Rind papirusi
Qadimgi Misr matematikasiga oid saqlanib qolgan tarixiy ashyolar ichida Rind papirusi eng muhimi sanaladi. Eni 30 sm, uzunligi taxminan 5 m atrofida bo‘lgan ushbu o‘rog‘liq qog‘oz Nil daryosining sharqiy sohilidagi Fiva shahrida joylashgan sag‘analardan birida topilgan. Uni Axmes ismli odam yozgani ma'lum. Papirusda ierogliflar tizimiga o‘xshash bo‘lgan ieratik yozuv sistemasidan foydalanilgan. Papirusning yozilgan vaqtini tarixchilar eramizdan avvalgi 1650-yillarga taalluqli deb hisoblaydilar. Shunga ko‘ra, Axmes matematika tarixida nomi bizgacha yetib kelgan birinchi odam ham bo‘lib chiqadi! Bundan tashqari, aynan ushbu papirus - yozuvda turli matematik amallarni ifodalovchi belgilar qo‘llangan ilk yozma manba hamdir. Masalan, «qo‘shish» amalini ushbu papirusda bir juft oyoq ko‘rinishida belgilangan. Oyoqlar qo‘shilayotgan qiymatga qarab turgan tarzda chizilgan.