Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish

Arman Tursunov

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 13
Juda yomon!A'lo! 

Arman Tursunov

Orbita.Uz minbaridagi navbatdagi intervyu yurtimizdan yetishib chiqqan yosh olim – Arman Altayevich Tursunov bilan uyushtirildi.

Astrofizika sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan yosh olim Arman Altayevich Tursunov 1991-yilning 22-fevral sanasida Yangiyo‘lda tug‘ilgan. Hozirda fizika-matematika fanlari doktori. Arman Altayevichning asosiy ilmiy qiziqishlari doirasiga qora tuynuklar, relyatvistik jetlar, o‘ta yuqori energiyali kosmik nurlar, astrofizik jarayonlar, elektromagnit maydonlar va torlar nazariyasi singarilar kiradi.

-Arman, suhbatni oilangiz haqida boshlasak? Shuningdek, o‘qigan oliygohlaringiz, alma-mater haqida gapirib bering?

-Toshkent viloyati, Yangiyo‘l shahrida, kasbi nazariyotchi fizik va muhandis bo‘lgan Altay Tursunov va vrach Tamara Tursunovalar oilasida dunyoga kelganman. Yangiyo‘lda o‘qiganman, avvaliga 22-maktabda, keyin esa 5-gimnaziya-maktabda (hozirda bu oddiy maktab). Maktabni tamomlab, H.H.Niyoziy nomidagi Respublika musiqa kollejiga, fortepiano sinfiga o‘qishga kirganman. Ko‘p o‘tmay, O‘zbekistonda fortepiano maktabi juda kuchli ekani va iste’dodli musiqachilar, mendan ham iste’dodlilari juda ko‘p ekanini angladim. Ustiga ustak, bizda klassik musiqachi kasbi anchayin qiyin kasb bo‘lib, bu borada ko‘plab muammolar, xususan, konservatoriyadan keyin munosib ishga joylashish singari masalalar mavjud. Shu kabi «ha» va «yo‘q»larni taroziga tortib ko‘rib, otam singari fizika bilan shug‘ullanishga qaror qildi. Shunday qilib, 2007-yilda O‘zbekiston Milliy Universitetining fizika fakultetiga o‘qishga kirdim va unda avvaliga, 2011-yilda bakalavr bosqichini, keyin esa, magistraturani (2013) tugalladim.

-Universitetdan keyin birinchi ish joyingiz qayer bo‘lgan? Ilmiy faoliyatingiz qanday boshlangan?

-O‘qish paytida Toshkentda, Astronomiya institutida (AI) va Yadro fizikasi institutida (YaFI) muhandis va kichik ilmiy xodim lavozimlarida ishlaganman. 2012-yilda, o‘sha paytdagi ilmiy rahbarim, professor Bobomurod Jo‘rayevich Ahmedov bilan birga, birinchi marotaba xorijga (MDHdan tashqariga) chiqib Potsdamdagi (Germaniya) Maks Plank institutiga, hamda, Opavadagi (Chexiya) Sileziya Universitetiga tashrif buyurdim. Safar mobaynida xorijlik hamkasblar bilan birgalikda biz ilmiy maqola yozdik va u Amerikadagi nufuzli fizika jurnali Physical Review D tomonidan bosish uchun qabul qilindi. Magistraturani yakunlashim arafasida o‘qishni Chexiyadagi Sileziya Universitetida aspiranturada (g‘arbda buni doktorantura deyishadi) davom ettirish uchun taklifnoma keldi. Men taklifni qabul qildim va magistrlik himoyasidan keyin, Chexiyaga «PhD» qilish uchun uchib ketdim. Chexiyada professor Zdenek Stuhlik rahbarligi ostida, qora tuynuklar va akkeratsion disklar fizikasiga oid turli masalalar bilan shug‘ullandim. Shuningdek, 2015-yildan 2019-yilgacha muntazam ravishda, Dubnadagi Yadroviy Tadqiqotlar Birlashgan Institutiga ilmiy ish uchun qatnab turdim. Yadroviy Tadqiqotlar Birlashgan Institutida umumiy hisobda, avvaliga kichik ilmiy xodim va keyin katta ilmiy xodim sifatida bir yildan ziyod ishladim. PhD himoyasidan keyin (MDHda bu fizika-matematika fanlari nomzodiga tenglashtiriladi), 2018-yilda Yevropa Ittifoqining, Kyoln Universitetida ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun taqdim qilingan grantini yurib oldim. Germaniyada Galaktikamiz markazini tadqiq qilish bilan, xususan, Galaktikamiz markazidagi o‘ta massiv qora tuynukni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi jahondagi eng ilg‘or ilmiy guruhlardan birida ishladim. 2019-yilda Germaniyadagi grantni tugallab, Chexiyaga, ikkinchi alma-materim bo‘lgan (Milliy Universitetdan keyingi) Sileziya Universitetiga qaytdim. Hozirda shu yerda, assistant professor (bizdagi katta o‘qituvchi, yoki dotsent maqomi kabi) lavozimda ishlayapman.

-Qanday ilmiy masalalar bilan shug‘ullanyapsiz?

-Qora tuynuklar yaqinidagi yuqori energiyali va o‘ta yuqori energiyali astrofizik jarayonlar masalalari bilan shug‘ullanyapman. 2019-iyulida Toshkentda (Yadro Fizikasi Institutida) «Qora o‘ralar yaqinidagi astrofizik jarayonlar va yuqori energiyali kosmik nurlar» mavzusida fizika-matematika fan doktori dissertatsiyasini himoya qildim.

-Ilmiy faoliyatingiz mobaynida qanday yutuqlar, unvonlarni qo‘lga kiritdingiz, sir bo‘lmasa?

-Ilmiy faoliyatim mobaynida bir necha mukofotlarga erishdim: yuqori energiyalar astrofizikasi sohasidagi tadqiqotlar uchun Chexiya Ta’lim vazirining mukofotiga (2018), Doktorlik dissertatsiyam uchun Siemens kompaniyasining Verner fon Siemens mukofotiga (2020), Opavadagi Sileziya Universiteti rektorining tabiiy fanlar sohasidagi mukofotiga (2018), Nazariy fizika bo‘yicha ma’ruzam uchun Dubnadagi Yadroviy Tadqiqotlar Birlashgan Institutining mukofotiga (2015), Oldenburg (Germaniya) shahrida Research Training Group mukofotiga sazovor bo‘ldim.

-Hozirda qandaydir yirik ilmiy loyihalarda ham ishtirokingiz borligidan xabardorman.

Ha, hozirda, 2019-yildan beri Visegrad Fund fondi tomonidan moliyalashtiriladigan, «Cosmic-Ray Extremely Distributed Observatory (CREDO): Innovation & Education» xalqaro loyihaga rahbarlik qilyapman, rahbarlik 2021-yilgacha belgilangan. Loyihaning maqsadi Yevropa va jahon bo‘ylab «Fuqarolik ilm-fani» konsepsiyaning rivojlanib borishi asnosida, o‘zida smartfon va boshqa mobil qurilmalari bo‘lgan ko‘p sonli ko‘ngillilarni jalb qilgan holda, o‘ta yuqori energiyali kosmik nurlarni qayd qilish uchun sayyoramiz o‘lchamidek keladigan detektorini yaratishdan iborat. Shuningdek, Votrub-Bloxinsev dasturi doirasida, ixcham astrofizik obyektlarning elektromagnit xossalarini tadqiq qilishga qaratilgan Chexiya-Rossiya qo‘shma loyihasiga 2018-2020 yillar uchun rahbarlik qilyapman. Bu loyihalardan tashqari, Opavadagi Sileziya Universitetida bir necha talabaga ilmiy rahbarlik ham qilaman.

-Sizning faningiz aynan nimalarni tadqiq qiladi, bu fanning zamonaviy eng markaziy dolzarb masalasi nima o‘zi?

-Keng ma’noda oladigan bo‘lsak, zamonaviy fundamental fizikaning markaziy masalasi bu – bizga ma’lum bo‘lgan 4 xil o‘zaro ta’sirlarni yagona «buyuk birlashuv nazariyasi»ga, yoki, «gravitatsiyaning kvant nazariyasi»ga birlashtirishdan iborat. Hozircha, «Standart model» orqali bayon qilinadigan o‘zaro ta’sirlarning uch xilini – kuchsiz, kuchli va elektromagnit o‘zaro ta’sirlar nazariyalarini birlashtirishga erishilgan. To'rtinchi xil o‘zaro ta’sir, ya'ni, gravitatsiyani Albert Eynshteyn tomonidan 1915-yilda bayon qilingan Umumiy nisbiylik nazariyasi doirasida tushuntiriladi. Standart model mikrodunyodagi jarayonlar haqida so‘z yuritsa, Umumiy nisbiylik nazariyasida kosmik miqyoslardagi makroskopik obyektlarning xossalarini va o‘zini qanday tutishini yoritib beradi. Mikrodunyo uchun biz tajribalarni Yerning o‘zida qilib ko‘rish imkonimiz bor va bu orqali, nazariyani tekshirib ko‘ra olamiz, lekin, gravitatsiya nazariyasi uchun asos bu – astronomik kuzatishlar bo‘ladi. Taxminlarga ko‘ra, xuddi yuz yil oldin Nyutonning gravitatsiya nazariyasiga Eynshteyn nazariyalari orqali tuzatishlar kiritilgani singari, ulkan massa va energiyalar ko‘lamida, Eynshteyn nazariyasining o‘ziga ham tuzatish va umumlashtirishlar kiritish kerak bo‘ladi. Kosmik obyektlarning Yerdan olisligi ushbu vazifani mushkullashtiradi. Shu tariqa, zamonaviy astrofizika «Eynshteyn haqmidi?» - degan savolga javob topishga urinadi. Va agar u haq bo‘lmagan bo‘lsa, qay darajada? Bu savollarga javobni esa qora tuynuklarni kuzatish yordam berishi mumkin. Lekin bu oson ish emas, chunki, qora tuynuklarning o‘zi hech narsa nurlatmaydi. Hozirda astronomiya ko‘p to‘lqinli, ko‘p kanalli fanga aylangan, ya'ni, unda nafaqat barcha to‘lqin uzunliklaridagi fotonlar kuzatilmoqda, balki, fotonlar bilan bir qatorda, neytrino, kosmik nurlar va gravitatsiya to‘lqinlari ham qayd qilinmoqda. Ushbu kuzatuv usullarini birlashtirgan holda, zamonaviy astronomiya biz yaxshi bilgan nazariyalardan ehtimoliy og‘ishlarni topishga urinmoqda.

-Nima uchun ilm-fan bilan shug‘ullanishga qaror qilgansiz, Sizni bunga nima undagan?

-Mening entuziazmim uchun eng asosiy dvigatel bu - menda bolaligimdan ilmga muhabbat uyg‘otgan inson - otam bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Hatto, yurtimizdagi ko‘plab olimlar ilmni to‘xtatib qo‘ygan o‘sha qiyinchilik 90-yillarda ham, garchi haq to‘lanmasa-da, dadam doim ilmiy ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun vaqt topgan. Fizikadan tashqari men shuningdek musiqaga ham qiziqqanman. Lekin, menda pianino chalishdan ko‘ra, fizika yaxshiroq chiqayotganini tushunganim uchun va dadam bilan birgalikda ko‘p yillar fizika va matematika bilan shug‘ullanganim sababli, Milliy Universitetning fizika fakultetiga kirishga qaror qildim. O‘sha yerda menga ikkinchi «ilmiy otam» bo‘lib qolgan inson – professor Bobomurod Jo‘rayevich Ahmedovni uchratish baxtiga muyassar bo‘ldim. Bitmas-tuganmas energiyasi va motivatsiyalari bilan, bu inson menga katta o‘rnak bo‘ldi va ularga o‘xshashni istardim. Aynan u kishi menga, hozirda Respublikamizdagi ko‘plab yosh olimlarga juda yetishmayotgan narsani – o‘ziga bo‘lgan «ilmiy ishonch»ni bergan. Qiyin kechgan 90-yillar va nolinchi yillarning boshidan keyin, bizning mamlakatimiz ilm-fan bobida endi xalqaro darajada raqobat qila olmaydi degan tasavvur paydo bo‘lgan edi. Unday emasligini esa menga B.J. Ahmedov o‘z shaxsiy timsolida ko‘rsatib berdi! U bilan ishlashni boshlaganimdan keyin va birgalikdagi ilmiy maqolalarimizdan iborat ilk ilmiy yutuqlarimizdan so‘ng, menda boshqa qaytib, o‘z tanlagan kasbimning to‘g‘ri ekaniga shubha qolmagan.

-Ilm-fandagi ustozlaringiz, ilmiy rahbarlaringiz haqida gapirib bering?

-Bu savolingiz avvalgisi bilan bog‘liq bo‘ldi. Otam va birinchi ilmiy rahbarim Ahmedovga qo‘shimcha ravishda, menga boshqalardan ko‘ra kuchli ta’sir ko‘rsatgan yana bir necha insonni qayd etib o‘tmoqchiman. Eng birinchisi bu – professor Naresh Dadich, Hindistonning Puna shahridagi Astronomiya va Astrofizika Universitetlararo Markazi (IUCAA) sobiq direktori. Professor Dadich men uchun o‘ziga xos «guru» - keng ma’nodagi ustoz.  Uning ilm-fan va hayotga bo‘lgan qarashlarini ikkita gap bilan ifodalab bo‘lmaydi. Men uchun u – har doim o‘qiging keladigan tugab bitmas kitob singaridir. Ikkinchisi bu – mening Chexiyadagi rahbarim, dekan va professor Zdenek Stuhlik (Zdeněk Stuchlík) – undan cheksiz minnatdorman. U tufayli men Chexiyaga kelgan eng birinchi kunidanoq hech qachon o‘zimni hecham begona his qilmadim va hozirgacha shunday bo‘lib qolmoqda. Rahbar sifatida u doimo ilmiy ijodiy faoliyatni o‘zining rahbarlik ambitsiyalaridan yuqori qo‘yadi va aynan shu xislati sababli, o‘z talabalariga o‘zlarini ko‘rsatishlari uchun imkoniyatlar beradi. Men uchun u ajoyib olim, ilmiy institutni mohirona boshqaruvchi qoyilmaqom menejer va muvaffaqiyatli musavvirning hayratlanarli tarzda bir shaxsda jam bo‘lganidan iborat o‘rnak timsoldir. Uchinchisi bu – Germaniyadagi Kyoln universitetidan professor Andreas Ekart (Andreas Eckart) bo‘ladi. U astronomiya, astrofizika va teleskoplarni yaratish masalalarida juda chuqur bilimlar egasi bo‘lgan yirik olim hisoblanadi. Men Germaniyada yashagan vaqtimda u va uning ilmiy guruhi bilan ishlash baxtiga erishdim. Shuningdek men Lomonosov nomidagi MDU dan professor Dmitriy Galsovni ham alohida qayd etgan bo‘lardim. U bilan Oksforddagi konferensiyada tanishganman. Bu jahon darajasidagi kuchli nazariyotchi-fizik. Nazariyotchi-fiziklarning o‘sha «Eski» maktabining haqiqiy namoyandasi. Hozirda jahonning yetakchi ilmiy dargohlarida ishlayotgan ko‘p sonli olimlarni yetishtirgan, hayratlanarli darajadagi sermahsul olim. U bilan ishlash doimo zavqli.

-Sizning fan sohangizdagi eng buyuk olim kim deb o‘ylaysiz? Tarixan va hozirda ishlayotganlardan?

-Ehtimol, «eng-engi» bu – o‘zining Umumiy nisbiylik nazariyasi bilan Albert Eynshteyn bo‘lsa kerak. Agar, maxsus nisbiylik nazariyasi Eynshteyngacha ham qandaydir darajada mavjud bo‘lgan bo‘lsa (Lorens o‘zgartirishlari, Maksvell tenglamalari, yorug‘lik tezligini o‘lchashga oid tajribalar allaqachon bor edi), biroq, XX-asrning boshida Umumiy nisbiylik nazariyasini yaratilishi uchun hech qanday mujda avvaldan bo‘lmagan. Eynshteyn – o‘z davridan bir necha o‘n yilliklarga o‘zib ketgan shaxsdir. Uni ustiga, Eynshteyn hayratlanarli tarzda sermahsul ishlagan olim bo‘lgan. U juda ko‘p miqdordagi ilmiy maqolalar yozgan va juda ko‘p ilmiy taxminlarni bergan bo‘lib, hozirgacha ham bularning barchasi to‘la o‘rganilmagan.

Hozirda hayot bo‘lgan olimlardan esa men o‘z fanim bo‘yicha birortasini ko‘rsatishga qiynalaman. Bunday olimlar juda ko‘p va ularning har biri o‘z yo‘nalishida «zo‘r». Lekin men, misol uchun o‘zimizning Toshkentdan yetishib chiqqan Rashid Syunyayevni (Рашид Сюняев) tanlab ko‘rsatmoqchiman. Rashid Syunyayev astrofizika va kosmologiya sohasiga mislsiz hissa qo‘shgan va uning fundamental ishlarisiz, hozirgi zamonaviy fan ancha g‘arib ko‘ringan bo‘lardi. U qora tuynuklar yaqinida akkeratsion disklar mavjud bo‘lishini eng birinchi bo‘lib taxmin qilgan edi. Shuningdek, u Syunyayev-Zeldovich effekti deb nomlanadigan effektni kashf qilgan. Yana bir necha kashfiyotlarni qilgan va qilib kelmoqda. Syunyayev uzoq yillar mobaynida Germaniyada, Garxingdagi Maks Plank institutiga direktor bo‘lgan. U ilmiy maqolalari bilan jahon bo‘ylab, fizikaning barcha sohalarida eng ko‘p iqtibos olinadigan mualliflar sirasiga kiradi. Bundan tashqari, uning ajoyib insoniylik sifatlarini alohida aytish kerak. Bunday vatandoshimiz bilan faxrlansak arziydi.

-Nima deb o‘ylaysiz, astrofizika insoniyatga nimasi bilan yordam beradi? U qanday muammolarimizni yechib berdi, yoki, yechmoqda? Shuningdek, astrofizika yutuqlari taraqqiyotga qarshi va noqobil qo‘llangan hollar bo‘lganmi? (Masalan, yadro fizikasi yutuqlari oqibatda atom bombasini yaratilishiga olib keldi va Xirosima va Nagasakida minglab odamlar umriga zomin bo‘ldi).

-Birinchidan, fundamental fanlar, ayniqsa, astrofizika odamzotga o‘zimizni o‘rab turgan barcha-barcha narsaning mohiyatini anglashga va bizning Koinotdagi va uning rivojlanishidagi o‘rnimizni tushunishga xizmat qiladi, uning yordamida, olis kosmosdagi bo‘layotgan jarayonlar o‘rganiladi. Bu savollarga olingan javoblarning o‘zi, sarflangan mablag‘ va vositalardan ustun turadi. Ikkinchidan, fundamental fanlar yutuqlari allaqachon hozirgi kundalik hayotda qo‘llanyapti. Masalan, GPS sistemasi umumiy nisbiylik nazariyasisiz ishlamagan bo‘lardi. Bundan tashqari, astronomiya va astrofizika u yoki bu darajada foton zarrachalarini qayd qilish bilan bog‘liq. Zarrachalarni qayd qilish (detekt) bilan bog‘liq texnologiyalarning rivojlanishi kundalik hayotda ham keng ko‘lamdagi masalalarni hal qilish uchun qo‘llanishi mumkin. Astronomiyada yangi teleskoplarga bo‘lgan talablar va olingan ma’lumotlarni qayta ishlash bilan bog‘liq usullarni takomillashtirilishi orqali yuzaga kelgan texnologiyalar, boshqa ko‘plab sohalar uchun ham tadbiq qilinadi va ularning rivojlanishiga ham turtki beradi.

Astrofizikaning amaliy ahamiyati borasida yaqindagina aniqlangan narsa haqida birgina misol keltirsam: 2010-yilning 27-fevralida Chilida kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Natijada, 525 odam halok bo‘ldi, ko‘pchilik bedarak yo‘qoldi. Aholining 9 foizi boshpanasidan ayrildi. Bu zilzila natijasida okeanda tektonik plitalarning siljishi yuz berdi va oqibatda sunami hosil bo‘ldi va u qo‘shni mamlakatlarga ham ta’sir qildi. Ma’lumki, odatda zilzila kutilmaganda sodir bo‘ladi. Lekin, aniqlanishicha, zilzilagacha bo‘lgan bir necha soat avval qo‘shni Argentinada, aniqrog‘i, Pyer Oje kosmik nurlar rasadxonasida (Pierre Auger Observatory)  tabiati bizga noma’lum bo‘lgan, past energiyali zaryadlangan zarralarning anomal chaqnashi qayd qilingan ekan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, ushbu chaqnashlar tektonik plitalarning siljishdan avval keskin siqilishi natijasida, ularni tashkil qiluvchi modda-materialining magnit xossalari o‘zgargani natijasida yuzaga kelgan ekan. Demak, kosmik nurlar rasadxonalari zilzilalarni oldindan bashorat qilish bo‘yicha potensialga ega deyish mumkin. Astronomiyaning kutilmaganda  seysmologiyaga tadbiq etilishi bilan bog‘liq bunday holat bizning mamlakatimiz uchun ham dolzarb masala sanaladi! Va biz bu yo‘nalishda ish olib borish uchun katta potensialga egamiz.

Taraqqiyotga qarshi qo‘llanishiga kelsak: odatda, harbiylar ilm-fan yutuqlarini o‘z manfaatlari uchun ishlatishga urinishida va o‘z-o‘zidan bu narsa taraqqiyotga ziddir. Yadro bombasining ixtiro qilinishini ham shunga misol qilsa bo‘ladi. Lekin, harbiy faoliyat va fan kooperatsiyasi borasidagi aksincha misollar ham mavjud. Masalan, 60-yillarda Amerikaning Vela sun’iy yo‘ldoshlari yordamida olis galaktikalardagi gamma-chaqnashlar manbalari kashf qilingan. Vela sun’iy yo‘ldoshlari avvaliga Yerda amalga oshirilayotgan yadro portlashlarini (sinovlarini) qayd qilish va bu orqali, yadro quroli sinovlarini taqiqlash borasidagi xalqaro Shartnomalarni aynan kim buzayotganini topish maqsadidagi reja bilan chiqarilgan edi. Lekin, tasodifan, bunday sun’iy yo‘ldoshlardan biri Koinotdan gamma-chaqnash signalini qayd qildi va uning manbai juda olisdagi galaktika bo‘lib chiqdi. Albatta, bunday kashfiyot oddiy, sof ilmiy sun’iy yo‘ldoshlar yordamida ham amalga oshishi mumkin edi. Lekin, afsuski, harbiy sanoatni moliyalashtirish darajasi, fundamental ilm-fanni moliyalashtirish darajasiga qaraganda doimo taqqoslab bo‘lmas darajada yuqori bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Ehtimol, bu ayrim olimlarning harbiylar bilan hamkorlik qilishiga majbur qilayotgan sabablardan biri bo‘lsa kerak.

-Astrofizikaning kelajagini qanday tasavvur qilasiz?

-O‘ylashimcha, astrofizika hozir o‘zining oltin asrini yashamoqda. So‘nggi bir necha yil ichida, qilingan kashfiyotlar soni, undan avvalgi 200 yil mobaynida qilingan kashfiyotlar sonidan ko‘proq. Yaqindagina qilingan kashfiyotlarga masalan, 2015-yilda ilk bora gravitatsiya to‘lqinlarining tutilganini aytish mumkin. Shuningdek, 2018-yildagi, yulduzlarning galaktika markazidagi harakatiga asosan qilingan, umumiy nisbiylik nazariyasining o‘ta massiv qora tuynuklar uchun ham isbotlanishi, ilk bora, 2019-yilda, o‘ta katta massali qora tuynuk ko‘lankasi suratining olinishi, hamda, yana boshqa kashfiyotlarni aytish mumkin. Bularning hammasi, yaqin o‘n yilliklarda, balki, undan ham avvalroq, odamzot kvant gravitatsiyasi nazariyasiga kalit topadi deyish uchun imkon bermoqda. Bu ilm-fan uchun buyuk bir yutuq, marra bo‘lgan bo‘lur edi va umuman, bizga Koinot va o‘zimizning Galaktikamizni, o‘zimizni ham, har qachongidanda  yanada yaxshiroq anglash imkonini bergan bo‘lardi.

-Astrofizika bo‘yicha eng kuchli oliygohlar, ilmiy maktablar va laboratoriyalar qayerlarda joylashgan, sanab bering iltimos.

-Bunday joylar ko‘p. Har bir qit’adan bittadan ajratib aytaman. Yevropadagi ilmiy maktablardan bu – butun Germaniya bo‘ylab o‘z ichiga turli xil institutlarni qamrab oladigan Maks Plank jamiyati, ingliz tillilardan esa Oksford, Garvard universitetlari, yoki, Kaliforniya Texnologiya Universiteti. Rossiyada MDU va Pulkovo rasadxonasi. Sharqdan men Hindistonning Puna shahridagi astronomiya va astrofizika markazini ko‘rsatgan bo‘lardim. Aytishlaricha, Xitoyda ham ilm-fan juda jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Agar, umuman fizika haqida gapiradigan bo‘lsak, unda, Shveytsariyadagi CERN, Rossiyadagi YaTBI, AQShdagi Stenford universiteti, Yaponiyadagi Tokio Universiteti.

Albatta, jahonning eng yaxshi rasadxonalari, ushbu joylardagi astroiqlimning o‘ziga xosliklari tufayli Gavay orollari va Kanar orollarida, Janubiy Amerikada, Chili va Argentinada joylashgan. Umuman olganda, har bir konkret fan sohasi bo‘yicha qarash kerak. Chunki, bugungi kunda Astrofizika – juda katta fan bo‘lib, uni bitta ilmiy maktabning yakka o‘zi va hatto bitta mamlakat yakka o‘zi ham qamrab ololmaydi. Har bir alohida olingan fan bo‘yicha turli mamlakatlarda o‘z yetakchilari mavjud va ular orasidan bitta asosiysini tanlashning shunchaki iloji yo‘q.

-Astrofizika yo‘nalishida o‘qishni xohlayotgan va bu soha mutaxassisi bo‘lishi istagida bo‘lgan yoshlar nimalarni maslahat berasiz?

-Birinchi navbatda, xorijiy adabiyotni o‘qib tushuna oladigan darajada ingliz tilini bilish kerak. Hozir shundayki, ingliz tili ilm-fanda nafaqat asosiy til, balki, yagona ilmiy til hisoblanadi va bu tilni bilmasdan turib, zamonaviy fanda raqobat qila oladigan darajada ishlashning iloji yo‘q. Ikkinchisi ilmiy rahbar tanlash. Agar, o‘zimizda ilmiy rahbar topilmayotgan bo‘lsa, unda tashqaridan izlash kerak. Uchinchisi –talaba-fiziklar uchun xorijda juda ko‘p yozgi maktablar mavjud va ularning aksariyati boshqa davlatlardan keladigan talabalarning yo‘l kirasi va yashash xarajatlarini to‘lab beradi. Bunday maktablarda ishtirok etish orqali yangi bilimlarni egallash va undan ham muhimi, foydali tanishlar orttirish, aloqalar o‘rnatishga yordam beradi. Va albatta, ilm-fanga beg‘araz kuchli qiziqish kerak. O‘ylaymanki, sizning saytingiz obunachilarida bu bilan muammo bo‘lmaydi Смешно.

-Iltimos, quyidagilarni tavsiya qilsangiz?

A) Astronomiya va astrofizika bo‘yicha, boshlang‘ich tayyorgarligi bo‘lmaganlar uchun yetarlicha elementar birlamchi bilimlarni beruvchi qo‘llanmalarni;

B) Ushbu fanlarni maqsadli o‘rganish uchun foyda beradigan fundamental asoslarni bayon qiluvchi kitoblarni.

-Bunday kitoblar juda ko‘p. Va asosan, ingliz tilida. Men o‘ylashimcha, qaysi yo‘nalishni tanlashdan qat’iy nazar, ushbu soha uchun kuchli fundamental bilimga ega bo‘lish juda muhim. Rus tilidagi kitoblardan menga quyidagilar yoqadi:

И.Д. Новиков, В.П. Фролов. «Физика черных дыр»,
Д. В. Гальцов, «Частицы и поля в окрестности черных дыр».
Л.Д.Ландау, Е.М.Лифшиц, «Теория поля».

Yaxshi adabiyotlar albatta ancha ko‘p. Shuningdek, internetdan, taniqli olimlarning ma’ruzalarini, hamda, turli ilmiy-ommabop videolarni ko‘rish mumkin.

-Astrofizikaning zamonaviy rivojlanish tendensiyalarini o‘zida aks ettiruvchi qanday jurnal va saytlarni tavsiya etasiz?

-Men yangi maqolalar haqida arXiv.org saytidan xabar topaman. Bu maxsus Pereprintlar sayti, ya'ni, bu yerda maqolalar jurnalda chiqishidan avval turadigan arxiv. Mutaxassis bo‘lmaganlar uchun esa nimanidir tavsiya qilishim qiyin. Chunki, ilmiy-ommabop maqolalarni/jurnallarni kamdan-kam o‘qiyman.

-Nima deb o‘ylaysiz, bu fanlar bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalar, adabiyotlar va umuman bilim olish uchun manbalar o‘zbek tilida yetarlimi? Astronomiya fanining O‘zbekistondagi zamonaviy rivojlanish darajasini qanday baholaysiz?

-Fikrimcha, O‘zbek tilida professional adabiyot juda kam. Hattoki, nazariy fizika va astrofizika bo‘yicha, jahon darajasidagi ko‘plab bazaviy darsliklar ham o‘zbek tiliga o‘girilmagan. Bu katta muammo. Shunga qaramay, boshqa fanlarga taqqoslaganda, O‘zbekistonda astronomiya va astrofizikaning rivojlanish darajasi anchayin yuqori. Bu birinchi navbatda, Toshkentdagi Astronomiya institutining – O‘zbekistonning (ehtimol, butun O‘rta Osiyoning, lekin, bu aniq emas) eng otaxon ilmiy-tadqiqot institutining sharofati bilandir. Harqalay, O‘zbekistonda, g‘arbdagilardan ancha avvalroq astronomiya bilan shug‘ullana boshlashgan. Ya'ni, bu fan bizning mamlakatimiz uchun an’anaviy fan sohasi hisoblanadi. Men hozirgacha ushbu «astronomik» peshqadamlikni mamlakatimiz yuqori darajada, jahon darajasida tutib turganidan juda xursandman. Lekin, muammolar ham bor. Bu – moddiy-texnika bazasining eskirgani, moliyalashtirishning kamligi, O‘zbekiston «astroiqlim» jihatdan dunyodagi eng qulay joylardan biri ekani va bu yiliga 300 kundan ziyod muddat davomida kuzatuvlar olib borishga imkon berishiga qaramay, zamonaviy teleskoplarning yetishmasligi kabilardir. O‘zbekistonda aholi kam yashaydigan, quruq va bulutsiz iqlimli tog‘ hududlari borligi tufayli biz, jahonning mashhur kuzatuv hududlari – Chilidagi Paranal, yoki, Gavaydagi Mauna-Keya singarilar bilan bemalol raqobat qilishimiz mumkin. O‘ylaymanki, mamlakatimizning astronomiya sohasidagi potensiali juda katta.

-Agar sizga o‘tmishga qaytishga va istalgan buyuk olimga savol berish imkoni berilsa, siz kimga va qanday savol bilan murojaat qilgan bo‘lardingiz?

-Agar vaqt bo‘ylab sayohat qilish imkoni bo‘lsa, men yaxshisi kelajakka safar qilgan bo‘lardim va u yerda qandaydir, bo‘lajak Eynshteyn bilan uchrashgan bo‘lardim. O‘sha zamonda hali yana nimalar fanga noma’lumligini so‘rardim. O‘tmishga qaytmasdim. Agar o‘tmishdagi olimlardan birortasi bizning davrga kelib qolsa, albatta, Ulug‘bek bilan muloqot qilishni istardim. Fikrimcha, Ulug‘bek o‘tkir zehnli, nozik didli orzumand odam bo‘lgan. XV-asrdagi, atrofini to‘la nodon va johillar o‘rab olgan zamonda, u qanday qilib, ilmiy ishlaridan keyingi asrlar davomida ham butun jahon va Yevropa olimlari ham foydalanadigan, ilg‘or ilmiy maktab yarata olganini tushunishni istardim. Men hozir ham O‘zbekistonga astrofizika, yoki, umuman olganda, fundamental fan nimaga kerak deb so‘raydiganlar topilishidan yanada hayratlanaman. O‘ylashimcha, Ulug‘bek o‘z zamonasidagi shunday kimsalarning savollariga javob berishi yanada qiyin bo‘lgan bo‘lardi. Yoki, yo‘q, o‘sha zamon odamlari ilm-fanning qadrini hozirgilardan ko‘ra yaxshiroq anglashgan deysizmi? Buni bilish qiziq bo‘lardi...

-Olim bo‘lish uchun, o‘z fanining to‘laqonli bilimdoni bo‘lish uchun nimalar qilish kerak? Ilm-fan sohasida yuksak marralarga erishish uchun odam qanday sifatlar egasi bo‘lishi kerak?

-Birinchidan, oldiga katta maqsadlar qo‘ymaslik kerak. Fikrimcha, ish odamga birinchi navbatda huzur bag‘ishlashi lozim. Agar odam o‘z ishidan, ish jarayonidan huzur olsa, unda, katta maqsadlarni shart qilib qo‘yish kerak ham emas. (Ular o‘zi keladi). Ikkinchidan, va oxirgisi bu – mehnatsevarlik. Lekin, ikkinchisi birinchisi bilan bog‘liq. Agar ish odamga huzur bag‘ishlasa, mehnatsevar bo‘lish ham oson bo‘ladi. Aytmoqchimanki, istalgan boshqa sohadagi kabi, ilm-fanda ham hammasi taxminan shunday.

-Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekistonliklarning ilk Nobel mukofoti qaysi yo‘nalishda bo‘ladi?

-Fizikadan bo‘ladi deb o‘ylashni istardim. Masalan, Toshkentdan yetishib chiqqan Rashid Syunyayev, fikrimcha, o‘zining kosmologiya va astrofizika sohasidagi ilk fundamental ishlari uchun Nobel olishiga barcha imkoniyatlar mavjud. Ishonchim komil, boshqa fan sohalari va adabiyot bo‘yicha ham, bizda yorqin namoyandalar mavjud. Afsuski, ular haqida men ko‘p narsa bilmayman.

-Bizdan qanday savol kutgandingizu, lekin, uni bermadik? O‘sha savolga qanday javob bergan bo‘lardingiz?

-Bitta intervyu uchun savollar yetarlicha ko‘p bo‘ldi deb o‘ylayman Смешно

-Tasavvur qiling, siz hayot mavjud bo‘lgan ekzosayyoraga tushib qoldingiz. Sizni qutqarishgunicha, mashg‘ul bo‘lishingiz uchun, 5 ta kitob, 5 ta film, hamda, 5 ta musiqiy albom yuborishmoqchi. Qaysilarni buyurtma qilgan bo‘lardingiz?

-Kitoblar:

  1. Garsiya Markes, «Yolg‘izlikning yuz yili»;
  2. Yuval Xarari, «Sapiens, insoniyatning qisqacha tarixi»;
  3. Bobur, «Boburnoma»;
  4. Abay Tursunov, «Asrlar bo‘sag‘asida»;
  5. Landau, Lifshits, - Nazariy fizika (2-10 jildlardan istalgani)

-Filmlar:

  1. Uzuklar hukmdori – trilogiya to‘liq;
  2. Across the universe (2007)
  3. Mr. Nobody (2009)

Musiqiy albomlar o‘rniga gitara olvolgan bo‘lardim. Agar, baribir tanlash kerak bo‘lsa unda:

  1. Alt-J – istalgan biror albomi;
  2. The Beatles - istalgan biror albomi;
  3. Amy Winehouse – oxirgi albomi;
  4. Sevara Nazarxon - istalgan biror albomi;
  5. S. Raxmaninov – fortepiano uchun konsert №3

-Vaqt ajratganingiz va qiziqarli suhbat uchun tashakkur. Landau&Lifshits va Raxmaninov borasida hamfikrman Смешно.

-Qiziq savollar uchun sizga rahmat!


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 20.05.2020 15:25  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Minbardagi olim:

Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Horijlik sayyoh samarqandlik matematik olimdan so'rayapti (ko'chada):

-kechirasiz, Registon maydonini qanday topsam bo'ladi?

-eni va bo'yini ko'paytirasiz, ya'ni, S=ab...


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 11840881

Tafakkur durdonalari

Farzandlarimiz bizdan ko'ra kuchli, aqlli va baxtli bo'lishlari shart...

I. Karimov