Vodorod - eng yengil element
Kimyoviy elementlar ichida eng oddiysi - vodorod hisoblanadi. Vodorod - davriy jadvaldagi №1-elementdir. Bizga ma'lum atomlar ichida vodorod atomi o‘lchamlariga ko‘ra eng kichik, eng yengil va eng sodda tuzilgan atomdir. Balki shu sababdandir, vodorod - Koinotda eng ko‘p tarqalgan element sanaladi. Kosmologlar va Astrofiziklarning fikricha, Koinotda mavjud atomlarning 90% qismini vodorod tashkil qilar emish.
Masalan, bizning yulduzimiz - Quyosh ham asosan vodoroddan tashkil topgan. Boshqa yulduzlar ham xuddi shunday. Vodorod - yulduzlarni barpo qilish uchun eng mos va eng qulay qurilish materialidir.
Biroq, Yerda vodorod unchalik ham ko‘p uchramaydi. Yer qobig‘idagi atomlardan atiga 3% qismigina vodorod hissasiga to‘g‘ri keladi. Yer qa'ridagi boshqa chuqur qatlamlarda bu ko‘rsatkich yanada kam. Shunga qaramay, olimlarning fikricha, Yer ham avvaliga butun Koinot tashkil topgan moddadan, demakki, asosan vodoroddan tashkil topgan bo‘lishi kerak. Unda Yerdagi qolgan vodorod qayoqqa keti ekan?