Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Astronomiya Koinotdagi orollar

Koinotdagi orollar

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 3
Juda yomon!A'lo! 

Koinotdagi orollar

Somon Yo‘lining xira tutunsimon yog‘dusi aslida son-sanoqsiz yulduzlarning bir joyda o‘zaro yaqin g‘uj bo‘lishidan hosil bo‘lishini Galiley ham kuzatgan edi. Uilyam Gershel esa ushbu yulduzlarni xaritalashtirish asnosida, ular ulkan tekis disk hosil qilishini payqadi va bu singari yulduzlar g‘uj bo‘lgan ulkan kosmik obyektlarni "Galaktika" deb nomlay boshladi. Bizning Quyosh tizimimiz - galaktikaning juda kichik bir qismi xolos. Shunga qaramay, astronomlar galaktikamizdan tashqarida joylashgan va yog‘du taratib turgan obyektlarni ko‘rishganida, Koinotda Somon Yo‘lidan ham kattaroq boshqa yana biror obyekt bormikan degan savol yuzaga qalqib chiqdi.

Dastavval, XX asr boshida golland astronomi Yakobus Kapteyn Somon Yo‘lining o‘sha payt uchun eng mufassal va mukammal bo‘lgan sharhli xaritasini ishlab chiqdi. Aniqlanishicha, Somon Yo‘li galaktikamiz, likopchaga o‘xshash ko‘rinishda bo‘lib, uning markazi zich va qalin, chetlari esa borgan sari yupqalashib, siyraklashib borar ekan. Chunki, galaktika chetlarida yulduzlar soni kamayib, masofalari ham uzoqlashib boradi. Kapteynning ushbu natijalari, Gershelning galaktika haqidagi tasavvurlarini to‘g‘ri ekaniga dalolat edi. Chunki, Gershel galaktika bu - ulkan Koinot bo‘shlig‘ida turgan va eniga 60000, ko‘ndalangiga esa 10000 yorug‘lik yiliga teng bo‘lgan ulkan samoviy orol deb tasavvur qilgan edi. Albatta, keyinchalik, galaktikalarning o‘lchamlari aslida bundan chandon marta kattaroq bo‘lishi ham isbotlandi. Biroq, Gershel yo‘nalishni to‘g‘ri olgandi.

Qop-qorong‘u Koinotda yulduzlar alohida-alohida tarzda sochilib yotishi haqidagi fikr azaldan juda ko‘pchilikka ma'qul kelgan va bir qarashda, haqiqatan ham to‘g‘ri ko‘rinardi. Lekin, ushbu fikr astronomlarda kuchli shubha uyg‘otardi. Gershel ham, teleskop orqali Koinotda kuzatilayotgan xira tumanliklar va dog‘simon nuqtalar - aslida shunchaki bizdan juda olisda joylashgan yulduz to‘dalaridan iborat ulkan Koinot orollari bo‘lishi mumkin degan faraz bilan yurgan. Garchi, Gershel keyinchalik o‘zining ushbu fikridan voz kechgan bo‘lsa-da, lekin, olimning mazkur qarashlari Messye singari boshqa astronomlarning ishlariga allaqachon ko‘chgan edi. Messye Koinotda juda ko‘p sonli tumanliklarni kashf etdi va ularning kelib chiqishi bir xil bo‘lishi mumkinligi haqidagi shubhalar bilan izlana boshladi. Irlandiyalik astronom Parsonsning "Leviafan" nomli ulkan teleskopi Koinotdagi ayrim tumanliklar tuzilishiga ko‘ra ulkan disk shaklida bo‘lib, Somon Yo‘liga juda o‘xshashini ko‘rsatib berdi. Faqat bitta muhim savol ko‘ndalang qolayotgan edi: ushbu obyektlar ham Somon Yo‘lining ichida joylashganmi, yoki, undan alohidami? Savolga javob topish uchun yanada kuchliroq teleskoplar talab etilar edi.

1908-yilga kelib, astronomlar ixtiyoridagi kataloglarda 15000 dan ziyod tumanliklar qayd etilgan edi. Kuzatishlar, bunday tumanliklarni ikki xil guruhga ajratish imkonini ko‘rsatib turardi. Birinchi guruh tumanliklarida Somon Yo‘liga yaqin joylashgan xira dog‘lar bo‘lib, ikkinchi guruhda simmetrik disk va spiralsimon tumanliklar joy olgandi. Astronomlar ikkinchi guruh tumanliklarining Koinotda joylashuvi borasida biror bir qonuniyatni aniqlay olishmagan. Spektral tahlillar vositasida aniqlanishicha, birinchi guruh tumanliklari nisbatan sovuq gaz bulutlaridan tashkil topgan bo‘lib, ularning ichida juda kam sonli yulduzlar mavjud ekan. Aksincha, ikkinchi guruh tumanliklarda esa spektr yulduzlar spektri bilan juda o‘xshash bo‘lib, bu ularning yulduzlar g‘uj bo‘lib turgan makon ekanidan dalolat berardi.

1917-yilda Kaliforniyadagi Maunt-Vilson tog‘ida "Leviafan"dan ham kattaroq va tiniqroq teleskop o‘rnatildi. Xuker teleskopi nomini olgan ushbu ulkan astronomik asbob ko‘zgusining diametri 100 dyum (254 sm) bo‘lib, keyingi 30 yil mobaynida jahonda eng ulkan teleskop maqomini saqlab turgan.

Xuker teleskopida kuzatuv boshlangan ilk kunlardanoq, ayrim tumanliklarda yulduzlarning chaqnab turgani ko‘rina boshladi. Ushbu yulduzlarning chaqnashi albatta Somon Yo‘lidagi yulduzlarning chaqnashidan ancha xira edi. Lekin, ularning yorqinligi ham Somon Yo‘lidagi yulduzlar yorqinligi bilan bir ekani hammani hayratga solardi. Demak, o‘sha tumanliklar va ular ichidagi yulduzlar Somon Yo‘lidan ham millionlab yorug‘lik yili masofalaridan joylashgan ekan! Albatta, bu fikr dastlabki paytlarda ko‘pchilik astronomlarga ham biroz erish tuyuldi va u faqat faraz sifatida qaraldi. Lekin, 1924-yilga kelib, astronom Edvin Xabbl Maunt-Vilson tog‘idagi rasadxonada o‘rnatilgan Xuker teleskopi orqali, Messye-31 va -33 tumanliklarida, hamda boshqa disksimon tumanliklarda sefeidalarni kashf etdi. Ushbu obyektlarning yorqinlik darajasi, ularning bizning galaktikamizdan millionlab yorug‘lik yili masofasi olisda joylashganligini isbotlab berdi. Ular joylashgan tumanliklar esa aslida tumanlik ham emas, balki, bizning Somon Yo‘li singari Koinotdagi orollar, ya'ni, alohida mustaqil galaktikalar ekan. Tumanlik atamasi esa, endilikda astronomiyada faqat kosmik gaz bulutliklariga nisbatan qo‘llanilmoqda.

 

Edvin Xabbl Andromeda galaktikasi fotosurati bilan. ©AP Archive.

Keyinchalik, tadqiqotchilar tomonidan galaktikalar ham aslida boshqa bir ulkan to‘plamning kichik bir qismi xolos ekani aniqlandi. Galaktikalar ham to‘dalarga birlashar ekan. Masalan, bizning Somon Yo‘li, Andromeda va Magellan Buluti singari 30 dan ziyod galaktikalar bilan birgalikda galaktikamiz Mahalliy Guruh deb nomlangan ulkan galaktikalar to‘dasiga mansub sanaladi. o‘z navbatida, Mahalliy Guruh ham, o‘ziga o‘xshash yuzlab to‘dalar bilan birgalikda, Sunbula Ulkan To‘dasi tarkibiga kiradi. Shu tarzda sonlar yiriklashib boraveradi. Hozirgi zamon astronomiyasida galaktikalarning aniqlangan umumiy soni eng kamida 125 milliardni tashkil qilishi ta'kidlanadi.

Messye-81, yoki, boshqa nomi Bode galaktikasi deb yuritiladigan spiralsimon galaktika


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 03.12.2018 12:05  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Haqiqy matematikning ovqatlanish qoidasi: ratsional nonushta; kompleks tushlik va yaxlitlangan kechki ovqat


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 10918530

Tafakkur durdonalari

Farzandlarimiz bizdan ko'ra kuchli, aqlli va baxtli bo'lishlari shart...

I. Karimov