Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Bu-qiziq... Fan haqida faktlar Science jurnali e'tirofiga ko‘ra 2015 yilning eng e'tiborga molik ilmiy natijalari

Science jurnali e'tirofiga ko‘ra 2015 yilning eng e'tiborga molik ilmiy natijalari

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 1
Juda yomon!A'lo! 

Science jurnali e'tirofiga ko‘ra 2015 yilning eng e'tiborga molik ilmiy natijalari

Science jurnali muqovasi � www.sciencemag.org

"Yangi Gorizontlar" kosmik zondining Pluton ustidan uchib o‘tishi, irsiyatni tahrirlash texnologiyasi - CRISPR/Cas9 hamda, bosh miyada yashiringan limfatik tizim. Aynan shu ilmiy natijalarni Science jurnali o‘quvchilari 2015 yilning eng e'tiborga molik ilmiy yutuqlari sifatida e'tirof etishgan. Orbita.uz ushbu ilmiy natijalar va ularning amaliy ahamiyati haqida qisqacha hikoya qiladi.

Science jurnalining 2015-ilmiy yil yakunlariga bag‘ishlangan soni 18-dekabr, juma kuni nashrdan chiqdi. Yakunlanayotgan yilda qayd etilgan eng e'tiborga molik ilmiy yutuqlarni reytingini tuzish uchun jurnal tahririyati o‘z mushtariylari bilan maslahatlashishni ma'qul ko‘rgan va o‘z saytida kichik so‘rovnoma o‘tkazgan. Tahririyat o‘z saytida mutolaachilarga murojaat qilib, 2015 yilda qayd etilgan va o‘zlari uchun eng maqbul bo‘lgan ilmiy natijalarni belgilashni taklif etadi. Ta'kidlash joizki, Science jurnalining asosiy mushtariylari bu - ilm-fan kishilari bo‘lib, aksariyat mutolaachilar, ilm bilan professional ravishda shug‘ullanuvchi kishilardir. Aytmoqchimizki, so‘rovnomada ishtirok etganlarning aksariyati, nimani ko‘zda tutayotganliklari haqida juda yaxshi tasavvurga ega bo‘lgan kuchli mutaxassislar bo‘lishgan. Balki shu tufaylidir, jurnal ko‘zda tutgan top-5 ilmiy natijalar reytingi, yakunda kutilmaganda top-6 ga aylanib ketdi... Keling gapni cho‘zmay, ushbu yakunlanayotgan 2015-yilning eng katta ilmiy natijalari bilan Sizni ham tanishtirsak. Demak:

 

1-o‘rin - "Yangi Gorizontlar" kosmik zondining Plutonga maksimal yaqinlashuvi (ovozlarning 35% -qismi)

Science ilmiy jurnali tahririyati 2015 yilni "kichik sayyoralar uchun katta yil" deb atagan. 6 mart kuni Dawn ("Sahar" ma'nosida) tarixda ilk marta, mitti sayyora - Sereraning orbitasiga chiqarildi,

�Yangi Gorizontlar� kosmik zondi musavvir tasavvurida14 iyul sanasida esa, New Horizons ("Yangi Gorizontlar") zondi Plutonga eng maksimal yaqinlashuvga erishdi. o‘sha sanada Yangi Gorizontlar Pluton mitti sayyorasi sirtidan atiga 12 504 km masofa balandlikda uchib o‘tdi.

"Yangi Gorizontlar" Yerga ulkan miqdordagi noyob ma'lumotlarni jo‘natdi va u hamon ishlashdan davom etmoqda. Zonddan olingan fotosuratlar orqali astronomlar Pluton sirtida muzli tog‘lar va vulqonlar borligini bilib olishdi. Undagi vulqonlardan Pluton osmoniga muz, azot ammiak va metandan tashkil topgan muzlagan aralashma otilishi aniqlandi. Bundan tashqari, olingan eng g‘aroyib natijalardan biri shu bo‘ldiki, Pluton osmoni ham, xuddi ona Yerimiz osmoni singari moviy rangda ekan va unda organik sopolimerlar - tolinlar aralashmalari mavjud ekan.

"Yangi Gorizontlar" zondi missiyasi shuningdek Plutonning o‘lchamlari avval qabul qilinganidan ancha katta ekanligini oydinlashtirdi. Bu esa, unga sayyora maqomini qaytarilishi mumkinligini anglatadi (eslatib o‘tamiz, Pluton 2006 yildan buyon sayyoralar toifasidan chiqarilgan va mitti sayyora turkumiga kiritib qo‘yilgan). Zond parvozining kulminatsiyasi allaqachon ortda qolganiga qaramay, u endilikda yangi kosmik marralar sari yo‘lga chiqqan. Nasib etsa, yaqin yillar ichida "Yangi Gorizontlar" bizga Quyosh tizimining eng sirli hududlaridan bo‘lmish Koyper belbog‘idagi obyektlarni o‘rganishga kirishadi.

Agar "Yangi Gorizontlar" missiyasi rahbari Alan Shternning umidlari ro‘yobga chiqib, NASA "Yangi Gorizontlar"ning yangi parvoz rejasini tasdiqlasa, biz undan yana 2019-yil oxirigacha yangi ilmiy ma'lumotlar poylashimiz mumkin bo‘ladi.

 

2-o‘rin - genlarni tahrirlash texnologiyasi CRISPR/Cas9 (ovozlarning 20% qismi)

Science jurnali bosh muharririning fikriga ko‘ra, aslida reytingingning birinchi pog‘onasida aynan ushbu texnologiya bo‘lishi kerak edi. Noshirning "adolat yuzasidan" izohi ostida qayd etishicha, ushbu texnologiya avvalgi 2012 va 2013-yillarda allaqachon reytingda birinchi o‘rinda ko‘rsatilgan edi.

CRISPR/Cas9 usuli tirik organizmning irsiy axborotini tahrirlash orqali, undagi zararlangan qismlarni topish va ularni sog‘lom qismlar bilan almashtirish (yoki qayta tiklash) imkonini beradi. Ushbu texnologiya 2007 yilda dunyo yuzini ko‘rgandi. o‘shanda, sutni qayta ishlovchi korxonalardan birida bakteriyalar irsiyatida viruslardan himoyalanish imkonini beruvchi maxsus genetik mexanizm borligi aniqlangandi. Aynan ushbu mexanizmning keyingi chuqur tadqiq qilinishi, biz nazarda tutayotgan irsiyat muharriri texnologiyasining paydo bo‘lishiga olib keldi. CRISPR/Cas9 uslubi esa hozirda bunday texnologiya doirasida qo‘llanilayotgan eng ilg‘or va samarador uslub bo‘lib, uning faol amaliy qo‘llanilishi 2012-2013 yillardan boshlangan. U vaqtda ushbu uslub irsiyat muhandisligidagi boshqa usullar bilan o‘zaro kombinatsiyalangan tarzda qo‘llanilar edi.

2015-yil CRISPR/Cas9 uslubi uchun alohida ahamiyatga ega yil bo‘ldi. Chunki bu yili uslub keskin rivojlandi va mutlaqo yangi ilmiy darajaga ko‘tarildi. Xususan, uning yordamida Xitoylik olim Szyunszyu Xuan odam embrionining irsiyatini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi.

CRISPR/Cas9 haqida sentyabr oyida ham yana bir bora shov-shuv ko‘tarildi. o‘shanda Thomson Reuters kompaniyasi ushbu uslubni ishlab chiqqan olimlar Emmanuel Sharpentye va Jennifer Dudnu kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti uchun nomzod sifatida ko‘rsatilishgandi.

CRISPR/Cas9 qanchalik istiqbolli bo‘lib ko‘rinmasin, hali hanuz uning ishlash mexanizmi to‘liq o‘rganilganicha yo‘q. Uni inson irsiyatini tahrirlash va bu orqali ayrim irsiy xastaliklarni davolash yoki oldini olish uchun qo‘llash imkoni bo‘ladigan paytlar kelishi uchun esa, yana kamida 50-100 yil kutish kerak ekan. Shunga qaramay, CRISPR/Cas9 hozirdanoq, tirik organizmlarning irsiyatini o‘rganish borasida benazir usulga aylanib ulgurmoqda.

 

3-o‘rin - bosh miyaning limfatik tizimi (15%)

2015 yil 1-iyun kuni Nature jurnalida ajoyib bir maqola e'lon qilindi. Unda mualliflarning ta'kidlashicha, odam miyasida ilgari fanga ma'lum bo‘lmagan limfatik tizim mavjud ekan.

Limfatik tizim bu - umurtqali hayvonlarda va odamda immun tizimi to‘qimalari - limfotsitlar tarqaladigan o‘ziga xos tomir tizimidir. Ilgari olimlar odam bosh miyasida immun to‘qimalari faqat bunga zaruriyat yuzaga kelgan hollarda, ya'ni, kasallik paytidagina paydo bo‘ladi degan fikrda edilar.

Biroq sichqonlarda olib borilgan tajribalar shuni ko‘rsatib berdiki,
limfotsitlar bosh miyadagi maxsus joydan tarqalib, limfa tomirlari bo‘ylab yoyilar ekan. Demak, bosh miyada o‘zining limfa tizimi bo‘lib, u shu paytgacha olimlar nigohidan panada bo‘lgan ekan.

Olimlarning fikricha, ushbu kashfiyot bosh miya va immun tizimi qanday qilib o‘zaro muvofiq ishlashini aniqlash imkonini berar ekan. Bu esa, miya faoliyati bilan bog‘liq kasalliklar, xususan, altsgeymer xastaligi, meningit, skleroz va boshqalarni davolashda yangi yo‘nalishlarni ochib beradi deb umid qilinmoqda.

 

4-o‘rin - Ebola virusiga qarshi vaksina (10%-ovoz)

Ebola virusiga qarshi vaksina ishlab chiqarishga qaratilgan yoppa kompaniya dilni xunob qiluvchi omadsiz natijalar bilan kechdi. Shunday umidsiz bir pallada, 2015 yilda harqalay ahvolni ijobiy tarafga o‘zgartira oladigan ilmiy natijaga erishildi. Ebola virusiga qarshi ushbu vaksina reytingning sharafli 4-o‘rniga loyiq topildi.

Vaksinani Kanadalik olimlar ishlab chiqishgan va u Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan Gvineyada, maymunlar ustida o‘tkazilgan tajribalarda o‘zini to‘liq oqladi.

31 iyul kuni The Lancet jurnalida e'lon qilingan maqolada qayd etilishicha, mazkur vaksina 75-100% hollarda Ebola virusidan himoya qilishi kuzatilgan.

Vaksinaning rasman tasdiqlanishi uchun hali yana yangi tajribalar o‘tkazilishi kerak. Buning uchun hali yana ancha vaqt va mablag‘ talab etildi. Shunga qaramay Butunjahon sog‘liq saqlash tashkiloti ushbu vaksinadan, emlanuvchilarning ixtiyoriy roziligi bilan, tajriba tariqasida foydalanish mumkinligini e'tirof etgan. Vrachlarning umid qilishicha, Kanadalik olimlar ishlab chiqqan ushbu vaksina Ebola virusi tufayli o‘tgan yili g‘arbiy Afrika davlatlarida sodir bo‘lgan ulkan fojianing takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaydi.


5-o‘rin - kvant chigallikning mavjudligining tasdiqlanishi (6% ovoz)

Oktyabr oyi oxirida Nature jurnalida fiziklarning "kvant chigallik"ning haqiqatan mavjudligini isbotlashgani haqida xabar chop etildi. Kvant chigallik shuni anglatadiki

Bir kvant zarrachasining, masalan fotonning xossalarini o‘lchash ishlari, boshqa bir kvant zarrachaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir qiladi. Bu ta'sir aynan birinchi zarrachaning xossalarini o‘lchash ishlari bilan bog‘liq bo‘lib, ikkinchi zarrachaning birinchi zarrachada qanchalik olis masofada ekanligi bunda hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Masofa shunchaki kilometrlar emas, balki o‘nlab yorug‘lik yili masofalaridan iborat bo‘lsa ham

Fizik olimlar 18 kun ichida 250 dan ortiq tajribalar olib borishdi. Unda ikkita olmos kristalllaridan foydalanildi. Olmos kristallari bir-biridan 1.3 km masofada joylashtirilgan. Ularni sinxron ravishda lazer nurlari va mikroto‘lqinlar bilan nurlantirilgan. Ushbu nurlanishlar energiyasi esa, olmos elektronlarini yorug‘lik kvantlari - fotonlar chiqarishga majburlaydi. Chiqarilgan fotonlar optik tolali kabellar orqali qayd qiluvchi asbobga kelib tushadi

Olmoslardan uchib kelgan fotonlar optik tolali kabel orqali o‘tib kelib, qayd qiluvchi asbobda o‘zaro ta'sirlashuvga kirishgach, olimlar ko‘z o‘ngida, fotonlar manbai bo‘lgan elektronlararo kvant chigalligi holati yuzaga keldi.

Ushbu elektronlarning to‘lqin funksiyasi mutlaqo bir xil bo‘lib chiqdi va bu narsa kvant chigalligi holatining tabiatda haqiqatan mavjud ekanligini isbotladi.

 

5-o‘rin - "Qayta tiklanishni tekshirish bo‘yicha loyiha" (6% ovoz)

2015 yilning top-5 ilmiy natijalari jurnal mushtariylarining yakdilligi evaziga top-6 ga aylanib ketdi. Chunki so‘rovnoma yakuniga ko‘ra, kvant chigalligi bilan bir xil ovoz to‘plagan Brayan Nozekning odamlardagi ong osti g‘ayriixtiyoriy ishonch va tushunchalarning yuzaga kelish mexanizmlarini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy ishi ham juda katta qiziqishga sabab bo‘lgan. Bunday bir qarashda oddiy ko‘rinadigan test o‘tkaziladi. Tajribada qatnashadigan odamga, monitorda inson ismlari ko‘rsatiladi. Uning Qarshisida ikkita tugma bor. Odam monitorda ayol ismini ko‘rganida o‘ng tugmani, erkak simini ko‘rsa esa chap tugmani bosishi kerak. Lekin, ekranda, ismlar bilan yana boshqa so‘zlar qo‘shilib ko‘rsatila boshlasa, masalan, kasb xususiyatlari yoki kishi xarakteriga taalluqli sifatlar yozilsa, monitor qarshisidagi odamning vazifasi birmuncha chigallashadi. Amaliyot ko‘rsatishicha,

Hatto eng ilg‘or fikrli, dunyoqarashi keng, tushunchasi zamonaviy kishilar ham, monitorda "direktor" yozuvi ko‘rsatilganda ancha uzoq o‘ylanib, ikkilanib qolisharkan va baribir chap tugmani - "erkak" variantini tanlashar ekan.

Nozekning taxmin qilishicha, shu kabi ong otida mustahkamlanib qolgan g‘ayriixtiyoriy tushunchalar nafaqat tajribada ishtirok etgan odamlarda, balki tajribani o‘tkazuvchi ilmiy xodimlarning o‘zida ham bor bo‘lib, bu esa, ilmiy tekshirishning mutlaq to‘g‘ri natija berishiga yo‘l qo‘ymaydi. 2011 yilda Brayan Nozek va uning hamkasblari "Reproducibility Project" - "Qayta tiklanishni tekshirish loyihasi"nomli ilmiy tekshirishni boshlab yuborishgandi. Uning maqsadi - psixologik tadqiqotlarning natijalarini qanchalik haqiqatga yaqinligini tekshirib borishdir.

 

2015-yilda Science jurnali Nozek muallifligidagi ajoyib bir maqolani e'lon qildi. Unga ko‘ra, tekshirilgan 100 ta psixologik tadqiqotlardan faqat 36% qismigina ularda qayd etilgan statistik natijaning to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatgan. Nozek psixologik tekshirishlarni tekshirish bilan cheklanib qolmoqchi emas. U endilikda saraton xastaliklarini tekshirish yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishlarni tekshirmoqchi. Tekshirish natijalarini esa keyingi yil o‘rtalarida ma'lum qilishi mumkinligini bayon qilgan.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

1-o‘rin ""Yangi Gorizontlar" kosmik zondining Plutonga maksimal yaqinlashuvi (ovozlarning 35% -qismi)

Science ilmiy jurnali tahririyati 2015 yilni "kichik sayyoralar uchun katta yil" deb atagan. 6 mart kuni Dawn ("Sahar" ma'nosida) tarixda ilk marta, mitti sayyora " Sereraning orbitasiga chiqarildi,

14 iyul sanasida esa, New Horizons ("Yangi Gorizontlar") zondi Plutonga eng maksimal yaqinlashuvga erishdi. o‘sha sanada Yangi Gorizontlar Pluton mitti sayyorasi sirtidan atiga 12 504 km masofa balandlikda uchib o‘tdi.

"Yangi Gorizontlar" Yerga ulkan miqdordagi noyob ma'lumotlarni jo‘natdi va u hamon ishlashdan davom etmoqda. Zonddan olingan fotosuratlar orqali astronomlar Pluton sirtida muzli tog‘lar va vulqonlar borligini bilib olishdi. Undagi vulqonlardan Pluton osmoniga muz, azot ammiak va metandan tashkil topgan muzlagan aralashma otilishi aniqlandi. Bundan tashqari, olingan eng g‘aroyib natijalardan biri shu bo‘ldiki, Pluton osmoni ham, xuddi ona Yerimiz osmoni singari moviy rangda ekan va unda organik sopolimerlar " tolinlar aralashmalari mavjud ekan.

"Yangi Gorizontlar" zondi missiyasi shuningdek Plutonning o‘lchamlari avval qabul qilinganidan ancha katta ekanligini oydinlashtirdi. Bu esa, unga sayyora maqomini qaytarilishi mumkinligini anglatadi (eslatib o‘tamiz, Pluton 2006 yildan buyon sayyoralar toifasidan chiqarilgan va mitti sayyora turkumiga kiritib qo‘yilgan). "Zond parvozining kulminatsiyasi allaqachon ortda qolganiga qaramay, u endilikda yangi kosmik marralar sari yo‘lga chiqqan. Nasib etsa, yaqin yillar ichida "Yangi Gorizontlar" bizga Quyosh tizimining eng sirli hududlaridan bo‘lmish Koyper belbog‘idagi obyektlarni o‘rganishga kirishadi.

Agar "Yangi Gorizontlar" missiyasi rahbari Alan Shternning umidlari ro‘yobga chiqib, NASA "Yangi Gorizontlar"ning yangi parvoz rejasini tasdiqlasa, biz undan yana 2019-yil oxirigacha yangi ilmiy ma'lumotlar poylashimiz mumkin bo‘ladi.

Yangilаndi: 27.11.2018 11:55  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

Matematikning hayotidagi eng go‘zal lahzalari - uning teorema isbotini topgani, lekin, qilgan xatosini hali fahmlamagini vaqtlari bo‘lsa kerak.


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 11840684

Tafakkur durdonalari

Dunyoda ilmdan o'zga najot yo'q va bo'lmagay! (Imom Buxoriy)