Lyudvig Eduard Bolsman

05.11.2014 02:51 Muzaffar Qosimov Olimlar - Horijiy olimlar
Chop etish
Maqola Reytingi: / 2
Juda yomon!A'lo! 

Lyudvig Eduard Bolsman

Lyudvig Eduard Bolsman (nemischa Ludwig Eduard Boltzmann) - Avstriyalik fizik-nazariyotchi. Molekulyar-kinetik nazariya hamda, statik mexanika asoschisi. Uning ilmiy ishlari asosan, gazlarning kinetik nazariyasi, kapilyar hodisalari, elastiklik, optika, matematika va albatta termodinamika sohalariga bag‘ishlangan.

Lyudvig Bolsman 1844-yilning 20-fevralida, Avstro-Vengriya imperiyasining poytaxti bo‘lgan Vena shahrida tug‘ilgan. Ularning oilasi avvaliga Vels, keyin esa Linz shaharlariga ko‘chib o‘tishgan bo‘lib, Bolsman boshlang‘ich va o‘rta ta'limni aynan Linz gimnaziyasida olgan. 1866 yilda Vena universitetiga o‘qishga kirib, mashhur fizik olimlar - Loshmidt va Stefan qo‘l ostida ta'lim oladi. Aynan shu yili u, gazlarda tashqi potensial maydonda joylashgan ideal gazning impuls bo‘yicha ham, koordinata bo‘yicha ham bir tekis taqsimlanishi (Bolsman taqsimoti) formulasini keltirib chiqargan edi. 1867 yildan boshlab, o‘zi o‘qiyotgan universitetda, fizik olim Yozef Stefanning assistenti bo‘lib ishlay boshlaydi. Ikki yillik assistentlik faoliyatidan so‘ng, uni Grats universitetiga, matematik fizika bo‘yicha professor lavozimiga ishga taklif qilishadi va Bolsman ushbu oliygohda ma'ruzalar o‘qiy boshlaydi.

Bolsman Gratsdalik chog‘ida, o‘zining nomi bilan ataluvchi, fizik kinetikaga taalluqli bo‘lgan, nomuvozanatli jarayonlar uchun mikroskopik nazariyaning asosiy tenglamasini keltirib chiqardi. Bundan tashqari, izolyatsiyalangan sistemadagi entropiyaning ortishi qonuniyatini ifodalovchi va H-teorema deb nomlanuvchi teoremani keltirib chiqardi. o‘sha yildagi uning yana bir ilmiy yutuqlaridan bir sifatida, termodinamikaning ikkinchi bosh qonuni, yopiq sistemaning entropiyasini va muayyan makroholatni yuzaga keltiruvchi mikroholatlarning bo‘lishi mumkin bo‘lgan soni miqdori bilan bog‘lagan tarzdagi statistik tavsifini ko‘rsatib berganligini qayd etish lozim. Ushbu ilmiy muvaffaqiyatlar, Yevropa ilmiy jamoatchiligi orasida Bolsmanga katta shuhrat keltirdi. 1873-yilda u Vena universitetiga, matematika professori lavozimiga tavsiya etildi va ish boshladi. Biroq, ko‘p o‘tmay uni yana Gratsga chaqirishadi va u yerda yangi tashkil qilingan Fizika institutining direktori va amaliy fizika fanlari professori lavozimlariga tayinlanadi.

 

Bolsmaning yana bir muhim ilmiy ishi nurlanishlar termodinamikasi bilan bog‘liqdir. 1884-yilda u mutlaq qora jism uchun, Maksvell nazariyasida taxmin qilingan hodisa - muvozanatli nurlanishning bosimi hamda, energiyasi zichligining o‘zaro proporsionalligining qonuniyatini keltirib chiqardi. Ushbu qonun avvalroq, ya'ni, 1879-yilda Bolsmaning hamkasbi va ustozi Stefan tomonidan, mulohazalarni umumlashtirish yo‘li bilan keltirib chiqarilgan bo‘lib, hozirda har ikkala olim sharafiga Stefan-Bolsman qonuni deb ataladi.

Mashhur nazariyotchi fizik bo‘lib tanilgan Lyudvig Bolsmani 1890-yilda Myunxen universitetiga, nazariy fizika kafedrasi rahbarligiga tayinlashadi. 1895 yilda uni Avstriya Fanlar Akademiyasiga a'zolikka qabul qilinadi. Aynan shu yili Bolsman, Myunxendagi 5 yillik faoliyatdan so‘ng, yana Vena universitetiga, nazariy fizika professori lavozimiga (Stefanning o‘rniga) qaytadi. Biroq unga ilmiy va pedagogik faoliyat bilan barqaror shug‘ullanishga jiddiy to‘siq bo‘luvchi ayrim omillar yuzaga keladi. Gap shundaki, o‘sha vaqtlarda, Vena universitetida, Bolsman jiddiy yoqlaydigan va o‘z ilmiy ishlarining asosi sifatida tan olgan ta'limot - atomlar haqidagi g‘oyalarni keskin rad etuvchi olimlardan biri - Ernst Max ham ishlar edi. Ular orasidagi ilmiy-g‘oyaviy qarama-qarshilik tufayli, Bolsman 1900 yilda Leyptsig universitetiga o‘tib ketadi. Lekin u yerda ham Bolsmani, Ernst Maxning tarafdorlaridan bir bo‘lgan g‘ayri-atomist olim Vilgelm Ostvald qarshi oladi va to‘xtovsiz g‘oyaviy tortishuvlarga sabab bo‘ladi. 1902 yilda Bolsman yana Venaga qaytadi va endi u, Maxning xalaqitlaridan holi ravishda, nazariy fizika kafedrasida rahbarlik qila boshlaydi. Bu vaqtda Max ham faoliyatini tugatgan edi. Universitet rahbariyati, Max egallagan lavozim va kafedrani ham Bolsmanga topshiradi.

o‘z davrining nazariyotchi fiziklari orasida katta obro‘ qozongan Lyudvig Bolsmani, Yevropa va AQSHning ko‘plab nufuzli oliygohlariga ma'ruzalar o‘qishga taklif etishar edi. Bolsmaning ilmiy nufuzining ortishi bilan, ko‘plab ilmiy jamiyat va akademiyalarga saylanishi kuzatiladi. Chunonchi u, 1899 yilda Peterburg Fanlar Akademiyasiga xorijiy muxbir-a'zo sifatida saylangan edi.

Bolsmaning amaliy-tajriba fizikasi sohalaridagi ishlari ham diqqatga sazovordir. Xususan, u Maksvellning elektromagnetizm nazariyasini amaliy tajribalardagi tekshiruvlari, turli moddalarning dielektrik doimiylari va sindirish ko‘rsatkichlari, hamda, dielektriklarning qutblanishi hodisalariga doir ko‘plab amaliy-tajriba sinov ishlarini olib borgan.

1906 yilga kelib, olim og‘ir xastalikka - astma kasalining o‘tkir shakliga duchor bo‘ladi. Undan tashqari, Bolsmaning molekulyar-kinetik nazariyasi atrofidagi kuchli bahs-munozaralar va keskinliklar, olimning asab tizimi va ruhiy holatiga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatgan edi. Shu munosabat bilan 1906 yilda olim, ma'ruzalar va ilmiy faoliyatni vaqtincha to‘xtatib, davolanish uchun Italiyaning Duino shahriga yo‘l oladi. U kuchli asabiy zo‘riqish va kasallik berayotgan jismoniy azoblar ichida, chuqur ruhiy tushkunlik holatiga tushib qoladi. Natijada esa, ajoyib fizik-nazariyotchi olim Lyudvig Eduard Bolsman, 1906 yilning 5-sentyabrida, Duini shahri mehmonxonasida, o‘z joniga qasd qilish bilan hayotni tark etadi.

Lyudvig Eduard Bolsmaning nomi, fizikadagi qator tushunchalarda, xususan, Stefan-Bolsman qonuni, Bolsman doimiysi, Bolsman taqsimoti, Bolsman kinetik tenglamasi, hamda, Bolsman H-teoremasi singarilarda o‘z mustahkam o‘rniga ega bo‘lgan. Undan ko‘p sonli ilmiy risolalar va fundamental ishlar meros qolgan bo‘lib, olimning eng asosiy ishlari hamda ma'ruzalari, Germaniya va Avstriyada "tanlangan asarlar to‘plami" tarzida bir necha marta nashr qilingan.

Lyudvig Bolsman 1906 yilda Venada dafn etilgan. Uning sharafiga o‘rnatilgan yodgorlikda, Bolsman doimiysini ifodalovchi S=klogW tenglamasi o‘yib yozilgan va shu tarzda olimning fan oldidagi buyuk xizmatlari e'tirof etilgan.

Yangilаndi: 20.02.2019 08:45