Nikolya Leonard Sadi Karno

05.11.2014 02:00 Muzaffar Qosimov Olimlar - Horijiy olimlar
Chop etish
Maqola Reytingi: / 4
Juda yomon!A'lo! 

Nikolya Leonard Sadi Karno

Sadi Nikolya Karno (fransuzcha - Nicolas Leonard Sadi Carnot) - mashhur fransuz harbiy muhandisi, fizik va matematik. U 1796-yilning 1-iyunida, Parijda, mashhur siyosatchi va matematik Lazarra Karno oilasida dunyoga kelgan.

Karno malakali boshlang‘ich ta'limni o‘z uyida olgan. 1812-yilda Buyuk Karl nomidagi maxsus litseyni tamomlab, o‘sha vaqtlardagi Yevropaning eng nufuzli bilim yurtlaridan bo‘lgan Parij Politexnika maktabiga o‘qishga kirgan. 1814-yilda, Politexnika maktabi reytingida, a'lochilar safida 6-o‘rin bilan, Mets shahriga, oliy harbiy Muhandislik maktabiga yo‘llanma bilan yuboriladi. 1816-yilda, maxsus harbiy muhandislik polkiga jo‘natilgan. U bir necha yil harbiy xizmat o‘tab, 1819-yilda, Bosh shtabning Parij korpusi leytenanti unvonini egallaydi (maxsus tanlovda g‘olib chiqib) va Parijga qaytadi. Karno Parijda o‘qishni qaytadan boshlaydi va ilmiy izlanishlarga kirishadi. Sorbonna, Kolej de Frans, San'at va Hunar konservatoriyasi kabi nufuzli bilim yurtlarida ma'ruzalar tinglaydi.

 

Ushbu jarayonda u kimyogar, gazlar bo‘yicha yirik tadqiqotchi Nikolya Kleman bilan ilmiy fikr almashinishlardan so‘ng, Sadi Karno bug‘ mashinalarining ishlash jarayoni va unda ro‘y beradigan fizik hodisalarni chuqur o‘rganishga kirishadi. 1824-yilda, Karnoning izlanishlari samarasi bo‘lgan ilmiy ishi - "Alanganing harakatlantiruvchi kuchi va bu kuchni rivojlantira oladigan mashinalar haqida mulohaza" (fransuzcha: "R'flexions sur la puissance motrice du feu et sur les machines propres - d'velopper cette puissance") asari nashrdan chiqadi. Aynan shu joydan zamonaviy termodinamika fani o‘z ibtidosini boshlagan deb hisoblanadi va Sadi Karnoning mazkur ilmiy ishi, termodinamika fanining birinchi tamal toshi sifatida qaraladi. Mazkur ilmiy ishda, Karno, o‘sha vaqtda mavjud bug‘ mashinalarining ish jarayonlarini tahlili keltirgan bo‘lib, bunday mashinalarning FIK eng yuqori qiymatga (o‘sha vaqtdagi bug‘ mashinalarining FIK qiymati 2% dan oshmagan) erishishi shartlarini bayon qilib bergan. Bundan tashqari, ideal issiqlik mashinasi, ideal sikl (Karno sikli), "termodinamik jarayonlarning qaytariluvchi va qaytmasligi kabi, termodinamikaning asosiy tushunchalaridan" fanga kiritilgan edi.

1828-yilda Sadi Karno harbiy xizmatdan iste'foga chiqadi, lekin ilmiy faoliyatini yanada chuqurroq yurita boshlaydi. Karnoning keyingi ilmiy va shaxsiy faoliyati haqida ma'lumotlar kam. Sababi u birvarakayiga o‘lat va qizilcha kasalliklariga duchor bo‘lib, juda erta - 1832-yilning 24-avgustida, ya'ni, 36 yoshida vafot etgan. o‘sha zamonlarda farang jamiyatida amal qilgan maishiy irimlarga ko‘ra, Karnoga tegishli buyumlar, xususan, uning qo‘lyozmalari ham yoqib yuborilgan. Baxtli tasodifga ko‘ra, omon qolgan yagona yon daftarchada, Sadi Karnoning, bug‘ mashinasi, ideal sikl, FIK kabi bebaho g‘oyalari qayd etilgan edi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 24.05.2019 12:18