Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Qiziqarli kimyo Mendeleyev kimyoviy elementlar davriy jadvaliga yangi 4 ta element qo‘shildi

Mendeleyev kimyoviy elementlar davriy jadvaliga yangi 4 ta element qo‘shildi

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 20
Juda yomon!A'lo! 

Mendeleyev kimyoviy elementlar davriy jadvaliga yangi 4 ta element qo‘shildi

Nazariy va Amaliy Kimyo Xalqaro Ittifoqi (IUPAC) Mendeleyev kimyoviy elementlar davriy jadvaliga yangi to‘rtta element qo‘shilganini rasman tasdiqladi. Yangilangan davriy jadvalni Rossiya, AQSH va Yaponiya olimlari birgalikda tartiblashgan.

Davriy jadvalga yangi qo‘shilgan elementlarga hozircha vaqtinchalik nomlar berilgan. Ulardan birinchisi Ununtriy deb nomlangan bo‘lib, formulasi Uut, davriy jadvaldagi tartibi esa 113 bo‘ladi ("Ununtriy" nomi lotinchada 113 degani). Shuningdek Ununpentiy - Uup (115), Ununseptiy - Uus (117) va Ununoktniy - Uuo (118) elementlari ham endi rasman tan olindi. Endilikda ushbu elementlarni kashf qilgan olimlarga yoki ilmiy guruhlarga mazkur elementlarga boshqa nom berish huquqi beriladi. Ushbu elementlarning kashf etilgani haqidagi xabarlar paydo bo‘lganiga ancha yillar bo‘lgan bo‘lsa-da, shtab-kvartirasi Shimoliy Karolinadagi Research Triangle Parkda joylashgan IUPAC tashkiloti, ushbu elementlarni faqat 2015-yil 30-dekabr sanasiga kelibgina rasman tan oldi. Buning uchun o‘sha elementlarni kashf qilgan olimlardan mustaqil ravishda, boshqa ilmiy ekspertlar ham ushbu elementlarni sintez qila olishlari talab etilardi. Odatda faqat shunday tasdiq orqaligina haqiqatan ham yangi kimyoviy element kashf etilgani rasman e'tirof etiladi. Shu sababli ham biz yangi 4 elementning davriy jadvalga rasman qo‘shilishini 2015-yil so‘ngigacha kutishga majbur bo‘ldik.

Ununtriy. Uni hozircha boshqacharoq qilib yana "eka-talliy" ham deyishmoqda. Endilikda ushbu element davriy jadvalning VII davr 13-guruhidan joy oladi. Atom raqami 113, atom massasi [286]. Vaqtinchalik kimyoviy formulasi Uut bo‘lib, 113-chi degan ma'noni anglatadi. Ununtriy haqidagi ilk ma'lumotni bundan naq 12 yil muqaddam, ya'ni, 2004 yilning fevralida Rossiyalik kimyogarlar tomonidan e'lon qilingan edi. 113-element dastavval Dubna shahridagi Yadro Tadqiqotlari Birlashgan Institutida 2003- yilning 14-iyulidan 10 avgustigacha o‘tkazilgan tajribalarda olingan. Unda U-40 siklotronida gaz to‘ldirilgan yadro separatori (DGFRS) vositasida tajriba o‘tkazilgan. Tajribalarda AQSHning Livermor Milliy Laboratoriyasi mutaxassislari ham ishtirok etishgan. Ushbu tajribalarda Ameritsiy elementidan iborat nishonni kalsiy ionlari bilan bombardimon qilinishi natijasida 115-element Ununpentiyning ikki xil izotopi - 288Uup dan uch dona yadro va 287Uup dan bir dona yadro sintez qilingan. Ushbu to‘rtala yadrolarning barchasi α-yemirilish natijasida 113-element izotoplariga (284Uut va 283Uut) aylandi. Uut ga aylangan ushbu yadrolar keyingi α-yemirilish natijasida 111-elementga aylangan bo‘lsa, α-yemirilish zanjiri davom etib borib, oxiri 105-element dubniygacha parchalandi.

Yapon olimi Kosuke Morita, 113-elementni davriy jadvaldan qo'li bilan ko'rsatmoqda. U ushbu elementni sintez qilgan ilmiy guruhning yetakchi mutaxassisi hisoblanadi. http://www.nature.com/

2004-yil sentyabrida atiga bir dona atom 278Uut sintez qilinganini Yaponiyaning RIKEN instituti olimlari ham xabar qilishdi. Ular Dubnalik olimlardan boshqacharoq yo‘l tutishgan: yaponlarning yadro sintezida vismut va rux yadrolarining o‘zaro birlashishga majbur qilishgan. Aytish joizki, ushbu element nafaqat Yaponiyada, umuman Osiyo mamlakati hududida kashf qilingan ilk kimyoviy element bo‘ldi. Tokio yaqinidagi Vako shaharchasida joylashgan ushbu ilmiy dargoh xodimlari 113-elementga "Japanium" (Yaponiy) deb nom berishni ko‘zlab turishibdi. Bu borada uloqni ruslardan yaponlar ilib ketganining eng katta sababi shuki, Dubna laboratoriyasi 113-element borasida o‘z muvaffaqiyatini takrorlay olmadi. Yaponlar esa 2004 yilgi natijani 2012 yilda yanada ishonchliroq tarzda qayta takrorlashdi. Bu safar ular Ununtriyning 3 ta atomini sintez qilishga muvaffaq bo‘lishdi. "Sportchi uchun olimpiya medali qanchalik ahamiyatli bo‘lsa, olim uchun bunday natija undan-da qadrliroqdir - deydi yapon ilmiy guruhi vakili Reyji Nayori. Yapon ilmiy guruhiga nisbatan Dubna ilmiy laboratoriyasidan rus va Amerika olimlari norozilik bilan chiqishgan bo‘lsa-da, IUPAC baribir yaponlarning natijasini e'tirof etmoqda. Shu sababli ham 113-elementga yaponlar nom berishi kerak va katta ehtimol bilan u mamlakat sharafiga "Yaponiy" bo‘ladi (o‘z vaqtida Polsha sharafiga "Poloniy", Fransiya sharafiga "Fransiy", AQSH sharafiga "Ameritsiy"lar ham nomlangan). Agar yapon olimlari mamlakatni emas, balki o‘z ilmiy dargohlarini sharaflashni ma'qul ko‘rishsa, unda 113-element "Rikeniy" deb ham nomlanishi mumkin. Buni endi vaqt ko‘rsatadi.

113-elementning kashfiyotchisi sifatidagi e'tirofni hamda unga nom berish sharafini qo‘ldan chiqargan rus va amerikalik olimlar esa, endilikda o‘zlarining yana boshqa muhim kashfiyotlari - 115 va 117-elementlarni nomlash borasida huquqqa ega bo‘ldilar.

Hozircha Ununpentiy deb nomlanayotgan 115-element Uup davriy jadvalning VII-davri, 15-guruhidan joy oladi. Atom raqami 115, atom massasi [289]. Uning yarim yemirilish davri 156 millisekund deb baholanmoqda. Ununpentiy ham sun'iy sintez qilingan element bo‘lib, tabiatda uchramaydi. 2015-yil 30-dekabr kuni IUPAC 115-elementning ham kashf etilganini rasman e'tirof etdi va unga nom qo‘yish huquqini Dubnadagi Yadro Tadqiqotlari Birlashgan Instituti hamda AQSHning Livermor milliy laboratoriyasi xodimlaridan iborat ilmiy guruhga berildi. Ushbu elementga Dubna olimlari Moskva shahri sharafiga "Moskoviy" deb nom berishni taklif qilishmoqda. Lekin bu borada ham hali so‘nggi qarorga kelingani yo‘q.

Ununseptiy shuningdek eka-astat ham deyilmoqda. So‘zma-so‘z tarjimasi "117-chi" ma'nosini anglatadigan ushbu yangi kimyoviy elementning vaqtincha formulasi Uus bo‘lib, endi u davriy jadvalda VII davr 17-guruhdan joy oldi. Nisbatan barqaror izotopi 294Uus ning yarim yemirilish davri 78 millisekund ekani qayd etilmoqda. Joylashuviga ko‘ra u galogenlar guruhiga mansub bo‘lishi kerak. Lekin ushbu elementning kimyoviy xossalari hali to‘liq o‘rganilgani yo‘q va shu sababli hali bu borada fikr yuritishga biroz erta. IUPAC Uus ga yangi nom berish huquqini ham Dubnadagi Yadro Tadqiqotlari Birlashgan Instituti hamda AQSHning Livermor milliy laboratoriyasi xodimlaridan iborat ilmiy guruhga topshirdi. Chunki bu element birinchi bo‘lib 2009 yilda aynan Dubnada sintez qilingan edi. Keyinchalik 2012 yilda Germaniyaning Darmshtadt shahridagi German Gelmgolts nomidagi og‘ir ionlarni tadqiq qilish markazi (Helmholtzzentrum für Schwerionenforschung, GSI) xodimlari ham 117-chi elementni sintez qilishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu esa Dubna olimlarining natijasini tasdiqlar edi.

Davriy jadvalga yangi qo‘shilgan elementlarning to‘rtinchisi - Ununoktiy bo‘lib, bu ham vaqtincha nomdir. Ununoktiy lotinchada "118" degan ma'noni anglatadi. Unga vaqtincha kimyoviy formula Uuo biriktirilgan va endilikda u VII davrning 18-guruhidan oldi. Ushbu elementning hozircha fanga ma'lum yagona izotopi 294Uuo 1 millisekund yarim yemirilish davriga ega. Sun'iy sintez qilingan ushbu radioaktiv element tabiatda uchramaydi.

Ununoktiy yadrosini ilk marta sintez qilinishi ham Dubna laboratoriyasida, bundan naq 14-yil muqaddam, ya'ni, 2002-yilda muvaffaqiyat bilan bajarilgan edi. Bunda maxsus tezlatkich uskuna ichida kaliforniy-249 nishonini kalsiy-48 izotopi ionlari bilan bombardimon qilingan va ikki atom Uuo olingan edi. 2005-yilda sintez yana bir bora muvaffaqiyat bilan takrorlangan. Uuo sintez qilingani haqida ilk bora 2006-yil 17-oktyabr sanasida Dubnadagi laboratoriyada ishlovchi rus-amerika ilmiy guruhi fizik yadroshunoslari e'lon qilishgan. Olimlar guruhi o‘z ilmiy natijasini rasmiy tan olinishini naq 14 yil kutishiga to‘g‘ri keldi. Endilikda 118-elementga ham Dubnadagi Yadro Tadqiqotlari Birlashgan Instituti hamda AQSHning Livermor milliy laboratoriyasi xodimlaridan iborat ilmiy guruh nom qo‘yadi.

 

Endilikda fizik-yadroshunoslar 119- va 120-elementlarni sintez qilishga urinib ko‘rishadi. Liverpul universiteti xodimi bo‘lmish fizik-yadroshunos Rolf-Ditmar Gersbergning ta'kidlashicha, zamonaviy texnologiyalarning imkoniyatidan to‘g‘ri foydalanilsa, ushbu elementlarni ham yaqin o‘rtada kashf qilish mumkin. Aytish joizki, 2012-yilda Darmshtadtdagi German Gelmgolts nomidagi og‘ir ionlarni tadqiq qilish markazida 120-element sintez qilingani haqida xabar tarqatilgan edi. Biroq, bu ma'lumot hanuzgacha rasman tasdiqlanmadi. Olimlarning e'tirof etishicha, 120-elementni sintez qilish uchun nazariy jihatdan hamma imkoniyat bo‘lsa-da, lekin amalda uni olish ehtimoli nihoyatda pastdir.


 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 26.11.2018 09:57  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Bildirilgan fikrlar   

 
+2 #1 Javob: Mendeleyev kimyoviy elementlar davriy jadvaliga yangi 4 ta element qoshildiMuhammadali 2017-02-20 20:02
@@@
 

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Agar qizil qalpoqcha,
bo'ridan yorug'lik tezligiga yaqin tezlikda qochsa,
u infraqizil qalpoqchaga aylanadi...


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 11580876

Tafakkur durdonalari

Xitoydan bo'lsa ham ilm o'rganinglar.

Hadis