Robert Raketachi

26.04.2017 19:02 Muzaffar Qosimov Maqolalar - Astronomiya
Chop etish

Robert Raketachi

Qattiq yoqilg‘ili raketalar paydo bo‘lganiga ming yildan o‘tdi. Mohiyatan, bu - katta feyrverk, mushakbozlik uchun qo‘llaniladigan raketalardir. Haqiqiy ma'nodagi kosmik raketalar yasashni orzu qilgan ilk konstruktorlar, raketaning ochiq koinotga uchib yetib borishi uchun, qo‘shimcha ravishda suyuq yoqilg‘i quvvati ham zarur bo‘ladi deb hisoblashgan. Lekin, undan ham avval, koinotga uchib chiqa oladigan raketa texnologiyalarini o‘zini yaratish zarur edi.

Kosmosga parvoz qilish uchun raketa shunday dvigatelga ega bo‘lishi kerakki, u har qanday sharoitda ham ishlab, zaruriy energiya va harakatni ta'minlab berib tursin. ya'ni, bunday dvigatel raketani koinotga uchirib yuboradigan start maydonchasida ham, atmosferaning bosim past bo‘lgan yuqori siyrak qatlamlarida ham, shuningdek, deyarli vakuum holati bo‘lmish ochiq koinotda ham ishlashi shart.

Agar, tashqi yonuv dvigatellaridagi singari (bug‘ dvigateli) havodan foydalanilsa, yoki, ichki yonuv dvigatellaridagi kabi benzindan foydalanilsa, unda Yer atmosferasining havo juda siyrak bo‘lgan yuqori qatlamlarida bunday dvigatel ishlamay qoladi. Chunki, bunday yuqori balandlikda havo tarkibida kislorod juda kam bo‘ladi. Kislorod esa yonish va energiya ajralib chiqishi uchun juda muhim.

Suyuq yoki qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan raketa dvigatellari esa boshqa masala. Suyuq yoqilg‘ida ishlovchi raketa dvigatellari uchun yonilg‘i baklarida aslida birvarakayiga ikki xil yoqilg‘i olib yuriladi. Aniqrog‘i, ulardan biri haqiqiy yoqilg‘i bo‘ladi; ikkinchisi esa o‘sha yoqilg‘ini oksidlovchi va shu orqali uning yonishiga yordam berib, energiya ajralib chiqishiga ko‘maklashuvchi modda bo‘ladi. Yoqilg‘i va oksidlovchi moddalar raketa dvigateli ichida aralashishi natijasida kuchli yonish reaksiyasi vujudga keladi va o‘zidan kuchli issiqlik bilan birgalikda, juda tez kengayuvchi tashlama gazlar hosil qiladi. Hosil bo‘lgan gazlar dvigateldagi bittagina soplo orqali shiddat bilan tashqariga otilib purkalib chiqib ketib turadi. Qolgan ishni esa, raketaning harakat qonunlari o‘z zimmasiga oladi. ya'ni, raketa dvigatelidan gazlar shiddat bilan tashqariga otilib chiqib turadi va aynan ularning itarish kuchi raketani oldinga yo‘naltiradi (ya'ni, uchirib yuboradi). Suyuq yoqilg‘ida ishlovchi raketa dvigatellarining yana bir afzallik jihati shundaki, ularni o‘chirib qo‘yish va keyin yana ishga tushirish mumkin. Bu raketani boshqarish va manyovr qilishda eng muhim jihatlardan biridir.

Koinotni o‘zlashtirish tarixi hikoya qilinadigan kitoblarda, Konstantin Siolkovskiy bilan bir qatorda, kosmosga uchish haqida orzumand bo‘lib o‘tgan yana bir inson - Robert Goddart haqida ham albatta esga olib o‘tiladi.

1909-yilda o‘smir Goddart olma bog‘idagi daraxtlardan birining ustida olma g‘ajib, osmonga qarab xayol surib o‘tirarkan, ushbu bog‘ o‘rtasida turgan va Marsga parvoz uchun shaylanayotgan raketani ko‘z oldiga keltiradi. U, raketa koinotga muvaffaqiyatli chiqib olishi uchun zarur bo‘ladigan barcha muhandislik hisob-kitoblarini to‘g‘ri bajarish evaziga, shunday raketani haqiqatan ham yasash mumkin degan fikrga keladi va tajribalarini boshlab yuboradi. Aytishlaricha, o‘smir Goddart koinotga parvoz qila oladigan raketalarni loyihalash va yasash ishlariga qattiq berilib ketib, o‘sha yillaridayoq bu maqsad yo‘lida ko‘p marta turli raketa modellarini yasab uchirib ko‘rgan ekan. Uning bu "qiliq"laridan esa odatda qo‘shnilari aziyat chekishgan. Chunki, o‘spirin Goddart yasagan "raketa"lar har safar, parvozga start berilgandan bir necha daqiqa o‘tib, u yoki bu qo‘shnining tomiga, yoki poliziga kelib tushavergan. Ko‘p sonli urinishlar va tajribalardan so‘ng, 1926-yilda endi yoshi ancha katta bo‘lib, navqiron yigitga aylangan Robert Goddart o‘zining ilk haqiqiy raketasini yasab tayyorlaydi. Uning dastlabki parvozi Yangi Angliyaning qor qoplagan ochiq maydonlaridan birida amalga oshirilgan. Parvoz atiga bir necha soniya davom etgan va o‘sha raketa ham, yaqin oradagi fermerning karam ekilgan dalasiga qulab tushgan. Tekshirish shuni ko‘rsatdiki, raketa dvigatelining soplosi kuyib ketgan ekan. Muvaffaqiyatsiz chiqqan bo‘lsa-da, lekin, Goddart ushbu tajriba-sinov parvozi va uning natijalarini tahlil qilib, raketalarning va ayniqsa raketa dvigatelining keyingi konstruksiyalariga o‘zgartirishlar kiritib bordi.

Garchi omadsiz chiqqan bo‘lsa-da, harholda, suyuq yoqilg‘ida ishlashga mo‘ljallangan va karam poliziga qulagan ushbu dastlabki raketa va uning asosida yasalgan keyingi ko‘plab boshqa Goddart raketalari tovush tezligiga yaqin tezliklargacha erishgan va o‘z zamonasi fan-texnikasi uchun nihoyatda katta yutuq sanalgan. Goddartning o‘sha raketalari suyuq yoqilg‘ida, aniqrog‘i benzin va suyiltirilgan kislorodda ishlagani bilan ham raketa texnikasi uchun katta yangilik kiritgan edi. Hozirda klassik raketa modeli sanaladigan konstruksiya, ya'ni, yoqilg‘i baki va uning ostiga joylashtirilgan yonish kamerasi - aynan Goddart izlanishlari mahsulidir.

Rasmda: Robert Goddart o‘zi yasagan suyuq yoqilg‘ili raketalardan biri bilan. 1927-yil.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 01.12.2018 10:41