Barrel

25.04.2020 15:06 Muzaffar Qosimov Xalqaro birliklar tizimi - SI - Tizimlashmagan birliklar
Chop etish
Maqola Reytingi: / 11
Juda yomon!A'lo! 

Barrel

Barrel – asosan AQSh va Britaniyaning sobiq mustamlakalari hududida keng tarqalgan hajm o‘lchov birligi. SI tizimiga kirmaydi va nostandart, ya'ni, o‘nlik sanoq tizimiga tushmaydigan ulushli birliklari tufayli birmuncha noqulay birlik bo‘lib, qolaversa, suyuq va quruq (sochiluvchan) moddalar uchun turli xil barrel o‘lchamlari mavjudligi holatni yanada chigallashtiradi.

Qanday moddaning hajmi o‘lchanayotganiga qarab, quruq barrel va suyuq barrel, hamda, bundan tashqari, hammasidan alohida, neft barreli ham bo‘ladi. Quruq barrel bilan asosan don-dun va shunga o‘xshash moddalarning hajm birligidagi miqdori ifodalanadi. Boz ustiga, donning har bir turi uchun alohida barrel qo‘llanadi, masalan, bug‘doy uchun boshqacha, arpa uchun boshqacha va makkajo‘xori uchun boshqacha barrel bo‘lishi mumkin.

 

Suyuq barrel bilan esa, pivo, vino va ho kazolarning hajm birligidagi miqdori belgilanadi. Neft barreli esa, nomidan ma’lumki, faqat neftning hajmiy miqdorini ko‘rsatish uchun qo‘llaniladi. Ularning hammasi litrga o‘girganda turlicha qiymatlarni taqdim etadi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, barrel aslo vazn birligi emas.

Barrel so‘zi ingliz tilida bochka degani bo‘lib, o‘rta asrlarda ingliz savdo kemalarida tovarlar tashilgan bochkaning nomi barrel bo‘lgan. Shunaqa bochkadan bittasiga sig‘adigan don miqdori bir barrel deb olingan va xuddi shuningdek, bir barrel vino ham bitta shunaqa bochkaga sig‘adigan vino hajmi bo‘lgan.

Tarixan, barrel birligining qiymatlari AQSh va Angliya uchun boshqacha-boshqacha ham bo‘lib qolgan.

Quruq barrel AQShda quyidagicha hajmlarga ega:

1 quruq barrel = 7,056 kub dyum ≈ 3,28 bushel ≈ 105 quruq kvarta ≈ 115,6 litr;

AQSh quruq barreliga ko‘ra o‘lchamda sotiladigan mahsulotlarning bir barrel hajmi quyidagicha standart vaznga ega bo‘ladi:

1 barrel zog‘ora un = 200 funt = 90,7 kg;

1 barrel sement = 4 kub funt = 113 litr = 170,6 kg;

1 barrel shakar = 5 kub funt = 37 gallon = 142 litr ≈ 102,4 kg;

1 barrel bug‘doy uni = 3 bushel = 196 funt = 88,9 kg;

1 barrel ohak = 280 funt = 127 kg;

1 barrel tuz = 280 funt = 130 kg.

Ko‘rib turganingizdek, g‘irt mujmallikning uyasi.

Suyuqlik barreli ham mujmallikda bundan qolishmaydi. Masalan, Britaniyada bir barrel pivo 36 gallon deb olinadi va u ≈163,7 litrga teng bo‘ladi; AQShdagi bir barrel pivo esa, ≈117 litr bo‘ladi, bu esa ularda 43 gallonga teng keladi.

Umuman suyuqliklar uchun esa AQShda bir barrel 31,5 gallon deb qabul qilingan va bu 119 litrga teng deb olinadi; Britaniya suyuqlik barreli esa 36 gallonga teng bo‘ladi va 164 litr keladi.

Bunchalik chalkashlikning sababi oddiy: barrel – bochka degani; avvallari esa, bochkani standart bo‘yicha tayyorlashmagan. Balki, savdo kemasida bochkada qanday tovar tashilishiga qarab, bochka ham turlicha tayyorlangan. Masalan, baliq, kit yog‘i, olma, don, sharob va ho kazolar uchun, o‘ziga xos bochkalar ishlatilgan. 1700-yildan boshlab ingliz savdo floti kemalari, baliq, vino, kit yog‘i, kartoshka va ho kazolarni tashish uchun 42 hajmi gallonga teng bo‘lgan standart bochkalarni qo‘llay boshlashgan. AQSh Britaniyadan mustaqillikni qo‘lga kiritgach esa, bu mamlakatda baribir ushbu birliklar qo‘llanilavergan.

Neft uchun alohida barrel qabul qilingan. Bir neft barreli 35 Britaniya galloniga va 42 AQSh galloniga to‘g‘ri keladi. Bir barrel neft 159 litr hajmga ega bo‘ladi. Ya'ni, bir barrel hajmli bochkada 159 litr miqdorda neft bo‘ladi.

Fond birjalarida neft asosan ming barrel yoki, million barrel hajmlarda savdoga qo‘yiladi. Ushbu hajmlar barrelning Mbbl (ming barrel) va MMbbl (million barrel) karrali birliklari hisoblanadi. Ba’zan katta statistik hisob-kitoblar uchun, milliard barrel (Gbl - gigabarrel) karrali birligi ham qo‘llanadi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 23.04.2020 15:15