Jeyms Preskott Joul

05.11.2014 02:11 Muzaffar Qosimov Olimlar - Horijiy olimlar
Chop etish
Maqola Reytingi: / 9
Juda yomon!A'lo! 

Jeyms Preskott Joul

Jeyms Preskott Joul (inglizcha James Prescott Joule) - ingliz fizigi. Termodinamika taraqqiyotiga yuksak hissa qo‘shgan olimlardan biri. 1818 yilning 24 dekabr kuni, Angliyaning Lankashir grafligi, Solford yerida tug‘ilgan. Boshlang‘ich va o‘rta ta'limni, mashhur olim Jon Daltondan olgan. 15 yoshidan boshlab, bir vaqtning o‘zida, oilasiga tegishli, ichimlik ishlab chiqaruvchi zavodda ishlab, ham ta'lim ola boshlagan. Zavoddagi ishlayotgan bug‘ mashinalarining o‘rniga, o‘sha davr uchun yangilik bo‘lgan elektrodvigatellardan foydalanish g‘oyasi asnosida, o‘zining ilk ilmiy ishini elektromagnit dvigatelning tuzilishi va ishlash tamoyili tadqiq qilishdan boshlaydi. U 1841 yilda, elektr tokining issiqlik ajratish qonuniyatlarini tadqiq qilib, o‘zbek tilidagi adabiyotlarda, Joul-Lents (chunki, ushbu qonunni 1842 yilda rus olim Lents ham ochgan edi) qonuni nomi bilan ataladigan, o‘tkazgichdagi tok kuchi va ushbu tok tufayli ajralib chiqqan issiqlik miqdorining kvadratik bog‘liqligi qonunini kashf qildi. Biroq, uning ishlarini London Qirollik Jamiyati a'zolari tomonidan munosib baholanmadi. Shu tufayli ham, Joulning mazkur ishi, Manchester shahrining davriy jurnallaridan birida e'lon qilishga muvaffaq bo‘ldi xolos. Shuningdek, u, bug‘ mashinalari hamda, elektrodvigatellarning iqtisodiy samaradorliklarini taqqoslash yuzasidan ilmiy tahlillar olib boradi. Joul, tajribalarini davom ettirib, issiqlik miqdori va mexanik kuchning o‘zaro ekvivalentlik (issiqlikning mexanik ekvivalenti) qonuniyatlarini, amaliy tajribalarda aniqlaydi. Bu orqali, olim, fanda mavjud bo‘lgan eski va noto‘g‘ri tushuncha - issiqlikning modda (teplorod) ekanligi haqidagi fikrlarni inkor etib, issiqlik, va ish bu fizik kattaliklar ekanligini isbotlab beradi. Qolaversa Joul, mazkur tajribalari orqali, tabiatdagi eng fundamental qonunlardan biri - energiyaning saqlanish qonunini amalda ochib qo‘ygan edi. Aynan shu vaqtlarda, Joul magnitostriksiya, hodisasini ham kashf qiladi va bu haqida ilmiy jamoatchilikka ma'lumot beradi. Biroq, Jeyms Joulning ishlarini ko‘pchilik olimlar ishonqiramay, aksariyat hollarda esa, qarshilik bilan kutib olishardi.

 

Joullar oilasi 1844-yilda Manchesterdan ketib, Uolley-Renjga ko‘chib o‘tadi va u yerda Joul o‘z mablag‘i evaziga zamonaviy laboratoriya bunyod etadi. 1847-yilga kelib Jeyms Joul, Ameliya Greyms ismli ayolga uylandi. To‘ydan keyin, Joul yangi oilasi bilan asal oyini o‘tkazish uchun Shveysariya jo‘nab ketdi. U yerda aynan shu vaqtda ta'tilni o‘tkazayotgan Uilyam Tomson (Lord Kelvin) bilan tanishish, Jeyms Joulning ham lord Kelvinning keyingi ilmiy ishlari uchun g‘oyat ahamiyatli hodisa bo‘ldi. Kelvin, Joulning tajribalari, tajriba texnikasi va qayd qilgan natijalariga munosib baho bera oldi. Ularning dastlabki o‘zaro hamkorlikdagi ishlaridayoq, keyinchalik, butun llm-fan uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan natijalarga erishildi, xususan, termodinamik harorat shkalasi tuzilgan edi.

1848 yilda, u gaz bosimining ortishi natijasida paydo bo‘ladigan, issiqlik effektlari haqida tushuntirish berar ekan, u gaz molekulalarini, mikroskopik o‘lchamlardagi son sanoqsiz elastik sharchalardan iborat ekanligi, ushbu sharchalarning idish devoriga kelib urilishi natijasida bosim hosil bo‘lishi tarzida modellashtirib tushuntirdi. U vodorod uchun elastik sharchalarning tezligini 1850 m/s deb baholagan. Keyinchalik, Joulning ushbu ilmiy ishi XIX-asrning 70-yillarida Van-der-Vaalsning real gazni modellashtirish borasidagi g‘oyalariga poydevor bo‘lgan.

40-yillarning oxiri va 50 yillarning boshiga kelib, Joulning ilmiy ishlari va salohiyati, nufuzli ilmiy hamjamiyatlarda e'tirof etila boshladi. Xususan 1850 yilda u, London Qirollik Jamiyatining haqiqiy a'zoligiga saylandi. 1851-yildagi ilmiy tajribalarida, Joul, ko‘plab gazlar uchun issiqlik sig‘imi qiymatlarini aniqlaydi. 1852-yilda Joul, issiqlikning mexanik ekvivalentini aniqlaganligi uchun, birinchi darajali Qirollik medali bilan taqdirlangan. Aynan shu yildagi, lord Kelvin bilan hamkorlikda olib borgan, hozirda Joul-Tomson effekti deb ataladigan, adiabatik drossellash jarayonidagi gaz haroratining o‘zgarishi effektlari borasida olib tadqiqotlari orqali, o‘ta past haroratlarga erishish uslubini ishlab chiqdi. Keyinchalik mazkur uslub asosida, o‘ta past haroratlar fizikasi fani shakllanib chiqdi. 50-yillarning o‘rtalariga kelib, Joul, galvanometr, voltmetr va ampermetr kabi, elektr o‘lchov texnikalarini loyihalash, tayyorlash va amalda qo‘llash borasida qator ilmiy-amaliy risolalarni nashr ettirdi. Umuman olganda, Joulning butun ilmiy faoliyati davomida, aniq natijalar olish imkonini beruvchi, o‘lchov-tajriba texnikasiga jiddiy e'tibor qaratgan. 1859-yildagi izlanishlarida Joul, endi e'tiborini qattiq jismlarning termodinamika xossalariga qaratadi. U deformatsiya jarayonidagi issiqlik effektini, kauchuk xossalari bilan taqqoslaydi. 1960-yildagi ishlarida esa, asosan tabiat hodisalari - chaqmoq, meteoritlar va sarob haqida o‘z ilmiy tahlillarini bayon etadi. 1860-yillardan boshlab Joulning sog‘ligi jiddiy yomonlasha boshlaydi. Shu tufayli ham, 1870 yillarga kelib u amalda ilmiy faoliyatni to‘xtatdi aksariyat vaqtda tashkiliy ishlar bilan mashg‘ul bo‘ldi. 1866-yilda Joulga Kopli medali topshirildi. 1872 va 1877-yillarda ikki bora u Britaniya Ilmiy hamjamiyatining prezidentligiga saylandi.

Bu vaqtga kelib u allaqachon o‘ziga tegishli zavodni sotib yuborgan va ilmiy faoliyatni moliyalashtirish uchun, turli muassasalarning ko‘magiga tayanib qolgan edi. 1878-yilda unga Qirollik hukumati umrbod nafaqa tayinladi.

Jeyms Preskott Joul, 1889-yilning Cheshir grafligidagi Seyl yerida vafot etdi.

Aynan shu yili o‘tkazilgan, Elektriklarning ikkinchi Xalqaro Kongressida, olim sharafiga, energiya, ish va issiqlik miqdori fizik kattaliklari uchun, unifikatsiyalangan yagona o‘lchov birligi sifatida uning nomi biriktirildi. Keyinchalik, Joul, Xalqaro Birliklar Tizimi - SI da ham, o‘z nomiga ega bo‘lgan hosilaviy birliklar ichida, energiya, ish, issiqlik miqdori kattaliklarining o‘lchov birligi sifatida tasdiqlandi.

Jeyms Joul o‘zidan 97 nomdagi ilmiy meros qoldirgan bo‘lib, ulardan 20 ga yaqini, lord Kelvin va Layon Pleferlar bilan hamkorlikda yozilgan. Ishlarining asosiy qismi, issiqlikning mexanik ekvivalenti va o‘lchov texnikasining loyihalash va takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan. Uning barcha ilmiy ishlarining ikki jildlik nashri, 1884-1887 yillarda Londonda chop etilgan.

Yangilаndi: 24.12.2018 09:32