Pyer Ferma
(1601-1665)
Pyer Fermaga bag‘ishlangan marsiyalarda birida shunday deyilgan: "U asrimizning eng donishmand kishilaridan edi. Shunday serqirra va universal aql egasi ediki, agarda, boshqa olimlarning g‘ayirligi kelmasa, men uning aql bovar qilmas xizmatlari va olimning o‘zi haqida aytilishi lozim bo‘lgan maqtovlarda, uning biror xislatini sanamay, eslamay qoldirib ketishni ayb deb bilardim...".
Yuqoridagi marsiya kimning nutqidan olingani noma'lum. Unda Fermaning qanday ulug‘vor olim bo‘lganligi, mubolag‘adan holi tarzda ifodalanmoqda. Lekin afsuski, shu kabi maqtovnomalarda, Fermaning shaxsiyatiga ta'rif berishdan boshqa, olimning hayoti va faoliyati haqida biror jo‘yali ma'lumotlar qayd etilmagan. Ferma haqida tarix juda oz tafsilotlarnigina asrab qolgan. Quyida ularning bori bilan baham ko‘rishga harakat qilamiz:
Pyer Ferma, Fransiyaning janubidagi kichikroq Bomon-de-Loman shaharchasida dunyoga kelgan. Uning otasi, Dominik Ferma, shahar merining yordamchilaridan biri bo‘lgan. Cherkov arxividagi, 1601-yilning 20-avgust sanasi bilan ro‘yxatga olingan, Pyer Fermani cho‘qintirish marosimiga taalluqli qaydnomada shunday yozilgan: "Burjuaziya vakili hamda, Bomon shahar ikkinchi konsuli Dominikning o‘g‘li Pyer". Olimning onasi esa, huquqshunoslar oilasiga mansub bo‘lganligi, va uni Kler de-Long deb atashgani haqida uzuq-yuluq xabarlar mavjud.