Mashhur son haqida eski va yangi gaplar
Muqaddima
Siz ayrim sonlarning "xosiyatli" va ayrimlarining "bexosiyat" ekani haqidagi uzun-quloq uydirmalarni albatta eshitgan bo‘lsangiz kerak. Masalan, ayrimlar 7 raqamiga boshqacha (ijobiy) ko‘z bilan qarashsa, aksincha 13 ga salbiy yondoshuv bilan boqishadi. Aslida sanoq tizimidagi hech bir son xosiyatli yoki bexosiyat bo‘la olmaydi. Sonlarga nisbatan salbiy yoki ijobiy xususiyat nuqtai-nazaridan yondoshish va ulardan qandaydir g‘ayritabiiy "xosiyatlar" kutish - bo‘lmag‘ur irim-sirimdan boshqa narsa emas.
Lekin matematikada shunday son borki, ushbu sonni matematik mutaxassislar va ayniqsa geometriya shinavandalari haqiqatan ham "ardoqlashadi". U haqida ming yillardan buyon butun boshli jild-jild kitoblar bitilgan. Ushbu son riyoziyot va handasa ilmining eng o‘tkir zehnli olimlarini-yu, qiziquvchan talabalarini hali hanuz o‘ziga maftun etib kelmoqda. Hatto bu son haqida Gollivudda kinofilm ham ishlangan! Ha mayli, gapni cho‘zmaylik. So‘z - π soni haqida bormoqda. Keling, ushbu maqolamizda biz ham mazkur ajoyib va qiziqarli sonning o‘ziga xos jihatlari haqida fikr almashinamiz.