Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish

Telegraf

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 11
Juda yomon!A'lo! 

Telegraf

To XIX-asr o‘rtalarigacha bir-birida uzoq shaharlarda va qit'alarda yashovchi odamlar orasida xat-xabar almashinishning yagona vositasi oddiy qog‘oz maktublar bo‘lgan. Qit'alararo xat tashish paroxodlar orqali amalga oshirilgan. Bunda jo‘natuvchi yuborgan xat manzilga yetib borguncha haftalab va b'zan bir oylab vaqt o‘tgan. Masalan, Yevropada yuz bergan biror muhim xabar haqida Amerikada faqat ikki hafta o‘tib boxabar bo‘lishgan. Qit'a ichkarisida esa, xat-xabar almashinuvi choparlar va poyezd orqali yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu ham paroxodda pochta tashishdan unchalik ham tez emasdi. Xullas, insoniyat qandaydir tezkor, iloji boricha tez xabar almashinish vositasiga katta ehtiyoj sezardi. Biroq, elektr tokini inson xizmati uchun bo‘ysundirilib, undan xat-xabar almashinishda, ya'ni, telegraf sifatida foydalanishga o‘tilmagunicha, odamlar baribir oddiy qog‘oz pochtadan yaxshiroq variant topa olishmadi. Telegraf ixtiro qilingach esa, bir-birida boshqa qit'alarda yashovchi odamlar ham bir necha daqiqalar ichida zarur xabarni olish imkoniga ega bo‘ldilar.

Bu ayniqsa siyosiy va iqtisodiy masalalarda juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Birjalardagi o‘zgarishlardan atiga bir necha daqiqa ichida boxabar bo‘lgan ishbilarmonlar va ishlab chiqaruvchilar, o‘z faoliyatlarini shunga qarab tashkillash orqali, iqtisodiy rivojlanishda yanada ilgarilashlari mumkin bo‘ldi. Shuningdek, telegrafning harbiy sohada va m'muriy boshqaruv sohasida juda muhim aloqa vositasiga aylanganini e'tirof etish lozim. Shu sababli, telegrafni ham haqli ravishda insoniyatning eng buyuk ixtirolari turkumiga qo‘shiladi. Telegraf insoniyatning masofa ustidan qozongan tarixiy g‘alabasi desak hecham mubolag‘a bo‘lmaydi. Qolaversa, telegraf elektr tokining insoniyat uchun qanday amaliy xizmat qilishi mumkinligini ko‘rsatib bergan ilk muhim ixtiro edi. Aynan telegraf orqali olimlar elektr toki va elektr energiyasini odamzot xizmati uchun yo‘naltirish bilan ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy qilish bo‘yicha katta burilish yasashdi. Telegrafiya o‘zi shundoq ham yosh fan bo‘lgan elektr sohasidan ajralib chiqqan ilk tarmoq yo‘nalishi ham edi. Elektr sohasidagi har bir yangi kashfiyot birinchi navbatda telegraf sohasida qo‘llab ko‘rilar edi.

M'lumki, elektr hodisalari bilan odamlar juda qadimdayoq yaxshi tanish edilar. Xususan, qadimgi yunon olimi Fales qahrabo bo‘lagini yungga ishqalansa keyin u mayda metall bo‘laklarini o‘ziga tortishini kuzatgan va bunga ilmiy asoslar keltirishga uringandi. Buning sababi esa albatta ishqalanish jarayonida hosil bo‘ladigan elektr zaryadlari edi. Keyinchalik uzoq asrlar mobaynida odamlar elektr toki haqida deyarli boshqa hech qanday yangi narsa bila olishmadi. Faqat XVII asrga kelibgina olimlar Luiji Galvani, Alessandro Volta, Kulon, Andre Mari Amper singari olimlarning jonbozliklari evaziga bu sohada yangi bilimlar egallandi. Xususan, XVII asrda elektrostatik mashina vositasida jismlarni zaryadlashni yo‘lga qo‘yildi. Tez orada esa, elektr zaryadi ikki xil bo‘lishi aniqlandi va ushbu ikki xil zaryadlarga musbat va manfiy zaryadlar deb nom berildi. Tekshirishlar natijasida shu narsa m'lum bo‘ldiki, bir xil ishorali zaryadlar o‘zaro itarilar va aksincha, har xil ishorali zaryadlar esa o‘zaro tortishar ekan.

Biroq, shunga qaramay, dastlabki paytlarda elektr hodisalari haqidagi bilimlar ancha sust rivojlangan. Olimlar elektr zaryadining xossalarini tadqiq qilganlari bilan, hali elektr toki haqida m'lumotga ega emasdilar. Elektr tokini 1786-yilda Bolonyalik professor Luiji Galvani tomonidan tasodifan kashf qilingan. Galvani uzoq yillar mobaynida elektrostatik mashina ustida tajribalar o‘tkazib, uning turli xil jonivorlar mushak to‘qimalariga qanday t'sir ko‘rsatishi masalalarini o‘rgangan. Galvani bu tajribalari uchun asosan qurbaqalardan foydalangan. U qurbaqaning oyoqchalarini umurtqasi bilan birga kesib olib, elektrostatik mashinaning bir elektrodini qurbaqa umurtqasiga, ikkinchi elektrodini esa oyoqchasiga ulab, so‘ngra, elektrostatik mashinani harakatga keltirib, qurbaqa tanasidan zaryad o‘tkazgan. Qurbaqaga zaryad berilishi bilan, uning tanasi qisqarib, xuddi tirikdek harakatga kelgan. Galvanining tajribaxonasida tashqariga turtib chiqqan maxsus joy, y'ni, bolkonga o‘xshash qism bo‘lib, u yerni o‘g‘rilardan himoyalash uchun temir panjara bilan to‘sib qo‘ygan edi. kunlardan bir kun, Galvani qurbaqa tanasi bilan navbatdagi tajribani o‘tkazib bo‘lib, uni misdan yasalgan ilgakka ilib, o‘sha temir panjaraga osib qo‘yadi. U qurbaqa tanasini mis ilgak bilan temir panjaraga ilishi hamonoq, qurbaqa oyoqchasi yana qisqarib, harakatga keladi. Bu xuddi, unga elektrostatik mashina orqali zaryad berilgandagi qisqarish bilan aynan bir xil qisqarish edi. Galvani ko‘zlariga ishonmay hayratdan yoqa ushlab qoladi va ushbu ishni qayta-qayta takrorlab, mis ilgak bilan temir panjaraga ilganda qurbaqa mushaklarining qisqarishi tasodif emas, balki, qandaydir ilmiy qonuniyat asosida sodir bo‘layotganini aniqlagan. Biroq, Galvani ushbu hodisaning sababini tahlil qilishda qattiq yanglishdi. Y'ni, u qurbaqa oyog‘ining qisqarishida elektr zaryadi manbai bu qurbaqa oyog‘ining o‘zi deb o‘yladi. Uning mazkur xulosasiga hammaga ham m'qul bo‘lmagan. Masalan, Pizalik professor Alessandro Volta qurbaqa tanasining o‘zi elektr toki chiqarmasligini, aksincha, Galvani tajribalarida paydo bo‘layotgan tok mis ilgak va temir panjara tufayli ekanini fahmlab qoldi. Volta ikkita turli metallar va kislota, ishqor, yoki, biror-bir tuzning suvdagi eritmasidan iborat suyuqlik (bunday suyuqlikni keyinchalik elektrolit deb nomlay boshlashgan) mavjud bo‘lgan taqdirda, ular ishtirokida elektr toki yuzaga kelishini aniqladi. Masalan, mis va rux plastinalarini ustma-ust joylashtirib, keyin ularni elektrolitga solinsa, elektrolitda borayotgan kimyoviy jarayonlar evaziga, zanjirda elektr toki oqa boshlaydi. Bu o‘rinda eng muhim narsa shu ediki, avvallari olimlar faqat muvaqqat, y'ni, bir necha lahzalik elektr zaryadlari hosil qilishni bilishardi xolos. Volta tajribalaridan esa, elektr zaryadini muntazam uzata oladigan tok manbai hosil qilish imkonini ko‘rsatib berdi. Y'ni, endi olimlar qo‘l ostida doimiy tok manbai mavjud edi. Faqat qisqa muddatga elektr razryadlari yetkazib beradigan elektrostatik mashinadan ko‘ra, Voltaning doimiy tok manbalaridan ancha uzoq muddat elektr toki olish va bu orqali elektr hodisalarini chuqurroq tadqiq qilish, hamda, eng asosiysi, elektr tokidan foydalanish (uni ish bajarishga, yoritishga va ho kazolarga qo‘llash) mumkin edi. Albatta, dastlabki paytlarda Voltaning metall plastinalar va ishqorli suv yoki kislota orqali tayyorlangan sodda tok manbalaridan juda zaif va kuchsiz tok chiqqan. Lekin, vaqt o‘tishi bilan olimlar volta tok manbalarini takomillashtirib, olinadigan tokni ham kuchaytirishga muvaffaq bo‘lishdi.

M'lumki, elektr toki bu zaryadlangan zarralarning tartibli harakati natijasidan yuzaga keladi. Metallarda elektr tokini erkin elektronlar tashiydi; elektrolitlarda esa musbat va manfiy ionlar tashiydi. o‘tkazgich muhit orqali tokning o‘tib borishi natijasida qator fizik hodisalar yuz beradi va u jarayonlarni tokning t'siri deyiladi. Tokning t'sirlari xilma-xil bo‘lib, ular ichida eng muhimlari tokning issiqlik t'siri, kimyoviy t'siri va magnit t'sirlaridir. Biz kundalik turmushda "elektr tokidan foydalanish" deganimizda uning yuqorida sanab o‘tilgan t'sirlaridan birini amalda qo‘llashni nazarda tutamiz. Masalan, chog‘lanma lampalarda tokning issiqlik t'siri; elektrodvigatellarda magnit t'siri; elektrolizda esa kimyoviy t'siri qo‘llanadi.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, olimlar dastavval elektr tokini kimyoviy reaksiya natijasida hosil bo‘lishi jarayonini kuzatish orqali kashf etishgan. Shu sababli, o‘sha paytlarda ilmiy jamoatchilikni birinchi navbatda elektr tokining jismlarga kimyoviy t'siri qiziqtirgan edi. Xususan, elektroliz jarayonida, elektrolit tarkibida mavjud bo‘lgan moddalarning alohida holda ajralib chiqishi, xususan, gazlarni pufakchalar holida ko‘tarilib chiqishi kuzatilardi. Suvdan tok o‘tkazilsa esa, uni tarkibiy qismlarga, y'ni, kislorod va vodorodga parchalash mumkin edi (ushbu reaksiya fanda "suvni elektrolizlash" deyiladi). Tarixda ilk telegraflarning paydo bo‘lishida elektr tokining aynan ushbu t'siri asos bo‘lib xizmat qilgan. Shu sababli, ilk telegraflarni elektrokimyoviy telegraf deb atashgan.

 

1809-yilda Bavariya fanlar akademiyasiga g‘alati bir ixtiro haqida loyiha taqdim qilinadi. Ixtirochi Samuel Tomas Zyomering (1755-1830) xiyol kislotaviy suvni elektroliz qilish paytida ajralib chiqadigan gaz pufakchalaridan aloqa maqsadlaridan foydalanishni taklif qilib, fizik va kimyogar olimlarni mulohazaga chaqirgan edi. Zyomering o‘zi loyihalagan ilk telegrafni quyidagi tarkibiy qismlarda yiqqan: volta ustuni, ikkita alifbo, o‘tkazgich simlar, qo‘ng‘iroqcha. Zyomering ikkita bir xil telegraf uskunasi yasab, bir-biridan muayyan masofadagi olis nuqtalarga joylashtirgan. U bir tarafdan ikkinchi tarafga xabar jo‘natishdan avval, faqat qo‘ng‘iroqchalar uchun tok yuboradigan maxsus o‘tkazgichga tok berib, narigi tarafga hozir telegraf xabari kelishi haqida ogohlantirish bergan. Bunda, o‘tkazgichdan tok borganda, narigi tarafdagi qo‘ng‘iroqcha chalinib, navbatchini xushyor torttirgan. Keyin esa, o‘zi tarafdagi alifboga qarab, har bir harfga mos keladigan simga tok bergan. Tok oqib borib, narigi tarafdagi elektrolitda elektroliz jarayonini qo‘zg‘atgan gaz pufakchalarini hosil qilgan. Elektrolitdan ko‘tarilib chiqayotgan gaz pufaklari esa elektrolitga botirib qo‘yilgan ko‘rsatkich metallni (dastlab bu maqsadda oddiy qoshiqdan foydalanilgan) o‘zi bilan yuqoriga ko‘tarib, alifbodagi tegishli harf ro‘parasiga olib chiqqan. Zyomering telegrafida nemis tiliga mos ravishda 24 ta harfli alifbo qo‘llangan va shu sababli, har bir harf uchun 24 ta turli o‘tkazgich ishlatilgan. Bu, simlarning chalkashib ketishi va umuman, uskunaning murakkablashib ketishiga sabab bo‘lar edi.

Keyinchalik, Zyomering ixtirosini ko‘rib chiqqan yana bir ajoyib fizik-muhandis Yoxann Shveyger (1779-1857) ixtironi biroz soddalashtirdi. Uning telegrafida atiga ikkita sim bo‘lib, u simlarda tok oqishining turli xil kombinatsiyalarini qo‘llash bilan hamma harflarni qamrab olish imkonini beruvchi, nisbatan ixcham telegraf yasadi. Unda, tokning elektrolitga t'siri vaqti har xil qilinsa, elektrolitdan gaz pufakchalari uzoqroq muddat chiqib turardi va ular yordamida ko‘tarilgan ko‘rsatkich muayyan harfga yetib borguncha ketadigan vaqt shunga moslanardi. Lekin, Shveyger telegrafi odamni uzoq kutishga majbur qilardi. Masalan, alifbo oxiridagi harfni ko‘rsatish uchun elektroliz ancha uzoq davom etishi va ko‘rsatkich sekinlik bilan harakatlanib, oxiri qaysi harfda to‘xtashini kutish zarur bo‘lgan. Ish sekin ketgan. Shu kabi asosli sabablarga ko‘ra, elektrokimyoviy telegraf ommalasha olmadi va Zyomering va Shveygerlarning ovunchoq-tajribasi bo‘lishdan nariga o‘tmadi. Lekin, bu bilan elektrokimyoviy telegrafning aloqa tarixidagi o‘rnini kamsitish to‘g‘ri emas. Sababi, telegraf xabarlari almashinish tarixini aynan elektrokimyoviy telegraf boshlab bergan edi. Aytish mumkinki, elektrokimyoviy telegraf, barcha zamonaviy elektron aloqa vositalarining "ibtidoiy bobosi" hisoblanadi.

 

Telegraf aloqasining rivojlanish tarixidagi keyingi bosqich - elektr tokining magnit xossalari kashf etilgach, tokning magnit t'sirini amalga qo‘llash orqali boshlandi. 1820-yilda Daniyalik fizik olim Ersted o‘zining m'ruzalarining birida, elektr toki oqayotgan sim o‘zining yaqinida turgan kompasning magnit strelkasini og‘ishga majbur qilayotganini payqab qoldi. Y'ni, ichida tok oqayotgan o‘tkazgich o‘zini xuddi magnitdek tutayotgan edi va kompasning magnit strelkasini shimoliy qutbga emas, balki, aynan o‘zi tarafga burilishga majbur qilayotgandi. Jarayonni chuqurroq o‘rganib, muayyan magnit kuchiga ega bo‘lgan magnit bo‘lagi, tok otayotgan o‘tkazgich bilan o‘zaro t'sirlashishini, y'ni, magnit va tokli o‘tkazgich yoki o‘zaro tortishishi, yoki, aksincha, o‘zaro itarilishini aniqladi. Aynan o‘sha yilning o‘zida farang olimi Argo yana bir muhim kashfiyotni amalga oshirdi. Argo ko‘z o‘ngida temir qirindilari turgan qutiga ichidan tok oqayotgan o‘tkazgich sim tushib qoladi. Natijada, qutida turgan temir qirindilari, xuddi magnit bo‘lagiga yopishgandek, o‘tkazgich sim atrofida ham g‘uj bo‘lib yopishib qoladi. Simdan oqayotgan tokini uzib qo‘yilganda esa, temir qirindilari sim atrofidan yana erkin tushib ketishgan. Mazkur hodisani sinchiklab, qiziqish bilan o‘rganib chiqqan Argo, tarixda ilk elektromagnitni ixtiro qildi. Argo elektromagniti juda sodda bo‘lgan bo‘lsa-da, lekin u zamonaviy elektr uskunalari va asboblarida juda keng qo‘llanadigan elektromagnitning o‘zagi bo‘lganini aytib o‘tmaslik adolatdan bo‘lmaydi. Aslida, sodda elektromagnitni har kim uy sharoitida ham yasab ko‘rishi mumkin. Buning uchun kichik bir temir bo‘lagini olib, uni atrofini izolyatsiyalangan mis sim bilan zich qilib, qalin o‘rash kerak. Bunday zich o‘ralgan simni elektromagnitning o‘rami deyiladi. Keyin esa, mis simning uchlarini oddiy soat batareykasiga ulansa, o‘ram ichidagi temir bo‘lagi o‘zini magnit kabi tuta boshlaydi va yaqin atrofdagi temir buyumlarni o‘ziga tortadi. Simdan tokni uzilishi hamonoq, o‘ram ichidagi temir bo‘lagining magnit xossasi ham yo‘qoladi. Odatiy elektromagnitlar, temir o‘zak atrofiga o‘ralgan mis o‘ram-g‘altakdan iborat bo‘ladi. Biroq, yuqorida aytilgan tajribani qilib ko‘rishda juda xushyor bo‘lish kerak va elektr toki bilan ishlashda xavfsizlik texnikasi qoidalariga qat'iy amal qilish zarur. Zinhor-bazinhor, mis simni tarmoqdagi kuchlanishga ulash mumkin emas! Buning uchun, yuqorida aytilganidek, oddiy soat batareykalaridan foydalanish kerak.

Zyomering ixtirosini takomillashtirish, y'ni, telegrafni ixcham va amaliy foydalanishga qulay qilish ustida izlanayotgan Shveyger ham o‘sha 1820-yilning o‘zidayoq Ersted va Argo kashfiyotlaridan xabar topadi. U mazkur yangi kashfiyotlarni telegrafga tadbiq etishga kirishadi. U elektr tokining magnit t'sirini qo‘llagan holda, 1820-yilning oxirlarida galvanoskop uskunasini ixtiro qiladi. Shveyger galvonoskopi bitta o‘tkazgichli bo‘lgan va u biror asosga, masalan, yog‘och doskaga aylana shaklida mahkamlangan. o‘rtaga esa temir strelka o‘rnatilgan. o‘tkazgichga tok uzatilishi bilan, strelka harakatga kelib, biror harfga ishora qilgan. 1833-yilga kelib, Nervandar tok kuchi strelkaning og‘ish burchagiga qarab o‘zgaradigan galvanometr ixtiro qildi. Bunday galvanometr orqali avvaldan m'lum tok kuchiga ega tok uzatilsa, strelka shunga mos burchakka og‘ar edi va shu og‘ish burchagiga moslab harf o‘rnatilsa, strelka o‘sha harfga ishora qilardi. Aytaylik, strelkaning 30° ga og‘ishiga sabab bo‘ladigan tok berilsa, u "M" harfini ko‘rsatadi va ho kazo. Aynan shu effekt telegraf ixtirochilari uchun qo‘l keldi. Tarixdagi ilk telegraf tarmog‘i xuddi shu uslubda ishlaydigan elektromagnit telegraflar sistemasi asosida qurilgan edi.

Bunday elektromagnit telegraf sistemasini eng birinchi bo‘lib, Chor Rossiyasi fuqarosi bo‘lgan baron Shilling 1835-yilda foydalanishga topshirgan. U o‘zi yasagan telegraf tarmog‘ini Germaniyaning Bonn shahrida o‘tkazilgan tabiatshunoslar anjumanida namoyish qilib ko‘rsatib, yig‘ilganlarning hayrati va olqishiga sazovor bo‘lgan edi. Shilling telegrafida uzatuvchi qurilma rus alifbosiga moslangan 16 ta tugmadan iborat bo‘lgan. Ular turli kombinatsiyalarda bosilishi natijasida, sistemaga o‘rnatilgan 6 ta galvanometrdan turli kattalikdagi tok kuchi olingan va narigi tarafdagi telegrafga uzatilgan. Telegrafning har ikkala stansiyasi 8 ta simlar bilan o‘zaro bog‘langan. Ulardan 6 tasi galvanometrlarni o‘zaro ulab berishga mo‘ljallangan bo‘lsa, bittasi qaytuvchi tok uchun va yana bittasi elektr qo‘ng‘irog‘ini chalish uchun xizmat qilgan. Shilling telegrafida jami 36 xil shartli belgilarni harf, son va tinish belgilarini uzatish mumkin edi.

 

Kuk telegrafi 1837-yil

Bonnda baron Shilling o‘z telegrafini namoyish qilar ekan, tomoshabinlar orasida ingliz fuqarosi bilan Uilyam Kuk ismli shaxs uskunaning ishlash mohiyatini diqqat bilan kuzatib, o‘rganib borar edi. Oradan ikki yil o‘tib, 1837-yilda Kuk ham o‘zining ilk telegraf uskunasini yasab namoyish qildi. U Shilling telegrafidagi kamchiliklarni bartaraf etgan holda, uskunani ancha takomillashtirgan va ixchamlashtirgan edi. Angliyada telegrafning tarqalishi aynan Kuk telegraf uskunalari boshlab bergan. Bunday telegraflarning eng katta kamchiligi shunda ediki, ularda telegrafga qarab turgan shaxs, strelkaning qaysi harfga ishora qilayotganini ko‘zi bilan ko‘rib turib, yozib olishi kerak edi. Y'ni, telegraf uskuna kelgan xabarni shunchaki harfma-harf ko‘rsatib berardi. Lekin u yozib olish va saqlash imkoniyati bo‘lmagan. Hammasi, telegraf operatorining qanchalik chaqqon va ziyrak ekaniga bog‘liq bo‘lgan... Lekin, shunday bo‘lsada, ilk telegraflar odamlar uchun nihoyatda katta qulayliklar taqdim etganligi bilan hammaga m'qul tushgan edi. Chunki, boshqa bir shaharga nihoyatda muhim biror xabarni zudlik bilan yetkazish kerak bo‘lsa, bu ishni eng tez bajaradigan aloqa turi bu telegraf edi.

 

Telegraf aloqasi simlarni butun mamlakat bo‘ylab tortib anchayin serchiqim va mashaqqatli ish bo‘lib, telegrafning ommalashishiga salbiy t'sir ko‘rsatayotgan eng katta omillardan biri aynan shu bo‘lgan. Masalaga yechim izlab ko‘rgan ixtirochilardan biri Shteynel ismli nemis ustasi telegraf stansiyalarini temiryo‘l vokzallari yaqiniga qurish va telegraf uskunalarini bitta sim bilan bog‘lash taklifini ilgari surdi. U qaytish tokini temiryo‘l relslari orqali uzatishni rejalashtirgan edi. Shu maqsadda Shteynel Nyurnberg va Fyurt temiryo‘l vokzallari orasida telegraf aloqasi o‘rnatib, tajribalar o‘tkazib ko‘rdi. Shteynel ushbu tajribalardan shuni aniqladiki, aslida qaytish tokini uzatish uchun ikkinchi sim ham, temiryo‘l relsi ham shart emas ekan. Buning uchun shunchaki, simning narigi uchun yerga ulash kifoya qilar ekan. Shteynelning mazkur tajribasidan keyin telegraf stansiyalarining birida batareykaning musbat qutbidan chiqqan simni, narigisida esa manfiy simni shunchaki yerga ulab qo‘yishga o‘tildi. 1838-yilda Shteynel Myunxen shahrida uzunligi 5 km bo‘lgan shunday "bitta simli" telegraf tarmog‘ini barpo etib, ishga tushirdi.

Biroq, yuqorida ham aytganimizdek, telegraf yanada ommalashib, kengroq qo‘llanila boshlashi uchun, uskunani xabarlarni yozib oladigan qilish kerak edi. Chunki, b'zan, telegraf operatori qanchalik ziyrak bo‘lmasin, ayrim xabarlarda harflar ketma-ketligida chalg‘ib ketishi, yoki, shunchaki so‘zni ilg‘amay qolishi mumkin edi. Shu sababli ham telegraf uskunalari uchun maxsus avtomat yozuv qurilmasi bilan jihozlash masalasi juda dolzarb bo‘lib qoldi. Ushbu masalani esa 1837-yilda AQSHlik usta Morze tomonidan hal qilindi. U telegrafga kelgan xabarni yozib oladigan maxsus uskuna yasab, uni telegraf apparatiga ulab ishlatishni yo‘lga qo‘ydi.

Morzening asl kasbi rassom bo‘lgan. 1832-yilda u Yevropadan Amerika qit'asiga okean kemada sayohat chog‘ida elektromagnit uskunasi bilan yaqindan tanishgan edi. Morzeda o‘shandayoq ushbu uskunadan signal uzatish vositasi sifatida foydalanish g‘oyasi paydo bo‘lgan. Sayohat yakuniga kelib u allaqachon maxsus qurilma loyihasini tayyorlab qo‘ygan edi va unda asosiy o‘rinni elektromagnit hamda, alifbo egallardi. Morzening alifbosi oddiy alifbodan tubdan farq qilardi va aynan o‘sha g‘alati alifbo rassom-ustaning nomini tarixga muhrladi. Morze o‘zi ishlab chiqqan maxsus alifbo va elektromagnit telegraf bilan yana uzoq yillar mobaynida turli tajribalar o‘tkazib ko‘rdi va to‘liq mukammal ishlaydigan, eng muhim, kelgan xabarlarni bexato yozib oladigan apparat yasagunicha yana bir necha yil o‘tib ketdi. Morzega bu borada eng katta qiyinchilik tug‘dirgan narsa shu ediki, elektromagnit uskunalar va boshqa zaruriy ehtiyot qismlarni Amerikadan topish qiyin edi va ularni Yevropadan buyurtma qilib olib kelish zarur bo‘lardi. Buyurtma esa kema orqali 1 oyga yaqin muddatda yetib kelgan. Morze o‘z telegrafining deyarli hamma qismini o‘zi yasagan deyish mumkin. Hattoki, o‘tkazgich simlarni ham Morze o‘zi tayyorlagan. U mis simlarning tayyor izolyatsiyalangan turi savdoda sotilishini bilmasdi va o‘z uskunasida ishlatish uchun mis sim tayyorlagani bir necha kun temirchi ustaxonasida vaqt o‘tkazgan va katta mis quymasini bolg‘alab, uzun mis sim o‘tkazgich yasagan. U o‘zi yasagan simni izolyatsiyalash uchun qog‘oz bilan o‘rab chiqqan. Usta qo‘lidagi elektromagnitning yetarlicha magnitlanmayotganligidan ham ko‘p xunob bo‘lgan va buning sababini bila olmay ancha asabiylashgan. Morze elektromagnitining yetarlicha magnitlanmasligiga sabab, undagi temir o‘zakli g‘altakning o‘ramlari soni kamligidan bo‘lgan. Ziyoli shaxs sifatida Morze muammoni yechimini tegishli ilmiy adabiyotlardan qidiradi va professor Genrining elektromagnit hodisalarga bag‘ishlangan kitobini to‘liq o‘qib chiqadi. Shundan so‘nggina u elektromagnitni ko‘ngildagidek ishlashiga erishadi.

Morze telegrafida ham o‘ziga xos kamchiliklar mavjud edi. Ularning eng asosiysi uzoq masofalarga signal uzatishda, o‘tkazgich simlarning qarshiligi tufayli signal susayib, manzilga chala yetib borar, yoki, umuman yetib bormay ham qolardi. Bu masalani hal qilish uchun esa Morze yana bir muhim texnik ixtironi amalga oshirishga majbur bo‘ldi. U maxsus elektromagnit kalit-rele ixtiro qildi va telegraf tarmoqlari konstruksiyasiga kiritdi.

 

Morze relesi favqulodda sezgir maxsus elektromagnitdan iborat bo‘lib, u eng sust, past toklarni ham payqash imkonini bergan. o‘ziga arzimas kichik tok kelsa ham rele ishga tushib, o‘ziga yaqin joyda o‘rnatilgan batareykani zanjirga ulab bergan va shu tarzda signalni yana uzoqroq masofaga, yoki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri telegraf apparatiga yuborilishini t'minlagan.

Shu tarzda, Morze tarixda eng birinchi mukammal telegrafni yaratdi. U o‘z ishlarini 1837-yilda tamomladi va endilikda o‘z ixtirosini amaliyotga keng joriy qilishni maqsad qildi. Biroq, Morze telegrafi ancha qimmatbaho uskuna bo‘lib, uni ommalashtirish uchun hukumatning moliyaviy ko‘magi zarur edi. Ixtirochi o‘zining ajoyib foydali ishlanmasiga nisbatan AQSH hukumatining qiziqishini uyg‘otish va ishlab chiqarishni moliyalashtirish uchun yana naq 6 yil ter to‘kishga majbur bo‘lgan. Hukumat faqat 1843-yilga kelibgina Morze telegrafi asosida 64 km uzunlikdagi Vashington-Baltimor telegraf tarmog‘i qurilishi uchun 30 ming dollar mablag‘ ajratishga rozi bo‘ldi. Avvaliga Morze mazkur telegraf tarmog‘ini yer ostidan o‘tkazishga urinib ko‘rgan. Biroq, simlarning izolyatsiyasi yerning namligiga bardosh berolmasligi m'lum bo‘lgach, simlarni boshqatdan, yer ustidan qayta o‘tkazishga to‘g‘ri kelgan. 1844-yilning 24-may sanasida ushbu telegraf tarmog‘ida tantanali marosim o‘tkazilib, ilk telegramma xabari jo‘natilgan. Bu Morze uchun katta muvaffaqiyat keltirdi. Hukumatdagilar mazkur ixtironing amaliy ahamiyatini tez tushunib yetishdi va boshqa shtatlarni ham telegraf bilan o‘zaro bog‘lash loyihasini qo‘llab quvvatlashdi. Keyingi 4 yil ichida AQSHning deyarli barcha shtatlari markazlari o‘zaro telegraf aloqasi tarmog‘iga ega bo‘ldi.

Morze telegraf apparati juda pishiq va qulay konstruksiyalangan bo‘lib, u bilan ishlash ham oson bo‘lgan. Shu sababli, Morze telegrafi tez orada nafaqat Amerikada, balki butun dunyoda keng ommalash boshladi va o‘z egasiga juda katta muvaffaqiyat va daromad keltirdi.

Morze telegrafi

Morze telegrafining noqulay joyi shunda ediki, unda oddiy alifbo emas, balki, aynan ushbu telegraf uchun tuzib chiqilgan va qisqa va uzun chiziqlar hamda nuqta asosida kodlangan maxsus alifbo qo‘llangan. Bu alifboni aloqachilar hozirgacha "Morze alifbosi" nomi bilan yaxshi tanishadi. Bunda telegraf bilan uzatilgan xabarni faqat maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, chiziqlar va nuqta ketma-ketligi kombinatsiyalarini shifrdan yecha oladigan mutaxassisgina o‘qiy olgan. Bu noqulaylik esa boshqa ixtirochilarga, Morze konstruksiyasi asosida, lekin, oddiy harflar bilan xabar uzatish imkonini beruvchi telegraf yasash g‘oyasini bergan. Shunday telegraf yasashga bo‘lgan urinishlardan birini 1855-yilda Yuz ismli ixtirochi amalga oshirib ko‘rgan. Uning telegrafida 28 ta tugma bo‘lib, jami 52 xil belgilarni harflar, sonlar va tinish belgilarini uzatish mumkin edi.

Biroq, bu orqali Yuz telegrafi ancha beso‘naqay va og‘ir bo‘lgan. Lekin unda xabarlarni nisbatan tez va eng asosiysi oddiy alifboda jo‘natish mumkin edi. Yuz telegrafida malakali operator ingliz tilida bir daqiqada 40 tagacha so‘z yuborishi mumkin bo‘lgan. Biroq, shunga qaramay, Morze telegrafi keyinchalik yanada keng ommalashdi va telefon aloqasi, hamda, radioaloqa ommalashishidan avval, butun dunyoda xat-xabar almashinishi borasida ilk texnik vositaga aylandi.

Shu tarzda, XIX-asrning 40-yillarida dunyoga kelgan telegraf aloqasi, keyingi o‘n yilliklarda shiddat bilan rivojlandi. Telegraf simlari butun boshli materiklar va okeanlarni kesib o‘ta boshladi. 1850-yilga kelib, suvosti kabellari yotqizish orqali Angliya va Fransiya o‘zaro telegraf aloqasi o‘rnatdi. Ushbu xalqaro telegrafning muvaffaqiyati, boshqa mamlakatlarni ham otni qamchilashga turtki berdi. Keyingi bir necha yil ichida Angliya va Irlandiya, Gollandiya, Sardiniya va Italiya davlatlari orasida telegraf tarmoqlari joriy qilindi. Okean orti bilan Yevropani bog‘lovchi telegraf tarmog‘i ham allaqachon loyihalangan bo‘lib, biroq uning amalga oshishi b'zi sabablar tufayli cho‘zilib ketdi. Bir necha marta Atlantika okeani tubidan telegraf kabellari yotqizishga bo‘lgan urinishlar omadsizlikka uchradi. Eng nozik paytda kabel uzilib ketardi, yoki boshqa bir ko‘zda tutilmagan muammo chiqib qolardi. Bir necha marta muvaffaqiyatsiz urinishlardan keyin, vanihoyat 1858-yilda ilk marta transatlantik telegraf aloqasini muvaffaqiyatli o‘rnatishga erishildi. Biroq, u ham atiga uch hafta ishlagach, aloqa yan uzilib qoldi. Sim yana okean tagida uzilib ketgan edi. Ko‘hna qit'a va Amerika orasidagi mukammal, puxta telegraf aloqasi faqat 1866-yilga kelibgina joriy qilindi va endi xabarni narigi yarim sharga jo‘natish ikki daqiqalik oddiy yumushga aylanib qoldi. Endilikda, Yevropada sodir bo‘layotgan voqealar o‘sha kunning o‘zidayoq Amerikaliklarga ham m'lum bo‘lardi va aksincha. Keyingi yillarda butun Yer yuzi bo‘ylab telegraf tarmoqlari qurilishi shiddat bilan avj oldi. Barcha mamlakatlar o‘zlarining katta va kichik shaharlari orasida telegraf aloqasi bo‘lishini istab, katta-katta loyihalarni amalga oshira boshlashdi. Shu tarzda, telegraf odamzot hayotida muhim o‘rin tuta boshladi va haqli ravishda insoniyat tarixdagi eng buyuk ixtirolari safida qayd etila boshladi.

1901-yildagi jahon telegraf tarmoqlari xaritasi. Qizil chiziqlar suv ostidan o�tkazilgan kabellarni ifodalaydi


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 03.12.2018 11:12  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbital latifalar :) :)

Tezkor tayyorlanadian lapsha taomlar ishlab chiqaruvchisi kimyo bo'yicha Nobel mukofotiga tavsiya etildi. Uning masalliqlarida, ilgari fanga noma'lum bo'lgan kimyoviy elementlar aniqlandi..


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 11739637

Tafakkur durdonalari

Dunyo imoratlari ichida eng ulug'i - MAKTABDIR! (M Behbuduy)