Orbita . U Z

Ilm-fan fazosi uzra

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish

Yozuv mashinkasi

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 0
Juda yomon!A'lo! 

Yozuv mashinkasi

XIX-asrning 70-yillarida boshlangan mashina inqilobi bir qarashda texnikadan ancha yiroq bo‘lgan faoliyat sohalarini, xususan matn yozish sohasini ham qamrab oldi. Ming yillar mobaynida odamzot matn yozish uchun faqat o‘z qo‘lidan foydalanib kelgan edi. Yozuv mashinkasi ixtiro qilinishi bilan esa, endi matn yozish masalasi ham mexanizm zimmasiga yuklanib, bir necha barobar tezlashdi. Endilikda, muayyan harf, yoki, so‘zlarni qo‘lda yozib o‘tirmasdan, mashinkadagi tegishli klavishni bossa kifoya! Yozuv mashinkasining paydo bo‘lishi inson hayot faoliyatida juda katta ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Xususan, uning natijasida, ish yuritish va kotibiyat, devon ishlaridagi samaradorlik bir necha barobar ortdi.

 

Albatta, yozishni hamma ham o‘rganishi mumkin. Biroq, hamma ham husnixat bilan, tushunarli qilib yoza olmaydi. Chiroyli yoza oladiganlar esa tez yozolmaydi va ho kazo. Turli sohalarda aynan yozma tarzda o‘zaro yetkaziladigan xat-xabarlar, rasmiy va norasmiy hujjatlar sonining ortishi esa, har bir tashkilot va idorada husnixati bejirim, tez yoza oladigan xodimlarga ehtiyoj tug‘dirgan edi. Minbardan turib aytilayotgan nutqni, yoki, boshqa shunga o‘xshash, jonli muloqot jarayoni tafsilotlarini yozib borish esa juda qiyinchilik tug‘dirardi. Chunki, odatda, xattot kotib va mirzalar bu jarayonda barcha tafsilotlarni yozib olishga ulgurmasdan, ko‘p xato ham qilishgan. Yozuvchi yoki dramaturglar yozgan qo‘lyozma ssenariylarning biror nusxasini qo‘lga kiritish uchun esa, teatr rejissorlari xattot qo‘lyozmani ko‘chirib bo‘lishini bir necha kun kutishlariga to‘g‘ri kelgan. Shu va shu kabi omillar, XIX-asr o‘rtalariga kelib, mexanik usta ixtirochilarni, tez va sifatli matn yozishga yordam beradigan mashinka yasashga unayotgan edi. Ta’kidlash joizki, yozuv mashinkasining ilk namunalari XVIII-asrdayoq paydo bo‘lgan edi. Biroq, ular biroz beso‘naqay va o‘ng‘aysiz bo‘lgan; boz ustiga, ancha sekin ishlaganligi sababli, qo‘lyozma ustalari, ya’ni, xattotlardan o‘zib keta olmagan.

Biz bugungi kunda yaxshi taniydigan, biroq, yaqin 20 yildan buyon o‘z o‘rnini kompyuterlarga yutqazib qo‘ygan yozuv mashinkasining ilk namunasini esa 1833-yilda Fransiyada Progrin ismli usta yasagan. Uning mashinkasi o‘sha paytda ktipograf deb nom olgan edi va unda harfli-raqamli shtempel bilan bog‘langan 88 ta richag vositasida matn terilgan. Richaglar aylana tarzida joylashgan bo‘lib, qog‘oz ustidan bo‘ylama va ko‘ndalang tarzda harakatlanib, yozuvni oqqa tushira olgan. Aynan aylana shakli sababli, bunday mashinada ishlash noqulay va qiyin bo‘lgan. 1843-yilda boshqa bir ixtirochi Sharl Turber ko‘zi ojizlar uchun matn yozishga mo‘ljallangan mashinka uchun patent oldi. Aytish joizki, bunda Turber aslida an’anaviy qo‘lyozma matn yozishni tezlashtirishni maqsad qilmagan; balki, ko‘zi ojizlar uchun ham o‘z fikrini yoza olishga imkon berish kerakligini bosh maqsad qilgan edi. Shunchaki, ko‘ra olmaganliklari uchun, ko‘zi ojiz shaxslar o‘z fikrini yozish imkoniyatidan ham mahrum bo‘lmasligi kerak degan g‘oya asosida ishlab chiqarilgan mashinka edi bu. Biroq, ushbu ezgu maqsad ixtiro muallifini o‘zi kutmagan tomondan baxtiyor qilib yubordi. Zamonamizda ham hali u bu idoralarda uchratish mumkin bo‘lgan yozuv mashinkalarining eng ommaviy namunasi aynan Turber patenti asosida, uning modeliga ko‘ra ishlab chiqarilgan. Ushbu mashinkada, harf va raqamlar richagli uzatma orqali harakatlanib, matnni tez va aniq yozish samaradorligini keskin orttirgan edi. Albatta, o‘sha paytlarda, yozuv mashinkasining yana boshqa model va turlari ham paydo bo‘lgan. Biroq, tabiiy raqobat ularni asta-sekin chetga surib chiqarib qo‘ygan.

Shunga qaramay kotibiyat ishida inqilob yasagan va hamma joyda bir xil standart klaviaturali, oson qayta sozlanadigan, qog‘oz solish va olish jarayoni ham juda oddiy bo‘lgan mexanik yozuv mashinkasining paydo bo‘lishi Yevropada emas, balki yangi dunyoda – Amerikada amalga oshdi. Hamma narsadan avvalo pul qilishni ko‘zlaydigan tadbirkor amerikaliklar, Turber modeli asosida, seriyali ishlab chiqarsa bo‘ladigan va shu orqali, arzon tannarxi ta’minlansa, har qanday idora va o‘rtahol ishchi oilasi ham sotib olishga qurbi yetadigan yozuv mashinkasini ishlab chiqarishni maqsad qilishdi. Buning uch ular nafaqat Turber modelini yasashni o‘rganish bilan cheklanmay, balki, uni boshqa bir maqsad uchun chiqarilgan yozuv mashinkasi – seriya raqamini bosish uchun ixtiro qilingan, raqamlash mashinkasi bilan kombinatsiyasini tayyorlashgan.

Turli qog‘oz mahsulotlariga seriya raqami bosish, xususan, kitob sahifalarini tartibli raqamlash, teatr va konsert biletlarini raqamlash, va hattoki bank cheklarini seriya raqami bilan muhrlash uchun mo‘ljallangan maxsus mashinkani 1867-yilda AQSHlik tipografiya xodimlari Lettam Shoulz va Samuel Sulle ixtiro qilishgan edi. Yevropadan keltirilgan Turber modeli asosidagi yozuv mashinkasini ko‘rgach, Shoulz va Sulle, uni o‘zlarining raqamlovchi mashinkalari bilan uyg‘unlashtirish mumkinligini fahmlab yetishdi va ishni paysalga solmay, darhol yangi turdagi yozuv mashinkasini tayyorlashga kirishdilar. G‘oyaga ko‘ra ular istalgan matn va raqamlarni, shuningdek, maxsus belgilarni yoza oladigan, ixcham va oson qayta sozlanadigan yozuv mashinkasi yasalishi kerak edi. Ishning asosiy qismini Shoulz bajargan. Chunki, u bu ishda ustasi farang bo‘lib ketgan edi va Sulle asosan moliyaviy masalalar bilan shug‘ullanardi. Ular avvaliga birga ish boshlashgan bo‘lsa-da, keyinchalik o‘rtada kelishmovchiliklar yuzaga kela boshladi.

O‘sha yilning yozida Shoulz yozuv mashinkasining ilk nusxasini yasab bo‘ldi. Uni usta eski telegraf mashinkasining qismlaridan yasagan edi. Materiallar tanqisligidan, u eski telegraf mashinkasida mavjud ayrim harflarnigina qog‘ozga tushira olgan xolos. Xususan, uning birinchi urinishida mashinka faqat «B» harfini yozadigan bo‘lgan. Oradan bir necha oy o‘tib, kuzda Shoulz alifboning hamma harflarini bosa oladigan to‘liq to‘plamli mashinkani tayyorlab, namoyish qildi. Uning mazkur mashinkasi faqat bosh harflar bilan yozgan va harflar va satr orasidagi intervalni aniq olishi, matnning oqqa bir tekis va ravon tushirilishi bilan ajralib turgan. Ushbu modelning yagona noqulay tomoni – qog‘ozni mashinkada barqaror ushlab turish uchun bir qo‘l muntazam band bo‘lgan va klavishlar ham pianinodagi singari, hammasi bir tekislikda joylashgan bo‘lgan. 1868-yilda Shoulz ushbu yozuv mashinkasi uchun AQSH patentini olishga muvaffaq bo‘ladi, biroq, Sulle loyihada ishtirok etishdan bosh tortadi va moliyaviy masalalarni hal qilish ham Shoulzning bir o‘ziga qolib ketadi. Sulle bu ish yaxshi daromad keltirmaydi deb o‘ylagan va sarmoya tikishdan qo‘rqqan. Lekin, Shoulz ishlashda davom etadi va o‘zi ixtiro qilgan mashinkani yanada takomillashtirishda davom etadi. U avvaliga qo‘l ostidagi bor narsalardan – soat, telegraf va ho kazolarning ehtiyot qismlaridan foydalanib yozuv mashinkasini yasashda davom etadi. Bir vaqtning o‘zida, u ixtironi moliyalashtirish uchun sarmoyador ham izlashda davom etadi. Uning ishlari bilan tanishgan va mashinkaning ishchi tayyor nusxasidan foydalanib ko‘rgan puldor tanishlaridan biri – Deksimor ismli kishi, loyihani moliyalashtirishga rozi bo‘ladi va Shoulzga yetarlicha pul beradi. Moliyaviy muammolardan xalos bo‘lgan usta, ishga boshi bilan sho‘ng‘ib ketgan va mashinkani korxonada tezkor ravishda, seriyali yig‘ib sotuvga chiqarsa bo‘ladigan modelini loyihalashga kirishib ketgan. Keyingi 5 yil mobaynida, Shoulz yozuv mashinkasining 30 dan ortiq turli modellarini loyihalab, yasab ko‘rsatgan. Ushbu modellarning har biri o‘zidan avvalgisidan mukammalroq va puxtaroq edi.

Remington yozuv mashinkasi1873-yilga kelib, Shoulz vanihoyat yozuv mashinkasining ommaviy ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan, ustaxonada, yoki, konveyerda oson yig‘iladigan ixcham modelini ixtiro qildi. Mazkur mashinkani ishlab chiqarishni esa Remingtondagi mexanika zavodi sinov tariqasida joriy qildi. Ushbu zavod aslida, tikuv mashinalari, hamda, dalaga ishlov berish uchun mo‘ljallangan mashinalar – plug, omoch va ho kazolar, shuningdek, oddiy ov qurollari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lgan. Remington mexanika zavodi 1874-yilning boshida Shoulz modeli asosida yozuv mashinkalarining 100 dona ilk partiyasini tayyorlab sotuvga chiqardi. Mashhur Amerika yozuvchisi Mark Tven o‘sha ilk 100 dona yozuv mashinkasining ilk xaridorlaridan biri bo‘lgan. Adibning hammamiz yaxshi bilgan «Tom Soyerning sarguzashtlari» asari ham, aynan Shoulz ixtiro qilgan va Remington mexanika zavodi ishlab chiqargan o‘sha ilk 100 dona mashinkalarning birida yozilgan edi. Shunga ko‘ra, bemalol aytish mumkinki, «Tom Soyerning sarguzashtlari» yozuv mashinkasida yozilgan ilk to‘laqonli badiiy asar bo‘lib, demak, yozuv mashinkasi o‘shandan boshlab, nafaqat mirza va kotiblarning, balki, yozuvchi va shoirlarning ham eng yaqin yordamchisiga aylandi.

Biroq, Mark Tvenga qanchalik ma’qul kelgan bo‘lmasin, Shoulz yozuv mashinkasining o‘sha ilk 100 nusxasining sotuvi muvaffaqiyatli bo‘lgan deyish ham mushkul. Sababi, o‘sha yuzta mashinka sotilishi uchun jami 8 yil ketgan. Ko‘plab mashinkalarni xaridorlar ko‘p o‘tmay do‘konga qaytib olib kelib, pullarini qaytarib berilishini talab qilishgan. Juda ko‘p mashinkalar esa, tez orada buzilib qolgani uchun, potensial xaridorlarda unchalik ham yaxshi taassurot bermagan. Boz ustiga, o‘sha ilk 100 dona mashinkaning tannarxi ancha qimmat tushgan va Shoulz o‘zi kutgan narsani – arzon va hamma sotib olishga qodir bo‘ladigan narxni taklif qila olmagan. Shu sababli ham, mazkur partiyadagi yozuv mashinkasini faqat boylar xarid qila olgan xolos.

Shunga qaramay, Shoulz va Remington mexanika zavodi hamkorlikni davom ettirishdi. Zavod xo‘jayini bu loyihaning istiqbolini yaxshi fahmlaydigan, ilg‘or fikrli kishi bo‘lib chiqdi. Shu sababli, u mashinkaning navbatdagi partiyasini ishlab chiqarish uchun o‘zi pul tikkan. 1876-yilda boshlab, mashinkani zavod yalpi miqyosda, ko‘p sonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi va faol reklama va targ‘ibot ishlarini ham boshlab yuboradi. 1880-yillarga kelib, Shoulz mashinkalari endi asta-sekinlik bilan, turli idora va tashkilotlarda ommalasha boshladi va o‘zining qulayligi bilan, an’anaviy kotiblik faoliyatini yangi bosqichga olib chiqa boshladi. Ayniqsa, kun davomida katta miqdorda matn yozishga to‘g‘ri keladigan faoliyat turlarida, xususan, huquqshunoslar, notariuslar, kotiblar hamda, yozuvchilar yozuv mashinkasining qulayliklarini tez o‘zlashtirishdi. Tobora, mashinka, idora va devonxona ishining ajralmas bo‘lagiga aylana boshladi. O‘sha yillarda ishlab chiqarilgan yozuv mashinkalari AQSHda «remington mashinkasi» nomi bilan mashhur bo‘lgan edi.

Shoulz mashinkasi shuningdek boshqa ixtirochilarni ham ilhomlantirib yubordi. Ilk remingtonlarning bitta jiddiy noqulay jihati bo‘lgan. Unda, matn terayotgan odam, o‘zi tergan matnni ko‘rib turmagan. Xato qilib qo‘ymaganini tekshirib olish uchun, matn teruvchi, ishni biroz to‘xtatib, maxsus g‘ildirakni surib, sharnirlar orqali siljitib, qog‘ozni ko‘tarib, chiqarib ko‘rishi va yana joyiga solib qo‘yishi kerak edi. Bu esa haqiqatan ham ancha jiddiy noqulaylik edi.

Bunday noqulaylikni bartaraf qilingan yangi turdagi yozuv mashinkasini 1890-yilda boshqa bir usta – Frans Vagner ixtiro qildi. Uning mashinkasida qulaylik shuningdek, richag sistemasi qo‘llanganievaziga ham otgan bo‘lib, harflarni qatorma-qator, uch qavat zina ko‘rinishida, ixchamroq shaklda joylangan. Vagner mashinkasida terilayotgan matn shundoq ko‘z ro‘parasida ko‘rinib turgan va mashinka o‘zi ham yelka kengligida bo‘lib, qo‘llar klaviatura bo‘ylab oson harakatlangan. Vagner o‘sha yilning o‘zida ixtirosi uchun patent olgan. Biroq, mashinkani seriyali ishlab chiqarish vakolatini Jon Undervud ismli puldor odamga sotib yuborgan. Vagner mashinkasi o‘zining qulayligi tufayli juda tez ommalashdi va Undervud bunday mashinkalarni katta miqdorda ishlab chiqarib, yanada katta boylik orttirdi. Vagnerning o‘zi esa, patentini sotishdan olgan pulini ko‘p o‘tmay yeb bitirgan va umrining oxirida, kambag‘allikda yashab vafot etgan. Undervud mashinkalari birdaniga raqobatni «remington» mashinkalaridan yutib keta boshlagach, Shoulz va Remington xo‘jayini ham bunga javoban, yanada yaxshiroq va arzonroq model ishlab chiqarishga kirishadilar. 1908-yilda «remington»ning ham, yozuv shundoq ko‘rinib turadigan, ixcham shaklli va narxi arzonroq modellari sotuvga chiqadi. Ko‘p o‘tmay, Undervud va Remington mashinkalari qatoriga, yana boshqa raqobatchilar ham qo‘shilib, mashinkaning yanada arzon va qulay modellari paydo bo‘la boshlaydi. O‘sha yillarda yozuv mashinkasi hatto bir muddat, butun jahon bo‘ylab «amerikacha hayot tarzi»ni targ‘ib qiluvchi timsolga ham aylangan. Ya’ni, mashinka – qulaylik belgisi sifatida turli targ‘ibot va reklama materiallarida amerikacha zamonaviy hayotning bir bo‘lagi sifatida ko‘rsatilgan.

Albatta, hozirgi kunda yozuv mashinkasi juda raritet matoh sanaladi. Kotibiyat ishida ham, yozuvchi va shoirlar stolida ham uning o‘rnini allaqachon kompyuter va printer egallab bo‘ldi. 1990-yillardan boshlab yozuv mashinkasiga bo‘lgan ehtiyoj butun jahon bo‘ylab butunlay so‘nishga ketgan. Biroq, o‘sha, 1870-yillardan boshlab, to 1990-yilllargacha, (hatto 2000-yillarning o‘rtalarigacha desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi) yozuv mashinkasi har qanday idora va tashkilotning eng asosiy ish qurollaridan biri bo‘lgani rost. Uning shonli tarixi o‘sha yuz yildan ziyod vaqt ichida qanchadan-qancha muhim tarixiy hujjatlar, badiiy asarlar, maxfiy va oshkora xatlar va ho kazolarning yozilishiga guvoh bo‘lgan. Garchi, hozirda hech bir idorada yozuv mashinkasida shaqillatib yozib o‘tirgan qaqildoq kotibani ko‘rmasangiz ham, bilinki, ushbu matoh, shubhasiz insoniyat tarixida muhim rol o‘ynagan eng buyuk ixtirolardan biridir!


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 26.08.2019 11:08  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Mulohaza bildiring:


Mahfiy kod
Yangilash

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

Tezkor tayyorlanadian lapsha taomlar ishlab chiqaruvchisi kimyo bo'yicha Nobel mukofotiga tavsiya etildi. Uning masalliqlarida, ilgari fanga noma'lum bo'lgan kimyoviy elementlar aniqlandi..


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 817
O'qilgan sahifalar soni : 4669123

Tafakkur durdonalari

Dunyoda ilmdan o'zga najot yo'q va bo'lmagay! (Imom Buxoriy)