Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Kashfiyotlar tarixi Minimum qonuni (Libix qonuni)

Minimum qonuni (Libix qonuni)

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 15
Juda yomon!A'lo! 

Minimum qonuni
(Libix qonuni)

Yustus Libix (1803-1873)Tabiatda mavjud barcha jonivorlar, hamda, odam ham, yoki o‘simliklarni, yoki hayvonlarni yeb oziqlanadi. Boshqacha aytganda, jonivorlar o‘txo‘r va go‘shtxo‘r turlarga bo‘linadi. Lekin o‘simliklarchi? o‘simliklarning nima bilan oziqlanib, nimaning evaziga unib-o‘sishi haqidagi masala ming yillar davomida odamzotni qiziqtirib kelar edi. Ushbu masalaga oydinlik kiritilishi esa, shunchaki masalaning tagiga yetish bilan cheklanmasdan, balki, insoniyatni ochlik muammosidan xalos bo‘lishida ulkan xizmat qilgan kashfiyotlarga sabab bo‘ldi.

o‘simliklarning oziqlanishi masalasi bilan eng qadimgi faylasuflar ham qattiq qiziqishgan. o‘simlik juda kichik urug‘dan qanday qilib ulkan daraxtga aylanishi, bunda urug‘ning boshlang‘ich vazni va undan unib chiqqan o‘simlikning yakuniy vazni orasidagi farq naqadar ulkan bo‘lishi olimlar uchun jumboq bo‘lib qolavergan. Aristotel o‘simliklarning o‘sishi masalasi haqida fikr bildirar ekan, "O‘simliklar o‘ziga kerakli moddalarni tuproqdan tayyor holda oladi, shu sababli o‘simliklar tanasida moddalar almashinuvi, yoki, hazm jarayonlari bo‘lmaydi, shunchaki tuproq o‘zining bor vazni bilan o‘simlik tanasiga aylanadi" - deb hisoblagan. Aristotelning obro‘si bilan mustahkamlangan ushbu yanglish fikr o‘rta asrlargacha ilm-fanda o‘rnashib qolgan bo‘lib, ko‘pchilik bundan ortiq gap aytishga jur'at eta olmas edi.

 

Biroq, 1600-yilga kelib Belgiyalik olim Yan Baptista van Gelmont (1580-1644) Aristotelning gaplari noto‘g‘ri ekanini isbotlab berdi. Van Gelmont ajoyib bir tajriba o‘tkazdi. U tuvakka 200 funt (≈90 kg) toza va quruq solib, unga vazni 5 funt (2,2 kg) esa tol daraxti qalamchasini suqib qo‘ydi. Sug‘orishni to‘g‘ri bajarish orqali van Gelmont ushbu qalamchaning ildiz otib, yerga mustahkam o‘rnashishiga erishdi. Keyingi 5 yil ichida tol qalamchasi muttasil o‘sib, 164 funt (75 kg) vaznga ega ulkan daraxtga aylandi. Van Gelmont tolni kesib olib, u o‘sgan tuvakdagi tuproqning vaznini qayta o‘lchadi. Uning beqiyos hayratiga sabab bo‘lib, tuproq boshlang‘ich vaznidan atiga 6 funtga (2,5 kg) kamaygan edi xolos. Demak, tuproq hech qanaqasiga o‘simlik tanasiga o‘tmas va o‘simlikning o‘sishi uchun yagona ozuqa manbai ham emas ekan. Chunki, agar Aristotelning gapi to‘g‘ri bo‘lganida, o‘sayotgan tol uchun yagona tuproq manbai bo‘lgan tuvak ichidagi hamma tuproq o‘simlik tanasiga ozuqa tariqasida o‘tib ketishi va tuvak bo‘shab qolishi kerak edi. Boz ustiga, agar mabodo shunday bo‘lganda ham, naq 75 kg tosh bosayotgan kattakon tol daraxti, o‘z tanasiga singigan qolgan 159 funt tuproqni qayerdan olgan bo‘lardi? Axir tuvakda atiga 5 funt tuproq bor xolos ediku?

XVIII-asr oxirida Gollandiyalik olim Yoxannes Ingenxaus (1730-1799) va Shveysariyalik de Sossyurlar tomonidan o‘simliklarning oziqlanishi masalalariga oid zamonaviy nazariyaning ilk tamal toshlari qo‘yildi. Bu olimlarning har ikkalasi ham, o‘simliklar havodan uglerod dioksidi (karbonat angidrid) yutish orqali oziqlanishi haqida fikr bildirishgan. Lekin, bunda ham hali nazariyaning biroz kamchiligi bor edi. Ya'ni, amalda o‘simlikka yutilgan karbonat angidrid miqdoriga nisbatan, o‘simlikning vazni baribir ancha katta bo‘lib chiqaverardi va shu sababli, o‘simlik tanasi yana boshqa nimaningdir evaziga kattalashadi degan taxmin yuzaga chiqdi. Ingenxaus va Sossyur o‘simliklarning sug‘orilishida ularning tanasiga singigan suv va havodan yutilgan karbonat angidrid birlashib, yangi organik moddalar hosil qilsa kerak degan taxminga borishgan. Shuningdek, ushbu olimlarning har ikkalasi, o‘simlikning me'yorida o‘sishi uchun karbonat angidrid, suv va tuproqdan tashqari, yana tuproq tarkibidagi muayyan tuzlar albatta mavjud bo‘lishi shartligini ham aytib o‘tishgan.

Ingenxaus va Sossyurlarning nazariyasi ko‘p jihatdan ilg‘or nazariya bo‘lishiga qaramay, vaqt o‘tishi bilan asta-sekin unutildi va XIX asr boshlariga kelib Taer ismli olim tarafidan o‘rtaga tashlangan chirindi-o‘g‘it nazariyasining soyasida qolib ketdi.

Taer shuningdek almashlab ekish ta'limotining ham asoschisi hisoblanadi. Uning fikricha, tuproqning unumdorligi va o‘simliklarning o‘sish imkoniyati istisnosiz ravishda faqat tuproq tarkibidagi chirindi-o‘g‘itlar miqdoriga bog‘liq. Chirindi-o‘g‘itlar esa o‘simliklarni ozuqa moddalar bilan ta'minlovchi yagona manbaidir. Taer o‘zining ushbu g‘oyalariga qattiq yopishib olgan va uni doim himoya qilib kelgan. Chirindi nazariyasining tarafdorlarining fikricha, chirindi-o‘g‘itlarda istalgan o‘simlikning o‘sishi uchun kifoya qiladigan ozuqa moddalar va materiallar tayyor holda mavjud bo‘lar emish.

Chirindiga boy qoratuproqlarda haqiqatan ham uglerod elementi juda bisyor bo‘ladi. Bilamizki, uglerod barcha o‘simliklar tanasining asosiy tashkil qiluvchisi sanaladi. Taer va uning tarafdorlari bo‘lganlar tuproq tarkibidagi tuzlarning o‘simliklar o‘sishiga hech qanday aloqasi yo‘q deb ta'kidlashgan. Ularning ishonch bilan ilgari surgan g‘oyalarida o‘simliklarning o‘sishi va oziqlanishi uchun faqat suv va chirindi-o‘g‘itlar kerak xolos degan fikr asosiy o‘rinda turgan.

Aristotelning gaplari singari, Taer va uning tarafdorlarning mazkur fikrlari ham shu darajada jo‘n va bir qarashda juda ishonchli edi. Shuningdek, ushbu g‘oyalarni tushunish uchun unchalik ham katta ilmiy salohiyat talab qilinmasdi. Shu sababli ham, ushbu ta'limot odamlar orasida tez qabul qilindi va uzoq yillar mobaynida o‘simlikshunoslikda asosiy o‘rin egallab keldi. Biroq, baribir Taerning ta'limotiga shubha qilguvchilar topilib turardi. Chirindi nazariyasining to‘g‘ri emasligi borasida taxminga borib qolgan ilk olimlardan biri, yoshgina kimyo professori Germaniyalik Yustus Libix (1803-1873) bo‘lgan. Libix o‘zi yiqqan yangi ilmiy faktlar va o‘zidan avvalgi olimlarning qayd etgan natijalarini umumlashtirar ekan, qishloq xo‘jaligi sohasida yangi davrni ochib berdi.

Yustus Libixning 1840 yilda chop etilgan "Qishloq xo‘jaligi kimyosi" nomli asarida eng birinchi navbatda o‘simliklar organizmining tuzilishi va oziqlanishi tafsilotlari yoritiladi. o‘simlik ozuqani qaysi manbalardan olishi masalalariga chuqur e'tibor qaratiladi. Libix ushbu asarini yozishdan avval, ko‘plab turdagi xilma-xil o‘simliklar ustida tekshiruvlar va kuzatuvlar o‘tkazgan. Ko‘p yillik tajribalar asosida u har qanday o‘simlikning organizmida 10 ta eng asosiy elementlar mavjud bo‘lib, ularsiz o‘simlikning bir me'yorda o‘sishi imkonsiz ekanini aniqladi. Uning ushbu o‘ntalik ro‘yxatidan uglerod, vodorod, kislorod, azot, kalsiy, kaliy, fosfor, oltingugurt, magniy va temir elementlari o‘rin olgan. Shuni alohida aytib o‘tish kerakki, Libixning o‘sha 1840 yilda chop etilgan asarida o‘simlik hayoti uchun zarur barcha asosiy kimyoviy elementlar sanab o‘tilgan bo‘lib, hozirda bundan tashqari yana qator elementlarning ham o‘simliklar uchun katta ahamiyatga ega ekanligi aniqlangan. Albatta, Libix qayd etgan elementlar ham, keyin aniqlangan boshqa elementlar ham o‘simliklar organizmida yaqqol alohida kimyoviy element sifatida bo‘lmaydi, balki, boshqa elementlar bilan murakkab organik birikmalar hosil qilgan tarzda, ushbu o‘simlikning uzluksiz bir qismini tashkil etadi. o‘simlik ushbu elementlarni qayerdan oladi?

Biz yaxshi bilamizki, o‘simliklar fotosintez jarayoni orqali karbonat angidridni o‘ziga yutadi. Kimyoviy formulasi CO2 bo‘lgan ushbu gaz tarkibidan o‘simlik eng zaruriy element - uglerod qabul qiladi. Sug‘orilganda esa o‘simlik tanasiga suv bilan kislorod va vodorod kirib boradi. Bu masalalar o‘simlik tanasi tuzilishi borasida fahmlash qiyin bo‘lmagan, ya'ni, nisbatan oson ko‘zga tashlanadigan jihatlar edi. Lekin, asosiy oqsillarning hayoti uchun eng muhim ahamiyatga ega element bo‘lmish azotning ahamiyati qanday ekanligini va uni o‘simliklar qayerdan olishi haqidagi savol Libixga juda mushkul kelgan. Bir qarashda buning ham manbai ravshandek ko‘rinadi. Zero, atmosferada azot ulkan miqdorda ko‘p bo‘lib, butun boshli atmosfera qatlamining naq 78% qismini azot gazi tashkil qiladi. Lekin azot fotosintez jarayonida o‘simlikka singimaydi. Qolaversa, atmosferadagi azotni o‘zida qabul qila oladigan o‘simliklar turi ham juda oz sonni tashkil qiladi. Bunday o‘simliklarga birinchi navbatda dukkakli ekinlar, masalan, loviya, no‘xat va bo‘rilukak kiradi. Agar ushbu o‘simliklarning ildizlariga nazar solinsa, ildiz tarmoqlarida tugunakchalarni ko‘rish mumkin. Ushbu tugunakchalar ichida esa muayyan turdagi mirkoorganizmlar to‘plangan bo‘ladi. Tugunaklarda yashovchi bakteriyalar atmosferadagi azotni o‘ziga qabul qilib, undan azotli organik birikmalar hosil qilish xususiyatiga ega bo‘lib, o‘simliklar aynan shu azotli birikmalarni o‘zlashtiradi. Shu tarzda, o‘simlik bakteriyaga o‘z ildizida yashash imkonini beradi va bunga javoban bakteriyalar o‘simlikni azot birikmalari bilan ta'minlaydi. Bunday o‘zaro uyg‘unlikda hayot kechirish usulini biologiyada simbioz deyiladi.

Lekin, aytib o‘tilganidek, dukakalilarning bakteriyalar bilan ushbu ittifoqi istisnoli holatdir. o‘simliklar olamining boshqa vakillari havodagi azotni bilvosita yoki bevosita qabul qila olmaydi. Boshqa o‘simliklar azotni faqat tuproqdan olishi mumkin xolos. Libixning fikricha, organik birikmalarning chirishi jarayonida hosil bo‘ladigan gazsimon ammiak juda-juda kam miqdorlarda bo‘lsa hamki, atmosferada doimo mavjud bo‘ladi. Biroq, atmosferadagi gazsimon ammiakning o‘sha juda kam miqdori ham, o‘simliklarning azotga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga yetarli bo‘ladi. Libixning fikricha, havodagi gazsimon ammiak yomg‘ir yoqqanda yomg‘ir suvi tomchilarida eriydi va karbonat angidrid bilan ta'sirlashib, ammoniy karbonat hosil qiladi. Ammoniy karbonat esa tuz ko‘rinishida tuproqqa qorishadi. Tuproqdagi ammoniy karbonat tuzlarini esa o‘simliklar o‘zlashtirishi mumkin bo‘ladi.

Libix qayd etgan 10 ta elementdan qolgan oltitasi ham tuproqda tuz ko‘rinishida mavjud bo‘ladi. Tuproqqa suv quyilganida, yoki, yomg‘ir yoqqanida undagi mazkur tuzlar eriydi va ildizlari orqali o‘simliklar tanasiga singadi. Albatta, tuproq tarkibidagi ushbu tuzlarning ham miqdori chegaralangan bo‘ladi va ba'zan ushbu tuzlar yetishmay qolishi ham mumkin. Biroq, tabiatda organik birikmalarning chirishi davom etib turarkan, o‘lgan hayvonlar va o‘simliklarning chirishi va tarkibidagi moddalarning parchalanishi evaziga, ular tiriklik paytida tanasiga singdirib olgan ushbu tuzlar yana tuproqqa qaytib turadi. Tabiat ushbu siklni o‘ta mohirona yo‘lga qo‘ygan. Shu tarzda organik va noorganik moddalarni bog‘lab turuvchi, boshqacha aytganda esa, jonsiz va jonli tabiatni tutashtiruvchi aylanma jarayon davom etadi. o‘simliklar tuproqdan noorganik moddalarni o‘ziga qabul qilib olib, ulardan organik moddalardan tashkil topishi lozim bo‘lgan o‘z organizmini ni barpo qiladi. Mazkur o‘simlik moddasi hayvonlar va odam uchun ozuqa manbai bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, fiziologik chiqindilar (siydik, axlat kabi) hamda, o‘limidan keyingi tana chirishi orqali yana tuproqqa qaytadi va organik moddalardan yana noorganik moddalarga aylanadi. Ya'ni, hammasi o‘zining boshlang‘ich holiga qaytadi. Ushbu aylanma jarayonda eng asosiy o‘rinni shubhasiz o‘simliklar egallaydi. Chunki, noorganik moddalarni faqat o‘simliklargina organik moddalarga aylantira oladi va bu orqali hayvonlar va odamni ozuqa bilan ta'minlaydi.

Shu tarzda, Libix sanab o‘tgan 10 ta element o‘simliklar hayoti uchun o‘ta muhim ahamiyatga egadir. Ulardan atiga bittasining yo‘q bo‘lishi, o‘simlikning o‘limiga sabab bo‘lishga kifoya qiladi. Tuproqning unumdorligi esa, ushbu tuproqdagi elementlar ichidan qaysi birining eng kam miqdorda ekaniga bog‘liqir. Ya'ni, Libix aytgan 10 ta elementdan qaysi birining miqdori eng minimal bo‘lsa, tuproqning unumdorlik darajasini aynan o‘sha element belgilab beradi. Chunki, eng minimal miqdordagi elementning yo‘qolishi yoki, yetishmay qolishi, tuproqning unumsiz holga kelishiga va ekin ekish uchun yaroqsiz bo‘lib qolishiga omil bo‘ladi. Yustus Libix ushbu omildan kelib chiqqan xulosani "Minimum qonuni" deb atadi. Albatta, Libixning ushbu muhim xulosasiga yana shuni qo‘shimcha qilish zarurki, tuproqning unumdorlik darajasiga uning tarkibidagi minimum elementdan tashqari shuningdek, tuproqning namligi va sug‘orish rejimi hamda, harorati kabi yana qator muhim omillar ta'sir ko‘rsatadi.

Agar, tabiatdagi aylanma sikl shunday mukammal yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, unda ekin maydonlarning unumdorligini yildan-yilga doimiy pasayib borishini nima bilan izohlash mumkin? Libix bu jarayonga ham mufassal to‘xtalib o‘tgan. Ya'ni, o‘simliklar orqali yerdan undirib olingan organik birikmalarni iste'mol qilgan hayvonlar, odam va shuningdek o‘simliklarning o‘zi ham, o‘sha organik birikmalarni teng (1 ga 1) miqdorda tuproqqa qaytarsa, tuproqning unumdorligi doim bir xilda saqlanishi kerak. Bunda, organik birikmalar tuproqqa o‘simliklarni iste'mol qilgan hayvonlarning go‘ngi, hamda iste'mol qilinmagan o‘simliklarning o‘zi, yoki, ularning poyasi, ildizi, barglari kabi tana qismlari ko‘rinishida qaytarilishi mumkin. Shuningdek, o‘simlikni iste'mol qilgan hayvonni so‘yilgandagi qoldiqlari ham tuproqqa ko‘mish orqali, undagi organik birikmalar tuproqqa qaytariladi va yana noorganik moddalarga parchalanadi. Lekin, odatda, yer maydonidan olingan hosilning ko‘p qismi shu yer maydoni hududida iste'mol qilinmaydi va natijada tuproqqa undan olingan miqdordagi tuzlar qaytmaydi. Masalan, dehqon yerdan olingan hosilning katta qismini shaharga sotadi. Natijada, endi dehqonning yerlaridan o‘simliklar orqali hosil qilingan organik birikmalar kelgusi yili yana o‘z tuprog‘iga qaytmaydi; aksincha, ushbu birikmalar endilikda boshqa joylarda, masalan, shaharda chiqindilar ko‘rinishida tuproqqa qaytdi. Jarayon yildan yilga shu tarzda davom etaversa, tuproq unumdorligi ham unga qaytmagan moddalar miqdoriga mos ravishda pasayaveradi. Natijada, tuproq tarkibida mavjud bo‘lgan va o‘simliklar hayoti uchun eng muhim bo‘lgan 10 ta elementdan eng kami, ya'ni, minimumi birinchi bo‘lib tugaydi va tuproq ekish uchun yaroqsiz holga kelib qoladi.

Libix shunday ta'kidlagan: "Yerga ekishning asosiy tamoyili shundaki, tuproqdan olingan narsalarning hammasi unga to‘liq qaytarilib turilishi lozim. Bunday qaytarish qay ko‘rinishda bo‘lishi, u go‘ng bo‘ladimi, yoki, o‘simliklarning yonishidan qolgan kulmi, yoki, hayvon suyaklarimi, buning unchalik ahamiyati yo‘q. Bir kun shunday kun keladiki, o‘simliklarni o‘g‘itlash uchun, yerga kimyo zavodlarida ishlab chiqarilgan sun'iy o‘g‘itlar bilan ishlov berila boshlaydi". Insoniyat uchun eng muhim kashfiyotlardan birini ochib bergan olim Yustus Libixning ushbu gaplari oradan yillar o‘tib, ko‘p ming bora o‘z isbotini topdi. Biroq, u yashagan XIX asrning o‘rtalarida mazkur fikrlar odamlar va hatto olimlar orasida ham kalaka va kulgu uchun ermak bo‘lgandi.

Tyubingen universiteti professori fon Mol qo‘liga Libixning asarini olar ekan, "Hurmatli hamkasb, sizga ishonch bilan aytar so‘zim shuki, qarshimda men to‘qnash kelgan eng uyatsiz kitoblardan biri turibdi. Siz o‘zi uning mazmuni bilan tanishmisiz?!"- deb, olimni ochiqchasiga kalaka qilgan edi. Professor fon Molning o‘zi gazetalarning birida "Ma'lum bo‘lishicha, o‘simliklar olami, tuproqda o‘sishiga qaramasdan, o‘z ozuqasini tuproqdan emas, balki havodan, suvdan va u aytayotganidek, ozuqa tuzlardan olar emish!!! Tag‘in u tuproqning ahamiyatini istisno qilgan holda ham, yana yerga ishlov berishning zaruriyati haqida ham gap topa olganiga o‘laymi?! Balki u o‘simlikni o‘stirish uchun tuproq kerak ham emas, dehqonlar esa, bug‘doyni shisha idishlarda ham o‘stirishlari mumkin degan xulosaga ham kelib qolar?! Ushbu gazeta Libix o‘z uydirmalari uchun yagona to‘g‘ri munosabatni o‘qib olsin!!!" - degan so‘zlar bilan tanqidiy-sarkazmlarga to‘la chiqish ham qilgan edi.

Yana bir olim Frits Reyter ham, o‘zining "Mening hayot yo‘lim" nomli asarida Yustus Libix haqida ochiqchasiga kinoya va kalaka bilan yozadi: "Bu davr qishloq xo‘jaligining mislsiz olg‘a siljishi bilan yodda qoldi. Ya'ni, professor Libix dehqonlar uchun umuman ahamiyatsiz kitob chiqardi. Uning asaridagi ayrim atamalarni o‘qib jinni bo‘lib qolish hech gap emas. Lekin, hamyonidagi bor pulidan ayrilib bo‘lsa ham, Libixning kitobidagi hamma maslahatlarga amal qilguvchilar ham topildi. Bir vaqtning o‘zida "yangicha" qishloq xo‘jaligi ilmi bilan tanishmoqchi bo‘lib, ilm-fanga burun suqqanlar ushbu kitobdan xarid qilishdi va batamom tomi ketib, kitobning mazmuni kallasini butunlay aynitib qo‘ymaguncha uni o‘qib chiqishdi. Odamlar uning ahmoqona g‘oyalaridan shu holga kelib qolgan bir paytda Libixning o‘zi gipsning beda o‘simligi uchun chirituvchimi, yoki, ozuqa modda ekanligi haqida izlana boshladi. Uning izlanishlari odam uchun emas, balki beda uchunligi g‘alati! Shuningdek professor Libix go‘ngning nima uchun qo‘lansa sassiq ekanini ham tekshira boshladi. U go‘ngdan nashatir spirti ajralib chiqishi tufayli sasiydimi, yoki, go‘ng o‘zi tabiatan sassiq moddami degan savolni tekshirardi. Naqadar jirkanch!"

Biroq, Libix bu kabi fikri tor, ongi past tanqidchi "olim"larga ham e'tibor bermay, o‘z izlanishlarini mukammal yakunlashga intilishdan to‘xtamadi va oqibatda u haq bo‘lib chiqdi.

Agar tuproqda o‘simliklarning o‘sishi uchun zarur o‘g‘itlar yetarli bo‘lmasa, unda tuproqqa ozuqaviy tuzlarga bo‘lgan talabni qoplash uchun mineral o‘g‘itlar solish zarur bo‘ladi. Libix o‘zi ishlab chiqarmoqchi bo‘lgan "patentlangan o‘g‘it" haqida shu tarzda mulohaza yuritgan edi. o‘simliklar o‘z rivojlanishi uchun zaruriy miqdordagi uglerod, vodorod va kislorod elementlarini o‘zi mustaqil ravishda tabiiy yo‘l bilan o‘zlashtira oladi. Libix azot borasida ham shunday fikrda bo‘lgan. Magniy, temir va oltingugurt tuproqda shundoq ham ko‘p miqdorda mavjud va o‘simliklarning bu elementlarga bo‘lgan talabi unchalik katta emas. Shuning uchun mazkur elementlarga bo‘lgan ehtiyojni tuproqning o‘zi tabiiy ravishda qondira oladi. Kalsiy elementi bilan tuproqni boyitish ham unchalik katta muammo emas. Chunki, kalsiyga boy bo‘lgan ohak moddalar deyarli hamma joyda mo‘l-ko‘l bo‘lib yotibdi. Faqat tuproqning kaliy va fosfor elementlariga bo‘lgan talabini qondirishda muammolar bo‘lishi mumkin. Tuproqning kaliy va fosfor elementlaridan iborat zaxirasini o‘g‘it tuzlar bilan to‘ldirib borilishi lozim. Libix o‘z asarida bayon qilgan "patentlangan o‘g‘it" tarkibida aynan fosfor va kaliy elementlari asosiy o‘rin egallashi ko‘zda tutilgan.

Libixning "Qishloq xo‘jalik kimyosi" asari nashrdan chiqqanidan bir necha yillar o‘tib, Angliyadagi xususiy firmalardan biri kitobda bayon qilingan mineral o‘g‘itlarni ishlab chiqarishga kirishdi. Biroq, ushbu firma ishlab chiqargan yer maydonlarida hosildorlik kutilgan darajada ortmadi yoki, unumdorlik deyarli o‘zgarmadi. Bundan esa Libixga bo‘lgan e'tiroz va kinoyalar yanada ortdi. Nahotki, ushbu elementlarning mineral tuzlaridan iborat sun'iy o‘g‘itlar o‘simliklarning o‘sishi va hosildorligi uchun hech qanday ta'sir ko‘rsatmasa?! Libix va uning shogirdlari uchun qiyin damlar kelgandi. U o‘zi uzoq yillar mobaynida umri va ilmini bag‘ishlab, jiddiy shug‘ullanib kelgan tekshirishlariga nisbatan katta shubha paydo bo‘lgandi.

Libix o‘zining "patentlangan o‘g‘it"larining muvaffaqiyatsizlikka uchrashi sababini tushunishi uchun yana bir necha yil izlanish olib borishiga to‘g‘ri keldi. U "patentlangan o‘g‘it" ishlab chiqarishda kaliy va fosfor tuzlarining suvda erimaydigan turlarini hosil qilish bilan cheklanib qolgan ekan. Libix bu narsa xato ekanini anglab yetdi va endilikda kaliy va fosforning suvda eriydigan tuzlaridan iborat "patentlangan o‘g‘it" ishlab chiqarish kerakligini ta'kidlay boshladi. Aslida, muvaffaqiyatsizlikka uchragan ilk urinishda ham Libix kaliy va fosfor tuzlarining mazkur turi suvda erimasligini yaxshi bo‘lgan. Biroq, u ishlab chiqarilgan mineral o‘g‘it tuproqqa solingach, birinchi yomg‘ir yog‘ishidayoq yuvilib ketishidan xavfsiragan va tuzlarni o‘simliklar shu holda ham o‘zlashtira oladi deb o‘ylagan. o‘simliklar esa, tuproqdan mineral tuzlarni faqat suvda erigan holidagina o‘zlashtira oladi.

Kinoyaga o‘ch hamkasblaridan farqli o‘laroq, Yustus Libix o‘z xatolarini ochiq tan ola biladigan, tanti inson edi. U o‘zining qayerda va nima uchun adashganligini ochiq tan oldi va xatosini tuzata bildi ham. Ko‘p o‘tmay Libix shuningdek havoda gazsimon ammiak yetarli miqdorda ekani va uning yomg‘ir suvlarida erib, karbonat angidrid bilan ta'sirlashib, tuproqda azotli birikmalar hosil qilishi haqidagi xulosasi ham noto‘g‘ri ekanini fahmlab yetdi va buni ham ochiq tan oldi. U o‘simliklar ehtiyoji uchun azotni ham mineral o‘g‘itlar tarkibida berib borish lozimligini tushundi va endi, kaliy va fosforli o‘g‘itlar bilan bir qatorda, azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarish masalasi ustida ham ishlay boshladi. Libixning tuproq unumdorligi va o‘simliklarning hosildorligini ta'minlashga xizmat qiluvchi formulasining yakuniy ko‘rinishi quyidagicha bo‘lgan: kaliy, fosfor, azot va ohak.

Oxir-oqibat Yustus Libix haq bo‘lib chiqdi. U hayotlik chog‘idayoq, mineral tuzlar va yerni mineral o‘g‘itlash haqidagi ta'limotning to‘liq tan olinishini o‘zi ko‘rib guvoh bo‘ldi. Tuproqni sun'iy o‘g‘itlash orqali hosildorlikni orttirish, bu bilan esa, jamiyatni ochlikdan himoyalash imkoniyati paydo bo‘ldi. Natijada esa, mineral o‘g‘itlar orqali yetishtirilgan hosil evaziga oziq-ovqat xavfsizligi orttirildi. Oziq-ovqatlarning narxlari pasaydi. Oziq-ovqat xavfsizligining ortishi tufayli esa, jamiyatdagi hayot tarzi farovonlashdi. Ko‘payish tezlashdi. Chunki endi ochlik xavfi tobora kamaymoqda edi.

Buyuk olim Yustus Libix tomonidan tamal toshi qo‘yilgan qishloq xo‘jaligi kimyosi fani bugungi kunda ham insoniyatning ozuqa bilan ta'minlanishi yo‘lida xizmat qilib kelmoqda.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 12.05.2020 07:38  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Faylasuf va fizik suhbatidan:

-Muhabbatning kuchi nimada deb o'ylaysiz? - deb so'radi faylasuf.

-Buning javobi juda oson, Muhabbatning kuchi, uning tezlanishi va massasining kopaytmasiga teng, ya'ni Fmuh=ma... - deb javob berdi fizik.


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 11852632

Tafakkur durdonalari

Farzandlarimiz bizdan ko'ra kuchli, aqlli va baxtli bo'lishlari shart...

I. Karimov