Zamin tin olmoqda. Tom ma'noda

10.04.2020 11:21 Muzaffar Qosimov Bu-qiziq - Fan haqida faktlar
Chop etish

Zamin tin olmoqda. Tom ma'noda

COVID-19 pandemiyasining muayyan texnologiyalarning rivojiga ijobiy ta’siri haqida avval ham yozgan edik. Buni qarangki, epidemiyadan kutilmagan naf ko‘rayotgan oz sonli sohalar, masalan, onlayn dars platformalari, yetkazib berish xizmatlari va antiseptik ishlab chiqaruvchilar qatorida, yana bir soha vakillari ham o‘zlari uchun tarixda misli ko‘rinmagan qulay ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishibdi. Kim deysizmi? Seysmologlar!

 

 

Epidemiya hammani uyda qolishga ko‘ndirdi. Odamlar endi eng yirik shaharlarda ham to‘da-to‘da bo‘lib u yoqdan-bu yoqqa harakatlanmayapti. Shahar ko‘chalaridagi betartib hovliqma harakat to‘xtagan. Poyezdlar yurmayapti, samolyotlar uchmayapti, mashinalarning ham taxminan 95 foizi garajda qolgan. Natijada, go‘yoki, zamin tin olmoqda. Bu - hissiyot uyg‘otuvchi falsafiy ma’nodagi gap emas. Balki, haqiqatan ham, zamin tom ma’noda tin olmoqda!

Odamzotning o‘zi va transport vositalari qatnovidan iborat yer sirtidagi tinimsiz harakat to‘xtagach, zamin seysmik jihatdan ham osoyishta bo‘lib qoldi. Bu esa, seysmologiya sohasi mutaxassislari uchun, Yer qa’ridagi nozik seysmik tebranishlarni ham qayd etish va o‘rganish imkonini beradigan noyob imkoniyatni taqdim etmoqda. Vaziyatdan foydalanib, zaminga nisbatan odamzot beradigan sun’iy seysmik xalaqitlardan holi ravishda, sof seysmologik holat haqida mukammalroq axborot olish mumkin. Buni birinchilardan bo‘lib, Belgiya Qirollik rasadxonasi geologi va seysmologi Tomas Lekok o‘zining CNN ga bergan intervyusida qayd etgan. Unda keltirilishicha, odamlar uyda qolgani va transport harakati to‘xtagani sababli, Bryussel va uning atrofi 30-50 foizga sun’iy seysmik tebranishlardan qutulgan. Bu degani, ushbu shahar yer osti qa’ridagi eng nozik silkinishlarni ham endilikda, katta aniqlikda qayd etish va tektonika tendensiyasini belgilashda mukammalroq natijalar olish mumkin.

 

Rasm: Bryusseldagi seysmik faollikning fevral va mart oylaridagi farqi. Martda, lokdaun, ya'ni, aholining yoppasiga uyda qolishi tufayli, shahar yer osti faolligi keskin pasaygan.

Bu haqida maqola shuningdek Nature jurnalining saytida ham keltirilgan bo‘lib, Vashington seysmologik tadqiqotlar instituti mutaxassisi Endi Frasetto ham xuddi shu tendensiyani qayd etganini aytib o‘tish joiz.

Aynan shunday holat, ya'ni, zaminning noodatiy osoyishtaligi tufayli, sun’iy seysmik ta’sir, taxminan 50 foizga pasaygani Los-Anjelesda va Londonda ham qayd etilgan. Shunga qaramay, yirik shaharlardan olisda, avvaldan tinch bo‘lgan nuqtalarda seysmologik kuzatuv olib boradigan boshqa mutaxassislar, ushbu o‘zgarishlarni sezmasliklari tabiiy deb alohida ta’kidlangan, Nature sahifasidagi o‘sha maqolada.

Olimlarning fikricha, nima bo‘lganda ham, shahar aholisi shu ishni to‘g‘ri qilyapti. Sun’iy seysmik faollikning sezilarli susayishi, shahar aholisining, tashqaridagi virusning xavfini to‘g‘ri baholab, o‘z salomatligini asrash uchun uyda qolayotganiga yaqqol dalildir. Shunday ekan, uyda qoling azizlar, zamin ham tin olsin!


Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 10.04.2020 12:48