Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish

Antoni van Levenguk

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 15
Juda yomon!A'lo! 

Antoni van Levenguk
(1632—1723)

Antoni van Levenguk 1623-yilning 24-oktyabrida Gollandiyaning Delft shahrida, Antonizon van Levenguk hamda, Margaret Bel van den Berch oilasida tug‘ilgan. Uning bolalik yillari qiyinchilikda kechgan. U 6 yoshidayoq otasidan ayrilgan. Shu sababli, ishlab, oilasiga moddiy yordam berish uchun, bolalik paytidanoq u mahalliy hunarmandlarga xizmat qila boshlagan. Ko‘p o‘tmay, uni movut to‘qiydigan ustaga shogirdlikka berishgan. O‘smir yoshiga yetgan Levenguk allaqachon o‘zi movut va kigiz tayyorlash qo‘lidan keladigan va o‘z mahsulotlari bilan o‘zi savdo qiladigan ustaga aylangan edi. U avvaliga o‘zi kigiz tayyorlab sotib yurib, keyin esa, savdo va hisob-kitob (buxgalteriya) ishlariga uquvi borligini namoyish qildi. Uning o‘zi mustaqil shug‘ullanish orqali egallagan matematik bilimlari, maktabda maxsus o‘qiganlardan qolishmas darajada edi. Uning savdo va hisobchilik qoidalarini puxta bilishi tufayli, Amsterdamlik bir puldor savdogar o‘ziga qarashli savdo markazida moliyaviy ishlarni yuritishni unga ishonib topshiradi. U avvaliga shunchaki, g‘aznachi, keyinroq esa, hisobchi bo‘lib ham ishlagan. Amsterdamda bir muddat ishlagach, Levenguk yana Delftga qaytadi va shahar sudida qo‘riqchi bo‘lib ishga kiradi. Uning vazifasi sud bo‘layotgan paytda tinchlikni ta’minlash bo‘lsa, boshqa payt, sud binosi va mulkini qo‘riqlashdan iborat bo‘lgan.

 

Uni mashhur qilgan narsa esa, jismonan baquvvat bo‘lib, qo‘riqchilik ham qila olishi, yoki, aqlan ziyraklik bilan hisobchilik ham qila olishi emas, balki, bolaligida hunarmandlar orasida ularning xizmatini qilib arzimas choychaqa to‘plab yurgan paytda bir hunarmanddan o‘rgangan ishi – shisha linza tayyorlash san’ati bo‘lgan. Ha, biz aynan san’at deb gapirsak to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, Levenguk avvali bu hunarni ataylab shogird tushib o‘rganmagan, qolaversa, u tayyorlagan linzalar Delftdagi eng mohir shishasoz ustalarning ishidan ham sifatliroq chiqqani bilan xaridorgir bo‘lgan. Qizig‘i shundaki, Levenguk shishaga ishlov berish bilan faqat bo‘sh paytida, shunchaki qiziqish yuzasidan shug‘ullangan. Shunda ham uning ishlari san’at darajasiga yetgani odamni lol qoldiradi. Umuman, Levengukni yaxshi tanigan odamlar, uni har sohada qobiliyatli shaxs bo‘lgan deb eslashgan. Nimagaki qo‘l urmasin, Levenguk ishga avvalo vijdonan yondoshgani, hamda, ishni har doim puxta bajarishga intilgani bilan hammaning hurmatini qozongan. Uning uchun «arzimas» narsaning o‘zi bo‘lmagan; nimagaki urindimi, o‘sha narsani mukammal, puxta qilib oxiriga yetkazadigan mehnatkash fe’l egasi bo‘lgan u. Shisha linzalarga ishlov berish va sayqallash jarayonida esa u, linzaning obyektlarni kattalashtirib ko‘rsatish xossasini yanada oshirish ustida ham bosh qotirib, turli tajribalar, sinovlar o‘tkazib ko‘rgan.

O‘sha paytlarda ustalar tayyorlagan eng kuchli linzalar ham obyektlarni faqat 20 marta kattalashtirib ko‘rsatib bera olardi xolos. Shunday bir paytda, yosh Levenguk avvaliga juda mayda obyektlarni ham ko‘rish imkonini beruvchi, 250-300 martagacha kattalashtirib ko‘rsata oladigan linza sayqallab hammani hayratda qoldirdi. Bu mohiyatan tarixda ilk mikroskop edi. Eng qiziq jihati shunda ediki, Levengukning 300 martagacha kattalashtira oladigan ushbu linzasi o‘lchami juda kichik bo‘lib, u yirik no‘xat donasichalik kelardi xolos.

Bunday linza qanchalik ajoyib bo‘lmasin, undan foydalanish biroz noqulay edi. Albatta, sezganingizdek, bu noqulaylik avvalo uning kichik o‘lchami bilan bog‘liq. Uni qo‘lda ushlab turib foydalanish deyarli imkonsiz bo‘lgan. Shu sababli, Levenguk bu no‘xatdek linzaga uzun simdan tutqich ham tayyorlagan. Sezganingizdek, bu mohiyatan – uzun sopli, lekin kichik shishali lupa bo‘lgan. Undan foydalanish uchun, uni ko‘zga imkon qadar yaqin tutish, kerak bo‘lsa, ko‘zga tekkizib turib qarash kerak edi. Bu kamchilik va noqulayliklarning barchasi esa, Levengukning ushbu 300 karra kattalashtiradigan linzasi orqali mayda obyektlarga qaraganda namoyon bo‘lgan butunlay yangi olam – mikrodunyo manzarasi oldida ikkinchi darajali bo‘lib qoldi. Aytish mumkinki, Levengukning bu linzasi insoniyat uchun butunlay yangi olam eshigini ochib berdi.

Muvaffaqiyatdan ruhlangan Levenguk o‘z ixtirosini yanada takomillashtirish ustida ish boshlab yubordi. Bu faoliyat esa, butun keyingi umri davomida uning asosiy mashg‘ulotiga aylandi. Levenguk bu linzada foydalanishni qulaylashtiradigan qo‘shimcha uskunalar ham o‘ylab topa boshladi. Minglab sondagi sinov va tajribalar qilib ko‘rdi. Levenguk vafot etgan paytda uning linza va mikroskop tayyorlash ustaxonasidagi buyumlar ko‘zdan kechirilganida, u yerdan 273 xil turli mikroskop modellari, 172 dona har xil linza, 160 ta sotuvga tayyorlab qo‘yilgan tovar mikroskop, 3 ta asosi oltindan yasalgan va maxsus buyurtma asosida yasalgan tilla mikroskop xatlovdan o‘tkazilgan. Bu raqamlarning o‘ziyoq, Levengukning qanchalik mehnatkash va o‘z ishiga mukkasidan ketgan usta bo‘lganini ko‘rsatib turibdi.

Biroq, adolat yuzasidan tan olish kerakki, qanchalik mohir va mehnatkash usta bo‘lmasin, boshqa bir hurmatga loyiq inson, doktor Graaf bo‘lmaganida, Levengukning nomi chiqmay o‘tib ketishi ham mumkin edi (balki, tarix uni shunchaki mohir shishasoz usta sifatida eslab qolgan bo‘lardi). Gap shundaki, Levengukning mayda narsalarni ham 300 martagacha kattalashtirib ko‘rsata oladigan linza tayyorlagani haqidagi shov-shuv butun Gollandiyada tarqalgach, doktor Graaf ataylab kelib o‘sha linzalarni ko‘zdan kechiradi va bu ajoyib ixtirodan bemorlarni tekshirishda, ayniqsa, teri kasalliklariga tashxis qo‘yishda foydalanish mumkinligini mulohaza qiladi. Bu haqida u zudlik bilan London Qirollik Jamiyatiga xat yozib, «Delft shahrida qandaydir Antoni van Levenguk ismli ixtirochi yasayotgan mikroskoplar» haqida axborot beradi. Ilm-fan shu sababli ham doktor Graafdan minnatdor bo‘lishi kerakki, u Levenguk va uning ixtirosi haqida xabar topgach, ishni paysalga solib o‘tirmay borib ko‘rgan va bu haqida Qirollik Jamiyatiga ma’lumot bergan. Chunki, taqdirni qarangki, bu xatni yozganidan bir necha hafta o‘tib doktor Graaf vafot etib ketadi. Agar u Levenguk haqida Londonga yozmaganida, ilm-fanning ushbu ajoyib ilmiy uskunaga ega bo‘lishi bir necha o‘n yillarga kechikishi ham mumkin edi.

Xatni Londonda olishlari bilanoq, Qirollik Jamiyatidagilar zudlik bilan Levengukni topib, u bilan bog‘lanishgan. Shu tariqa, Antoni van Levenguk hamda, Qirollik Jamiyati orqali, dunyoning kuchli olimlari bilan yozishmalar yo‘lga qo‘yilgan.

Garchi o‘zi biror oliygohda o‘qimagan bo‘lsa-da, Levenguk o‘z mikroskopi orqali oddiy jismlar va biologik materiallarni tekshirish borasida faqat intuitiv ravishda asoslangan  mustaqil ilmiy tadqiqotlarni ham boshlab yuboradi. U o‘zi ko‘rgan va tekshirgan ishlarini hisobot va xulosalari bilan Londonga, Qirollik Jamiyatidagi olimlarga jo‘natib turgan. Bu maktublarda esa, tom ma’noda, hali ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan favqulodda hayratlanarli narsalar bayon qilinar, hamda, Jamiyatdagi parik taqqan, asli tepakal daho olimlarni ham lol qolganlikdan faqat bosh chayqab qolishga majbur qiladigan tafsilotlar namoyon bo‘lar edi. Levenguk shaxsi yana shunisi bilan alohida ajralib turadiki, u erinmasdan, o‘z tajribasida ko‘rgan har bir narsani ikir-chikirigacha batafsil, qadamma-qadam yozib borgan. Uning o‘sha Londonga jo‘natgan xatlari ham juda uzundan-uzoq bo‘lib, lekin, hayratlanarli darajada mufassal ekani bilan e’tiborga loyiq. Uning deyarli 50 yil mobaynida Londonga yuborgan maktublari orqali, ilm-fan avvalo linza va mikroskopning tayyorlanish usullari haqida bilib olgan bo‘lsa, qolaversa, mikrobiologiya hali fan sifatida mavjud bo‘lmagan bu zamonlarda, olimlar Levenguk kashf qilgan 200 dan ortiq mikroorganizmlar haqida ma’lumotga ega bo‘lib borishdi. O‘z linzasi va mikroskopi orqali Levenguk shunchalik ko‘p kashfiyotlar qildiki, ularning atiga bittasi ham olimning nomini tarixga muhrlashga kifoya qilgan bo‘lar edi.

Levenguk xususan, birinchi bo‘lib mikroskop orqali qon tahlilini qilib ko‘rgan odamdir. Odam tanasidagi kapilyar qon tomirlarini kashf etgan odam ham aynan Levenguk bo‘ladi. U mikroskop ostida qonni sinchiklab kuzatib, qon aslida uning zamondoshlari xayol qilganidek shunchaki bir jinsli qizil suyuqlik bo‘lmay, balki, tarkibida juda ko‘plab tanachalar harakatlanadigan tirik oqim ekanini ko‘rsatib berdi. Ya’ni, biologlar tomonidan eritrositlar deb nomlanadigan qon tanachalarini ham birinchi bo‘lib Antoni van Levenguk ko‘rgan! 1 mm3 qon tomchisi tarkibida taxminan 4-5 million dona eritrositlar mavjud bo‘ladi. Ushbu qon tanachalarini hozirda shuningdek «qizil qon tanachalari» ham deyiladi. Chunki, qonning qizil rangini belgilaydigan asosiy modda – gemoglobin ham aynan eritrositlar tarkibida bo‘ladi. Eritrositlar organizm bag‘oyat muhim ahamiyatga ega qon tanachalari bo‘lib, to‘qima va organlarga kislorodni yetkazib tashib borish vazifasini aynan eritrositlar bajaradi.

Levenguk go‘sht bo‘lagiga ham mikroskop ostida nazar tashladi va mushaklar juda ko‘p sonli mikroskopik tolalardan iborat ekanini aniqladi. Shuningdek, erkaklik urug‘i – spermatazoidlarni ham birinchi bo‘lib Levenguk kashf etgan.

Lekin, uning eng muhim kashfiyoti bular emas. Uning eng asosiy xizmati – insoniyat qarshisida hali ko‘z ko‘rmagan tamomila o‘zga olam – mikroorganizmlar dunyosini ochib bergani bo‘ladi. Bugun biz mikroorganizmlarning inson hayotida va umuman tabiatda qandayin muhim ahamiyat kasb etishini yaxshi bilamiz. Lekin, Levenguk o‘z mikroskopi bilan ularni kashf qolmagunicha, odamlar hatto o‘z tanasini ham egallab, birga yashab kelayotgan bu mitti tirik organizmlar haqida hech vaqoni bilishmasdi.

Levengukning qaydlariga qaraganda, u mikroblarni birinchi marta 1673-yilda ko‘rgan. Demakki, odamzot ham mikroorganizmlarni aynan shu payt tanigan. U bungacha ham o‘z qo‘l ostida mavjud bo‘lgan hamma-hamma narsani yuzlab marta mikroskop orqali kuzatgan edi. Xususan, u go‘sht bo‘lagi, yomg‘ir tomchisi, somon cho‘pagi, pashsha ko‘zi va qanotlarini, tishdagi dog‘larni va ho kazolarni tekshirib chiqqan. Va har safar shu kabi narsalarga qaraganda, ular ichida harakatlanayotgan millionlab sondagi tirik mavjudotlarni ko‘rib hayratga tushavergan. Bu tirik maxluqchalar turli shakllarda – tayoqcha, spiralsimon, yoki, yumaloq ko‘rinishda bo‘lib, ba’zilarida g‘alati shoxchalar va qo‘rqinchli tuklari mavjud bo‘lgan. Boz ustiga, bu mikroorganizmlarning aksariyati juda tez harakatlanadigan, o‘t faol organizmlar edi.

Levengukning Qirollik Jamiyatiga yozgan maktublaridan birida jumladan shunday deyiladi: «Yerqalampir ildizini tilga tekkizganda achchiq ta’m beradigan kuchlar nimadan iborat ekanini bilishga bo‘lgan urinishlarim shuni ko‘rsatdiki, yarim unsiya ildizni suvga solib qo‘ydim. Ildiz suvda uch hafta turdi. 1673-yilning 24-aprelida men bu suvni mikroskop orqali qaradim va unda juda ko‘p sonli tirik mavjudotlarni ko‘rdim. Ulardan ba’zilarining uzunligi enidan uch-to‘rt marotaba katta edi. Lekin, ularning birortasi burganing tukichalik ham yo‘g‘onlikka ega emas. Yana ba’zi bir turdagi shunday mayda mavjudotlar to‘g‘ri oval shakliga ega ekan. Shuningdek, bu suvda eng ko‘p bo‘lgan uchinchi turdagi mikroorganizmlar hammasidan ham kichik o‘lchamli bo‘lib, qandaydir dumi bor ularning». Shu tariqa, Levenguk ilm-fanda mutlaqo yangi bir yo‘nalish – mikroorganizmlar haqidagi fan - mikrobiologiyaga asos solib bergandi.

Shuningdek, Levenguk o‘z tanasida tajribalar o‘tkazib ko‘rishga moyil bo‘lgan ilk odamlardan bo‘lgan desak ham yanglishmaymiz. Barcha biologik materiallarni u faqat o‘z tanasidan olardi. O‘zini barmog‘ini o‘zi teshib qon olgan bo‘lsa, o‘z terisidan o‘zi kesib mikroskop ostiga qo‘ygan ham uning o‘zi edi. Shuningdek, u yoqimsiz hashoratlar bo‘lmish bit va burgalarning tana tuzilishi va ko‘payishi jarayonlarini ham mikroskopik miqyosda kuzatish uchun, ularga o‘z tanasidan joy bergan. Shuningdek, yegan ovqati tarkibiga qarab, qon, siydik va axlat tarkibining o‘zgarishlarini ham u o‘z misolida tekshirib ko‘rgan.

Yuqorida ham aytganimizdek, Levenguk o‘z aniqlaganlarini va kuzatganlarini bayon qilishda hecham erinmasdan, batafsil yozib boradigan shaxs bo‘lgan. U qandaydir kasallikka chalinsa, tanasida ushbu kasallik qanday kechayotganini, nima belgilar va asoratlar berayotganini mufassal yozib chiqqan. Sinab ko‘rgan dorilarini va ushbu dorini qabul qilganidan keyin qon tarkibida va siydikda nima o‘zgarishlar ro‘y berganini qayd qilib borgan. Tabiiyki, mikroskop hunarining otasi o‘zi bo‘lganidan, ushbu barcha kuzatuvlar aniq mikroskopik tekshirishlar va tahlillar bilan dalillab borilgan. Unga London Qirollik Jamiyati barcha yangi chiqqan ilmiy kitoblardan jo‘natib turgan va Levenguk ayniqsa, biologiya va tibbiyotga oid kitoblarni katta qiziqish bilan o‘qib, undan paydo bo‘lgan savollar yuzasidan yana mikroskopik tekshirishlar qilib ko‘rishdan charchamagan.

U umrining so‘ngi yillarida biroz ezma bo‘lib qolgan bo‘lsa ham, lekin, o‘zining jismonan sog‘lomligini va tiniq aqlini yo‘qotmagan edi. U qarigan chog‘ida endi, hayotida ko‘rgan-kechirganlarini qog‘ozga tushirishga kirishdi. Bunda u asosan, u yoki bu kashfiyotni qanday amalga oshgani tarixini eslab, xotirlashga asosiy urg‘u qaratdi. Bu haqida u xususan shunday degan edi:

«Men aslida sizlar o‘ylagandan ham ko‘proq vaqtimni ishga sarflaganman. Juda ko‘p vaqtimni kuzatishlar bilan o‘tkazganman. Lekin, men ishga butun borlig‘im bilan sho‘ng‘ib, qilayotgan ishimdan rohatlanib ishladim. Odamlarning men haqimda va qilayotgan ishimdan nima naf chiqishi haqidagi qilgan g‘iybatlariga zig‘ircha ham e’tibor qilgan emasman. Men faqat foyda chiqadigan ishlarga qo‘l urganimda, Amsterdamda savdo qilib qolavergan bo‘lardim. Vaholanki men, ilmga bo‘lgan muhabbatim tufayli shu ishlarni qildim va bundan o‘zim cheksiz rohatlanib ishladim...»

Shuningdek, u o‘zining ilmiy faoliyatidan maqsadi haqida ham quyidagicha yozgan edi: «Mening arzimas iste’dodimga qo‘shib bajargan qattiq mehnatlarimdan ko‘zlangan eng oliy maqsadim shuki, odamlarga olam haqiqatlari imkon qadar ochiq namoyon bo‘lsin; kishilar eskicha irim-sirimlardan voz kechib, haqiqiy ilm bergan xulosalarga tayana boshlasinlar...»

1680-yilga kelib, Antoni van Levengukning ilmiy natijalarini ilmiy jamoatchilik rasman tan ola boshladi. Xususan, aynan shu yili u London Qirollik Jamiyatiga teng huquqli a’zo sifatida qabul qilindi. Bu juda katta sharaf bo‘lish bilan birga, tarixda hali hech misli ko‘rinmagan holat edi. Chunki, ushbu nufuzli ilmiy jamiyat o‘z tarkibiga faqat yirik akademik olimlarni qabul qilar va oliy ilmiy ma’lumoti yo‘q odamlarga bu jamiyatda mutlaqo joy yo‘q edi. Qolaversa, jamiyat a’zosi albatta lotin tilini bilishi shart edi. Antoni van Levenguk nomzodi hech qachon bu shartlarning birortasiga javob bermagan. Shunga qaramay, uning ilm-fan oldidagi xizmatlari ko‘lami, bu kabi rasmiyatchiliklarni bir safarga istisno qilib, shunday ulug‘ shishasoz usta va o‘zi yetishgan mikrobiolog olimni jamiyatga a’zolikka qabul qilishga asos bo‘ldi. Keyinchalik, Levenguk Fransiya Fanlar Akademiyasiga ham qabul qilindi. O‘sha yillari, Levengukning Qirollik Jamiyati bilan yozishmalari, hamda, o‘ziga zamondosh bo‘lgan boshqa buyuk olimlar, xususan, Robert Guk, Gotfrid Leybnits, Xristian Gyuygens kabilar bilan almashgan xat-xabarlari kitob tariqasida chop etilgan va shu tariqa, Levenguk shaxsi butun Yevropada yanada mashhur bo‘lib ketgan. Uni va uning ustaxonasini ko‘rgani katta va kichik olimlar, amaldorlar, mashhur yozuvchilar va hatto davlat rahbarlari Delftga kela boshlagan. Hammamiz bolaligimizda sevib o‘qigan, yoki, multfilmini, yoxud, kinosini ko‘rgan mashhur asar - «Gulliverning sarguzashtlari» ham yozuvchi Jonatan Sviftning aynan Levenguk ilmiy ishlaridan ta’sirlanishi natijasidan yuzaga kelgan. U mikroskop orqali mikroolamni, mitti jonzotlar dunyosini ko‘rish uchun ataylab Delftga, Antoni van Levenguk huzuriga kelib ketgan.

Levengukning yozishmalari kitob holida chiqarilishi so‘ngi marta 1722-yilda, olim 90 yoshdalik paytida amalga oshgan edi. Keyingi, 1723-yilning 26-avgustida u vafot etgan. Uning so‘ngi yillarida hamroh bo‘lgan yaqinlarining eslashicha, olim hatto shu yoshida ham ziyrak aqli va tetik tanasi bilan ko‘pchilikni havasini keltiradigan chol bo‘lgan ekan.

Antoni van Levenguk insoniyat tarixidagi shubhasiz eng buyuk eksperimentatorlardan biridir. U o‘z o‘limidan olti yil avval, barcha aniq fanlar uchun benihoya muhim bo‘lgan ajoyib bir fikrni aytgan edi: «Eksperimental ilm quruq nazariy mulohazalardan ko‘ra ustun; tajriba bilan tekshirib ko‘rish imkoni bormi, albatta tekshirish kerak!»

Albatta, Levenguk zamonasidan buyon mikrobiologiya taqqoslab bo‘lmas darajada taraqqiy etdi. U biologiyaning bir qismidan ko‘ra, endi alohida, mustaqil fan sifatida ham odamzot uchun g‘oyat muhim ilmiy natijalarni taqdim etmoqda. Tibbiyotda, sanoatda, qishloq xo‘jaligida va yana ko‘plab sohalarda mikroskopik tadqiqotlar bizga favqulodda katta yutuq va naf keltirib turibdi. Dunyoning barcha mamlakatlarida o‘n minglab olimlar tinimsiz ravishda, mikroskopik strukturalarning xilma-xil olamini tadqiq qilmoqdalar. Va ularning barchasi o‘sha kamtar Golland olimi - Antoni van Levenguk shaxsini hurmat bilan yodga olishadi. Zero, mikrobiologiya faniga aynan u asos solib bergan edi!


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 27.02.2019 16:21  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Buyuk olimlar fotogalereyasi

Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Agar arktangens shimoliy yarimsharda mavjud bo'lsa,
demak, janubiy yarimsharda

Antarktangens ham mavjuddir!!!



Tafakkur durdonalari

Farzandlarimiz bizdan ko'ra kuchli, aqlli va baxtli bo'lishlari shart...

I. Karimov