Orbita . U Z

Ilm-fan fazosi uzra

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Horijlik olimlar Ervin Shryodinger

Ervin Shryodinger

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 0
Juda yomon!A'lo! 

Ervin Shryodinger

(1887-1961)

XX-asrning eng buyuk fizik olimlaridan biri, Ervin Shryodinger 1887-yilning 12-avgustida Venada tug‘ilgan. Uning otasi Rudolf Shryodinger kleyonka ishlab chiqaradigan fabrikaning xo‘jayini bo‘lgan. Badavlat oila boshlig‘i bo‘lgan Rudolf Shryodinger, shuningdek, mohir rassom, hamda, botanika fanining o‘z mamlakatida ko‘zga ko‘ringan bilimdoni hisoblangan. Ervin Shryodinger esa oilada yagona farzand bo‘lgan. Boshlang‘ich ta’limni ham Ervinga otasi Rudolfning o‘zi bergan. O‘qishni, yozishni va arifmetikani otasidan o‘rgangan Ervin, u haqida doim «charchoqni bilmaydigan ustoz va do‘st» deb ta’rif berar edi. Haqiqatan ham, otasi yosh bolakay og‘li Ervinning har qanday savollariga erinmay, batafsil va tushunarli qilib javob berishi, uning yanada va yana savolga ko‘mib tashlashiga nisbatan sabr-toqat bilan o‘rgatishda davom etishi tufayli, Shryodinger yoshligidayoq mukammal ensiklopedik bilimga ega shaxsga aylanishida katta xizmat qilgan.

 

Shryodinger 1898-yilda Vena Akademik gimnaziyasiga o‘qishga kiradi. Keyingi 8 yil mobaynida gimnaziyada ta’lim olgan bo‘lajak fizik olim, yakunda, bitiruv hujjatlariga ko‘ra, yunon tili, lotin tili, mumtoz adabiyot, matematika, fizika va kimyo fanlaridan gimnaziya bo‘yicha eng yuqori rekord ballar bilan bitirib, barchaning olqishiga sazovor bo‘lgan ekan. O‘sha yillari hamma o‘qituvchilari uni yoki shoir, yoki, yozuvchi, publitsist, juda bo‘lmasa, teatr tanqidchisi bo‘lsa kerak degan fikrda bo‘lishgan. Chunki, yosh Shryodinger avvalo lotin va yunon tillarini, hamda, adabiyotini mukammal bo‘lgani bilan ajralib turgan, hamda, qadimgi mualliflarning asarlari asosida spektakllar uchun ssenariylar yozishni ham yaxshi uddalagan. Uning shoir sifatidagi mashqlari ham uncha muncha yetuk shoirlardan qolishmaydigan darajada, nemis poeziyasi an’analariga xos nafislikka ega mazmundor bo‘lgan. Biroq, bularning bari – o‘rta maktab bitiruvchisining bolalik qiziqishlari o‘laroq qolib ketdi. Chunki, 1906-yilda, Vena universitetining fizika fakultetiga o‘qishga kiradi va faoliyatini aniq fanlar bilan bog‘lashga qaror qiladi. Universitetda unga professor Fridrix Gazenerlning ajoyib ma’ruzalari orqali olgan bilimlari talaba Shryodingerga chuqur taassurot bergani, hamda, shuurida qiziq va ajoyib g‘oyalarning uyg‘onishiga turtki berganini u ko‘p eslagan.

1910-yilda Ervin Shryodinger birato‘la doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish orqali, universitetni ham a’loga bitirib, shu yerning o‘zida, Frans Eksner ismli fizik olimning assistenti sifatida ishda qoladi. U mazkur ishda I-jahon urushi boshlangunga qadar ishlab, 1913-yilda, hamkasbi Kolraush bilan birga, Avstro-Vengriya Imperiyasi Fanlar Akademiyasining Xaytinger mukofotini qo‘lga kiritgan. Bu mukofot olimning radiy elementini tadqiq qilish borasida olib borgan eksperimentlarning natijalari uchun berilgan edi.

Urush boshlanib qolgach, uni harbiy harakatlarga jalb qilishadi va Shryodinger artilleriya ofitseri sifatida, Bolqon tog‘laridagi harakatdagi qo‘shin safida xizmat qiladi. Xizmat vaqtida ham bo‘sh vaqtlaridan imkon qadar unumli foydalanishga uringan Shryodinger, Eynshteynning nisbiylik nazariyasiga oid maqolalari bilan tanishib boradi va butun bo‘sh vaqtini ushbu yangi fizika g‘oyalarini o‘zlashtirish bilan o‘tkazadi.

Urush tugagach, universitetdagi ishiga qaytgan Shryodinger, aynan umumiy nisbiylik nazariyasi, hamda, statistik mexanika sohalarida ilmiy izlanishlar boshlab yuborgan. Shuningdek, eksperimentator sifatida, u rentgen nurlarining difraksiyasini tadqiq qilishga ham kirishgani diqqatga sazovordir.

1920-yilda allaqachon 33 yoshni qarshilagan Ervin Anna-Mariya Bertel ismli qiz bilan turmush quradi. Lekin, afsuski, ularga farzand ko‘rish baxti nasib etmagan. Keyingi yili, qisqa muddatga Maks Vin huzurida assistentlik qilgan Shryodinger, 1922-yildan boshlab Shtutgartga ko‘chib o‘tadi va Shtutgart texnika universitetida adyunkt-professor unvoni bilan fizikadan dars bera boshlaydi. Biroq, bu yerda ham u uzoq qola olmagan. Atiga bir smestr dars bergach, Breslauga (hozirgi Polshadagi Vroslav shahri) borib ishlashga qaror qiladi. Bu joyda ham muqim bo‘la olmagan darbadar olim, vanihoyat, 1923-yil boshida Shveytsariyaga borib o‘rnashadi va Syurix universitetida fizika kafedrasida ish boshlaydi. O‘shanda u yaqindagina ishdan bo‘shagan Albert Eynshteynning o‘rniga, fizika professori lavozimiga tayinlangan edi.

Syurixda olim keyingi olti yillik faoliyatini o‘tkazgan. Bu vaqtda u asosan, termodinamika hamda, statistik mexanikaga oid masalalar bilan shug‘ullanib, gazlar, hamda, qattiq jismlarning molekulyar miqyosdagi fizik qonuniyatlarini tadqiq qilgan. Bir vaqtning o‘zida, u endi-endi shakllanib, oyoqqa turayotgan kvant fizikasiga oid ilmiy jarayonlar va bahslarni ham kuzatib borgan bo‘lsa-da, biroq, 1925-yilgacha bo‘lgan muddatda, Shryodinger umuman kvant fizikasiga jiddiy diqqat qaratmaganini o‘zi keyinchalik tan olgan. Uning vanihoyat, ushbu yangi va mutlaqo o‘zgacha fizika olami eshigini ochuvchi fan sohasiga qiziqishi uyg‘onishiga, o‘sha, 1925-yilda Lui de Broylning to‘lqinlar tabiatiga oid e’lon qilgan ilmiy ishiga Eynshteyn tomonidan berilgan ijobiy baho sabab bo‘lgan ekan. Shryodinger bu jarayon haqida o‘z kundaliklarida «holbuki, hatto Eynshteyn bu mavzuda gap ochibdimi, demak, buning zamirida kuchli ilmiy mohiyat bor» - deb yozib qo‘ygan edi.

Kvant nazariyasi 1900-yilda, Maks Plank tomonidan mutlaq qora jismning nurlanishi hamda, uning harorati orasidagi bog‘liqlik masalalarini o‘rganish asosida shakllangan bo‘lib, uning xulosalari o‘sha zamon fizikasi uchun (hozirgi zamon uchun ham) o‘ta g‘ayrioddiy va aqlni shoshirib qo‘yar darajada ziddiyatlarga to‘la edi. Kvant fizikasi yangi fan sohasi sifatida paydo bo‘lar ekan, uning ilmiy masalalari bilan Nils Bor, Ernest Rezerford, singari yetuk fiziklar qatorida, nihoyat, daho olim Albert Eynshteyn ham shug‘ullana boshlagani, hammaning diqqat-e’tiborini aynan shu sohaga qaratishga undagan. Avvaliga, shunchaki, nazariy model, toza matematik faraz sifatida qaralgan kvant hodisalari, aslida, borliqning asosini tashkil qilishi tobora ayon bo‘lib bordi. Eng qizig‘i esa, kvant miqyosidagi fizik hodisalarga, an’anaviy fizikadan ma’lum qonuniyat va formulalarni qo‘llab bo‘lmasdi; bu fizika butunlar boshqacha, tamomila yangicha yondoshuvni talab qilar va paradoksal g‘oyalari bilan olimlar o‘rtasida keskin bahs-munozaralar paydo qilmoqda edi. Ta’bir joiz bo‘lsa, 1900-yilgacha, tinchgina, do‘stona muhitda xotirjam ishlab kelgan fizik olimlar, endilikda tobora ashaddiy tanqidchilik ruhidagi qutblarga ajralib qola boshlashdi.

1924-yilga kelib, kvant fizikasining yangi bir qiziq jihati yuzaga qalqib chiqdi. Lui de Broyl o‘zining mashhur to‘lqin nazariyasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, materiya ham to‘lqin xarakteriga ega bo‘lib, agar elektromagnit to‘lqinlar, masalan, yorug‘lik o‘zini ba’zan zarracha sifatida tutsa (Eynshteyn ko‘rsatib bergani kabi), buning ziddiga ko‘ra, zarrachalar ham, masalan, elektron muayyan sharoitlarda o‘zini xuddi to‘lqin kabi namoyon qilishi mumkin ekan. De Broyl taklif etgan nazariyada ham, xuddi foton (yorug‘lik zarrachasi) bilan bo‘lgani singari, istalgan zarrachaga mos keluvchi to‘lqin chastotasi uning energiyasi bilan bog‘liq ekanligi ko‘rsatilgan edi; biroq, de Broylni to‘lqinlantirgan zarrachaning to‘lqin tabiatiga oid matematik formulada shuningdek, zarrachaning massasi, tezligi (impulsi) hamda, uning to‘lqin uzunligi orasidagi nisbat asosiy o‘rin tutgan. Elektron to‘lqinlarining mavjudligini esa 1927-yilda olimlar Klinton Devisson, Lester Jermer, hamda, Tomson tomonidan eksperimental isbotlangan.

De Broylning ilmiy maqolasi e’lon qilingach, unga nisbatan Eynshteyn yo‘llagan izoh va olqishlardan ta’sirlangan Shryodinger, elektronlarning to‘lqin tabiatiga oid mulohazalarni Bor taklif qilayotgan atom modeliga nisbatan qo‘llab ko‘rishga jazm qiladi. Boshqacha aytganda, u shu tariqa, kvant nazariyasi va mumtoz fizikani o‘zaro tutashtirishga urinishni boshlab bergan edi. Bu payda mumtoz fizikada to‘lqinlar tabiatiga oid yetarlicha bilim yig‘ilgan bo‘lib, biroq, kvant hodisalarning to‘lqin tabiati uchun bu g‘oyalar kamlik qilayotgandi. Shryodingerning o‘sha, 1925-yilda amalga oshirgan dastlabki urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Shryodingerning ushbu omadsiz nazariyasida, elektronlarning tezligi yorug‘lik tezligiga teng bo‘lgani bois, Eynshteyn o‘rtaga tashlagan umumiy nisbiylik nazariyasi tamoyillarini ham inobatga olishni talab etardi, hamda, bunga ko‘ra, juda katta tezliklarda elektronning massasi keskin ortib ketishi kerak bo‘lardi. Bu esa, ham kvant nazariyasiga, ham, mumtoz fizikaga va umuman, sog‘lom aqlga zid mantiq bo‘lgan. Shryodingerning o‘sha dastlabki urinishidagi muvaffaqiyatsizlikning tag zamiridagi sabablaridan eng asosiysi, uning elektronning xos xususiyati – spinga ega ekanligini inobatga olmaganligidan bo‘lgan. Va buning uchun uni koyish ham to‘g‘ri emas. Chunki, 1925-yilda, spin, ya’ni, elektronning o‘z o‘qi atrofidagi aylanma harakati haqida fizikada deyarli hech narsa ma’lum bo‘lmagan.

Olim keyingi urinishni 1926-yilda amalga oshirdi. U bu safar, elektronlarning tezligini juda past qiymat bilan olib ko‘rdi va shu orqali, umumiy nisbiylik nazariyasini ham e’tiborga olish masalasini istisno qilib yubordi. Ushbu urinishda, Shryodingerning mashhur to‘lqin tenglamasi keltirib chiqarilgan. Unga ko‘ra, materiyaning matematik bayoni to‘lqin funksiyasi terminlariga asosan keltiriladi. Shryodinger o‘z nazariyasini «to‘lqin nazariyasi» deb atagan edi. Uning taqdim etgan to‘lqin tenglamasi va uning yechimi esa, eksperimental kuzatuvlar orqali juda katta muvaffaqiyat bilan to‘g‘ri chiqdi va kvant nazariyasining keyingi rivoji uchun bemisl ta’sir ko‘rsatdi.

Shryodingerning to‘lqin nazariyasi e’lon qilinishidan bir muddat avval, boshqa bir yetuk fiziklar guruhi – Verner Geyzenberg, Maks Born, hamda, Jordan Pasqual tomonidan, kvant nazariyasining «matritsali mexanika» deb nomlangan boshqa bir talqini o‘rtaga tashlangan edi. Unda, kuzatilayotgan kattaliklarning jadval ko‘rinishidagi ifodasiga asoslanib, matritsa ko‘rinishida tartiblanishiga ko‘ra muayyan matematik amallarni bajarish mumkin edi va ushbu «matritsali mexanika» ham, kvant nazariyasiga ko‘ra kuzatish va eksperimentlar bilan katta aniqlikda, to‘la mos kelgan. Biroq, Shryodingerning to‘lqin mexanikasidan farqli ravishda, matritsali mexanikaning bir muhim nuqsoni bor edi: unda, fazoviy koordinatalar va vaqtni inobatga olinmagan bo‘lib, bu borada tayinli mulohazaning o‘zi keltirilmagan bo‘lgan. Matritsali mexanika tarafdorlari va ayniqsa uning «otasi» bo‘lmish Geyzenberg, nazariya doirasida ushbu parametrlarni inobatga olish kerakligi haqidagi har qanday fikrlarga keskin qarshilik qilgan. Vaholanki, matritsali mexanika ixlosmandlari ham, ushbu model uchun vaqt va fazo koordinatalarini eksperimental yo‘l bilan aniqlashlari mumkin edi.

Shryodinger o‘zining to‘lqin tenglamasida ushbu parametrlarni ham e’tiborga olganligi bilan muvaffaqiyatliroq yurish qildi. Biroq, uning o‘zi kvant mexanikasi doirasida to‘lqin nazariyasi va matritsali mexanika g‘oyalaridan qaysidir birini afzal bilish va boshqasini ikkinchi darajaga surib qo‘yish kerak degan fikrga qat’iy qarshi bo‘lgan. Ervin Shryodinger, o‘zi barpo qilgan to‘lqin nazariyasi va Geyzenbergning matritsali mexanikasi, shunchaki, bir muammoga ikki xil yondoshuv va ikki xil yechim ekanini juda ko‘p ta’kidlagan. Ular o‘zaro matematik ekvivalent ekanini Shryodingerning og‘zidan istalgancha eshitish mumkin edi. Haqiqatan ham, keyinchalik, kvant mexanikasi nomi ostida birlashgan ushbu ikki muhim nazariya, vanihoyat, kvant hodisalarining mohiyati borasidagi uzoq yillar kutilgan savollarga javoblarni taqdim qila boshladi. Garchi, Shryodingerning o‘zi to‘lqin funksiyasi va matritsalarni o‘zaro teng ko‘rish kerakligini ta’kidlasa-da, amalda ko‘plab fiziklar baribir to‘lqin nazariyasining nisbatan qulayroq ekanini e’tirof eta boshlashdi. Ko‘pchilikning nazdida, to‘lqin funksiyasining matematik apparati soddaroq va tushunarliroq bo‘lib chiqdi va aksincha, Geyzenbergning matritsalari murakkabroqligi uchun, unga kamroq murojaat qilindi.

To‘lqin nazariyasi muvaffaqiyatidan so‘ng Ervin Shryodingerning ilm-fan sahnasidagi obro‘si keskin o‘sib ketdi. Uni kvant fizikasining eng yetuk olimlaridan biri sifatida butun Yevropa ilmiy hamjamiyati e’tirof eta boshladi.

Bu paytda, kvant fizikasining otasi bo‘lmish Maks Plank Berlin universitetida dars berardi va allaqachon, nafaqaga chiqish haqida o‘ylay boshlagandi. Plank bu yillarda Berlin universiteti nazariy fizika kafedrasiga boshchilik qilardi. Nafaqaga chiqish haqidagi fikrlar asnosida, u o‘zining o‘rniga munosib nomzod ham izlab yurgandi. Nazariy fizika osmonida yarq etib porlagan yosh olim Shryodinger Plankning nazarida aynan o‘zi qidirgan kadr bo‘lib ko‘rindi va uni Berlinga taklif qildi. Olim hech ikkilanmasdan, Maks Plankning taklifini qabul qildi va Berlinga yetib bordi.

Geyzenberg va Shryodingerning o‘zaro muqobil matritsali va to‘lqin nazariyalari katta muvaffaqiyat bilan e’lon qilingandan ko‘p o‘tmay, yana bir daho fizik Pol Dirakning undanda umumlashtirilgan, hamda, Eynshteynning umumiy nisbiylik nazariyasi ham katta muvaffaqiyat bilan tadbiq etilgan kvant nazariyasi paydo bo‘ldi. Dirak nazariyasida, kvant mexanikasi uchun yanada ixcham va kuchli matematik asosga ega muhim formula taklif etilgan bo‘lib, bu formulani ixtiyoriy tezlik bilan harakatlanayotgan istalgan zarrachaga tadbiq qilsa bo‘ladi. Shuningdek, Dirak taklif qilgan nazariyada, elektronning magnit xossalari va spini uchun qandaydir qo‘shimchalar kiritish shart emasdi va bu parametrlar hech qanday ortiqcha matematik amallarsiz ham, umumiy kvant mexanikasi doirasida bitta tenglamaga joylashtirilgandi. Boz ustiga, Dirak nazariyasi kvant fizikasida va umuman ilm-fanda inqilobiy bir g‘oyaning yuzaga qalqib chiqishiga sabab bo‘ldi. Ya’nikim, borliqda, muayyan turdagi har qanday zarrachaga mos ravishda, uning antizarrasi ham mavjud bo‘lib, ushbu zarra-antizarra juftligi elektr zaryadi ishorasiga ko‘ra o‘zaro qarama-qarshi bo‘lar ekan! Ya’ni, bilamizki, elektron manfiy zaryadga ega bo‘lib, demak, unga muvofiq ravishda, musbat zaryadli xuddi shunday zarra mavjud bo‘lishi kerak. Haqiqatan ham, Dirak taklif qilgan ushbu nazariya maydonga chiqqach, ko‘p o‘tmay, elektronning qarama-qarshi ishorali antizarrasi – pozitron kashf qilingan.

Albatta, Dirakning kvant nazariyasi borasidagi ishlari Shryodinger va Geyzenbergnikidan ham muvaffaqiyatliroq chiqdi. Biroq, insof yuzasidan aytish kerakki, baribir, Dirak ham o‘z ilmiy mulohazalarida, Shryodinger va Geyzenberg ilgari surgan tamoyillarga asoslangan va bularsiz, Dirakning nazariyasi ham mukammal bo‘lmasdi. Shunga ko‘ra, Dirak, Geyzenberg va Shryodinger bir-birini to‘ldirgan desak adolatdan bo‘ladi.

Kvant nazariyasi ulkan muvaffaqiyat bilan porlab chiqqach, bu borada yirik ilmiy ishlarni amalga oshirgan olimlar birin-ketin eng yuksak ilmiy doiralarda e’tirof etila boshladi. Shu jumladan, Shryodinger ham, kvant nazariyasining yetuk olimlaridan biri sifatida tan olindi. So‘zimizning isboti sifatida, uning Pol Dirak bilan birgalikda, 1933-yildi fizika bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lganini yodga olish mumkin.

Albert Eynshteyn va Lui de Broyl bilan bir qatorda, Ervin Shryodinger ham, kvant mexanikasining Kopengagen izohiga qarshi olimlar safida bo‘lgan. Kopengagen izohi deyilishiga sabab, uning asosiy tamoyillarini Kopengagenda yashab, ishlagan yirik fizik olim Nils Bor shakllantirganidir. Nils Bor ham kvant nazariyasining rivoji uchun juda katta ishlarni amalga oshirgan. Shryodingerni esa, Kopengagen izohida determinizmning yo‘qligi ikkilantirgan. Kopengagen izohida Geyzenbergning noaniqliklar tamoyili asos qilib olingan edi. Eslatib o‘tamiz, unga ko‘ra, zarrachaning koordinatasi va tezligini bir vaqtning o‘zida aniqlab bo‘lmaydi; ulardan birini aniq o‘lchashingiz, ikkinchisi haqida hech narsa bila olmasligingizni kafolatlaydi. Masalan, siz zarrachaning tezligini aniq o‘lchasangiz, unda uning koordinatasini aniq bila olmaysiz va aksincha; koordinatani bilib olgan taqdiringizda, zarrachaning tezligini o‘lchay olmaysiz. Subatom miqyosdagi hodisalar, muayyan eksperimental o‘lchashlar asosidagi har xil ehtimolliklarga ko‘ra, taxminan aytilishi mumkin xolos; bu olamda biz ko‘nikkan olamdagi fizika ish bermay qoladi.

Shryodinger Kopengagen izohini inkor etar ekan, uni, mavjud real voqe’lik manzarasini ifodalash uchun yetarli emas deb hisoblagan va Kopengagen izohi faqat to‘ldiruvchi, qo‘shimcha sifatida tan olinishi mumkin deb o‘ylagan. Olimning o‘zi, materiyaning kvant xossalarini faqat to‘lqin nazariyasi terminlariga asoslangan holda izohlashga urinib kelgan. Biroq, bugungi kunda yaxshi bilamizki, oxir-oqibatda baribir, Kopengagen izohi muvaffaqiyatliroq bo‘lib chiqdi va Shryodinger, o‘zi bino qo‘ygan ideallari - Eynshteyn va de Broyl bilan birgalikda, mum tishlab qolishdi.

Shryodinger ilmiy izlanishlardan tashqari, Maks Plankdan o‘ziga qolgan Berlindagi nazariy fizika kafedrasini ham ancha yil munosib boshqarib keldi. Uning rahbarligida, universitetda fizika bo‘yicha ilmiy ishlari soni keskin oshgan va ajoyib shogirdlari yetishib chiqqan. Shryodingerni ayniqsa, shogirdlari bilan favqulodda do‘stona munosabati hammani hayron qoldirardi. U yosh talabalarga nafaqat o‘qituvchi sifatida, balki, do‘st va hamkor sifatida ham muntazam ko‘mak ko‘rsatib kelgan, O‘zi puldor oilada katta bo‘lgani va hayotida hecham puldan qiynalmagani bilan, olim ayniqsa musofir talabalarga moddiy yordam ko‘rsatish kerakligini juda yaxshi tushungan. Shogirdlarining ilmiy eksperimentlarini esa o‘z cho‘ntagidan moliyalashtirib, kerakli paytda, zarur uskuna va adabiyotlarni sotib olishlari uchun yetarlicha pul ajratib berib turgan.

Jiddiy qiyofali professor, olim bo‘lishi bilan birgalikda, Shryodinger madaniy hordiq chiqarishni ham juda o‘rniga qo‘yadigan, xushchaqchaq fe’li uyg‘onib qolganda, talabalar bilan ham xuddi ular bilan tengdoshdek hazil-huzul qilib ketaveradigan shaxs bo‘lgan. U o‘ziga yaqin shogirdlari bilan tez-tez tabiat qo‘yniga, yoki, Bolqon tog‘laridagi pansionatlarga dam olishga chiqardi.

Biroq, 1933-yil kelgach, olim Berlindan etagini yig‘ishtirishga majbur bo‘ldi. Chunki, bu paytda, Germaniyada natsistlar hukumat tepasiga kelishgan bo‘lib, mamlakat bo‘ylab yoppasiga qatag‘onlar avj oldi. fashistlar eng avvalo yahudiy millatiga mansub odamlarni ta’qib etishar va ularga nisbatan ayovsiz munosabatda bo‘lishar edi. Garchi, Shryodinger o‘zi yahudiy bo‘lmada-da, biroq, bo‘layotgan ishlar uni chuqur qayg‘uga soldi. Bunday siyosatni ma’qullamaydigan olim mamlakatdan chiqib ketishni reja qila boshladi. Uning sabr kosasini to‘ldirgan voqea 1933-yilda Berlinda, kuppa-kunduz kuni, gavjum ko‘chaning o‘rtasida, olimning eng yaxshi ko‘rgan shogirdlarining birini shunchaki millati yahudiy bo‘lgan uchun sazoyi qilinishi bo‘ldi. Shundan so‘ng, Shryodinger Germaniyada ortiq qola olmasligini uzil-kesil anglab yetdi va Angliyaga – Oksford universitetiga yo‘l oldi. Shryodinger o‘ziga Nobel mukofoti loyiq ko‘rilgani haqida ham, aynan Oksfordga yetib kelgach xabar topgan.

Shryodinger Oksfordda uch yil ishladi. 1936-yilda uni vatani Avstriyaga, Grats universitetiga ishga taklif qilishdi. Shryodinger bu taklifni qabul qilishga ancha ikkilangan va ko‘nglida g‘ashlik bilan, Avstriyaga borish-bormaslikni juda ko‘p mulohaza qilib ko‘rgan. U ko‘p ikkilanishlardan so‘ng, baribir mazkur taklifni qabul qiladi va Grats universitetida fizika professori bo‘lib ish boshlaydi. Biroq, ko‘p o‘tmay bu qaroridan pushaymon bo‘ladi. Sababi, fashistlar 1938-yilning erta bahorida Avstriyani ham «anshlyus» qilishdi, ya’ni, Avstriya fashistlar Germaniyasi tarkibiga qo‘shib olindi. Shryodinger vataniga qadam qo‘ygan fashistlar bilan murosa qilmadi va Italiyaga qochib ketishga majbur bo‘ldi. Italiya orqali esa, olim Irlandiyaga yo‘l oldi va Dublindagi fundamental tadqiqotlar institutida nazariy fizika professori unvoni bilan ish boshladi. Ervin Shryodinger o‘zi, ilmiy faoliyatining aynan Dublinda o‘tgan davrini anchayin barqaror va xotirjam yillari sifatida ko‘p xotirlagan. Bu shaharda olim naq 17 yil faoliyat olib bordi va asosan, o‘zining mashhur to‘lqin nazariyasini kengaytirish ustida izlanishlar o‘tkazish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Shuningdek, umumiy nisbiylik nazariyasi borasida ham muayyan tahlil va kuzatuvlar olib bordi. Bu yillarda uning yana o‘z ilmiy faoliyatining dastlabki yillarida boshlagan, termodinamika va statistik fizikaga oid izlanishlariga ham qaytgani va bu borada ham muayyan yutuqlarni qo‘lga kiritganini e’tirof etish joiz.

1945-yilda fashistlar mag‘lubiyatga uchrab, urush tugagach, ozod bo‘lgan Avstriya hukumati Shryodingerni mamlakatga qaytishga chorlay boshladi. Biroq, urushdan keyin ham bir necha yil mobaynida Avstriya sovet qo‘shinlarining siyosiy ta’sirida bo‘lgani uchun, Shryodinger baribir vatanga qaytishga ikkilanib qolaverdi. Faqat 1956-yilga kelibgina, u Venaga qaytishga jazm qiladi va unga darhol, Vena universitetidagi nazariy fizika kafedrasi rahbarligi topshiriladi. U umrining oxirigacha, ushbu lavozimda ishlab, ilmiy tadqiqotlarini davom ettirgan.

Yuqorida ham aytganimizdek, Shryodinger nafaqat kuchli nazariyotchi fizik olim, balki, she’riyat shaydosi ham bo‘lgan. U istalgan ilmiy mavzuni qalamga olib, uning mazmunini she’riy tarzda ifodalay olish qobiliyatiga ega edi. Shu sababdan, agar mabodo, Shryodinger muallifligidagi kitoblarni izlayotib, uning qalamiga mansub she’riy to‘plamga duch kelsangiz, hecham hayron bo‘lmang. Chunki, uning she’rlar to‘plami haqiqatan ham nashrdan chiqqan va katta mashhurlikka erishgan.

Undan tashqari, Shryodinger sayohat qilishni va jahon kezishni xush ko‘radigan odam bo‘lgan. Odatda, Shryodinger haqida gap borganda, olimning shuningdek, chiroyli ayollarga suyagi yo‘q, xotinboz shaxs bo‘lgani haqida ham biroz gap qistirib o‘tiladi. Biroq, masalan, Pol Dirakning Ervin Shryodinger haqida yozgan xotiralariga asoslanadigan bo‘lsak, Shryodingerning aslida ayollar unchalik ham xushlamaydigan, biroz ko‘rimsiz va telbaroq fe’lli erkak bo‘lgani ham oydinlashadi. Chunonchi, bir safar, Pol Dirak va Ervin Shryodinger bir ilmiy konferensiyaga birga borishganidagi voqea Dirakka qattiq ta’sir qilgan ekan. Dirakning yozishicha, o‘shanda, u Shryodingerni birinchi marta ko‘rgan va uning haqiqatan ham fizik olim ekaniga ishonqiramay qaragan ekan. Sababi, Shryodinger konferensiyaga atiga bitta ryukzakni yelkasiga ilgan holda, telbanamo bir ko‘rinishda, ko‘chada qolgan kishilar singari, soch-soqoli o‘sgan qiyofada yetib kelgan. Mehmonxonada uni qabul qilishni istashmagan va boshqa olimlarning aralashuvi va iltimosidan keyingina, unga joy berishgan ekan.

Shryodinger shuningdek, fizikaning nafaqat ilmiy, balki, falsafiy jihatlari borasida ham diqqatga sazovor asarlar yozgan. Xususan, Dublindagi faoliyati paytida u bir necha falsafiy asarlarini chop ettirgan. Uning dunyoga mashhur «Hayot o‘zi nima?» nomli kitobida, fizika fani bilan biologiyani uyg‘unlashtirishga harakat qilingan. Chunonchi, genlarni tadqiq qilishda, molekulyar fizika g‘oyalarini tadbiq qilish masalasi ko‘rib chiqilgan. Asar ilk bora, 1944-yilda Dublinda nashr qilingan edi. Shryodingerning aynan shu asari keyingi davrda genetikaning rivojida kuchli ta’sirga ega bo‘lgan. Xususan, DNK strukturasini kashf etganligi bilan mashhur bo‘lgan biologlar Frensis Krik va Moris Uilkins Shryodingerning mazkur kitobini mutolaa qilgandan keyin o‘z ilmiy g‘oyalariga ilhom olishganini ta’kidlashgan.

Ervin Shryodinger 71 yoshida, ya’ni, 1858-yilda nafaqaga chiqadi. Uch yil o‘tib, 1961-yilning 4-yanvar sanasida olim Venada vafot etgan.

Ervin Shryodinger haqiqatan ham, nafaqat XX-asr fizikasida, balki, umuman ilm-fan tarixidagi eng daho olimlardan biri bo‘lgan. U Nobel mukofotidan tashqari, yana ko‘plab yuksak ilmiy mukofot va unvonlarga sazovor bo‘lgan. Xususan, Italiya Fanlar Akademiyasining Matteuchchi oltin medali, Germaniya fizika jamiyatining Maks Plank nomidagi medaliga, hamda, Germaniya davlatining «Buyuk xizmatlari uchun» ordeniga loyiq ko‘rilgan. U Gent, Dublin va Edinburg universitetlarining faxriy doktori, Vatikan Fanlar Akademiyasi, London Qirollik jamiyati, Berlin Fanlar akademiyasi, SSSR Fanlar akademiyasi, shuningdek, Dublin va Madrid akademiyalarining a’zosi bo‘lgan.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz


Yangilаndi: 12.08.2019 14:39  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Mulohaza bildiring:


Mahfiy kod
Yangilash

Banner

Buyuk olimlar fotogalereyasi

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Horijlik sayyoh samarqandlik matematik olimdan so'rayapti (ko'chada):

-kechirasiz, Registon maydonini qanday topsam bo'ladi?

-eni va bo'yini ko'paytirasiz, ya'ni, S=ab...


Mavzuga oid boshqa materiallar

Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 814
O'qilgan sahifalar soni : 4565462

Tafakkur durdonalari

Ilm-Fan Taraqqiyotni yetaklovchi kuchdir!