Oppoq kiyinganlar
Ilmiy nufuzga ega biror shaxs haqida axborot berilayotganida yoki uni biror hay'atga tanishtirilayotganida, odatda uning ilmiy unvoni (yoki darajasi desak ham bo‘ladi) qo‘shib aytiladi. Masalan, "Falonchi Pistonchiev, fan doktori", yoki, "Pistonchi Pistonchiyevich, dotsent" kabi. Umuman olganda ilmiy unvonlarga ega bo‘lish hammaga ham yoqsa kerak. Keling ushbu unvonlarning tarixi haqida suhbatlashamiz.
Ilmiy unvonlar o‘zbek tiliga, XX asrda kirib kelgan deganlar qattiq yanglishadi. g‘arbga xos ilmiy unvon yoki darajalardan farqli o‘laroq, sharqona nozik an'analar va qadriyatlar zamirida, ustoz, muallim, piri-komil, shayx kabi o‘ziga xos ilmiy daraja va unvonlar mavjud bo'lgan. ekin, Sharq ilm-fani va unga tegishli faktlar alohida katta mavzu bo'lgani uchun, biz bu maqolada bugungi kunimizda amalda bo'lgan va aksariyati Yevropa tillaridan kirib kelgan ilmiy unvon va darajalar haqida fikr almashamiz.
Umuman olganda, hozirdagi ilmiy unvon va darajalaring aksariyati, yevropa tillarida shakllanib, XIX-asrdan boshlab rus tiliga va keyinchalik o‘zbek tiliga kirib kelgan. Biroq ana o‘sha yevropa tillari ham mazkur unvon va darajalarni qadimgi Rim imperiyasidan meros qilib olishgan. Masalan, qadimgi Rimliklar biror-bir lavozimga da'vogar odamni candidatus deb atashgan. Zamonaviy tilimizda bu "nomzod shaxs" ma'nosini bildiradi. Candidatus kimsalar, boshqalardan yaqqol ajralib turadigan qordek oppoq kiyim - toga Candidatus kiyib yurishgan. Ha, bu aynan o‘sha, siz qadimgi Rim haqida ko‘rgan tarixiy filmlardagi senator va amaldorlarning, bir uchini yelkasidan orqasiga tashlab olib, kiyib yurgan o‘ziga xos libosi. Xullas o‘sha lavozimga da'vogar candidatus kishilar, oddiy fuqarolar orasiga kirib, saylovlar vaqtida unga ovoz berishlarini so‘rab targ‘ibot olib borgan. Ya'ni o‘z-o‘zini reklama qilgan. o‘sha candidatuslardan, bizning zamonamizgacha yetib kelgan tushuncha - kandidat, ya'ni nomzod yaqin-yaqinlargacha ham asosiy ilmiy unvonlardan biri edi. Hozirda fan nomzodi ilmiy darajasi o‘zbekistonda bekor qilingan.
Doktor (fan doktori) unvoni esa, lotin tilidan aynan o‘girilganda, "o‘qituvchi" ma'nosini anglatadi. Avvaliga doktor murojaati barcha o‘qituvchilarga nisbatan qo‘llanilgan. Doktor ilmiy unvoni esa 1130-yilda Bolonya universitetida joriy etilgan. Shundan boshlab, keyingi davrlarda, boshqa universitetlar ham Muqaddas Rim Imperiyasi imperatorlaridan, doktor unvoni berish uchun vakolatga ega bo‘ldilar. 1231-yildan boshlab Parij universiteti avvaliga ilohiyot fanlari doktori, keyinchalik esa, grammatika doktori, mantiq, tibbiyot, fizika va hattoki notarial va san'at fanlari doktori unvonlari ham joriy etildi.
o‘rta asrlarda doktor unvoniga ega shaxslar, zodagonlar bilan teng nufuzga ega bo'lgan. Alohida holatlarda esa ba'zi universitetlar faxriy doktor ilmiy unvonlarini ham joriy etishgan. Masalan lotinchasiga "honoris causa" deb nomlanadigan faxriy doktorlik unvonini misol qilib keltirish mumkin. 1925-yili shunday unvonlardan birini mashhur Kaliforniya Texnologiya universitetida (uni qisqacha qilib "Kaltex" deb ham atashadi) ikki karra Nobel mukofoti sohibi, XX-asrning buyuk kimyogarlaridan biri - Laynus Karl Polling (1901-1994) ga berishgan.
Aksariyat davlatlarda, fan doktorlari, ko‘pincha uning o‘z mutaxassislik sohasidan qat'iy nazar Philosophy Doctor, qisqachasiga PhD, ya'ni, Falsafa fanlari doktori deb yuritiladi. Ba'zi oliy o‘quv yurtlarida fan doktori - Doctor of Science (DS) darajasi beriladi. Shunisi ahamiyatliki, DS - fan doktori faqat tabiiy fanlar bo‘yicha beriladi. Ya'ni Doctor of Science bu - tabiiy fanlar sohasida fan doktori bo‘la oladi xolos. Shuningdek boshqa sohalarda ham fan doktorlarining o‘z nomlari bor, masalan Doctor of Divinity (DD) - ilohiyot fanlari doktori, Doctor of Laws (DL) - huquqshunoslik fanlari doktori, va ho kazo.
Bizning davrimizda, oliy o‘quv yurtini tamomlagan har bir shaxs Bakalavr (inglizcha bachelor) ilmiy darajasiga ega bo'ladi. Doktorlar singari bakalvrlar ham har xil bo'ladi: BS yoki BSc - Bachelor of Science - tabiiy fanlar bakalavri, BA - Bachelor of Arts - ijtimoiy fanlar bakalavri, BMus - musiqa fanlari bakalavri va ho kazo. Aytgancha, bakalavr so‘zi shuningdek "bo‘ydoq" ma'nosini ham beradi. Endi tasavvur qiling, agar tarjimon so‘zni adashtirib yuborsa bormi, o‘ziga xos qiziq holat kelib chiqadi: "Falsafa fanlari bo‘ydog‘i" - g‘alati eshitilarkan...
Bakalvrdan keyingi ilmiy daraja - magistr. Bu inglizchada Master - ya'ni usta ma'nosini beradi. Magistrlar ham har xil: MS - tabiiy fanlar magistri, MA - San'at fanlari magistri (magistr of arts), MFA - iqtisodiyot va boshqaruv magistri, hattoki, stomatologiya magistri ham bo'ladi: MDS - Master of Dental Surgey. Lekin MC, ya'ni Master of Ceremonies - hech qanday magistr emas, balki, konferansye, ya'ni davrani olib boruvchi, boshlovchi (o‘tkir Siddiqov kabi) shaxsdir
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi |
---|