Gaz niqobi - protivogaz

06.02.2019 10:50 Muzaffar Qosimov Bu-qiziq - Bu qanday ishlaydi?
Chop etish
Maqola Reytingi: / 52
Juda yomon!A'lo! 

Gaz niqobi - protivogaz

Protivogaz – nafas olish organlarini, ko‘z, hamda yuz terisini havoda mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan zaharli gazlar va toksik moddalardan himoya qiluvchi shaxsiy himoya vositasidir.

Protivogazlarning ikki turi, ya’ni, filtrlovchi hamda, izolyatsiyalovchi turlari farqlanadi.

Filtrlovchi protivogazlar odamni o‘zi turgan havo muhitidagi zaharli gazlardan himoya qiladi va bu turdagi gaz niqoblarini kiygan holda uzoq muddat ish bajarish, zaharli havo muhitida ishlashda va yurishda davom etish mumkin emas. Chunki, o‘z nomiga ko‘ra, bu turdagi protivogaz, nafas olinayotgan havo muhitidagi zaharli gazlarni filtrlab ushlab qoladi va nafas olish uchun faqat kislorod gazini o‘tkazib beradi. Bunda, kislorod ham aynan o‘sha muhitning o‘zidan olinadi. Shu sababli ham, bunday protivogazni taqqan holda uzoq turib bo‘lmaydi.

Chunki uning filtri zaharli gaz bilan to‘yinib qolib, kislorodni o‘tkazmay qolishi mumkin. Filtrlovchi protivogazdan foydalanish faqat to‘satdan gaz xavfi paydo bo‘lganda, tezkorlik bilan gaz niqobni kiyib, ushbu zaharlangan havo muhitini tark etish uchun tavsiya etiladi. Filtrlovchi protivogazning filtr qutisini himoya qobiliyati vaqt o‘tishi bilan yo‘qolishi sababli, uni davriy almashtirish (yangilash) zarur bo‘ladi. Filtrlovchi protivogazlar havo muhitida erkin kislorod miqdori 18% dan kam bo‘lmagan va zaharli gazlar miqdori 0,5% dan ko‘p bo‘lmagan holatlarda qo‘llaniladi. Chunki, aytib o‘tilganidek, bunday protivogazda kislorod bevosita odam turgan muhitdagi havoning o‘zidan olinadi filtr uni qo‘shimcha kislorod bilan boyita olmaydi. Agar havo muhitidagi erkin kislorod miqdori 18% dan kam bo‘lsa, bu odamda nafas yetishmovchiligiga olib keladi va hushdan ketish, yoki, yanada og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Izolyatsiyalovchi protivogazlar esa zaharli gaz muhitida, yoki, havoda nafas olish uchun erkin kislorod yetarli bo‘lmagan muhitlarda ish olib borish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda odam uchun kislorod uzun shlang orqali boshqa joydan, ya’ni, havosi toza muhitdan olib, uzatib berib turiladi. Izolyatsiyalovchi protivogazlar ham ikki xil bo‘ladi. Ularning birinchi turida shlang qisqaroq bo‘lib, bunday protivogazda ishlayotgan odam shlang orqali havoni o‘z o‘pkasi kuchi bilan erkin nafas olib tortib olaveradi. Bunday protivogazlarda shlang uzunligi 10 metrgacha bo‘ladi va u PSH-1 deb ataladi. Lekin, agar toza havo muhiti 10 metrdan uzoq bo‘lsa, bunday masofadan odam o‘pkasi o‘zi mustaqil havo tortib nafas olishga kuchi yetmaydi. Shu sababli, shlang uzunligi 10 metrdan uzoq bo‘lgan (20 metrgacha bo‘lgan) holatlarda, PSH-2 turdagi izolyatsiyalovchi protivogazdan foydalanish zarur bo‘ladi. Bunday protivogaz qo‘shimcha ravishda, odamga havo yetkazib berish uchun mo‘ljallangan maxsus havo haydovchi kompressor bilan jihozlanadi. Bunday kompressor ham elektr tokida va ham qo‘lda aylantirish orqali ishlaydigan bo‘ladi. Sababi, elektr toki yetib bormagan joylarda ish bajarishga to‘g‘ri kelib qolsa, yoki, odam ishlayotgan paytda tok o‘chib qolsa, u dimiqib qolishi tayin. Shuning uchun ham, bunday protivogaz bilan ishlashda juda qattiq ehtiyot choralari ko‘riladi. PSH-1 izolyatsiyalovchi protivogazda ishlayotganda kamida ikki kishi ishlashi kerak bo‘ladi. PSH-2 bilan ishlashda esa kamida uch kishi ishlaydi. Ulardan biri bevosita ish olib boradi, ikkinchisi esa har qanday holatga tayyor turib, ishning borishini kuzatadi. Agar, ishlayotgan odam o‘zini sal noxush sezishni boshlasa, uni darhol chiqarib olinadi va ishni to‘xtatiladi. Ish 30 daqiqadan oshmagan holda, oraliq 15 daqiqadan kam bo‘lmagan tanaffuslar bilan bajariladi. Bunday protivogaz komplektida albatta qutqaruv arqoni, signal berish arqoni, qutqaruv tasmasi va uch xil o‘lchamdagi shlem-niqob bo‘ladi.

Protivogazlarning yuqoridagi har ikki turini o‘zida birlashtirgan kombinatsiyali, ya’ni, aslida izolyatsiyalovchi, lekin, favqulodda zaruriyat bo‘lib qolsa, yengil harakat bilan filtrlovchi protivogazga ham aylantirsa bo‘ladigan turlari ham mavjud.

Protivogazlar qo‘llanish sohalariga qarab to‘rt turkumga ajratiladi. Ya’ni: harbiylar uchun gaz niqoblari, sanoat gaz niqoblari, fuqaro gaz niqoblari, hamda, bolalar gaz niqoblari farqlanadi. Harbiylar gaz niqoblari harbiy xizmatchilarning standart ekipirovkasi tarkibiga kiradi va asosan universial filtrlash qobiliyatiga ega bo‘ladi. Harbiylardan tashqari, bunday protivogaz shuningdek favqulodda vaziyatlar vazirligi tarkibidagi qutqaruv xizmatlarida ham qo‘llaniladi. Bunday protivogazlar ishonchliligining yuqori ekanligi, hamda, deyarli barcha turdagi zaharli gazlardan himoya qilish xususiyati bilan ajralib turadi. Fuqaro gaz niqoblari esa favqulodda vaziyatlarda aholini gaz hujumidan himoya qilish va odamlarni xavfsiz hududga qochib chiqib olishlarini ta’minlash uchun foydalaniladi. Albatta, bunday gaz niqoblari ham yetarlicha ishonchlilikka ega bo‘ladi. Ularni harbiy gaz niqoblaridan farqlash ham aslida birmuncha mushkul. Faqat harbiylarning gaz niqoblar nisbatan mustahkamroq materiallardan ishlab chiqariladi (masalan, ko‘zoynagi olovbardosh shishadan tayyorlanishi mumkin).

Sanoat gaz niqoblari esa protivogazlarning eng alohida ahamiyatga ega, maxsus turi bo‘lib, bu ishlab chiqarish jarayonlarida va avariya holatlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zaharli gazlardan hamda kimyoviy toksik moddalardan ishchilarni himoya qilishga mo‘ljallangan. Bunday protivogazlarning filtr qutisi aynan bitta turdagi zaharli gazni filtrlashga mo‘ljallangan maxsus bo‘lishi, yoki, bir necha turdagi zaharli gazlardan himoya qila oladigan kombinatsiyalangan bo‘lishi, yoki, bir vaqtning o‘zida, hamma turdagi zaharli gazlardan, aerozollardan va changdan himoya qiladigan universial bo‘lishi mumkin.

Bolalar gaz niqoblari esa, nomidan ham ma’lumki, o‘smirlar va kichik yoshdagi bolalarni gazdan himoya qilish uchun mo‘ljallangan bo‘ladi va ularning fuqaro gaz niqoblaridan faqri odatda faqat niqobning o‘lchamlarida bo‘ladi.

Turli yillarda gaz niqoblarining jangovar itlar va otlar uchun mo‘ljallangan turlari ham ishlab chiqarilgan. Lekin, hayvonlarning hammasi ham gaz niqobiga to‘g‘ri munosabatda bo‘la olmaydi va odatda bu hayvonning g‘ashiga tegadi. Shunga qaramay, hozir ham keng qo‘llanishda bo‘lmasa-da, har holda, zarurat tug‘ilganda jangovar itlar va otlar uchun taqsa bo‘ladigan gaz niqoblari mavjud.

O‘rni kelganda aytib o‘tish kerakki, ba’zilar protivogaz, ya’ni, gaz niqobi bilan, respiratorni adashtirishadi, yoki, ikkalasi bitta narsa deb o‘ylashadi. Lekin unday emas. Farq shundaki, protivogaz yuqorida aytilganidek, ham nafas yo‘llarini, ham ko‘zni va yuz terisini himoyalaydi. Oddiy qilib aytganda, protivogaz odamning butun bosh qismini himoyalaydi va kallaning barcha qismini, jag‘ va quloqlarni, boshning orqa tarafini, ya’ni, ensagacha bo‘lgan qismini ham to‘sadi. Respirator esa faqat og‘iz va burunni to‘sib, boshning boshqa qismlarini himoyalay olmaydi.

Gaz niqoblarining ilk namunalari o‘rta asrlarda paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, lekin, odamni zaharli gazlardan samarali himoya qila oladigan haqiqiy gaz niqoblarini yaratishga bo‘lgan urinishlarning barchasi to XX-asr boshlarigacha muvaffaqiyatsiz ketgan. Olimlar laboratoriyalarda, kuchli chang chiqarib ishlovchi sanoat korxonalarida, tutunda va tumanda ishlashga mo‘ljallangan turli himoya vositalarini, niqob va skafandrga o‘xshash bosh kiyimlarni o‘ylab topishgan. Lekin, bugungi ko‘rinishdagi, haqiqiy himoya qobiliyatiga ega samarador protivogazlar birinchi jahon urushi yillarida ixtiro qilingan. Bunga sabab, o‘sha urushda nemislar birinchi bor kimyoviy qurollarni ommaviy qo‘llashga o‘tgani bo‘lgan edi. Xususan, 1914-yil avgustida, Kayzer Germaniyasi tomonidan boshlangan I-jahon urushi, ma'lum vaqt o‘tgach, ittifoqchi davlatlar qo‘shinlari tomonidan Germaniyaning o‘zini mag‘lubiyatga uchratila boshlanishi bilan, mazkur mamlakat uchun tahdidli yo‘nalishga kirdi. Germaniyaning urush harakatlari borgan sari muvaffaqiyatsizliklarga uchray boshladi, armiya jiddiy talafotlar ko‘rdi. Mazkur vaziyatda, nemis harbiy qo‘mondonligi, Berlindagi Fizik Kimyo va Elektrokimyo Institutiga dushmanga ommaviy zarba bera oladigan kimyoviy qurol to‘g‘risida murojaat qildi. Mazkur institutning rahbari - Frits Gaber (1868 - 1934) shaxsan mazkur yo‘nalishda ish olib bordi va olmon armiyasiga dastlabki kimyoviy qurol - Xlorning maxsus gazini yetkazib berdi. U tomonidan nemis armiyasiga yetkazib berilgan, zaharli gaz to‘ldirilgan kimyoviy zaryadlar bilan o‘t ochuvchi maxsus minomyot tarixda birinchi marotaba 1915-yilda Belgiyaning Flandriya o‘lkasidagi Ipr qishlog‘i yaqinidagi jangda qo‘llanildi. Shu tufayli mazkur kimyoviy qurol, «Iprit gazi» nomini oldi. Aslida-ku, bu gaz ham emas, balki uchuvchan suyuqlik bo‘lib, hidi sarimsoqpiyozning o‘ta qo‘lansa hidiga o‘xshash bo‘lgan. Uning kimyoviy formulasi esa C4H8Cl2S shaklida keltiriladi. Ushbu gaz undan nafas olgan odamga o‘ta bo‘g‘uvchi salbiy ta'sir ko‘rsatib, ko‘rish organlarini ham zararlagan. Uning suyuq holda teriga kelib tushishidan esa, uzoq vaqt qichishib azob beradigan va o‘ta sekin bitadigan yara-shishlar hosil bo‘lgan.

Nemislar ipritni havoga purkagan vaqtda, ittifoqchi qo‘shinlarning ko‘p sonli askarlari zaharlanib jang qobiliyatini yo‘qotgan. Asosan ko‘z shilliq pardasini kuchli o‘yuvchi xususiyati bilan mazkur qirg‘in quroli askarlarning nafas yo‘llariga ham bo‘g‘uvchi ta'sir ko‘rsatgan. Bu esa, jang maydonidagi dahshatni yanada orttirib, katta miqdordagi askar yo‘qotishlarga sabab bo‘lgan. Ipritdan himoyalovchi maxsus niqoblar frontga yetkazilgunga qadar, bu usulda nemis armiyasi bir necha janglarda ittifoqchi qo‘shinlarga keskin va kuchli zarba bera oldi. Bunga ittifoqchi qo‘shinlar mutlaqo tayyor emasdi. Aksiga olib, o‘sha vaqtlarda onda-sonda ishlab chiqariladigan protivogazlar ham mukammal emasdi va hech qaysi davlatda, ko‘p sonli harakatdagi armiyaga yetarli miqdorda seriyali protivogaz ishlab chiqarilish yo‘lga qo‘yilmagan edi...

Ipritning jang maydonidagi falokatli ta'sirini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan amerikalik rassom Jon Singer (1856 - 1925), ko‘z oldidagi dahshatli manzaradan qattiq ta'sirlanib, bu hodisaga bag‘ishlab maxsus «Gazdan zaharlanganlar» asarini yaratdi:

Tasvirda ko‘rinib turgandek, kimyoviy qurol qo‘llanilgan jangda askarlarning murdalar har tomonda sochilib yotibdi. Tirik qolgan askarlar esa hammasi ko‘zdan qolgan. Yo‘lda quroldosh do‘stlarining murdalarini bosib olmaslik uchun ular bir birlariga yelkama yelka bo‘lib, bir qatorli safda harakatlanmoqdalar.

Ta'kidlash joizki, bunday gazni Gaberdan ancha muddat avval, hamda, butunlay boshqa maqsadlarda bir guruh talabalar sintez qilib olishgan edi. Ular orasida taniqli olim Nikolay Zelinskiy (1861-1953) ham bo‘lib, u gazetalarda e’lon qilinayotgan jangnomalardan va frontdan kelayotgan xabarlardan, bir paytlar o‘zi ishtirok etgan kashfiyot, ya’ni, xlorning oltingugurt bilan birikmasi ko‘rinishidagi gazni (ipritni) nemislar odam o‘ldirish uchun qo‘llashayotganligini bilgach qattiq qayg‘uga tushadi va o‘zini kechirolmay yuradi. Vijdoni qiynalgan olim, endi ushbu zaharli gazdan askarlarni himoyalovchi maxsus vositani o‘ylab topishni va seriyali ishlab chiqarishga yo‘lga qo‘yishni o‘zining insoniy burchi deb biladi. Aynan Zelinskiy vijdon oldidagi burch yuzasidan, dastlabki gazdan himoya niqoblarini (protivogaz) loyihaladi. Zelinskiy o‘sha yillarda biz «boyitilgan ko‘mir», yoki, «faollashtirilgan ko‘mir» deb ataydigan ko‘mirni ham kashf qilgan bo‘lib, uning kuchli adsorbent xossasiga ega ekanini payqagan edi va shu yo‘sinda tadqiqotlar yuritardi. U boyitilgan ko‘mir iprit gazini o‘ziga yutib qolib, faqat kislorodni o‘tkazishini ham aniqlangandi. Shunga ko‘ra, Zelinskiy boyitilgan ko‘mirning mazkur xossasidan gaz niqobida havoni tozalab berish uchun foydalanish mumkinligini fahmlab qoldi. U loyihalagan dastlabki filtr-qutisiga esa Kummant ismli muhandis-texnolog tomonidan ishlab chiqilgan rezina shlem-niqob biriktirildi. Shu tariqa, tarixda ilk effektiv himoya xususiyatiga ega va qo‘llashga oson bo‘lgan gazdan himoya niqobi yaratildi. Qizig‘i shundaki, Nikolay Zelinskiy o‘zi ixtiro qilgan va frontda muvaffaqiyatli qo‘llanib, protivogaz minglab askarlarning hayotini saqlab qolgan protivogazlar uchun mualliflik huquqi, ya’ni, patent rasmiylashtirmagan. U mazkur protivogazni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni istagan tadbirkorlarga loyihani tekinga berib yuborgan. Buni esa olim oddiygina izohlagan edi: «Odamlar boshiga tushgan kulfatdan foydalanib pul topish yaxshi emas...»

Aytgancha, Nikolay Zelinskiy kimyo yo‘nalishidagi talabalarga juda yaxshi tanish bo‘lgan darslik-kitob muallifi – Glinkaning ustozi bo‘ladi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 06.02.2019 12:53