Yulius Robert fon Mayer

05.11.2014 02:07 Muzaffar Qosimov Olimlar - Horijiy olimlar
Chop etish
Maqola Reytingi: / 2
Juda yomon!A'lo! 

Yulius Robert fon Mayer

Yulius Robert fon Mayer (nemischa Julius Robert von Mayer) - olmon vrachi va fizigi. U 1814-yilning 25-noyabrida, Germaniyaning Haylbronn shahrida tug‘ilgan. o‘rta maktabni tugatgach, Tyubingen universitetining tibbiyot fakultetiga o‘qishga kirgan. U avvaliga fizika va matematika kurslariga qatnashmagan, biroq, kimyoni ancha mukammal o‘zlashtirgan. Mayer Tyubingen universitetida ta'limni to‘liq yakunlay olmagan. Uni ta'qiqlangan yig‘inlarda ishtirok etganlikda ayblanib hibsga olingan va 6 kunlik hibsda saqlanganidan so‘ng ozod qilingan. Shundan so‘ng, Mayer Tybingenda qolmaslikka qaror qilib, avval Myunxen, keyin Vena va Parijga ketadi va o‘qishini ushbu shaharlarda davom ettiradi. 1838-yilda u Tyubingenga qaytib, imtihonlarni topshiradi va o‘z dissertatsiyasini himoya qiladi.

1840-yilda Mayer, Indoneziyaning Yava oroliga yo‘lga chiqayotgan Golland kemasiga, bort vrachi bo‘lib ishga kiradi. Safar davomida, qon ketishi bilan kechuvchi kasalliklarni davolash chog‘ida, Mayer, Yevropalik matroslarning qonining rangi hamda, tropik mamlakatlarda yashovchi mahalliy aholining qonining rangi farq qilishini sezib qoladi. Tropiklarda uzoq muddat bo‘lgan yevropaliklarning ham qoni, aynan yerliklarning qoniga o‘xshab rang o‘zgarishlariga uchrar edi. U, bu hodisaning sababi, odam organizmning ishlab chiqaradigan ichki issiqligi hamda, atrof muhitning issiqliklarining farqi evaziga ekanligini aniqladi. Ya'ni, tropiklarda, tanadagi issiqlik kam sarflangani tufayli, uning manbai bo‘lgan ovqat kamroq oksidlanadi va natijada qonning rangi ham shunga mos ravishda yorqin qizil bo‘ladi.

 

1842-yilda, Germaniyaga qaytgan Mayer, safar taassurotlarini umumlashtirdi va o‘zida paydo bo‘lgan - issiqlik va ishning o‘zaro aylanishi haqidagi g‘oyalarni gazlarning kengayishi hodisalariga tadbiq etdi. Chunonchi u, gaz doimiysining tenglamasini kashf qilib, sarflanayotgan issiqlik va bajarilayotgan ishning miqdoriy qiymatlari o‘zaro ekvivalent bo‘lishini asoslab berdi. Aytish mumkinki, bu orqali Mayer, birinchilardan bo‘lib, termodinamikaning birinchi qonuni - energiyaning saqlanish tamoyilini ifodalab bergan edi.

Mayerning ilmiy ishlari, ancha vaqt davomida nazardan chetda qolib ketdi. Faqat 1862-yilga kelibgina, Mayerning ishlari Klauziusning e'tiborini tortib, termodinamikaning keyingi taraqqiyoti uchun muhim manbalardan biri sifatida o‘rganila boshladi.

Yulius Mayerning ilmiy ishlari, ikki jildlik to‘plam tarzida, "Issiqlik mexanikasi" (Shtutgart 1867) va "Tabiiy fanlarga kirish" (Shtutgart 1871) nomlari bilan nashr etilgan.

Yulius fon Mayer 1878 yilning 20 martida, Haylbronnda vafot etgan.

Yangilаndi: 24.05.2019 12:17