Gipatiya (taxminan 370-415 yillar)
Vatikan muzeyiga tashrif buyursangiz, 5×7,7 metr o‘lchamli ulkan freskani tomosha qilishingiz mumkin. Freska "Afina maktabi" deb nomlanadi. Muallif - Rafael (Rafael Santi). Shedevr asarga razm solar ekansiz, uning haybati va go‘zalligi sizni maftun etib qo‘yadi. Qadimgi yunon mutafakkirlariga bag‘ishlangan ushbu ulkan freskada Aflotun, Arximed, Aristotel, Suqrot, Yevkilid, Pifagor kabi buyuk daholarni tanib olish mumkin. Ushbu benazir allomalar orasida yakkayu-yagona ayol qiyofasini ilg‘ash unchalik qiyin emas. Xuddiki, shundayin buyuk shaxslar qatorida tasvirlangani uchun xiyol uyalish bilan biroz egilib turgan ushbu sochlari qo‘ng‘ir rangli ayol - Iskandariyalik Gipatiya bo‘ladi. U benazir mantiq sohibi bo‘lgan faylasuflar, astronomlar, matematiklar orasida tik turibdi va tomoshabinning ko‘ziga tik qaramoqda.
Tarixchilarda Gipatiya shaxsiyatiga haqiqiy xolis chizgi beradigan kam sonli ma'lumotlar mavjud xolos. Astronomlar esa unga alohida hurmat bajo keltirishgan: uning sharafiga Oydagi krater, hamda, Mars va Yupiter oralig‘idagi asteroidlardan biri "Gipatiya" nomlangan. Lekin baribir Gipatiyani eng yuksak sharaflagan narsa bu - Rafaelning yuqorida tilga olingan asaridir. Undan bahra olish uchun yulduzlar xaritasi kerak emas.
Gipatiyaning hayot yo‘lini kuzatar ekanmiz, olimlarning hayoti ularning vafotidan keyin ham kitoblarda, ensiklopediyalarda hamda kinoekranlarda davom etishiga amin bo‘lamiz. Tan olish kerakki, bugungi kunda qahramonga mashhurlik keltirish borasida kitobdan ko‘ra kino yaxshiroq bo‘lib qoldi.