Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Maqolalar 2015 yilning eng ilg‘or fan fidoiylari

2015 yilning eng ilg‘or fan fidoiylari

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 2
Juda yomon!A'lo! 

2015 yilning eng ilg‘or fan fidoiylari

Nature jurnali ilm-fan olamida 2015-yil yakunlariga bag‘ishlangan qator maqolalar chop etdi. Unda jumladan 2015 yil davomida o‘z fan sohasida eng katta natijalarga erishgan va ilm yo‘lida fidoiylik ko‘rsatgan ilg‘or fan kishilari haqida so‘z boradi.

"Embrion muharriri", "Pluton ovlovchi", "Iqlim posboni" va "Yadro diplomati" - "Nature" jurnali 2015 yil davomida jahon ilm osmonida yorqin iz qoldirgan eng ilg‘or va fidokor olimlarni aynan shunday nomlar bilan sharaflagan. Orbita.uz sayti ham o‘z mutolaachilarini ushbu olimlarning faoliyati va natijalari bilan tanishtirishni o‘rinli deb topdi.

"Iqlim posboni" - Kristina Figers

Parijda o'tkazilgan iqlim o'zgarishlari konferensiyasi  � ReutersKristina Figers - Kosta-Rikalik diplomat bo‘lib, o‘z diplomatik faoliyatining katta qismini Yer sayyorasida iqlim o‘zgarishlari masalalarini o‘rganish va uning salbiy oqibatlarini oldini olishga bag‘ishlagan. Figersning aytishicha, uning iqlim o‘zgarishlari masalalarini o‘rganishga kirishishi uchun turtki bo‘lib, Kosta-Rika o‘rmonlarida yashovchi qurbaqa turlaridan birining uning ko‘z oldida butunlay qirilib ketganligi bo‘lgan ekan. U o‘sha qurbaqani bolaligida o‘zi ko‘rganligi, lekin katta bo‘lganida bu qurbaqa turi yo‘q bo‘lib ketganligi va endi o‘z farzandlariga qurbaqa haqida faqat ertaknamo hikoya qilayotganligini afsus bilan ta'kidlaydi. "Bu narsa meni larzaga soldi", - deydi Figers. "Atmosfera haroratining asta sekinlik bilan o‘sib borishi, mazkur qurbaqaning yashash sharoitini yo‘qqa chiqardi. Natijada ushbu tur butunlay yo‘q bo‘lib ketdi. Men bu jonzot haqida bolalarimga hikoya qilib berar ekanman, u haqida eski adabiyotlardangina ma'lumot topardim. Men bu borada yangi materiallar yig‘a boshladim va o‘sha lahzalarda o‘zimni Yerdagi iqlim o‘zgarishlari masalalariga bag‘ishlashim kerakligini anglab yetdim".

 

2009-yilda Kristina Figers iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlangan yirik xalqaro anjuman bo‘lmish Kopengagen konferensiyasini tashkillash bilan shug‘ullandi, 2010-yil 17-mayda esa BMTning iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha konvensiyasining ijrochi kotibi etib tayinlandi.

12-dekabr kuni Parijda yakunlangan iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlangan konferensiyada Figers o‘zining butun siyosiy va diplomatik mahoratini ishga solib, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasida global iqlim o‘zgarishlari borasida o‘zaro tushunish va kelishuvlarga erishishlarini ta'minlashga urindi. Bu borada uning o‘zi ham unchalik boy bo‘lmagan mamlakatda o‘sib katta bo‘lganligi katta ahamiyat kasb etgan deyishmoqda ekspertlar. Uning sayi-harakatlari bilan, 12-dekabr 2015-yil sanasida jahon mamlakatlari sayyoramizda iqlim o‘zgarishlari masalalarini yana bir bora jiddiy ko‘rib chiqishdi va qator muhim xalqaro kelishuvlarga erishildi. o‘z navbatida ushbu harakatlar mevasi o‘laroq, kelajak avlod uchun Yer ekosistemasini imkon qadar mukammal va o‘z holida yetkazish maqsadlariga erishilishi ko‘zda tutilayotir.

 

"Embrion muharriri" - Szyunszyu Xuan

Szyunszyu Xuan � Livemd.ru

2015-yil aprelida Xitoylik genetik olim Szyunszyu Xuan insoniyat tarixida ilk bora odam embrioni genomini tahrirlash masalalari mufassal yoritilgan ilmiy maqolani e'lon qildi. Xuan taklif qilayotgan uslub CRISPR-Cas9 deb nomlanadi.

Xuan sun'iy urug‘lantirish uchun yaroqsiz bo‘lgan embrionlar ustida tajriba o‘tkazgan. Uning maqolasi ilmiy jamoatchilik orasida jo‘shqin va keskin munozaralarga sabab bo‘ldi. Biroq, shunisi g‘alatiki, maqola muallifining o‘zi o‘sha munozara va muhokamalarning birortasida ham ishtirok etgani yo‘q. Xuan bilan aloqaga chiqish va undan qisqacha bo‘lsa-da izoh olishga bo‘lgan urinishlarning barchasi zoe ketmoqda. Bu borada hatto jahonning eng nufuzli ilmiy nashrlari - Nature, Sceintific American, Springer kabilarning ham muxbirlari Xitoydan quruq qaytishdi.

Shov-shuvga sabab bo‘lgan o‘sha maqola e'lon qilingan aprel oyida Nature jurnali muxbiriga quyidagicha qisqa izoh bergan edi: "Ushbu ilmiy ish saraton va qand kasalliklari bilan bog‘liq irsiy muammolarni aniqlashda yordam berishi mumkin, shuningdek, undan embrionning rivojlanishi jarayonida faol bo‘luvchi turli genlarning vazifalarini aniqlashdan foydalanilishi kutilmoqda".

Olimning aytishicha, u bu boradagi an'anaviy munozaralarni alangalatmoqchi emas (Embrion tahlili va uning irsiy rivojlanishiga aralashuv bilan bog‘liq axloqiy masalalar nazarda tutilmoqda):

"Men aslida bu narsaning amalda qanday ekanligini ko‘rsatmoqchiman xolos. Odamlar bilishi uchun. Mening tadqiqotlarim - irsiyatni o‘zgartirishga bo‘lgan urinishlarning oqibati qanchalik xatarli ekanini ko‘rsatib berishga qaratilgan tayanch ilmiy ish bo‘lishini istaganman".

Szyunszyu Xuanning e'tirof etishicha, genetika yutuqlarini tadbiq etish orqali irsiyati tahrirlangan sog‘lom chaqaloq dunyoga kelishi uchun hali yana kamida 50 yil vaqt kerak. Balki undan ham ko‘proq, aytaylik 100 yil ham bo‘lishi mumkin. Lekin ungacha, bu sohadagi ilmiy yangiliklardan sensatsiya yasamasdan, shov-shuv ko‘tarmay, jimgina tadqiqotlarni davom ettirish lozim. Irsiyat muhandisligi masalalariga aholini va ayniqsa OAVni e'tiborini hozircha jalb etmaslik kerak. Chunki, avvalo hali bu borada aytarli ilmiy yutuqni o‘zi yo‘q, qolaversa, basharti biror ijobiy natijaga erishilsa ham, xuddi yadro fizikasidan qirg‘in quroli - atom bombasi yasash uchun foydalanishga o‘tib ketilgani singari, irsiyat muhandisligidan ham g‘ayriinsoniy, razil maqsadlarda foydalanishga o‘tib ketilmasligiga hech qanday kafolat yo‘q.

 

"Pluton ovlovchi" - Alan Shtern

2015 yilning 14-iyul kuni ro‘y bergan ulkan ilmiy ahamiyatga ega hodisa - Yangi Gorizontlar koinot zondining olis Pluton mitti sayyorasiga maksimal yaqinlashuviga, ushbu missiya rahbari Alan Shtern 1989 yildan buyon tayyorlangan edi. o‘shanda u va u bilan hamkasb bo‘lgan bir guruh yosh astronom olimlarda, Quyosh tizimining eng olis obyektlaridan bo‘lmish ushbu mitti sayyora bilan yaqindan tanishish istagi uyg‘ongan edi.

Yangi Gorizontlar missiyasini tashkil qilish haqidagi taklif NASAga 90-yillar boshidayoq berilgan bo‘lib, lekin uzoq yillik bahs-munozaralardan so‘ng NASA rasmiylari 2000 yilga kelib Alan Shternga uzil-kesil rad javobini berishgandi. Missiya rad etilganligining sababi oddiy - NASA bunday tavakkalchilikka borishni istamagan va olis osmon jismini o‘rganish ishlarini moliyalashtirishdan bosh tortgan. Biroq Shtern va uning guruhi taslim bo‘lmadi va o‘z maqsadi uchun kurashishda davom etdi. U tinimsiz NASA rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi va oxiri ularni ko‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi. Missiyaning asosiy ijrochisi - Yangi Gorizontlar zondi 2006-yilda cheksiz koinot bo‘ylab parvozga chiqdi. Alan Shternning so‘zlariga qaraganda, u Plutonni tadqiq etish masalasiga shu darajada ishtiyoq bilan berilib ketganki, uning uchun nafar farzandi maktabni tugatib, universitetga kirgan paytlarda, ularning hammasi va boshqa qarindoshlari ham 2015-yil 14-iyul sanasini uyqusirab ham yoddan aytadigan bo‘lib ketishgan ekan.

Alan Shtern

Chunki aynan shu sanada "Yangi Gorizontlar" zondi Pluton mitti sayyorasiga maksimal yaqinlashishi lozim edi va amalda bu vazifa juda katta muvaffaqiyat bilan bajarildi! Zond Pluton ustida atiga 12 504 km masofadan uchib o‘tdi va ilm-fan uchun beqiyos ma'lumotlarni to‘plab Yerga jo‘natdi.

Tadqiqotchi guruhning ko‘plab a'zolarining aytishicha, missiya kulminatsiyasi bo‘lmish ushbu maksimal yaqinlashuv amalda yuz bergach, ilmiy guruhning ko‘plab a'zolari "uchishdan keyingi depressiya"ga uchrashgan. Ya'ni, ular vanihoyat muddaoga erishishganidan so‘ng, yelkalaridan tog‘ ag‘anagandek bo‘lib, voqeani nishonlashga tushishgan va maishatga berilishgan. Faqat Shterndan tashqari. Alan ushbu ulkan ilmiy hodisa muvaffaqiyatli sodir bo‘lganidan keyinroq, zonddan olingan ma'lumotlarni jiddiy o‘rganishga va tahlil qilishga boshi bilan sho‘ng‘ib ketgan. Axir u bu onlarni naq 26 yil kutgandi-da! Boz ustiga, "Yangi Gorizontlar" hozirda Koyper belbog‘i yo‘nalishida uchishda davom etmoqda. Koyper belbog‘i ham xuddi Mars va Yupiter orasidagi asteroidlar halqasiga o‘xshash sirli hududlardan biri bo‘lib, Pluton ham aslida ushbu belbog‘dagi obyektlardan biri xolos (faqat u birinchi bo‘lib kashf etilgan va shu sababli uzoq yillar katta sayyoralar turkumida e'tirof etilgan). Agar NASA "Yangi Gorizontlar"ning Koyper belbog‘i tomon yangi missiyasini ma'qullasa, endi Shtern guruhi e'tiborini yana yangi obyektlarga qaratishi mumkin bo‘ladi. Oldinda bizni yangi kashf etilgan mitti sayyoralar - Erida, Makemake, Haumea, Ork, Iksion va boshqalar haqida ajoyib ma'lumotlar kutib turgan bo‘lishi mumkin. Faqat buning uchun biz Alan Shtern va uning "Yangi Gorizontlar" missiyasidan yana 4 yil ma'lumot kutishimiz kerak. Chunki zond o‘zining keyingi manziliga 2019 yil dekabrida yetib boradi.

 

"Materiallar ustasi" - Chzjenan Bao

"Agar biz tabiat yaratgan moddalar singari mukammal materiallarni sun'iy ravishda olishga erisha olsak, ko‘plab o‘tkir muammolarni hal qilishimiz mumkin bo‘lur edi", - deydi Chzjenan Bao.

Uning ish stolida ko‘pchilikka notanish bo‘lgan ayrim g‘ayrioddiy materiallarni topish mumkin. Masalan, o‘ta yengil (deyarli vaznsiz) plastir shular jumlasidan bo‘lib, ushbu material uglerod nanotrubkasidan tayyorlangan. Bu plastirni inson bilagiga yopishtiriladi va u insonning yurak faoliyatini nazorat qiladi.

Baoning yana bir g‘alati ixtirosi bu - sun'iy teri bo‘lib, unga nanosensorlar o‘rnatilgan. Ushbu teri ham inson tanasiga biriktirilishi mumkin va u ham tashqi ta'sirlarni sezish xossasiga ega.

Chzjenan Bao

Bunday g‘alati va kelajagi porloq materiallar ustida olib borilgan mashaqqatli ilmiy ishlar olimning o‘zi boshchilik qilgan 40 nafar ilmiy xodimlardan iborat guruhning uzoq yillar davomidagi mehnatlari samarasidir. "Bizni yana hali uzoq yillik tadqiqot va tekshiruvlar kutib turibdi va biz bunga tayyormiz. Eng muhimi biz to‘g‘ri yo‘lda ekanligimizga ishonchimiz komil", -deydi Baoning shogirdlaridan biri. Uning ishonch bilan aytishicha, Bao ilmiy guruhi olishga erishayotgan materiallar qachonlardir kelib, insoniyatning tibbiy xizmat borasidagi qarashlarida inqilob yasashi aniq..

 

"Yadro diplomati" - Ali Akbar Salohiy

2015 yilning 14-iyul sanasi Alan Shterndan tashqari yana shuningdek Ali Akbar Salohiy uchun ham nihoyatda katta ahamiyatli kun bo‘ladi. Uning erishgan natijasi Alan Shternning Pluton missiyasi bilan hech qanday bog‘liqlikka ega emas. Ali Akbar Eron Islom Respublikasining yadro energetikasi bo‘yicha milliy tashkiloti prezidenti bo‘lib, uning muvaffaqiyati Shternniki singari kosmik natija emas. Lekin Ali Akbarning ushbu sanadagi ko‘rsatgan diplomatik mahorati va erishgan tarixiy natijasining ilmiy va ayniqsa siyosiy ahamiyati ulkan deb baholanmoqda.

"Yangi Gorizontlar" Plutonga maksimal yaqinlashgan ushbu sanada Ali Akbar boshchiligidagi muzokaralar orqali Eron va oltilik mamlakatlari (Rossiya, AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Xitoy), Eronning yadro dasturi borasida tarixiy kelishuvga erishishdi. Natijada Eronga nisbatan g‘arb tomonidan joriy etilgan iqtisodiy cheklovlar bekor qilinadigan bo‘ldi.

Ali Akbar Salohiy � www.atomic-energy.ru

Ushbu tarixiy kelishuvni tasdiqlovchi hujjatga ko‘ra, Eron o‘z hududidagi yadro obyektlariga yadro energetikasi bo‘yicha xalqaro tashkilot - MAGATE inspektorlarining kirishiga ruxsat beradi. g‘arb mamlakatlari esa, asta-sekinlik bilan Eronga joriy qilingan iqtisodiy cheklovlarni bekor qilib borishadi.

Nature jurnali tahririyati Ali Akbar Salohiyning ushbu kelishuvga erishilishidagi ulkan hissasini e'tirof etar ekan, mazkur kelishuv, dunyoda yadro xavfsizligi borasida navbatdagi ulkan qadam bo‘lganini ta'kidlaydi va uning keyingi yillarda amalda so‘zsiz bajarilishiga umid bog‘laydi.

 

"Ayol ovozi" - Joan Shmelts

2015 yil oktyabrida Berklidagi Kaliforniya universitetida katta mashmasha kelib chiqdi: butun dunyoga mashhur astronom, eng ko‘p sondagi ekzosayyoralarni kashf etganligi uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan olim Jeff Marsi, universitetning talaba qizlariga nisbatan jinsiy tayziq o‘tkazganlikda ayblanib ishdan haydaldi. Bu borada tashabbus ko‘rsatgan va jiddiy tekshiruv o‘tkazilishini talab qilib, oxiri mashhur hamkasbining axloqsiz-jinoiy xatti harakatlarini fosh etgan inson, ushbu universitet olimasi Joan Shmelts bo‘ldi.

2009 yildan 2015 yilgacha Shmelts Amerika Astronomiya Jamiyatining ayollar qo‘mitasiga raislik qilib kelgan. Hozirda u Puerto-Rikodagi Aresibo rasadxonasida direktor bo‘lib ishlamoqda. Olima erishilgan ushbu muvaffaqiyatni faqat ishning debochasi sifatida qaramoqda va u ayollarning ilm-fan sohasidagi huquqlari uchun kurashishda davom etajagini ma'lum qilgan.

"Keling, yosh olima ayollarda ortiqcha bosimni olib tashlaylik. Toki ular o‘zlarini bag‘ishlagan fan sohasi bilan xotirjam shug‘ullanib, ilmiy ishlarini ortiqcha yukdan holi ravishda olib borishsin. Tizimni o‘zgartiraylik, toki erkak xodimlar o‘z hamkasabalariga jinsiy ta'qib qilishni to‘xtatsinlar...", - deydi Joan Shmelts.

 

 

"Irsiyat arxeologi" - Devid Rayx

"O‘ylashimcha men universitetda idealist bo‘lgan ekanman. Chunki meni odatda keng miqyosli olamshumul nazariyalar qiziqtirardi. Shunday nazariya bo‘lsinki, u o‘zida hamma-hamma narsani qamrab olsin", - deb xotirlaydi Devid Rayx o‘zining talabalik yillari haqida. Yoshligida uni deyarli barcha fan qiziqtirgan bo‘lib, u o‘zining ilk oliy ma'lumot diplomini sotsiologiya fakultetida boshlab, fizika fakultetida yakunlagan edi. Devidning ikkinchi oliy ta'lim sohasi biokimyo mutaxassisligi bo‘lgan. Uni o‘shanda inson irsiyati masalalari o‘ziga jalb qilgan edi.

2013 yilda u o‘zining xususiy laboratoriyasini ochdi. Laboratoriyaning ilk ilmiy tadqiqotidanoq katta miqyosli natijalar olishga erishildi:

Uning laboratoriyasi mutaxassislari Rossiya hududida bundan 5 ming yillar muqaddam yashagan insonlar qoldiqlarini o‘rganib chiqishdi. Tajribada 66 nafar qadimgi odam qoldiqlarining genlari tahlildan o‘tkazildi. Uning xulosalaridan biri shu bo‘ldiki, bundan 5 ming yil avval ushbu odamlar guruhi sharqiy osiyodan g‘arbiy yevropa tomon ulkan ko‘chishni amalga oshirishgan ekan.

"

 

"o‘ta o‘tkazgich" - Mixail Yeryomets

"Kelajagi porloq yosh olim sifatida, 1970-1980 yillarda Mixail Yeryomets juda kuchli iroda sohibi ekanligini namoyish qilgandi. U Moskva yaqinidagi Katta bosimlar institutida ish boshlagan. Institutdagi mehnat sharoitlari juda ayanchli bo‘lib, ba'zida eng elementar maishiy sharoitlar ham bo‘lmagan. Kelib chiqishi Beloruslik bo‘lgan Yeryomets institutdagi aslida istiqbolsiz bo‘lgan ilmiy ishlarga jalb qilinganidan tushkunlikka tushmadi va ilg‘or ilmiy guruhlarga qo‘shilish uchun, institutdagi deyarli ishlamaydigan, ishlasa ham odatda band bo‘ladigan eski telefondan yuzlab marotaba kerakli joyga qo‘ng‘iroq qilib, oxiri maqsadiga erishgan" - deb tanishtiradi Nature jurnali ushbu olimni.

Yeryomets o‘zi esa: -"Agar men nimanidir qilishni istasam, o‘sha ish ko‘nglimdagidek bo‘lmaguncha, qancha kerak bo‘lsa, shuncha takrorlashim mumkin. Hech qachon boshlagan ishimga qo‘l siltab tashlab ketmayman", - deydi. Olim hozirda Germaniyada, Maks Plank ilmiy jamiyatining Kimyo Institutida faoliyat ko‘rsatmoqda.

2015 yil yozida Mixail Yeryomets muallifligida e'lon qilingan ilmiy maqolada shunday deyiladi:

Oddiy serovodorod uchun agar 203 "? va 1.5 million atmosfera bosimi sharoitini yaratib berilsa, u ideal o‘ta o‘tkazgich" xossalarini namoyon qiladi.

Hozircha ushbu ilmiy natijani Yeryometsning o‘zidan boshqa olimlar mustaqil ravishda takrorlay olishgani yo‘q va shu sababli uning natijasi ilmiy jamoatchilik tomonidan rasmiy tasdiqlanmadi. Lekin olim erishilgan ushbu natija bilan kifoyalanib qolmasdan, vodorod birikmalarining o‘tkazgichlik xossalarini chuqur tadqiq etishda davom etmoqda.

Mixail Yeryomets � gazeta.ru

 

 

"Fermentatsiya inqilobchisi" - Kristina Smoulk

Kristina Smoulk - sintetik biologiya bilan shug‘ullanadi. U 2015-yilda opioid modda ishlab chiqarish xossasiga ega bo‘lgan sun'iy shtamm olishga muvaffaq bo‘ldi. Opioidlar tibbiyotda og‘riqsizlantirish maqsadlarida qo‘llaniladigan kuchli preparatlarning asosi bo‘lib, shu paytgacha bunday moddalarni faqat tabiiy manbalardan - ko‘knori urug‘i yoki shunga o‘xshash giyohvand moddalardan olinadi. Giyohvandlik va narkotraffika masalalari bilan bog‘liq global muammolarni e'tiborga olinsa, Smoulkning ilmiy ishi bu borada katta ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Smoulkdan tashqari yana ko‘plab olimlar ancha yillardan buyon opioidlarni tayyorlashning shunday muqobil usullarini izlab kelishayotgan edi. Biroq, hozirgacha hech kim, retikulin moddasini bir shakldan boshqa shaklga o‘tishga majbur qiluvchi fermentni topa olishmayotgan edi. Jahonning yentakchi biolaboratoriyalarida asosan retikulinni ko‘knoridan olishga urinishar edi. Lekin, Smoulk boshqa yo‘ldan bordi va u ko‘knori urug‘idagi retikulin sinteziga javobgar bo‘lgan DNK kodini qidirishga e'tibor qaratdi. Izlagan kodini topgach esa, ularni birlashtirish orqali, yagona gen tashkillashga muvaffaq bo‘ldi. Smoulk yasagan shtamm geni xuddi pazzl bo‘laklaridek, bir-birga aniq mutanosiblikda tartiblab chiqildi va u haqiqatda ishladi!!!

Kristina Smoulk - ham zakovat ham go'zallikni o'zida jamlagan olima

Biroq, har doim bo‘lganidek, tadqiqotchi oldida yangi, axloqiy muammo yuzaga keldi: endilikda ushbu opioidni sun'iy olish imkoni paydo bo‘lar ekan, bu jahonda sun'iy giyohvandlikning yanada avj olishiga, manfur narkodallolarning unga o‘zlari uchun yangi daromad manbasi sifatida qaramasliklariga kafolat bormi??? Olima ayol bunga ham olimlarga xos mukammal yechim topdi. U 2015-yilda shtammning yangi turini, istisnosiz ravishda faqat retikulin ishlab chiqaradigan turini tayyorladi. Endilikda, narkobaronlar uchun Smoulk laboratoriyasini aynan o‘xshashini qurib olib, sun'iy narkotik moddalar ishlab chiqarishga urinishdan foyda yo‘q. Chunki uning shtammi faqat og‘riqsizlantiruvchi opioid ishlab chiqaradi!

Smoulkning hozirdagi eng asosiy ilmiy maqsadi, shu singari, faqatgina og‘riqsizlantiruvchi opioidlarni ishlab chiqarish bo‘lib, u o‘zi yo‘lga qo‘ygan ilmiy usullar orqali, nojo‘ya ta'sirlari bo‘lmaydigan, hamda o‘rganib qolishdek yomon oqibatlarga olib kelmaydigan dorilarni tayyorlashni ko‘zda tutadi.

 

"Noto‘g‘ri tushunchalarga qarshi kurashuvchi" - Brayan Nozek

Talabalik yillarida Brayan Nozek odamlardagi ong osti g‘ayriixtiyoriy ishonch va tushunchalarning yuzaga kelish mexanizmlarini o‘rganishga bag‘ishlangan testlarni ishlab chiqishga kirishgan. Bunday test bir qarashda oddiy ko‘rinadi. Tajribada qatnashadigan odamga, monitorda inson ismlari ko‘rsatiladi. Uning Qarshisida ikkita tugma bor. Odam monitorda ayol ismini ko‘rganida o‘ng tugmani, erkak simini ko‘rsa esa chap tugmani bosishi kerak. Lekin, ekranda, ismlar bilan yana boshqa so‘zlar qo‘shilib ko‘rsatila boshlasa, masalan, kasb xususiyatlari yoki kishi xarakteriga taalluqli sifatlar yozilsa, monitor qarshisidagi odamning vazifasi birmuncha chigallashadi. Amaliyot ko‘rsatishicha,

Hatto eng ilg‘or fikrli, dunyoqarashi keng, tushunchasi zamonaviy kishilar ham, monitorda "direktor" - yozuvi ko‘rsatilganda ancha uzoq o‘ylanib, ikkilanib qolisharkan va baribir o‘ng tugmani - "erkak" variantini tanlashar ekan.

Nozekning taxmin qilishicha, shu kabi ong otida mustahkamlanib qolgan g‘ayriixtiyoriy tushunchalar nafaqat tajribada ishtirok etgan odamlarda, balki tajribani o‘tkazuvchi ilmiy xodimlarning o‘zida ham bor bo‘lib, bu esa, ilmiy tekshirishning mutlaq to‘g‘ri natija berishiga yo‘l qo‘ymaydi. 2011 yilda Brayan Nozek va uning hamkasblari "Reproducibility Project" - "Qayta tiklanishni tekshirish loyihasi" nomli ilmiy tekshirishni boshlab yuborishgandi. Uning maqsadi - psixologik tadqiqotlarning natijalarini qanchalik haqiqatga yaqinligini tekshirib borishdir.

2015-yilda Sciense jurnali Nozek muallifligidagi ajoyib bir maqolani e'lon qildi. Unga ko‘ra, tekshirilgan 100 ta psixologik tadqiqotlardan faqat 36% qismigina ularda qayd etilgan statistik natijaning to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatgan. Nozek psixologik tekshirishlarni tekshirish bilan cheklanib qolmoqchi emas. U endilikda saraton xastaliklarini tekshirish yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishlarni tekshirmoqchi. Tekshirish natijalarini esa keyingi yil o‘rtalarida ma'lum qilishi mumkinligini bayon qilgan.

Umuman olganda Nozekning fikricha ideal tekshirish va ideal tekshiruvchinong o‘zi yo‘q emish. Shu jumladan u o‘zini ham bu toifadan istisno qiladi. Sababi esa, yuqoridagi "direktor" so‘zi misolida keltirilgandek, hamma-hammaning ongi ostida mustahkamlanib qolgan va uning mutlaq to‘g‘ri xulosa chiqarishiga to‘sqinlik qiladigan ishonch va tushunchalari borligida ekan...

 


 

Nature jurnali talqinida, 2015-yil ilm fanidagi eng fidoiy va katta ta'sirga ega bo‘lgan olimlar o‘ntaligi ro‘yxatini aynan Brayan Nozek bilan yakunlar ekan, 2016 yil davomida yana qaysi olimlarning ilmiy faoliyatiga e'tibor qaratish mumkinligiga ishora qilib, kimlardan yangi katta ilmiy natijalar kutish mumkinligini aytib o‘tadi:

"Nature"ning 5-kishidan iborat olimlar ro‘yxatiga, 2016-yil 1-yanvardan e'tiboran Yevropa yadroviy tadqiqotlar tashkilotining bosh direktori lavozimiga o‘tiradigan fizik-yadroshunos Fabiola Janotti; Lazer-interferometrik gravitatsion-to‘lqinli laboratoriyasi (LIGO) vakilasi Gabriela Gonsalez; Hujayralar biologiyasi bilan shug‘ullanuvchi olima Keti Niakan; hamda, Neyrobiologiya va sun'iy intellekt masalalari bilan shug‘ullanuvchi olim, Xitoy tabiiy fanlar davlat fondi boshlig‘i Yan Vey qayd etilgan. Biz ham ushbu olimlarning faoliyati va ularning natijalari bilan 2016-yil davomida saytimiz o‘quvchilarini tanishtirib borishni maqsad qilib qo‘yamiz.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 22.11.2018 15:01  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Kimyo o'qituvchisi Boltavoyga savol beryapti:

-Boltavoy, doskada qaysi moddaning formulasi yozilgan?

Boltavoy vaziyatdan chiqmoqchi bo'lib:

-Domla, shu tilimni uchida turibdiyu, aytolmayapman-da!

Shunda domla rangi oqarib, titroq ovoz bilan:

-Tez tupurib tashla! Axir bu zaharli kislota-ku!!!


Mavzuga oid boshqa materiallar

Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 11840217

Tafakkur durdonalari

Farzandlarimiz bizdan ko'ra kuchli, aqlli va baxtli bo'lishlari shart...

I. Karimov