Robert Oppengeymer - atom bombasining «otasi»
-Aytingchi, suvda atom bormi?
-Ie, domlajon, suvda atom nima qilsin. Axir atom - Bombaku!
Mashhur kinofilmdagi, mashhur qanotli ibora. Lo'ttiboz talabaning domlaga qilgan nag'masida uning modda tuzilishi haqidagi tasavvuri qanchalik yuzaki ekanligi namoyon bo'lgan. Biroq u nazarda tutgan narsa - atom bombasi esa, insoniyat o'ylab topgan va yasagan eng dahshatli, eng vayronkor va eng xavfli ommaviy qirg'in qurolidir. Bu haqda sevimli shoirimiz Erkin Vohidov ham kuyunib:
Atomni ijod etib,
dahshat balo bunyod etib,
oqibatni yot etib,
hayron o'zing...
deb yozgan edilar.
Haqiqatan ham, atom bombasi - yadroviy parchalanish natijasidagi reaksiya zanjiriga asoslangan katta miqdorda energiya ajralib chiqishi bilan xarakterli bo'lgan, ommaviy qirg'in vositasi bo'lib, uning qo'llanilishi tufayli bus butun shaharlar vayron, yuz minglab insonlar qurbon bo'lishi mumkin. Ushbu maqolada atom bombasi va uning "otasi" - yadroshunos olim Robert Oppengeymer haqida fikr almashamiz. Va maqolamiz davomida, ushbu dahshat qurolining yasalishi borasida ba'zi bir jihatlarda, butun bashariyatni Xudo saqlagani haqidagi muhim tarixiy faktlarni bilib olasiz...