Gidravlik tormoz

02.08.2013 04:16 Muzaffar Qosimov Maqolalar - Qiziqarli fizika
Chop etish
Maqola Reytingi: / 11
Juda yomon!A'lo! 

Gidravlik tormoz

Avtomobilga kuchli dvigatel kerakligi tushunarli. Lekin zaruriy vaqtda avtomobilni imkoni boricha tezroq to‘xtatadigan ishonchli tormoz tizimining ahamiyati ham undan kam emas. Ko‘plab zamonaviy avtomobillarda gidravlik tormoz tizimlar qo‘llaniladi.

 

XIX-asr oxirida paydo bo‘lgan ilk avtomobillar davridan buyon avtomobil tormoz tizimida ko‘plab o‘zgarishlar, takomillashuvlar yuz berdi. Dastavval avtomobil tormoz tizimi g‘ildirak gardishiga (diskaga) qisiladigan oddiy kolodka ko‘rinishida namoyon bo‘lgan. Bunga o‘xshash tormozlar hozir ham velosipedlarda qo‘llaniladi. Qisqa qilib aytganda, dastlabki avtomobillarning haydovchilari o‘z ulovlarini o‘zlarining jismoniy kuchlarini ishlatish evaziga to‘xtatishgan.

1900-yillar boshida barabanli tormozlarni qo‘llash boshlandi. Bu turkum tormoz tizimi uchun 1902-yilda Lui Reno patent oldi. Uning loyihasidagi tormoz kolodkalari yarim aylanali ichi bo‘hs baraban ichkarisida joylashgan. Baraban kolodkalarni tashqi ifloslanishdan, yomg‘ir, qorlardan himoyalagan. Bunday tormoz tizimi richaglar orqali harakatga keltirilgan.

1930-yillarga kelib avtomobillarning harakatlanish tezligi ancha ortib ketdi. Haydovchining muskul kuchi endilikda yetarli bo‘lmay qoldi. Bu vaziyatning yechimi sifatida Gidravlik uzatmali tormoz tizimi ixtiro qilindi. Tormoz pedallari va tormozning o‘zi ham siqiluvchanlik xususiyati yo‘q moy suyuqligi bilan to‘ldirildi. Lekin 50-yillardan keying avtomobil sanoatidagi rivojlanish va tezlikning maksimal chegarasining navbatdagi ortishi, tormoz tizimlarini ham yanada takomillashtirish zaruriyatini paydo qildi. O‘shanda kuchaytirgich tizimiga ega tormozlar ixtiro qilindi. Uning ishlash tamoyili gidravlik tormoz tizimi bilan aynan bir xil edi, faqat loyihalashda tormoz pedaliga vakuum tizimi bilan birga o‘rnatilgan va bu tizim pedalning quvvatini kuchaytirishga hizmat qildi. Nihoyat, 1970 - yillardan boshlab diskli tormozlar foydalanishga chiqarildi. Bunday tormozlarda kolodkalar barabanning ichki sirtiga emas, balki cho‘yan gardish (diska)larning tashqi aylana tekisligiga qisiladi.

Agar haydovchi tormozni birdaniga qattiq ravishda bossa, avtomobil g‘ildiraklarining blokirovkalanib qolishiga va mashinaning sirpanib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Hozirgi zamonaviy avtomobillarning aksariyatida Blokirovkadan himoyalangan tormoz tizimi  o‘rnatilgan. Bunda maxsus elektronika vositalaridan foydalaniladi.

Yirik planda

Katta tezlik bilan harakatlanayotgan zamonaviy avtomobilning to‘xtashi yoki tezligini kamaytirishi uchun tormoz tizimining ishga tushirilishi katta kuchni talab qiladi va buning uchun haydovchining muskul kuchlari yetarli bo‘lmaydi. Shu tufayli tormoz tizimida siqilmaydigan suyuqlik asosidagi gidravlik tizim qo‘llaniladi.

Haydovchi tormoz pedalini bosganida, porshen suyuqlikni (bu asosan moy bo‘ladi), asosiy tormoz tslindridan trubkalar orqali bosim ostida uzatib, g‘ildiraklar oldidagi boshqa bir porshenlarni harakatga keltiradi va ular orqali avtomobilning har bir g‘ildiragining tormoz kolodkalarini ishga tushiradi. Bu tizimning ishlash mohiyati shundaki, yopiq quvur yoki idish ichidagi suyuqlikning bosimi doimo bir xil saqlanadi. Bundan shu ma'lum bo‘ladiki, biz tormoz pedalini oyoqlarimiz bilan bosish orqali trubkaning bir uchidagi suyuqlikka bosim bersak, bosim bevosita trubkaning narigi uchiga uzatiladi, huddiki biz g‘ildirak kolodkalari porshenlarini har birini alohida bosayotgandek

G‘ildiraklar qarshisidagi tormoz porshenlari asosiy porshendan kattaroq bo‘lib, lekin uning harakat masofasi ancha qisqa bo‘ladi. Shu sababli bosim ostida berilgan kuch bu yerda ko‘p marotaba ortadi va tormozlanish xususiyati sifati yuqorilashadi.

 


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

 

Yangilаndi: 26.03.2018 11:26