Apollon-11
"Apollon-11" - Apollon seriyasidagi, uchuvchili kosmik kema. 1969-yilning 16-24 iyul kunlari, tarixda ilk marta, bortida inson bilan Oyga parvoz qilgan va Oy sirtiga qo‘nish amalga oshirilgan ilk fazo kemasi. Ikkita asosiy moduldan - boshqaruv moduli - "Kolumbiya" va Oy moduli "Burgut"dan iborat bo‘lgan. 1969-yil, 16-iyul kuni, Floridadagi, Kennedi kosmik markazining 39A kompleksidan, "Saturn-5" raketa eltuvchisi yordamida fazoga uchirilgan. Start vaqtidagi massasi - 43901 kg. Parvozning umumiy davomiyligi - 8 kun, 3 soat, 18 daqiqa va 8 soniyani tashkil etgan. Kema kapitani - Nil Armstrong, ekipaj a'zolari - Edvin Oldrin (Oy moduli uchuvchisi) va Maykl Kollinz (boshqaruv moduli uchuvchisi). Startdan (13:32) 11 daqiqa, 42 soniyadan so‘ng, "Apollon-11", yer sirtidan 190.8 km balandlik masofasida, 7.79 km/soniya tezlikka ega bo‘lgan tarzda, Yer tevarak aylana orbitasiga muvaffaqiyatli chiqishga erishdi. Yer atrofida 1.5 aylanish bajarilganidan so‘ng, Tinch okeani ustidan uchish vaqtida, "Apollon-11" ikkinchi kosmik tezlikka erishdi va Oyga uchish trayektoriyasiga yo‘naldi. Parvozning to‘rtinchi kuni, startdan 75 soat 41 daqiqa o‘tgan vaqtda, "Apollon-11" Oydan 572 km masofada, Oyning Yerdan ko‘rinmaydigan teskari tomoniga o‘tdi va 8 daqiqadan so‘ng, u 114.1 km aposeleniy va 313.9 km pereseleniyga ega bo‘lgan, Oy tevarak-atrofi orbitasiga chiqishga erishdi. Keyinchalik, Oy atrofidagi aylanish orbitasiga tegishli tuzatishlar kiritilganidan so‘ng, 13-marta aylanishning so‘ngida, "Burgut" va "Kolumbiya"o‘zaro ajraldi va "Burgut", astronavtlar bilan birga Oyga qo‘nishni amalga oshirishga kirishdi.
Qo‘nish, Oydagi "Sokinlik dengizi" hududida muvaffaqiyatli amalga oshirildi va astronavtlar "Burgut"ni tark etib, avval Nil Armstrong, undan 15 daqiqa keyin esa, Edvin OldrinOy sirtiga chiqishdi.Ular Oyda bir necha amaliy tajribalar o‘tkazishdi va Oy guruntidan namunalar yig‘ishdi. Shuningdek, Yer bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga chiqib, telemuloqotda va prezident bilan suhbatda bo‘lishdi. So‘ngra, Oyga ilmiy-tekshirish apparatlari - seysmometr va lazer nur qaytargichi (ko‘zgu) o‘rnatish ishlarini bajarishdi. Amalga oshirilayotgan barcha ishlarni astronavtlar o‘zaro almashinib fotosuratga tushirib borishdi. So‘nggi bosqichda esa, astronavtlar o‘zlari bilan olib kelgan, kosmonavtlar Yuriy Gagarin, Valentin Komarovlarga tegishli esdalik medallarini Oy sirtiga olib chiqish vazifasini bajarishdi. Ushbu jarayon, halok bo‘lgan kosmonavtlar xotirasi hurmati uchun bajarilgan o‘ziga xos marosim tarzida bo‘lgan. Rejalashtirilgan barcha ishlar yakunlangach, "Burgut"ni tark etishganiga 2 soat 31 daqiqa va 41 soniya bo‘lganida, astronavtlarga kemaga qaytish haqida buyruq berildi. Astronavtlar "Burgut"ga qaytgach, endi Yerga tomon parvozga tayyorlana boshlashdi va "Burgut" "Kolumbiya" bilan qayta tutashgach, "Apollon-11" Yerga qaytish trayektoriyasiga yo‘l oldi. 22 iyul kuni, "Apollon-11" Oyning tortish kuchidan Yerning tortish kuchi, kuchliroq bo‘lgan fazoga kirib keldi va Yerga qo‘nish bosqichiga o‘tdi. 24 iyul kuni, parvozning 195 soat 3 daqiqasi orta qolgan vaqtda, "Apollon-11" Yer atmosferasining yuqori qatlamlariga kirib keldi va 122 km balandlik masofasida, 11 km/soniya tezlik bilan pastlay boshladi. 3 daqiqadan so‘ng, Oyga parvozni muvaffaqiyatli amalga oshirgan qahramon ekipaj bilan birga "Apollon-11", Tinch okeani suvlariga kelib tushdi, va avvaldan tayinlangan AQSH dengiz flotiga tegishli "Xornet" kemasi yordamida, chiqarib olindi va Pirl-Xarbor yaqinidagi Ford oroliga eltildi. Astronavtlar Oydan Yerga qaytib uchgan vaqtdan boshlab 21 kunlik karantin muddatini o‘tashdi. Karantin muddatidan 1 kun avval yakunlandi va 11 avgust kuni, bir kunlik dam olishdan so‘ng, 12 avgust kuni Oyga uchgan astronavtlarning keng omma bilan telemuloqoti uyishtirildi.
Apollon-11 ekipaji
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|