Olaf Remerning kashfiyoti
Kassinining kuzatishlari. Asta-sekin teleskop astronomning tan olingan tekshirish asbobiga aylandi. Teleskopning o‘lchamlari ortadi: Gyuygensning teleskopi 92-marta kattalashtirar edi, 1670 yili Parijda 150 marta kattalashtiradigan teleskop paydo bo‘ldi. Endi bu teleskopning bitta olimga tegishli emasligi, u yangi turdagi ilmiy muassasa — rasadxonaga o‘rnatilgani xarakterli edi. Lyudovik XIV ning himoyasida bo‘lgan Parij rasadxonasiga Italiyadan kelgan astronom Jan Dominik Kassini (1625—1712) rahbarlik qilar edi. Kassini astronomiya uchun juda ko‘p ish qilgan. U Saturnning Gyuygens topgan bitta (Titan) yo‘ldoshidan boshqa yana to‘rtta yo‘ldoshi borligini topadi. O‘sha Gyuygens ochgan Saturn halqasi Kassini diqqat bilan qarasa orasi ochiq ikki halqadan iborat ekan, bu oraliq Kassini ochiqligi deb ataladi. Kassini Yupiter va Saturnning o‘z o‘qi bo‘yicha aylanishini isbotladi. Kassinining astronomik hisoblashlaridagi xizmatlari ham katta: u o‘sha vaqtgacha ko‘rilmagan aniqlikda astronomik birlik — Yerdan Quyoshgacha bo‘lgan masofani aniqladi. Kassini topgan 146 mln. km bilan haqiqiy 149,6 mln. km qiymatni va o‘sha vaqtda qabul qilingan 8 mln. km ni solishtirish qiziq.
Oldin eslatilganidek, XVII asrning ikkinchi yarmi astronomiyaning markaziy masalalaridan biri Yupiter yo‘ldoshlarining aylanish davrini hisoblash bo‘lib qoldi. Agar ularning ketma-ket tutilish vaqtlari aniq ma’lum bo‘lsa, bu kattaliklarni oddiy hisoblashlar vositasida topish mumkin. Yo‘ldoshlarning aylanish davrini bilgan holda, aksincha, ularning tutilish onlarini oldindan aytib berish mumkin. 1672 yili Kassini Io (Yupiter yo‘ldoshi)ning tutilish onlarini juda aniq topadi. U Ioning aylanish davri uchun hosil qilingan qiymat bir holdan ikkinchi holga o‘tganda o‘zgarishini topib hayratlandi, chunki tutilish ba’zan kechiksa, ba’zan oldinroq ro‘y berar edi. Hosil qilingan qiymatlar orasidagi (aylanish davri 42,5 soat bo‘lganda) eng katta (22 daqiqa) farqni o‘lchash noaniqligi bilan tushuntirib bo‘lmas edi. Ehtimol, Kassini Gyuygensning astronomik kuzatishlarda foydalanila boshlangan mayatnikli soatidan foydalangandir. Kuzatilgan effekt asoslangan tushuntirishga ega emas edi.
1672 yilda — Kassini Yupiterning yo‘ldoshlarini sistematik kuzata boshlagan yili Parij rasadxonasida Daniyalik yosh olim Olaf Remer (1644—1710) paydo bo‘ldi. Uni ajoyib mos kelish qiziqtirib qo‘ydi (ehtimol, unga Kassini e’tibor bergandir). Ioning tutilishidagi eng katta kechikish Yupiter Yerdan uzoqlashgan vaqtda ro‘y berardi. Bunday mos kelishga e’tibor berish tasodifiy bo‘lishi mumkin edi, ammo bu kutilmagan holga duch kelib, darhol uni tasodif deb ovoza qilmaslik uchun qanchalik uzoqni ko‘ra bilish kerak! Lyudovik XIV davridagi astronomik atlaslarda Yer Olam markazi tarzida tasvirlansa-da, olimlar Yupiter yo‘ldoshi aylanish davrining o‘zgarishini Yerning ta’siri bilan tushuntirishga tayyor emas edilar! Ammo, bu effektni tushuntirish uchun Remer taklif etgan raqobat qiluvchi fikr ham ancha fantastik edi. Remer Ioning tutilishini, biz Yer bilan Yupiter orasidagi masofa ortganda kuzatganimizda yorug‘lik katta masofani bosib o‘tganidan, tutilish bir oz kechikadi, degan taklifni kiritdi. Remerning gipotezasini baholash uchun uning zamondoshlari yorug‘lik tezligi haqida nimalar deganini eslash kerak.
Yorug‘lik tezligi haqida chekinish. Qadimgi olimlar yorug‘lik oniy tarqaladi deb hisoblashgan (ehtimol, Empedokl bundan mustasnodir). Bu fikr uzoq asrlar Aristotelning obro‘si bilan mustahkamlangan edi. Sharqda Abu Ali Ibn Sino va Alxazen yorug‘likning tezligi chekli, ammo juda katta deb faraz qilishdi. Yangi davr Yevropa olimlari orasida yorug‘lik tezligini chekli deyishga tayyorlaridan biri Galiley edi. Uning «Suhbatlari» da uchta suhbatdosh — Sagredo, Simplichio va Salviati yorug‘lik tezligi masalasini muhokama qilishadi. Bu masalani Sagredo ko‘tarib chiqadi, Simplichio uni cheksiz deydi, chunki biz otishning alangasini ham «Vaqt yo‘qotmay» ko‘ramiz. Ovoz bir oz vaqt o‘tgandan so‘ng kelishi Satredo uchun ovoz yorug‘likka nisbatan sekin tarqalishini bildiradi. Bunga javoban bu suhbatda Galiley tomonini oluvchi Salviati qo‘lida fonari bo‘lgan ikki kuzatuvchi bilan tajriba o‘tkazishini tavsiya etadi. Bunda har bir kuzatuvchi sherigi fonarining yorug‘ligini ko‘rib o‘z fonarini yoqadi. Ammo Florensiya akademiyasini olimlari o‘tkazmoqchi bo‘lgan bu tajriba yorug‘lik tezligini chekliligiga real ishonish imkoniyatini bermaydi. (Eynshteyn va Infeld buning uchun vaqtning 1/100 000 tartibda soniyani oralig‘ini belgilay olish kerakligini aytadi). Kepler yorug‘lik oniy tarqaladi deb hisoblaydi; Robert Guk yorug‘lik tezligi chekli, ammo u juda katta bo‘lganligidan o‘lchab bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Dekart va Ferma yorug‘lik tezligini cheksiz deb hisoblaganliklari uchun ularning geometrik optikadan o‘tkazgan tadqiqotlari juda chalkashib ketdi. Dekart bir tomondan yorug‘lik oniy tarqaladi deb hisoblab, ikkinchi tomondan uni tashkil etuvchilarga ajratdi. Ferma o‘zining bugungi kunda eng kichik vaqt tamoyili deb atalgan, mashhur tamoyilini ifodalayotganda yorug‘lik tezligi haqida gapirmaslik uchun «yorug‘lik antipatiyasi» haqida gapirib, turli-tuman usullar ishlatadi. U kiritgan formal koeffitsient aslida yorug‘lik tezligi nisbatiga teng. Shunday qilib, Remerning ko‘pgina zamondoshlari yorug‘lik tezligining cheklanganligini tan olishga tayyor emas edi. Yorug‘likning astronomiya miqyosida ro‘y beradigan hodisalarning yuzaga kelishi uchun javobgar qilishni gapirmasa ham bo‘ladi. Taqqoslash uchun tovush tezligi ham yaqindagina, ya’ni XX-asrda o‘lchanganligini qayd etamiz.
Remerning hisoblashlari. Ular juda ham sodda. Shunday qilib, Remer 22 daqiqa — tutilish boshlanishining maksimal kechikishi—Yer bilan Yupiter oralig‘idagi eng katta va eng kichik farqiga teng masofani yorug‘lik bosib o‘tishi kerak bo‘lgan vaqtga teng bo‘lsa kerak degan mulohazaga asoslanadi. Bu farq Yer bilan Quyosh orasidagi masofaning ikkilanganiga teng. Bunga nisbatan Yupiter bilan uning yo‘ldoshlari orasidagi masofani hisobga olmasa ham bo‘ladi
Remerning Kassinidan minnatdor bo‘lishining yana bir sababi borligini ko‘ramiz, u Kassinidan Yer bilan Quyosh orasidagi masofa (146 mln. km) ni aniq bilib oldi. Shunday qilib, Remerning fikricha yorug‘lik 292 mln. km ni bosib o‘tishi uchun 1320 soniya (22 daqiqa) kerak ekan. Bundan yorug‘lik tezligi uchun 221200 km/soniya qiymat hosil bo‘ladi. Remer astronomik birlikdagi noaniqlik uchun (anig‘i 149,6 mln. km) xato qildi, ammo asosiy xato maksimal kechikish vaqtini aniqlashda edi (to‘g’risi 16 daqiqa 36 soniya). To‘g‘ri hisoblanganida yorug‘lik tezligi uchun haqiqiy qiymatga yaqin 300400 km/soniya qiymat hosil bo‘lar edi. Remerning yorug‘lik tezligi uchun tartib bo‘yicha to‘g‘ri qiymat bera olishi hayratlanarli.
Bu hisoblashlarni Remer 1676 yilning sentyabrida o‘tkazdi, u o‘zining haq ekaniga olimlarni ishontirish uchun Misr kohinlari hiylasiga yaqin qiziq hiyla o‘ylab topdi. U hisoblashlar o‘tkazib, Ioning noyabrdagi tutilishi taxminan 10 daqiqaga kechikishini aytdi. Kassini qatnashgan kuzatishlar Remer tutilishni bir soniyagacha aniqlikda aytganini tasdiqladi. Lekin bu mos kelish atrofdagilarni unchalik hayron qoldirmadi. Ayniqsa u, Parij Akademiyasidagi, ular orasida kartezianlar (Dekart tarafdorlari) bo‘lgan olimlarni ishontira olmadi. Axir ularning ustozi astronomlar haqida «ularning taxminlari hamma vaqt xato va ishonchsiz bo‘lsa-da, ular turli xil kuzatishlarga tayanuvchi ancha to‘g‘ri xulosalar chiqarishadi» deb yozgan edi. Remerni qo‘llab-quvvatlashdan hatto Kassini ham bosh tortdi! Fan tarixida bunday hodisalar tez- tez uchrab turadi. Remerning tarafdorlari ham topildi, ular orasida ayniqsa Angliya astronomi Edmond Galley (1656—1742) ajralib turadi.
Remer nazariyasini butunlay tan olish 1728 yili Jeyms Bredli (1693—1762) Yulduzlar aberratsiyasi yillik ko‘rinadigan harakatini o‘rganishida ro‘y berdi. Bu nazariya Yulduzdan keladigan yorug‘lik tezligi bilan Yerning orbita bo‘ylab harakati tezligining yig‘indisi singari tabiiy tushuntirish topdi. Bunda yorug‘lik tezligi Yerning harakati tezligidan 10000 marta katta bo‘lib chiqdi, bu esa Remer topgan qiymat bilan juda mos tushardi. Butunlay turlicha ikkita yo‘l bilan bitta javobga kelingani juda ko‘pchilikni ishontirdi. «Yer»dagi tajriba asosida yorug‘lik tezligini birinchi marta o‘lchashni Arman Fizo 1849-yili o‘tkazdi.
Bugungi kunda Galiley kashfiyotlari haqida gapirilganda «Voyadjer-1», «Voyadjer-2» kosmik apparatlari yordamida Yupiter Galiley yo‘ldoshlari sirti qanday tuzilganligini bilganimizni aytmaslik mumkin emas. 1986 yili Yupiterni maxsus o‘rganish uchun yuboriladigan apparat Galileyning nomida ekanini qayd, qilamiz. J. Eberxart yuborilgan rasmlarda ko‘rilgan manzara haqida bunday yozadi: «Galiley oylari» umuman «cho‘qqili sharlar kolleksiyasi» emas ekan. To‘rtta yo‘ldoshdan eng uzoqdagisi kraterlar bilan to‘lgan Kallisto sirti olimlarning farazini tasdiqladi. Ganimedda tekshiruvchilar ko‘z o‘ngida butun bir tektonik yoriqlar, shox kabi egri-bugriliklar namoyon bo‘ldi. Ammo sayyoraga yaqin ikki yo‘ldosh — Io va Yevropa butunlay esankiratib qo‘ydi.
Olimlar Ioning rasmida qizil va oltindek, kumushdek va qora qaynoq dunyo — faol vulqonlar hukmronligini ko‘rib o‘z ko‘zlariga ishonishmadi! «Voyadjer» ning obyektivi Yevropaga qaratilganida kuzatuvchilar ko‘z o‘ngida yorug‘ sirti qamchi bilan savalangan muz qoplangan gigant sayyora namoyon bo‘ldi...»
< avvаlgi | kеyingi > |
---|