Pandemiya, epidemiya
Siz «demografiya» va «demokratiya» so‘zlarini eshitgansiz albatta. Bu so‘zlar bilan «pandemiya» hamda «epidemiya» terminlarining qanday aloqasi bo‘lishi mumkin, hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Sezganingizdek, hammasining o‘zagida «demos» qismi mavjud. Demos – qadimgi yunon tilida «xalq» va «aholi» degan ma’nolarni bildirgan. Yana ham aniqroq aytsak, bu - hur fuqaro degan ma’noni bildirgan. Bilasizki, qadimgi Yunonistondan quldorlik tuzumi mavjud bo‘lgan va shu sababli, o‘zi kimgadir qul bo‘lmagan, aksincha quldor bo‘lishi mumkin bo‘lgan, erkin, ozod, hur kishilar qatlami aynan «demos» deyilgan. Keyinchalik, bu atama umuman, xalqni, butun fuqarolik jamiyatini ifodalaydigan ma’noga ko‘chgan.
Shu sababli ham demokratiya – ma’no jihatdan «xalq hokimiyati» deb izohlansa, demografiya bu – aholining (ya'ni, xalqning) ko‘payish jarayonlari va qonuniyatlarini o‘rganadigan, turli ijtimoiy va tabiiy omillar sharoitida aholining o‘sishi, uning yosh va jins tarkibi singari jihatlarini tadqiq qiladigan fandir.
«Demos» o‘zagining ma’nosi «xalq» va «aholi» ekaniligini bilgan holda, endi, pandemiya va epidemiya terminlarini tushunishimiz oson bo‘ladi. Bu ikkalasida ham, shu «xalq» ma’nosidagi so‘zga «epi-» va «pan-» old qo‘shimchalari qo‘shilgan xolos.
«Epi-» old qo‘shimchasi yunon tilida o‘zidan keyingi kelgan o‘zak so‘zga nisbatan «ustidan», «yaqinida», «huzurida» yoki, «oldidan» degan ma’nolarni bag‘ishlagan (bu o‘zbek tilidagi «pesh» old qo‘shimchasiga ma’no jihatdan yaqin. Masalan, «peshqadam», «peshtaxta» singarilarda old qo‘shimchaning vazifasi ham shunday).
Biologlar yaxshi biladigan termin epidermis – teri hujayralarining ustki qatlami bo‘ladi; adabiyotchilar yaxshi biladigan termin epigraf esa, asosiy matn oldidan kirish qismi bo‘ladi; zilzila sodir bo‘lgani haqidagi xabarlarda siz eshitadigan episentr atamasi esa, zilzila markazining yer ustiga nisbatan proyeksiyasini bildiradi; episkop esa nasroniy cherkovida, cherkov faoliyati ustidan nazorat qiladigan eng katta nozir ruhoniy hisoblanadi.
Shu jihatdan, «epidemiya» so‘zi qadimgi yunon tilidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘girganda «xalq ustidan» degan ma’noni beradi. Uni «butun aholini qamrab olgan» desak ma’no jihatdan yana ham oydinlashadi. Epidemik kasallik – odamdan-odamga o‘zaro yuqishi tufayli, tez muddat ichida aholining muayyan qismini qamrab oladigan, xalq ichida keng tarqaladigan kasallik bo‘ladi. Epidemiya aholining faqat ma’lum ijtimoiy qatlamini, yoki, ijtimoiy ahvolidan qat’iy nazar, nisbatan katta qatlamini qamrab olishi mumkin. Masalan, poliomiyelit infeksiyasi bilan asosan bolalar kasallanadi; gripp esa, hammada uchrashi mumkin.
Turli davlatlarda va hattoki, davlatlarning ichki hududiy birliklarida ham, kasallikni epidemiya deb e’tirof etilishi uchun turlicha foiz ko‘rsatkichlari qabul qilingan bo‘lishi mumkin. Lekin, ko‘pincha, muayyan kasallikning aholining 5% dan katta qismi orasida tarqalishi epidemiya deb olinadi. Ayrim kasalliklar epidemiya darajasiga yetishi uchun esa, aholining 1% qismi unga chalinishi ham kifoya qiladi.
Agar, epidemiya bir muayyan hudud, davlat, yoki, mintaqa darajasidan ham chetga chiqib, qit’a miqyosida, yoki, jahon miqyosida yoyilsa, u endi pandemiyaga aylanadi. Pandemiya terminidagi «pan-» old qo‘shimchasi ham kelib chiqishiga ko‘ra qadimgi yunon tiliga borib taqaladi va uning ma’nosi biror narsani «to‘liq yalpi qamrab olish» degani bo‘ladi, shuningdek, «yalpi», «yoppasiga» singari so‘zlarga ham to‘g‘ri keladi. Masalan, «Panamerika» - Amerika qit’asini to‘liq qamrab oluvchi biror hodisa, yoki, vositaga aytiladi. Masalan, mashhur filmda Frenk Abigneyl ismli qallob bir necha marta soxta uchuvchi sifatida uchadigan Panamerika aviakompaniyasi, Amerika qit’asini to‘liq qamragan samolyot qatnovlari bilan o‘zini taklif qilgan. Abdurauf Fitrat o‘z tarjimai holida keltirib o‘tgan «panturkizm» termini esa, turkiy xalqlarning hammasining g‘oyaviy-siyosiy birlashuvini nazarda tutgan. Pangeya – barcha materiklarning qadim zamonda umumiy yaxlit bitta materik bo‘lgan holatdagi nomi bo‘lsa, panorama – joyning hamma yog‘ini to‘liq qamrab olingan tasvir, yoki, atrof hamma yoqni to‘la ko‘rish mumkin bo‘lgan manzara joyi hisoblanadi.
Yuqorida aytganimizdek, pandemiya – muayyan yuqumli kasallikning ma’lum bir mamlakat, yoki, mintaqa miqyosidan chiqib, butun qit’a, yoki, jahon miqyosida tarqalishi hodisasi bo‘ladi. Masalan, hozirgi butun dunyo uchun dolzarb muammo bo‘lib turgan COVID-19 koronavirusi pandemiyasi, allaqachon Antarktidadan boshqa barcha qit’alarga yoyilib bo‘ldi va ushbu kasallik 210 ta mamlakatda qayd qilindi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi |
---|