Kardiostimulyator

16.01.2017 09:43 Muzaffar Qosimov Bu-qiziq - Bu qanday ishlaydi?
Chop etish
Maqola Reytingi: / 1
Juda yomon!A'lo! 

Kardiostimulyator

Zamonaviy tibbiyotda yurakning ritmik faoliyati bilan bog‘liq kasalliklarni davolash uchun xilma-xil usullar qo‘llaniladi. Agar, bemor yuragi me'yoridan tezroq, yoki, sustroq urayotgan bo‘lsa, yoinki, yurak urishi tezligi muntazam o‘zgaruvchan bo‘lsa, unda kardiolog vrachlar bemorga yurak urishini me'yorlovchi maxsus tibbiy asbob - kardiostimulyator tavsiya qilishadi.

Yuragimiz har soniyada butun tanamizga qonni haydab berishga xizmat qiladigan tarzda qisqarib-kengayib turadi. Ya'ni, bu jarayonni biz yurak urishi deb ataymiz. Yurak urishi ritmi inson salomatligi uchun nihoyatda muhim fiziologik parametrdir. Ritmning me'yoridan tezlashishi, yoki sustlashishi o‘tkir qon-tomir kasalliklari va hatto o‘limga ham sabab bo‘lishi mumkin.

 

Yurak ritmning buzilishi bilan bog‘liq kasallikni tibbiyotda aritmiya deyiladi. Yurak urishining me'yordan ko‘ra tezlashib ketishi - taxikardiya; me'yordan sustroq urishi esa bradikardiya deyiladi. Aritmiya sababli bemorda qon aylanishining buzilishi va natijada boshqa muhim organlarning ham ish faoliyati izdan chiqishi mumkin. Aritmiyaga yo‘liqqan bemorda horg‘inlik, tez charchash, nafas qisishi, hushni yo‘qotish kabi simptomlar kuzatiladi. Aritmiyani aniqlash uchun vrachlar birinchi navbatda bemorga elektrokardiograf uskunasi orqali tashxis qo‘yishadi. Bunday tashxis natijasida bemorning elektrokardiogrammasi (qisqacha EKG) olinadi va tahlil qilinadi.

Yurakning bir maromda, me'yoriy ritm bilan urib turishiga xizmat qiluvchi asosiy narsa bu - yurak devorlarini tashkil qiluvchi maxsus mushaklardir. Yurak mushaklarining aksariyati asab tizimi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ular nerv sistemasiga bog‘liq signallar orqali harakatga keladi. Yurak mushaklarining qisqarishi o‘z-o‘zidan, yurak devorlaridagi maxsus hujayralar tufayli sodir bo‘ladi. Bunday hujayralarni fanda peysmeykerlar deb ataladi. Peysmeykerlar ' yurak ritmini boshqaruvchilardir. Peysmeyker ichida qon mavjud bo‘lganda, yurak ishlashda davom etaveradi. Hatto organizmdan tashqarida ham.

Ba'zan, turli tashqi omillar sababidan peysmeykerlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi tabiiy nerv signallari o‘z barqarorligini yo‘qotadi. Yurak ritmni boshqaradigan nerv signallarining beqarorlashishini vrachlar turli yo‘llar bilan davolashga harakat qiladilar. Agar muolaja usullari bilan davolash kutilgan samara bermasa, kardiologlar bemorning yurak ritmini me'yoriga keltirish uchun uning tanasiga jarrohlik yo‘li bilan sun'iy kardiostimulyator o‘rnatishlari ham mumkin. Sun'iy kardiostimulyator - yurakning me'yorida qisqarib-kengayishini boshqaradigan davriy bir maromdagi elektr impulslari yuborib turadi.

Kardiostimulyatorlar muvaqqat va doimiy bo‘lishi mumkin. Muvaqqat kardiostimulyatorlarni odatda bemorning tanasiga tashqaridan o‘rnatiladi. Masalan, uni bemorning yelkasidan oshirib bo‘yniga osib qo‘yadigan, yoki, beldagi tasmaga mahkamlab oladigan turlari bo‘ladi. Bunday muvaqqat kardiostimulyatorlarni yurak ritmi buzilishiga oid qisqa muddatli davolash kurslarida, masalan, yurak xuruji natijasida yuzaga kelgan yurak ritmining sustlashishida, turli xil jarrohlik amaliyotlaridan keyingi yurak urishining sekinlashuvida, yoxud, dorilarni me'yoridan ko‘p ichish natijasida yurak faoliyatining buzilishida qo‘llanadi.

Kardiostimulyatorlar ikkita asosiy qismdan iborat bo‘ladi. Birinchisi - generator va ikkinchisi - elektrodlar. Generator - kattaligi chog‘roq tugmadek keladigan, lekin ichida bir olam mikrosxemalar va akkumulyatori bo‘ladigan, mohiyatan mikro-kompyuter bo‘ladi. Generatorni germetik zich holda, titan materialidan tayyorlangan korpusga joylanadi. Elektrodlar esa, ushbu generatorda ishlab chiqarilgan ritmik elektr impulslarini yurakka yetkazib berib turadi.

Doimiy kardiostimulyatorni bemor tanasining ichiga jarrohlik yo‘li bilan implantant qilinadi. Doimiy kardiostimulyatorning generatorining o‘mrov ostiga, teri orasiga o‘rnatiladi. Elektrodlarining esa venalar orqali yurakka ulab qo‘yiladi. Implantant qilingan kardiostimulyatorlarni shuningdek simsiz aloqa vositasi bilan ham ta'minlanadi va u orqali bemorning o‘zi, uning davolovchi vrachi va bemorga qarovchi boshqa shaxslar, yurak faoliyati bilan tanishib, hamda, kardiostimulyatorning sozligini nazorat qilib turishlari mumkin bo‘ladi. Zamonaviy kardiostimulyatorlar maxsus dasturiy ta'minotga ega bo‘lib, ular bemor yurak faoliyatidagi eng nozik o‘zgarishlarni ham darhol payqaydi va avtomatik ravishda ushbu o‘zgarishlarga nisbatan muvofiqlashadi. Ya'ni, masalan yurak urishining sustlashishi boshlanishi bilan, kardiostimulyator dasturi elektr impulslari ritmini tezlashtirib, yurak urishini me'yorlashga harakat qila boshlaydi. Bir vaqtning o‘zida uskuna bemorning vrachiga ma'lumot jo‘natib, uni o‘zgarishlar haqida boxabar qiladi.

Tarixda eng birinchi kardiostimulyatorni 1958-yilda Shvetsiyada muhandis Rune Elmkvist tomonidan tayyorlangan bo‘lib, kardiojarroh Oke Senning tomonidan bemorga muvaffaqiyatli o‘rnatilgan. Ushbu fotosuratda Elmkvist (o‘rtada, galstukli) va Senning (chapda) tomonidan 1954-yilda bajarilgan sinov-tajribalardan biri ifodalangan.

 


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 04.12.2018 10:45