, ularni inert gazlar deb nomlangan. Ba'zilar uchun esa ularning bunday xossasi xuddi asilzodalarning xarakterini eslatadi shekilli, mazkur gazlarga asl gazlar, yoki, nodir gazlar deb ham nom berish an'anasi uchrab turadi.

Ushbu gazlarning inertlik xossasi ba'zi holatlarda ularning azotdan ham foydaliroq bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ba'zi turdagi payvandlash ishlarini faqat azot oqimi ostida bajariladi. Lekin, ba'zi turdagi metallarni va qotishmalarni payvandlashda metall shu darajada qiziydiki, natijada u kimyoviy faol bo‘lib qolib, hatto azot bilan ham birikma hosil qila boshlaydi. Shunday metallarni payvandlash uchun texnikada geliydan foydalaniladi. Chunki, geliy hech qanday metall bilan har qanday baland haroratda ham birikib qolmaydi. Chunki u - o‘ta inert gazdir.

o‘zining favqulodda yengilligi boisidan geliy havo sharlarida va dirijabllarda vodorodning o‘rniga qo‘llanilishi ham mumkin. Albatta, geliy atomi vodorod atomidan ikki barobar og‘irroq; shunga qaramay, bu geliyni havo sharini osmonga ko‘tarishi uchun mutlaqo to‘sqinlik qilmaydi. Chunki, geliy baribir havodan naq 7 barobar yengildir. Boz ustiga, geliyning ko‘tarish kuchi vodorodnikidan atiga 7% kam xolos (ya'ni, geliyning ko‘tarish kuchi, vodorodning ko‘tarish kuchining 93% qismini tashkil qiladi).

Geliyning havo shari va dirijabllarda qo‘llanishi uchun vodoroddan o‘ta muhim bir afzallik jihati mavjud. Eng avvalo, eng katta afzallik shuki, geliy har qanday sharoit va har qanday muhitda ham umuman yonmaydi. Bu esa havo shari, yoki dirijabldagi yong‘in va portlash xavfini butunlay istisno qiladi. Ikkinchidan, geliy atomlarning vodorod atomlaridan og‘irroq ekani, havo shari matosi, yoki, dirijabl devorlari teshilib qolgan taqdirda ham, undagi gazning teshikdan sekinroq chiqib ketishiga omil bo‘ladi. Chunki, yengilgina vodorod gazi juda kichik tirqishdan ham juda tez chiqib keta olishi tayin. Geliyning aynan shunday teshikdan chiqib ketishi uchun esa ancha ko‘proq vaqt ketadi. Bu esa, favqulodda holat sodir bo‘lgan taqdirda, vaziyatni yumshatish uchun nisbatan ko‘proq vaqt zaxirasini taqdim etadi.

Lekin, yuqorida geliyning Yerda juda-juda oz miqdorda ekanini aytgan edik. Unda, havo shari va dirijabllarda qo‘llashga yetadigan miqdordagi ko‘p geliyni qayerdan olinadi? Albatta, geliy havoda ham juda-juda oz bo‘lsa-da, har holda mavjud. Lekin, havodagi geliy miqdori shu darajada ozki, uni deyarli yo‘q deyish ham mumkin. Havodan geliy ajratib olish favqulodda qimmatga tushadi.

Geliy odatda gaz va neft konlarida qo‘shimcha mahsulot sifatida katta miqdorda olinadi. Yer qa'ridan qazib olinadigan tabiiy gaz tarkibining taxminan 1% dan 2% gacha bo‘lgan qismini geliy tashkil qiladi. Tabiiy gazga yo‘ldosh tarzida chiqadigan geliyni ajratib olish nisbatan oson va arzon. XX-asrning 30-yillarigacha faqat AQSH janubidagi neft va gaz konlaridan yetarli darajada geliy olinar edi va shu sababli, ta'bir joiz bo‘lsa, o‘sha yillari faqat AQSH «geliy mustaqilligi»ga ega davlat sanalardi. Faqat AQSHgina o‘zi uchun yetarli miqdorda geliy ishlab chiqarib, dirijabllarni geliy bilan to‘ldirishni uddalardi. Ortgan geliy esa boshqa mamlakatlarga sotilardi. Bu esa, AQSH hukumatiga geliy savdosidan mo‘maygina daromad keltirish bilan birga, shuningdek, geliy oldi-sottisidan siyosiy ta'sir vositasi (siyosiy richag) sifatida ham foydalanish imkonini bergan. Masalan, 30-yillarda AQSH Germaniyaga geliy sotishni butunlay cheklab, shu orqali Germaniyaga sanksiya qo‘ygan edi. Natijada, geliyga ega bo‘lmagan nemislar o‘z dirijabllarini faqat vodorod bilan to‘ldirishga majbur bo‘lishgan. Biz bilgan «Gindenburg»ning fojiali qismatining sabablaridan biri ham aslida shu...

Lekin, dirijabllarni geliy bilan to‘ldirish ham baribir AQSHning o‘zi uchun ham kutilgan samarani bermadi va geliyli dirijabllar baribir asosiy havo transportiga aylanmadi. Chunki, geliy o‘ta yengil bo‘lgani sababli, u bilan to‘ldirilgan dirijabllarni shamol chayqab tashlar va uchirib ketar edi. Natijada, geliy to‘ldirilgan havo shari yoki dirijabl deformatsiyalanib, pachoqlanib ketardi. Buning natijasida esa katta falokatlar ham sodir bo‘lgan.

Geliy bizga ma'lum gazlar ichida eng qiyib eruvchan gazdir. U azotdan teng barobar qiyinroq eriydi. Shu sababli o‘ta chuqur tubliklarga sho‘ng‘iydigan g‘avvoslar maxsus ballonlarda 20% kislorod va qolgan 80% geliydan iborat gaz aralashmasi bilan nafas oladilar. Sezganingizdek, ularda oddiy havo emas, balki, azot o‘rniga geliy qo‘llanilgan bo‘ladi. Geliy va boshqa inert gazlar nafas olish uchun yaroqsiz bo‘lib, shu bilan birga, zaharli ham emas.

Shu sababli ham g‘avvoslar qo‘rqmay azot o‘rniga geliy to‘ldirilgan ballonlar bilan sho‘ng‘iyveradilar. Sababi, geliyning suyuqliklarda deyarli erimasligidadir. Siz azot haqidagi bobda, azotning qonda erishi va agar odam katta bosim ostidagi chuqur suv ostiga sho‘ng‘igandan keyin keskin tezkor yuqoriga ko‘tarilsa, kesson kasalligiga olib kelishi, ya'ni, tanada qon qaynashiga sabab bo‘lishini o‘qigan bo‘lsangiz kerak. Geliy esa qonda unchalik erimaydi. Shu sababli, geliyli ballondan nafas olgan g‘avvos qonida va to‘qimalarida juda oz geliy to‘planadi va mabodo g‘avvos keskin tezlik bilan suv yuzasiga ko‘tarilsa ham, geliy azotchalik shiddat bilan ajralmaydi va g‘avvos hayotiga katta xatar tug‘dirmaydi.

Ustiga-ustak, kislorodli-geliyli aralashma kislorod-azot aralashmasidan, ya'ni, oddiy havodan birmuncha yengil bo‘ladi. Shu sababli, bunday aralashmadan nafas olish va nafas chiqarish ham ancha yengil bo‘lib, o‘pkalardan nisbatan kamroq kuchanish evaziga, o‘sha keraklikcha kislorodga ega bo‘lish imkonini beradi. Bu faqat tublikka sho‘ng‘iydigan g‘avvoslarga foydali jihat deb o‘ylasangiz - xato qilasiz. Nafas yo‘llari kasalliklariga duchor bo‘lgan bemorlarga ham, ayniqsa, nafas siqishidan aziyat chekayotgan astmatiklarga aynan geliy-kislorod aralashmasidan nafas beriladi. Hushsiz yotgan odamga ham tabiiy nafas olishni yengillashtirish uchun geliy-kislorod aralashmasi uzatiladi.

Geliy shuningdek aerodinamik quvurlarda ham qo‘llaniladi. Uning o‘ta yengilligi sababidan, samolyotlarni geliy oqimida sinovdan o‘tkaziladi. Albatta, geliy qimmat gaz sanaladi. Lekin, uni o‘ta yuqori tezliklargacha tezlatish juda oson, Shu sababli ham aerodinamik sinovlarda unga yetadigan yordamchi yo‘q.

Bayram kunlari odamlar gavjum joylarda sotiladigan sharlarni ham ba'zan geliy bilan to‘ldirishadi.

Siz jahonda nisbatan keng tarqalgan harorat o‘lchov birliklaridan xabardor bo‘lsangiz kerak. AQSHda asosan Farengeyt shkalasidan foydalaniladi. Dunyoning deyarli boshqa hamma mamlakatlarida Selsiy shkalasi qo‘llaniladi. Selsiy shkalasiga ko‘ra, muzning erishi (yoki suvning muzlashi) - nol daraja (0 °C) va suvning qaynashi yuz daraja (100 °C) deb belgilanadi. Bu shkalaga ko‘ra, xona harorati o‘rtacha 20-25 °C bo‘lsa, odam tanasi harorati esa 36,6 °C bo‘ladi.

Selsiy shkalasining bir darajasi Farengeyt shkalasining bir darajasidan 1,8 marta katta bo‘ladi. Butun dunyoda, hatto AQSHda ham olimlar faqat selsiy shkalasidan foydalanishadi.

Siz yaxshi bilasizki, barcha moddalar tarkibidagi molekulalar to‘xtovsiz harakatda, aytaylik, vibratsiya holatida bo‘ladi. Harorat qanchalik baland bo‘lsa, demak, molekulalarning harakati ham shunchalik tezkor bo‘ladi. Harorat past bo‘lsa, demak, molekulalar shunga muvofiq sekinroq va sust harakatlanayotgan bo‘ladi. Lekin, shunday harorat darajasi bo‘lishi mumkinki, unda har qanday modda tarkibidagi har qanday molekulalar ham harakatdan to‘xtashi mumkin. Shunday darajada past harorat bo‘lishi mumkinmi?

Albatta, nazariy jihatdan bu imkonli narsa. Har qanday molekula ham o‘z harakatini to‘xtatadigan harorat darajasini ilm-fanda mutlaq nol daraja deyiladi. Bu tabiatda bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng past harorat darajasidir. Selsiy shkalasi bo‘yicha oladigan bo‘lsak, mutlaq nol daraja bu - −273,15 °C darajaga to‘g‘ri keladi. Ushbu shkala mutlaq harorat shkalasi deyiladi. Uni shuningdek, mazkur sohaning eng birinchi va asosiy tadqiqotchisi bo‘lgan ingliz fizigi lord Kelvin sharafiga, kelvin shkalasi ham deyiladi. Kelvin shkalasida ham, ya'ni, mutlaq shkaladagi darajalar ham selsiy shkalasidagi darajalar bilan teng. Mutlaq shkala bo‘yicha muzning erish harorati 273 darajani tashkil qilsa, suvning qaynashi 373 darajada sodir bo‘ladi. Xona harorati 298 daraja, tana harorati esa 309,6 daraja bo‘ladi.

Geliy atomlari boshqa element atomlariga ham, o‘zi singari geliy atomlariga nisbatan ham shu darajada loqaydki, geliy gazini suyuq holatga o‘tkazish uchun ularni harakatdan butunlay to‘xtatadigan darajada favqulodda past harorat talab etiladi. Insoniyatga ma'lum moddalar ichida eng qiyin suyuqlanadigan, ya'ni, suyuq holatga o‘tkazish eng mushkul bo‘lgan modda aynan geliy sanaladi. Masalan, har qanday molekulyar harakat to‘xtaydigan darajani mutlaq shkalaning nol darajasi deb olsak, mutlaq shkala bo‘yicha kislorod 90 darajada suyuqlanishi ma'lum bo‘ladi. Azot yana ham past haroratda suyuqlanadi va uning suyuq holatga o‘tishi uchun kelvin shkalasi bo‘yicha 78 daraja kerak bo‘ladi. Vodorod bilan esa bu ish yanada murakkab. Uning suyuqlanishi uchun favqulodda past, ya'ni, 20 daraja kelvin kerak bo‘ladi. Lekin, geliy undan ham qaysar. Geliyning suyuqlanishi uchun mutlaq noldan atiga 4 daraja yuqori harorat shart! Ya'ni, geliy mutlaq shkala bo‘yicha 4 daraja sharoit hosil qilingandagina suyuqlanadi. Uning qattiq holatga o‘tishi esa mutlaq noldan atiga 1 daraja haroratda sodir bo‘ladi. Boz ustiga, buning uchun favqulodda katta bosim ham kerak bo‘ladi.

Agar, geliyni suyuq holatga o‘tkazishni uddalasangiz, u bilan juda-juda g‘alati narsalar sodir bo‘layotganini ko‘rasiz. Geliy suyuqlanadigan haroratda simob va qo‘rg‘oshin singari metallar o‘zining elektr tokiga qarshilik qilish xossasidan butunlay mosuvo bo‘ladi. Shunday sharoitda, ularga berilgan elektr toki, ular orqali hech qanday qarshiliksiz, beto‘xtov harakatlanishi mumkin. Lo‘nda qilib aytganda, geliy suyuqlanadigan haroratda ushbu metallarda o‘ta o‘tkazuvchanlik xossasi paydo bo‘ladi. Lekin, o‘ta o‘tkazgichlarga keragidan ziyod tok berib yuborilsa, ular o‘zining mazkur xossasini yo‘qotadi.

Elektr muhandislari va fiziklar tomonidan, geliy suyuqlanadigan haroratda ishlashi uchun maxsus o‘tkazgich simlar tayyorlangan. Ularning qalinligi odam soch tolasi ingichkaligi darajasida bo‘lib, mazkur simlar suyuq geliy haroratida o‘ta o‘tkazuvchanlik effektini o‘chirib va yoqib turishi mumkin. Bunday maxsus simlar texnikada kriotronlar deb nom olgan. Lekin, bunday elektrotexnikaning, ya'ni, kriotronlarning ishlashi uchun albatta suyuq geliy darajasi zarur.

Geliy suyuqlanadigan darajada nafaqat bu kabi metallar, balki geliyning o‘zi ham g‘alati xossalarni namoyon qila boshlaydi. 2,2 kelvin darajasida turgan geliyni olimlar alohida nom bilan, ya'ni, geliy II nomi bilan ataydilar. Geliy II boshqa istalgan moddadan ko‘ra tezroq jadallik bilan issiqlik o‘tkaza oladi. Shuningdek, bu holatdagi geliy har qanday idish devorlarini tashkil qilib turgan atom va molekulalar orasidan ham o‘tib keta oladi. Go‘yoki, bunday geliy yo‘lidagi har qanday to‘siqni ko‘rdim demaydi va unga yo‘lida hech qanday to‘g‘anoq yo‘qdek taassurot uyg‘onadi. Boz ustiga, stakanga quyilgan suyuq geliy II stakan devorlaridan xuddi devor yo‘qdek oqib chiqish bilan birgalikda, o‘ta g‘alati tarzda, idish bo‘ylab yuqoriga oqishi sodir bo‘ladi. Tasavvur qilyapsizmi? Suyuqlik yuqoriga oqsa-ya?! Suyuq geliyning mazkur xossasi fanda o‘ta oquvchanlik deyiladi. Geliyning mazkur g‘ayrioddiy xossalari olimlarni qattiq qiziqtirib qo‘ygan. Ushbu fenomenni izohlash uchun esa, kimyogarlar va fiziklar bir-biridan o‘tkir yangi-yangi nazariyalar barpo etishgan edi. Geliyning suyuq holati uchun o‘ta oquvchanlik va o‘ta o‘tkazuvchanlik hodisalarning nazariy asoslarini buyuk fizik olim Lev Landau ochib bergan edi. Nazariyada albatta kvant fizikasiga murojaat etilgan.

Geliy guruhiga mansub boshqa inert gazlardan dastlabkisi 1894-yilda ingliz fiziklari lord Reley hamda, ser Uilyam Ramzay tomonidan kashf qilingan edi. Bu davriy jadvaldagi 18-raqamli element - argon edi. Aslida argonni undan naq bir asr avval Genri Kavendish ham kashf qilishi mumkin edi. Kavendish elektr toki ta'sirida havodagi azot va kislorodni o‘zaro birikishga majbur qilmoqchi edi. Shunday tajribalari orqali u havoning arzimas kichik bir qismi har qanday holatda ham birikma hosil qilmayotganini payqagan edi. Lekin, Kavendish bu aslida yangi kimyoviy element ekanini xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa kerak.

Oradan yuz yil muddat o‘tib, lord Reley havoda azotdan ham kisloroddan ham og‘irroq bo‘lgan, lekin, umumiy hajmning juda-juda kichik hajmini egallaydigan, shu sababli, deyarli sezilarsiz gaz mavjudligini aniqladi. Bu gazni alohida, sof tarzda ajratib olish uchun u va hamkasbi Ramzay birgalikda avvaliga havoni suyultirib, keyin esa, suyuq havoni sinchkovlik bilan fraksiyalarga ajratib chiqishgan. Shu usul orqali ular argonni kashf qilishgan edi. Ular mazkur gazga bunday nom qo‘yishganiga sabab, argon ham geliy singari boshqa elementlar bilan birikma hosil qilmasligi bo‘lgan. Buni olimlar mazkur gazning nofaol ekani, ya'ni, «dangasa», yoki, «erinchoq» ekani bilan bog‘lashgan. «Argon» nomi yunon tilida aynan shu ma'nolarni bildiradi (uni shuningdek, «qaysar» deb ham tarjima qilish mumkin).

Inert gazlar ichida eng keng tarqalgani bu aynan argondir. U havoning deyarli 1% qismini tashkil qiladi. Argon juda inert gaz bo‘lgan sababli, uni cho‘g‘lanma lampalarni to‘ldirishda va metallarni payvandlash ishlarida azot o‘rniga qo‘llanishga o‘tilgan.

XIX-asrning eng so‘nggi yillarida Uilyam Ramzay havodan yana uchta boshqa inert gazlarni (asl gazlarni) ham kashf qildi. Ulardan birinchisi, davriy jadvaldagi 10-raqamli element - neon bo‘lgan. Ushbu nomni olimning 12-yoshli o‘smir o‘g‘li taklif qilgan bo‘lib, uning ma'nosi yunon tilida «yangi» degani bo‘ladi. 36-raqamli elementni esa olim «kripton» deb nomlagan. Buning ma'nosi ham yunon tilidan olingan bo‘lib, «maxfiy», «yashirin» degan so‘zlarga to‘g‘ri keladi. 54-raqamli elementni esa Ramzay «notanish» deb nomlagan. Bu so‘zning yunonchasi «xenon» bo‘lib, u davriy jadvaldagi biz bilgan ksenon elementidir.

Inert gazning atomi qanchalik murakkab tuzilgan bo‘lsa, uni suyuq holga keltirish shunga yarasha osonroq bo‘ladi. Neon suyuqlanishi uchun vodorodnikidan biroz yuqori, ya'ni, mutlaq shkala bo‘yicha 27 daraja harorat kerak bo‘ladi. Argon 87 K daraja suyuqlanadi. Kripton mutlaq shkala bo‘yicha 120 darajada, ksenon esa 166 darajada suyuqlanadi. Men davriy jadvaldagi 86-raqamli element haqida bu o‘rinda to‘xtalib o‘tirmayman. U eng murakkab tuzilishga ega bo‘lgan, boz ustiga radioaktivlik xossasiga ega inert gaz bo‘lib, u haqidagi hikoya kitob oxirrog‘idan o‘rin olgan.

Argondan boshqa inert gazlar ancha noyob gazlar bo‘lib, ular tabiatda juda kam uchraydi. Lekin, havoni suyultirish orqali ushbu gazlarni kerakli miqdorda olish mumkin. Bu gazlarni qo‘llash sohasi unchalik ham keng emas. Lekin, ular qo‘llaniladigan qiziqarli sohalar mavjud. Masalan, ularni uzun shisha quvurlarga to‘ldirib, keyin ushbu gaz to‘ldirilgan shishaga elektr zaryadi berilsa, mazkur gazlar ajoyib ranglar bilan tuslanib, rang-barang nur taratadi. Xususan, neon gazi to‘ldirilgan shunday lampalar yorqin qizil-zarg‘aldoq yog‘du beradi. Siz neon lampalarini albatta ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Bunday lampalarni harflar shaklida egib-bukib, shu orqali reklama yozuvlari va tunda xaridorlarni o‘ziga jalb qiladigan do‘kon nomlarini tayyorlashadi. Shisha ichidagi kripton gaziga elektr zaryadi berilsa, u yashil yoki, binafsharang bilan nur sochadi; ksenondan esa ko‘k va yashil rang taraladi.

Ksenon nisbatan og‘ir gazdir. Uning og‘ir atomlari rentgen nurlarini tutib qolish imkoniyatiga ega. Bu esa o‘pka kasalliklarini aniqlashda qo‘l keladi. Ksenondan chuqur nafas olgan holatdagi o‘pkasining rentgen tasviri olingan bemorning nafas olish a'zolari haqida nisbatan aniqroq tashxis qo‘yish mumkin bo‘ladi. Ichiga ksenon to‘ldirilgan chog‘lanma lampalarda esa, ichkaridagi ingichka metall sim nisbatan balandroq haroratlarga ham chidamli bo‘ladi va ko‘proq yorug‘lik beradi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 21.11.2018 16:19  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

Matematikning hayotidagi eng go‘zal lahzalari - uning teorema isbotini topgani, lekin, qilgan xatosini hali fahmlamagini vaqtlari bo‘lsa kerak.


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 11736385

Tafakkur durdonalari

Dunyoda ilmdan o'zga najot yo'q va bo'lmagay! (Imom Buxoriy)