Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Qiziqarli kimyo Qalay va qo‘rg‘oshin - konserva va san'at elementlari

Qalay va qo‘rg‘oshin - konserva va san'at elementlari

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 10
Juda yomon!A'lo! 

Qalay va qo‘rg‘oshin - konserva va san'at elementlari

Uglerod va kremniy - ikkalasi ham metallmaslar vakillaridir. Lekin, davriy jadvalda ularning ostida uchta metall joylashgan. Ularning dastlabki ikkitasi bizga juda yaxshi tanish bo‘lgan metallardir. Chunki, ushbu metallar insoniyatga juda qadimdan ma'lum bo‘lib, ularning biri - davriy jadvalda 50-raqamli kimyoviy element - qalay bo‘lsa, ikkinchisi - 82-raqamli element qo‘rg‘oshin elementidir.

Bi ikki metallarning inson tomonidan ishlov berilgan eng qadimgi namunalari eramizdan avvalgi 3000-ming yillikka oid arxeologik topilmalardan aniqlangan. Qalay va qo‘rg‘oshin haqidagi ma'lumotlar eng qadimgi madaniyatlarga oid qo‘lyozmalarda va chunonchi diniy kitoblarda ham uchraydi. Xususan, nasroniylarning muqaddas kitobi Injilda qalay haqida gap ketgan jumlalar mavjud.

 

Qalayning eng dastlabki qo‘llash sohalaridan biri bi - bronza ishlab chiqarilishi bo‘lgan. Ma'lumingizkim, bronza juda uzoq asrlar mobaynida insoniyatga ma'lum eng qattiq metall qotishma sifatida xizmat qilgan. Finikiyaliklarning o‘rta Yer dengizi bo‘ylab g‘arga tomon suzib, uzoq orollarda qalay rudalarini tashib keltirganliklari haqida tarixiy faktlar mavjud. o‘sha zamonlarda Finikiyaliklar qalay rudasi keltirilayotgan orollarning joylashuvini hammadan sir tutishgan. Chunki, ular keltirilgan qalaydan turli buyumlar tayyorlab qimmat narxlarda pullashgan. Shu sababli, qalay orollarining siri maxfiy tutilishidan ular manfaatdor bo‘lishgan. Hozirda esa, Finikiyaliklar sir saqlagan o‘sha orollar Angliyaning shimoliy-g‘arbidagi Kornuoll orollari bo‘lganini yaxshi bilamiz.

Kornuoll orollarida hali hanuzgacha qalay dioksidi ko‘rinishidagi qalay rudasini uchratish mumkin. Qalay dioksidi molekulasi tarkibida bitta qalay va ikkita kislorod atomi bo‘ladi. Qalay dioksididan tarkib topgan rudani kassiterit yoki, qalay toshi deyiladi. Qalay dioksidini tarkibidagi yana bir qancha mayda aralashmalardan tozalagan holda, glazurga qo‘shiladi va shu tarzda oq rangli emal olinadi. Shu tarzda, shaffof emalni shaffofligidan mosuvo qilinish bois, texnologlar qalay dioksidini "bo‘g‘uvchi" deb atashadi.

Dastavval Finikiyaliklar tomonidan o‘zlashtirilgan Kornuoll shaxtalari hozirda deyarli bo‘shab qolgan va u joydan qalay izlash endilikda ma'noga ega emas. Zamonamizda qalay olinadigan asosiy boy konlar Malakka yarim orolida, asosan Malayziya davlati hududida joylashgan. Shuningdek, Boliviyada ham anchagina boy qalay rudalari mavjud.

XX asrning yarmigacha bo‘lgan vaqtlarda qalaydan asosan konserva bankalarini tayyorlash juda ommalashgan edi. II-jahon urushi yillarida Yaponiya tomonidan Malakka yarimorolini bosib olinishi natijasida, Yevropa va Amerikaga qalay yetkazib berilishi katta muammoga aylangan edi. Natijada, AQSHda konserva mahsulotlarini tayyorlash sanoati oqsab qolgan. Oqibatda esa, mamlakat fuqarolar ichida g‘alati-g‘alati majburiyatlarni joriy qilgan. Chunonchi, odamlar yangi konserva mahsuloti sotib olishdan avval do‘konga shu kabi konserva mahsulotining bo‘shagan idishini topshirishlari shart bo‘lgan.

Qalay xuddi qadimda bo‘lganidek, hozirda ham bronza ishlab chiqarilishida keng qo‘llanilmoqda. Lekin, endilikda bu qalayning eng asosiy qo‘llash sohasi emas. Hozirda bronza ishlab chiqarilishida qalaydan ko‘ra nisbatan arzonroq bo‘lgan alyuminiy metallidan foydalanilmoqda. Alyuminiyli bronza ham, qalayli bronzaga qo‘yiladigan barcha talablarga javob bera oladi.

Qalayning eng muhim ijobiy xossalaridan biri bu unga suv va kislorodning, hamda, kuchsiz kislotalarning ta'sir qila olmasligidir. Boz ustiga, qalayni oson ishlov berish va sayqallash mumkin. Shu sababli ham oziq-ovqat mahsulotlari saqlanadigan idishlar va ayniqsa konserva bankalari aynan qalaydan tayyorlangan. Oziq-ovqat mahsulotlarida muayyan miqdorda suv va kuchsiz kislotalar doimo mavjud bo‘ladi. Bu esa boshqa metallar bilan ta'sirlashganda, oziq-ovqatning sifati buzilishiga va aynishiga olib keladi. Qalay esa bunday qilmaydi. Albatta, konserva bankalari to‘liq 100% qalaydan yasalmaydi. Aksincha, ularning o‘zagi po‘latdan tayyorlanadi va faqat sirtigagina qalay qoplanadi. Shu sababli, ko‘p mamlakatlarda konserva bankasini shunchaki "qalay bankasi" deb ham atashadi. Lekin, bu nom unchalik ham to‘g‘ri emas. Chunki, aytganimizdek, qalay bu konserva idishining sirtidagi yupqa qatlamni tashkil qiladi xolos. Chunki, birinchidan sof qalay ancha qimmat turadi (jahon bozorida qalayning narxi mis narxidan o‘rtacha uch barobar qimmat yuradi); qolaversa, ikkinchidan, sof qalay juda yumshoq metall bo‘lib, u juda oson egilib, bukilib ketadi.

Qalayning qovushqoqligi undan o‘tkazgich simlar tayyorlash imkonini bermaydi. Biroq, qalay yetarlicha yumshoq va oson ishlov beriladigan metall bo‘lgani uchun, undan yupqa qalay folgasi (qalay zarqog‘ozi) tayyorlash mumkin. Yuqorida aytilganidek, qalay oziq-ovqat mahsulotlarini aynitmaydi. Chunki, u yetarlicha inert moddadir. Ayni shu nuqtai-nazardan avvallari qalay zarqog‘ozi bilan shokolad va konfetlarni o‘rab, keyin qadoqlashar edi. biroq, bu tarzdagi qadoqlash konfetning narxini keskin oshib ketishiga olib kelardi. Keyinchalik, qandlarni qalay emas, balki alyuminiydan tayyorlangan zarqog‘ozga o‘rashni yo‘lga qo‘yildi va konfet narxi yana pasaydi. Hozirda hatto ishlab chiqarishda ham imkoni boricha kamroq qalay qo‘llash masalalari o‘rtaga chiqqan bo‘lib, uni o‘rnini bosuvchi boshqa moddalar, xususan, alyuminiydan foydalanish ommalashmoqda.

Muayyan sharoitlarda qalay o‘zining uglerod va kremniy bilan qarindoshlik belgilarini namoyon qiladi. 18 °C past haroratlarda, oq qalay deb nomlanadigan hammamizga yaxshi tanish oddiy metall qalay, o‘zining kulrang qalay deb nomlanadigan allotropik shakliga o‘tadi. Kulrang qalay esa, endi metall emas, balki, metallmas bo‘lib, u uglerod va kremniy bilan muayyan o‘xshashliklarga ega. Kulrang qalay yaxlit holda barqaror tura olmaydi va tezlik bilan kukun shakliga o‘tadi. Agar bunda harorat o‘zgarishlari o‘ta keskin bo‘lmasa, oq qalayning kulrang qalayga aylanishi va kukunlanishi jarayoni ham asta-sekinlik bilan, sust rivojlanib boradi. Qishi qattiq keladigan shimoliy shaharlarda, xususan, Sankt-Peterburg, Nom, Murmansk singari joylarda qalaydan yasalgan buyumlarning uqalanib ketgani haqida ma'lumotlar mavjud. Avvallari, qalayning bu kabi allotropiyasidan bexabar kishilar, mazkur hodisani turlicha talqin qilib, "qalay qarg‘ishi", "qalay kasali" va hatto "qalay vabosi" deb ham atashar edi. Lekin, aslida ushbu hodisada hech qanday g‘ayritabiiylik yo‘q va aksincha, u mutlaqo tabiiy jarayondir.

Qalayning yana bir xususiyati shundaki, agar yupqa qalay bo‘lagini egib, buklashga harakat qilinsa, undan g‘irchillagan o‘ziga xos tovush chiqadi. Buning sababi, qalayning mayda kristalllarining bir-biriga ishqalanishi tufaylidir. Ba'zilar qalayning shunday g‘irchillagan ovozini "qalay yig‘isi" deb ham ataydilar.

Qo‘rg‘oshin ham, juda qadimdan ma'lum metallardan biridir. Qadimgi Rimliklar qo‘rg‘oshindan suv uchun idishlar, suv quvurlari va kanalizatsiya trubalari tayyorlashgan. o‘sha zamonlarda rimliklar tilida qo‘rg‘oshinni plumbum deyilgan. Lotin tilidagi ushbu nom keyinchalik aksariyat Yevropa tillariga ommalashib ketgan va odamlar suv quvurlari hamda, kanalizatsiya trubalari bilan bog‘liq ishlarni hammasini qo‘rg‘oshin bilan uzviy bog‘liqlikda tasavvur qiladigan bo‘lib ketishgan. Chunonchi, garchi, hozirda hech qayerda suv quvurlari va kanalizatsiya trubalarini qo‘rg‘oshindan qilinmayotgan bo‘lsa-da, ingliz tilida hozirda ham suv quvurlari va kanalizatsiya trubalarini sozlovchi santexnik ishchilarni "plumber", ya'ni, "qo‘rg‘oshinchi" deb yuritiladi. Vaholanki, butun dunyo allaqachon polivinilxlorid plastik trubalarga o‘tib bo‘ldi.

Qo‘rg‘oshinni qadimgi rim davridayoq quvurlar va suv idishlari tayyorlash uchun keng qo‘llanilishiga sabab, uning qator afzallik sifatlari bo‘lgan.

Birinchidan, qo‘rg‘oshin yumshoq metall bo‘lib, uni quvur shaklida bukish uchun maxsus dastgohlar shart emas. Qo‘rg‘oshin shunday yumshoq metallki, uni shunchaki tirnoq bilan ham ezish mumkin. Rimliklar davrida odamlar hali grafit haqida bilishmasdi va yumshoq qo‘rg‘oshindan qalamchalar yasab, uning yordamida yozuv-chizuv ishlarini ham bajarishgan. Shu sababga ko‘ra, hozirgi Yevropa tillarida hali hanuz oddiy qalamni ham qo‘rg‘oshin deb yuritish an'anasi uchrab turadi. Grafit odamlarga ma'lum bo‘lib, qalamni grafitdan tayyorlash endi-endi ommalashayotgan paytlarda yozuv-chizuv bilan ko‘p shug‘ullanadigan kishilar hali-beri qo‘rg‘oshin bilan yozishar edi. Ular qo‘rg‘oshinli qalamni shunchaki "qo‘rg‘oshin" (plumbago) deb ataganliklari sababli, grafitli qalamni ham aynan shunday nomlashda davom etishgan. Shunga ko‘ra, eski adabiyotlarda grafitni plumbago deb nomlash odatiy hol edi. Yaxshiki, hozirda bunday chalkashlik tobora unutilib, grafit o‘z nomi bilan, qo‘rg‘oshin o‘z nomi bilan atalmoqda.

Ikkinchidan, qo‘rg‘oshin ishqoriyligi nisbatan past bo‘lgan ichimlik suvi bilan o‘zaro ta'sirlashmaydi va shu sababli bunday idishda suv saqlashda idish uzoq muddat xizmat qiladi. Italiyada qadimgi Rim davrida yotqizilgan qo‘rg‘oshinli suv quvurlaridan hali-hanuz foydalanilayotgan joylar mavjud. Agar qo‘rg‘oshinga oz miqdorda tellur qo‘shib qotishma hosil qilinsa, bunday qotishmadan tayyorlangan buyum korroziyaga to‘liq chidamli bo‘ladi. Lekin, qo‘rg‘oshinning bitta juda yomon xususiyati mavjud: agar qo‘rg‘oshindan tayyorlangan idishda saqlanayotgan, yoki, shunday quvurda oqayotgan suvning kislotalilik darajasi salgina baland bo‘lsa ham, bunday suv ta'sirida oz-oz bo‘lsada, qo‘rg‘oshin birikmalari erib suvga aralashib keta boshlaydi. Bunday qo‘rg‘oshin birikmalari zaharli bo‘lib, atiga 30 gramm qo‘rg‘oshindan 95000 litr suv zaharlanadi va yaroqsiz holga keladi.

Organizmga tushgan qo‘rg‘oshin suyaklarda yig‘ila boshlaydi va o‘rnashgan joyida qolib ketadi. Qo‘rg‘oshinning organizmda chiqib ketishi favqulodda darajada sekin kechadi. Shu sababli, agar suvda erigan qo‘rg‘oshin birikmalarining dozasi darhol zaharlanish uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda ham, lekin u organizmda yillar mobaynida to‘planib borishi va keyinchalik o‘z "hunari"ni ko‘rsatishi mumkin. Boshqacha aytganda, qo‘rg‘oshin bilan zaharlanish jarayoni kumulyativ xarakterga ega.

Hozirgi kunda qo‘rg‘oshinni qo‘llashning nisbatan keng tarqalgan sohasi bu - bo‘yoq tayyorlash texnologiyalaridir. Odatda oq qo‘rg‘oshin deb yuritiladigan qo‘rg‘oshin karbonati asos modda bo‘lib, u bo‘yoq tayyorlashda pigment sifatida ishlatiladi. Qo‘rg‘oshin karbonatining molekulasi murakkab tuzilishga ega bo‘lib, tarkibida uchta qo‘rg‘oshin, ikkita uglerod, ikkita vodorod, hamda, sakkizta kislorod atomlari mavjud bo‘ladi. Qo‘rg‘oshin karbonatini zig‘ir moyi bilan aralashtirish orqali, oppoq, toza oq bo‘yoq olinadi. Lekin, bunday oq bo‘yoq uzoq saqlanishi uchun, joyning havosi toza bo‘lishi kerak, yoki, bo‘yalgan material suvda turishi kerak. Biroq, hozirgi kunda yirik shaharlar havosini toza deb bo‘lmaydi. Shahar havosida hozirda odatda oltingugurt birikmalari mavjud. Bunday birikmalar sanoat chiqindilari va asosan, ko‘mir yoqilishi evaziga atmosferada paydo bo‘ladi va havoni ifloslantiradi. Havo tarkibidagi oltingugurt birikmalari oq qo‘rg‘oshindan tayyorlangan bo‘yoq bilan reaksiyaga kirishadi va qo‘rg‘oshin sulfidi hosil qiladi. Uning molekulasida bir atom qo‘rg‘oshin va bir atom oltingugurt mavjud bo‘ladi. Qo‘rg‘oshin sulfidi esa tabiatan qora rangda bo‘ladi va u bo‘yoqqa o‘tirib, oq rangni xiralashtirib boradi. Oqibatda, bo‘yalgan yuzaning sifati buziladi.

Qo‘rg‘oshin sulfidi qo‘rg‘oshin metalliga eng boy bo‘lgan galenit rudasining asosini tashkil qiladi. Aslida qo‘rg‘oshin ham qalay singari kamyob metall. Lekin, qo‘rg‘oshin rudalarining yer yuzi bo‘ylab nisbatan tekis tarqalganligi va boy rudalarni deyarli har bir mamlakatda aniqlanganligi, qo‘rg‘oshinni qalaydan ko‘ra arzon bo‘lishini ta'minlagan. Qalay koni esa, markazlashgan holda, ma'lum hududlardagina mavjud bo‘ladi.

Yuqorida aytilgan muammo, ya'ni, oltingugurt ta'sirida xiralashib qolishi - qo‘rg‘oshinli bo‘yoqlarning eng asosiy muammolaridan biridir. Qo‘rg‘oshinli bo‘yoqlarning boshqa bir o‘tkir muammosi - ularning zaharliligidadir. Rang-tasvir san'ati ustalari bo‘lgan rassomlar uzoq yillar mobaynida qo‘rg‘oshinli bo‘yoqlar bilan ishlayverib, ushbu metalldan eng ko‘p zaharlanadigan kasbiy toifaga mansub bo‘lib qolishadi. Qo‘rg‘oshindan zaharlanish - rassomlar uchun kasbiy kasallik sanaladi.

Oq qo‘rg‘oshin, ya'ni, qo‘rg‘oshin karbonati oq pigment berishi va oq bo‘yoq tayyorlashda ishlatilishini aytib o‘tdik. Rassomlar qo‘rg‘oshindan muttasil zaharlanishlari uchun oq bo‘yoqning o‘zi kamlik qilgan bo‘lardi. Chunki, oq bo‘yoq rassomchilikda eng kam qo‘llaniladigan bo‘yoqlardan biri va oq rangni rassomlar asosan qog‘ozning o‘zini ochiq qoldirib ham ifodalashlari mumkin, to‘g‘rimi? Unda nega qo‘rg‘oshin rassomlarga bunchalik o‘tkir ta'sir qiladi? Gap shundaki, nafaqat oq bo‘yoq, balki, boshqa rangli bo‘yoqlar tayyorlash uchun ham qo‘rg‘oshin asosidagi pigmentlardan keng foydalaniladi. Masalan, qo‘rg‘oshinning qizil oksidi, yoki, qizil qo‘rg‘oshinni bo‘yoq tayyorlash ustalari surik deb yuritishadi. Bu birikma pishiq g‘ishtning rangiga o‘xshash qizg‘ish rangda bo‘lib, uning molekulasi uch atom qo‘rg‘oshin, hamda, to‘rt atom kisloroddan iborat bo‘ladi. Qizil qo‘rg‘oshindan metallarni bo‘yashda dastlabki himoya qatlamini hosil qilish uchun (uni ustalar guruntlash deyishadi) surtiladigan bo‘yoq tayyorlanadi. Qo‘rg‘oshinning yana bir foydali birikmasi qo‘rg‘oshin tetraetili bo‘lib, uning molekulasida bitta qo‘rg‘oshin atomi to‘rtta uglevodorod molekulalari b birikkan bo‘ladi. Qo‘rg‘oshin tetraetili benzinga qo‘shiladi. Bunday benzin etillangan benzin deyiladi. Etillash orqali benzin bug‘larining dvigatel silindrlari ichida muddatidan avval yonishi oldi olinadi. Ya'ni, detonatsiya ko‘rsatkichi yaxshilanadi. Bunday benzinda dvigatelning quvvati ham biroz bo‘lsa-da, ortadi.

Lekin, benzinga qo‘rg‘oshin tetraetili qo‘shilishi boshqa nojo‘ya ta'sirga sabab bo‘ladi. Ya'ni, etillangan benzin yonganda, dvigatelning ichki devorlarida qo‘rg‘oshin bug‘lari yopishib qoladi va keyin qurum sifatida qotib, yig‘ilib, dvigatelni ishdan chiqaradi. Bunday nojo‘ya ta'sirni oldini olish uchun esa, etillangan benzinga yana shuningdek tarkibida brom tutuvchi maxsus organik birikmalar qo‘shiladi. Bunday benzin yonganida brom va qo‘rg‘oshin o‘zaro birikadi va qo‘rg‘oshin bromidi hosil qiladi. Qo‘rg‘oshin bromidi molekulasida bitta qo‘rg‘oshin va ikkita brom atomlari mavjud bo‘ladi. Qo‘rg‘oshin bromidi 900 °C da qaynashga uchraydi. Bunday harorat esa ichki yonuv dvigatelida bemalol yuzaga keladi. Natijada, qo‘rg‘oshin bromidi bug‘lanib, tutun gazlari bilan birgalikda tashqariga chiqib ketadi. Shu tarzda, qo‘rg‘oshin atomlaridan foydalanib, keyin esa ularning zararidan himoyalanadi.

Qo‘rg‘oshin nafaqat benzin tarkibida, balki yana bir muhim joydagi xizmati bilan avtomobil egalariga yaxshi tanish. Avtomobillarda qo‘llaniladigan akkumulyatorlarda va boshqa qator maishiy akkumulyatorlarda ham qo‘rg‘oshin dioksididan tayyorlangan plastinalar qo‘llanadi. Ushbu birikma molekulasida bitta qo‘rg‘oshin va ikkita kislorod atomi mavjud bo‘ladi. Akkumulyator ichida qo‘rg‘oshin dioksidi kuchli oltingugurt kislotasiga botirilgan bo‘ladi. Akkumulyator elektr tokini uzatayotganida qo‘rg‘oshin va qo‘rg‘oshin dioksidi oltingugurt kislotasi bilan ta'sirlashib, birika boshlaydi va qo‘rg‘oshin sulfati hosil qiladi. Qo‘rg‘oshin sulfatida bir atom qo‘rg‘oshin va bir atom oltingugurt, hamda, to‘rt atom kislorod mavjud bo‘ladi. Bunday akkumulyator zaryad olayotganida, qo‘rg‘oshin sulfati qaytadan qo‘rg‘oshinga va qo‘rg‘oshin dioksidiga aylanadi. Akkumulyatorlardagi qo‘rg‘oshinga 9% miqdorda surma qo‘shiladi. Hozircha, qo‘rg‘oshin va surma birgalikda qo‘llanayotgan yagona soha bu aynan akkumulyator batareyalaridir.

Qo‘rg‘oshin silikatidan shisha olish va shisha mahsulotlari tayyorlash ham mumkin. Oddiy shishadan farqli ravishda, qo‘rg‘oshin silikatidan tayyorlangan shisha asosan qimmatbaho toshlarni o‘rnini bosuvchi bezak mahsulotlari ishlab chiqarishda qo‘llanadi. Qo‘rg‘oshin silikatidan tayyorlangan va qimmatbaho toshlarga o‘xshatib yasalgan toshlarni strazlar deyiladi. Qo‘rg‘oshin silikati shishasi shuningdek turli xil optik asboblar, xususan, mikroskop va teleskoplar uchun, hamda, ko‘zoynaklar uchun linzalar tayyorlashda ham keng qo‘llaniladi. Chunki, bunday shisha odatda juda tiniq va shaffof bo‘ladi. Qo‘rg‘oshinli shisha, tarkibi bitta qo‘rg‘oshin va bitta kislorod atomidan iborat bo‘lgan qo‘rg‘oshin monooksidini qum va kaliy karbonati bilan birga qizdirish yo‘li bilan olinadi.

Qo‘rg‘oshinning aksariyat birikmalari suvda erimaydi. Faqat, qo‘rg‘oshin atsetati, yoki, boshqacha nomi qo‘rg‘oshin shakari bo‘lgan birikmagina bundan mustasno. "Qo‘rg‘oshin shakari" deyilishining sababi, ushbu birikma shakar singari shirin ta'mga egaligidan bo‘lib, lekin bu juda-juda aldamchi, xiyonatkor shirinlikdir. Chunki, qo‘rg‘oshinning barcha birikmalari singari, qo‘rg‘oshin shakari ham zaharli modda bo‘lib, salomatlikka jiddiy xavf tug‘diradi.

Qo‘rg‘oshin yaqin o‘tmish zamonlarida ham metall sifatida unchalik katta qadr qozonmagan edi (ya'ni, u qimmatbaho metall sifatida qaralmagan). Chunki, uning rangi oltin yoki kumush singari jilvalanadigan emas, aksincha, xira va kulrang bo‘lib, boz ustiga, juda yumshoq va mo‘rt metall bo‘lgan uchun odamlarni unchalik ham o‘ziga jalb qilmagan. Odamlar qo‘rg‘oshinni keraksiz metall deb juda arzon-garov narxlarda oldi-sotdi qilishgan. Shekspirning "Venetsiyalik tujjor" asarida qahramonlardan biri - Portsiya ismli ayol qo‘lini so‘rab kelgan o‘z oshiqlariga yopiq turgan uchta sandiqchidan birini tanlashni taklif etadi. Kimda-kim, ichiga Portsiyaning portreti yashirilgan sandiqchani to‘g‘ri topib, ochsa, ayol o‘sha odamga turmushga chiqishini ma'lum qiladi. Tanlash uchun oshiqlarga havola qilingan sandiqchalarning biri tilla, ikkinchisi kumushdan bo‘lgan. Tabiiyki, ushbu metallar o‘sha zamonlarda boy-badavlatlik va mulkdorlik ramzi edi (hozir ham shunday {#emotions_dlg.laughing}). Uchinchi sandiqcha esa qo‘rg‘oshindan yasalgan bo‘lib, o‘sha paytlar bu metall kambag‘allik ramzi bo‘lgan. Ehtimol, Portsiya timsoli bilan Shekspir tashqi jilvaga qarab emas, ichki go‘zallikka e'tibor qaratish kerakligini shunday tasviriy ifodalamoqchi bo‘lgandir... Chunki, Portsiyaning portreti aynan qo‘rg‘oshin sandiqcha ichida bo‘lgan.

o‘tmishda odamlar qo‘rg‘oshinni faqat bitta jihati uchun - uning og‘ir metall ekani uchun oz-moz qadrlashgan. Haqiqatan ham, qo‘rg‘oshin temirdan ko‘ra deyarli 50% og‘irroq bo‘ladi. Qo‘rg‘oshin kumushdan ham og‘ir. Lekin, uning og‘irligi oltin va platina metallarining og‘irligining yarmichasi ham kelmaydi. Biroq, qadimgi davrlarda nafaqat oddiy odamlar, balki, boy-zodagonlar ham oltin yoki platinani ko‘p miqdorda saqlashmagan va ayniqsa, ushbu qimmatbaho metallardan og‘irlik manbai (posangi) sifatida foydalanishni tasavvur ham qilishmagan. Shu sababli, o‘sha vaqtlarda qo‘rg‘oshin eng og‘ir metall bo‘lib hisoblanib, og‘ir narsa bilan bosish, yoki urish talab qilinadigan joylarda aynan qo‘rg‘oshindan tayyorlangan vositalardan foydalanishgan. Masalan, ushbu metalldan miltiq va to‘pponcha o‘qlari yasalgan. o‘q og‘irroq bo‘lsa, uning o‘ljaga yoki dushmanga yetkazadigan shikasti ham shunga yarasha bo‘lgan. Keyinchalik, o‘q-dori tayyorlashda qo‘rg‘oshinga biroz mishyak aralashtirilsa, o‘q qattiqroq bo‘lishi aniqlangan va shunday o‘qlar ishlab chiqarila boshlagan.

Qo‘rg‘oshinku mayli, ko‘p joyda arzon ruda holida mavjud bo‘lgani va metallning o‘zi odamlarni o‘ziga unchalik jalb qilmagani uchun, ancha arzon va qadrsiz metall bo‘lib yurgan. Lekin, unga nisbatan kamyob va ishlab chiqarilish jarayoni murakkabroq bo‘lgan qalay ham o‘tmishda negadir o‘ziga munosib qadr topmagan.

Qo‘rg‘oshinning foydali jihatlaridan biri shundaki, u atiga 328 °C dayoq eriydi. Metallar uchun bu nihoyatda past erish harorati sanaladi. Qalay esa undan ham past haroratda, ya'ni, 232 °C da eriydi. Mazkur ikki metall qotishmasi esa yanada past haroratdayoq eriy boshlaydi va shu xossasiga ko‘ra kimyo va fizika tajribaxonalarida qadrlanadi.

Texnikada oson eriydigan qotishmalarga muntazam ehtiyoj mavjud. Oson eriydigan qotishmalar tarkibida vismut, yoki, surma mavjud bo‘ladi. Shuningdek, aksariyat oson eruvchan qotishma tarkibida albatta qo‘rg‘oshin va qalay ham, yoki, bir vaqtning o‘zida ularning ikkisi ham mavjud bo‘ladi. Masalan, Vud qotishmasi 50% vismut, 25% qo‘rg‘oshin va 12,5% qalaydan tashkil topgan bo‘ladi. Gart nomli qotishmada esa 5% surma, 3% qalay va 82% qo‘rg‘oshin bo‘ladi.

Bir paytlar qalay va qo‘rg‘oshin qotishmasidan arzon idishlar ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lishgan. Bunday idish tarkibining asosiy qismini qalay tashkil qilgan. Lekin, bu tajriba o‘zini oqlamadi va keyinchalik o‘z-o‘zidan tinchib ketdi.

Qalay va qo‘rg‘oshinni turli proporsiyalarda aralashtirish orqali payvandlash vositasi tayyorlanadi. Oson eriydigan va yumshoq payvand vositasi elektronika platalaridagi yo‘laklarda va asosan, elektronika-mikroelektronika sxemalarida payvandlash uchun ishlatiladi. Payvandlagich (payalnik) orqali bunday qotishmani qizdirib, keyin kerakli joyni ulash mumkin. Payvand modda sovigach, qotadi va ulangan qismga mahkam yopishadi. Bunday modda elektr tokini yaxshi o‘tkazgani bois, elektrotexnika va maishiy texnika ishlab chiqaruvchilari va tuzatuvchi ustalarining ish stolidan muntazam va muqim joy olgan.

Davriy jadvalda kremniy va qalayning oralig‘ida atom raqami 32 bo‘lgan germaniy elementi joylashgan. Uni 1886-yilda olmon kimyogari Klemens Aleksandr Vinkler (1838-1904) tomonidan kashf etilgan. Vinkler o‘zi kashf etgan ushbu metallni vatani Germaniya sharafiga shunday nomlagan.

Germaniyning kashf etilish tarixi ham qiziq. 1869-yilda rus kimyogari D.I. Mendeleyev kimyoviy element davriy jadvalini ishlab chiqdi va undagi bitta ustunda joylashgan elementlar o‘zaro o‘xshash kimyoviy xossalarga ega bo‘lishini fahmlab qoldi. o‘sha paytda kimyoviy elementlarning hammasi ham kimyogarlarga ma'lum emasdi va ularning aksariyatining mavjudligini olimlar taxmin ham qilishmasdi. Biroq, Mendeleyev davriy jadvalida bo‘sh kataklar bo‘lib, bu tabiatda hali kashf etilmagan elementlar mavjudligini bildirgan.

1871-yilda Mendeleyev davriy jadvaldagi bo‘sh kataklar bir kun kelib albatta to‘lishini, ya'ni, hali olimlarga noma'lum elementlar albatta kashf etilishini ma'lum qildi. Misol sifatida uchun uchta bo‘sh katakni ko‘rsatib, ushbu kataklarni to‘ldirishi lozim bo‘lgan elementlar qanday xossalarga ega bo‘lishi haqida aniq ilmiy asoslangan ma'lumotlar keltirdi. U jumladan, qalay va kremniy orasida joylashishi lozim bo‘lgan va hozircha kashf etilmagan element haqida ham gapirib o‘tgan. Mendeleyevning o‘zi o‘sha hozircha noma'lum elementni ekakremniy deb nomlagan. Eka - sanskrticha so‘z bo‘lib, 1 raqamini bildiradi. "Ekakremniy" atamasi esa, "kremniydan keyingi birinchi element" degani bo‘lgan. U mazkur elementning taxminiy xossalarini, kremniy va qalaynikidan kelib chiqib aytib bergan.

Tez orada, Mendeleyev bashorat qilgan o‘sha uchala element haqiqatan ham kashf etildi va ularning kimyoviy va fizik xossalari u olim bashorat qilgani bilan bir xil bo‘lib chiqdi. o‘sha uchun element ichida eng oxirgi bo‘lib germaniy kashf qilingan va shu orqali, davriy jadvalning to‘g‘ri ekani va Mendeleyevning haq ekani qat'iy isbotlangan.

XX-asrning ikkinchi yarmiga kelib, germaniy elementi butun dunyoni o‘zgartirib yuborgan kashfiyotlardan biri uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Germaniyga maxsus birikmalar qo‘shilsa, u muayyan sharoitlarda elektr tokini faqat bir tarafga o‘tkazadigan bo‘lib qoladi. Boshqacha aytganda, u yarimo‘tkazgich hamda, kuchaytirgich sifatida ishlay boshlaydi. Bunda, germaniy zaif toklarni kuchaytirib beradi va elektronika sxemalarida muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq, buning uchun germaniy bo‘lagi imkon qadar sof bo‘lishi kerak va unda ayniqsa mishyak aralashmagan bo‘lishi kerak. Milliarddan bir qism mishyak ham germaniyning tokni kuchaytirish va yarimo‘tkazgich xossalarini chippakka chiqaradi. Germaniyning ushbu o‘ta muhim xossasidan elektronika va mikroelektronikadagi eng muhim elementlardan biri bo‘lgan - tranzistorlarni tayyorlashda foydalaniladi. Tranzistorlar esa - axborot asrini boshlab bergan va insoniyat sivilizatsiyani yangi yo‘nalishga - axborotlashtirish erasiga burib yuborgan eng buyuk ixtirolardan biridir.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 11.02.2020 08:37  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Mendeleev ham, o'z xotiniga, birinchi o'rinda xotin emas, balki aynan Vodorod turishi kerakligini juda uzoq tushuntirishga majbur bo'lgan...


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 11743299

Tafakkur durdonalari

Dunyoda ilmdan o'zga najot yo'q va bo'lmagay! (Imom Buxoriy)