Mendeleyev kimyoviy elementlar davriy jadvalidagi 117-element ochilgani rasman tasdiqlandi.

07.05.2014 17:42 Muzaffar Qosimov Maqolalar - Qiziqarli kimyo
Chop etish
Maqola Reytingi: / 50
Juda yomon!A'lo! 

Mendeleyev kimyoviy elementlar davriy jadvalidagi 117-element ochilgani rasman tasdiqlandi.

Germaniyaning Darmshtadt ilm-fan shaharchasida faoliyat olib borayotgan xalqaro fizik-yadroshunos olimlar guruhi, Mendeleyev kimyoviy element davriy jadvali tartibi bo‘yicha 117-elementni sintez qilishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu haqda, 1-may kuni, Phys.Rev.Lett. jurnalida e'lon qilingan.

Bungacha, ushbu elementni 2009 va 2010-yillarda Rossiya Federatsiyasining Dubna ilm-fan shaharchasidagi Yadro tadqiqotlari Birlashgan institutining kimyoviy tadqiqotlar laboratoriyasida ikki marta sintez qilingan edi.

Darmshtadtdagi Germann Gelmgolts nomidagi og‘ir ionlarni tadqiq qilish markazi (Helmholtzzentrum für Schwerionenforschung, GSI) tadqiqotchilari ham, Dubnadagi kabi, Kalsiy va Berkliy (48Ca va 249Bk) elementlari yadrolarining o‘zaro birikishi reaksiyasini qo‘llab, 117-elementni sintez qilishgan. 2009 va 2010 yillarda, akademik Oganesyan boshchiligida,Dubnada 117-elementning avvaliga 6 ta keyin esa 5 yadrolari sintez qilingan edi. Darmshtadt laboratoriyasida 2014 yil tadqiqotlari va tajribalari, 117-elementning 7 ta yadrosini sintez qilishga erishildi. Nemis olimlarining tajribalarida, 117-element yemirilish davri mobaynida 105-element - Dubniy hosil bo‘lishi yo‘li bilan kechuvchi yana ham takomillashgan usulini ishlab chiqishga imkon berdi. 117-elementning yarim yemirilish davri, submikrosoniya (soniyaning mingdan bir ulushlaridan ham qisqa) vaqtlarda ekanligi ilmiy baholanmoqda. Aytgancha, 105 element, aynan Dubna shahri sharafiga "Dubniy" deb nomlangan bo‘lsa, 110-element, uning nemis birodari Darmshtadt sharafiga, "Darmshtadtiy" deb nomlangan edi. Rasman tasdiqlangan, yangi 117-element uchun nom esa, Xalqaro Amaliy va Nazariy Kimyo Ittifoqi (IUPAC)ning yaqin kunlardagi yig‘ilishlarida tasdiqlanadi. Hozircha esa, yangi elementning nomi, vaqtincha, lotin raqamlari tartibidagi "Ununseptiy" bo‘lib, aynan "117-chi" degan ma'noni anglatadi. Xalqaro kimyo fani an'analarga ko‘ra, yangi 117-elementning nomi, uni birinchi bo‘lib sintez qilgan ilmiy guruh - Dubnaliklar tomonidan qo‘yilishi kerak. Bu borada, yaqin kunlarda aniq bir qarorga kelinishi kutilmoqda.

117-element, Mendeleyev davriy jadvalining hozircha so‘nggi a'zosi bo‘lib, yangi nashr etiladigan jadvallar va darsliklarga kiritiladi. Davriy jadvalga kiritilishga nomzod, biroq hozircha rasman tasdiqlanmagan 118-element ("Ununoktniy") yadrolari ham, 2002 va 2005 yillarda Dubnada sintez qilingan. Eslatib o‘tamiz, 119- va 120-chi elementlarning yadrolarini sintez qilishga bo‘lgan urinishlar, hozircha samara bermayotir.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 27.12.2018 13:59