Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Qiziqarli kimyo Simob - suyuq element

Simob - suyuq element

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 13
Juda yomon!A'lo! 

Simob - suyuq element

Qalay va qo‘rg‘oshin nisbatan past haroratlarda ham erishini siz yaxshi bilasiz. Ularning erishi uchun 200-300 °C orasidagi harorat kifoya qiladi. Ishqoriy metallar yanada pastroq haroratlarda ham erib, suyuqlanib ketadi. Masalan, seziy metallining erishi uchun Quyoshli kundagi issiq harorat yetarli bo‘ladi.

Shunday bir metall borki, hatto sovuq haroratda ham suyuqligicha qolaveradi. Bu - davriy jadvaldagi 80-raqamli element - simob elementidir. Simob - suv muzlaydigan haroratdan, ya'ni, selsiy bo‘yicha 0 °C dan ham −39 daraja past haroratdagina qotadi.

1759-yilgacha hech kim simobni qattiq holatga o‘tkazishga urinib ham ko‘rmagan. Chunki, hech kim simobning aslida metall ekanini bilmagan.

 

Qadimgi yunonlar va rimliklar simobni "gidrargirum" deb nomlashgan. Ularning tilida bu so‘zning ma'nosi "suyuq kumush" degani edi. Ingliz tilida esa simobni avvallari "quicksilver" deyilardi. Buning aynan tarjimasi "tirik kumush", yoki, "yuguruvchi kumush" degan ma'nolarga to‘g‘ri keladi. Agar siz sinib ketgan termometrdan to‘kilgan simobni ko‘rgan bo‘lsangiz, albatta uni juda tez yumalab u yoqdan bu yoqqa harakatlanib dumalaganini kuzatgansiz. Bu xuddi tirik jonzot tezlik bilan yugurib o‘tgandek taassurot uyg‘otadi. Shu sababli ham unga "yuguruvchi", "tirik" kabi nisbatlar berilgan.

Simobning ingliz tilidagi va xalqaro ilmiy nomi esa "mercury" bo‘lib, u zamonaviy kimyoga o‘rta asr alkimyogarlaridan meros qolgan. o‘rta asr alkimyogarlari o‘zlari tanish bo‘lgan kam sonli elementlarni osmon jismlarining nomlari bilan atash an'anasiga ega bo‘lishgan. Masalan, ular oltinni Quyosh, kumushni Oy, temirni Mars, misni Venera nomi bilan atashgan. Buning hayron qoladigan joyi yo‘q. Chunki, o‘rta asrlarda yashagan alkimyogarlar astrologiyadan ham uncha-muncha boxabar bo‘lishga. Odatda bunday odamlar o‘zlarini "ilohiy hislat"lar egasi deb hisoblashgan va boshqalarni ham shunga ishontirishga urinishgan. Alkimyogarlardan ayrimlari fol ko‘rish va shamanlik qilish bilan ham shug‘ullanishgan.

Simob - og‘ir modda (u eng og‘ir suyuqliklardan biri). U temirdan ko‘ra ikki barobar va qo‘rg‘oshindan ko‘ra uchdan bir hissaga og‘irroq. Agar qo‘rg‘oshin sharchani simobli idishga solib qo‘yilsa, qo‘rg‘oshin sharcha simobda cho‘kmay, uning sirtida qalqib yuradi. Atiga 500 ml hajmni egallagan simob deyarli 7 kg tosh bosadi. Agar kimyo laboratoriyasida 1 litr hajmda simob turgan bo‘lsa, uni ko‘tarishga aslo shoshilmang. Agar siz uni 1 litr suvni ko‘tarmoqchi bo‘lgandek kuch bilan ko‘tarsangiz, xuddi simobli idishni tagidan mixlab tashlangandek tuyuladi. Chunki siz uni ko‘tara olmaysiz.

Xona haroratida eng og‘ir suyuqlik bo‘lgani uchun, simobdan ob-havoni bashorat qilishda foydalanish mumkin va buni odamlar anchadan buyon yaxshi o‘zlashtirib olishgan.

Ob-havo ma'lumotlaridagi eng asosiy ko‘rsatkichdan biri - atmosfera bosimi haqidagi ma'lumotdir. Ko‘plab omillar ta'sirida, xususan, Quyosh nurlari, tog‘lar, okeanlar va ho kazolar tufayli, Yer atmosferasi bir joyda zichlashib, yuqori bosimga ega bo‘lib qoladi. Boshqa bir hududda esa, atmosfera siyraklashib, bosim pasayadi. Agar havo ochiq va tinch bo‘lsa bu - atmosfera bosimi balandligining mahsuli bo‘ladi. Agar bosim past bo‘lsa, havo soviydi.

Bunday bosimlarning o‘zaro farqi unchalik ham katta emas. Bosim yuqori hududlarda ko‘rsatkich bosim past hududlardagidan ko‘pi bilan 10% atrofida baland bo‘ladi xolos. Bu farq bizning nafas olishimizga va boshqa muhim omillarga umuman ta'sir qilmaydi. Bunday nozik farq ko‘rsatkichini aniqlash uchun bizga maxsus asboblar kerak bo‘ladi.

Atmosfera bosimini o‘lchash usullaridan biri - bosimni biror bir suyuqlik ustuni balandligi bilan belgilashdir. 1 sm2 yer yuzasi ustidagi atmosferadagi havo, aynan o‘sha 1 sm2 ustidagi taxminan 15 metr suv ustuni bilan teng og‘irlikka ega bo‘ladi. Agar bosim past bo‘lsa, u 14 metr suv ustuni balandligi bilan teng bo‘lishi mumkin. Shu tarzda, atmosfera bosimi bilan suv ustuni balandligi orasidagi bog‘liqlikka asoslanib, atmosfera bosimini o‘lchash mumkin bo‘ladi. Bu juda jo‘n o‘lchash usuli bo‘lib, faqat, u ancha qo‘pol usul hisoblanadi. 14 yoki 15-metr suv ustuni balandligi 4-5 qavatli uy balandligiga teng bo‘ladi va bunday asbobni yasash ham, undan foydalanish ham ancha noqulay bo‘ladi. Shu sababli, atmosfera bosimidagi o‘zgarishlarga muvofiq o‘z balandligini o‘zgartiradigan eng yaxshi suyuqlik bu simob hisoblanadi. Simob suvdan ko‘ra 14,5 marta og‘ir bo‘ladi. Shu sababli, atiga 76 sm balandlikdagi simob ustuni 15 metr balandlikdagi suv ustini bilan teng vaznga ega bo‘ladi.

76 sm balandlikka ega va atmosfera bosimi bilan muvozanatlanadigan simob bilan to‘ldirilgan shisha nayni barometr deyiladi. Atmosfera bosimi aynan barometr bilan o‘lchanadi. Ob-havo ma'lumotlari orasida atmosfera bosimi qayd etib o‘tilganda, uning ko‘rsatkichlari millimetrlargacha aniqlikda aytilayotganini eshitgan bo‘lsangiz kerak. Simob ustuni balandligi 760 mm bo‘lganda (dengiz sathida) o‘zi turgan idish tubiga, 1 atmosfera bosimiga teng bosim beradi. Shunga asoslanib, atmosfera bosimi va unga yaqin boshqa bosim kattaliklarini simob ustuni o‘lchov birligida ifodalash ham mumkin.

Simob atmosfera bosimini o‘lchashdan tashqari, haroratni o‘lchash asboblarida ham keng qo‘llanadi. Barcha moddalar singari, simob ham harorat oshganda kengayadi va soviganda torayadi. Simobning issiqlik ta'sirida kengayishi va sovuqlik ta'sirida zichligining ortishi - bir tekis va barqaror kechadi. Shu sababli, harorat o‘lchash texnikasida boshqa moddalardan ko‘ra simobdan foydalanish samaraliroq sanaladi. Shu sababli ham, hammamizning uyimizdagi dori qutichada turadigan termometr ichida aynan simob bo‘ladi. Simobning yana bir muhim xossasi shisha nayli termometrlarni aynan simob bilan to‘ldirish uchun asos bo‘lgan. Gap shundaki, simob shishaga yopishmaydi va ishqalanmaydi. Shu sababli, simob bilan to‘ldirilgan shisha naycha ichida simob yopishib qolmasdan pastga va yuqoriga erkin harakatlanaveradi.

Simob metall bo‘lgan sababli, u elektr tokini o‘tkazadigan modda sanaladi. Uning bu xususiyati ham elektrotexnikada ajoyib yechimlar uchun xizmat qiladi. Masalan, qat'iy gorizontal turadigan trubka ichiga simob quyib, uni har ikki tomoniga elektr kontaktlari ulansa, undan elektr zanjirlarini uzib-ulaydigan (o‘chirib-yoqadigan) uskuna sifatida foydalanish mumkin. Masalan, bunday trubkani biror elektr zanjir uchun dastak-kalit sifatida qo‘llansa, dastakni o‘ng tomonga qiyalatganda trubka ichidagi simob oqib kelib elektr kontaktlarni bir-biriga ulaydi va zanjirda tok oqa boshlaydi. Trubkani yana gorizontal holatga keltirilsa simob qaytib oqib ketadi va kontakt uziladi. Bunday dastak-kalitlar shovqinsiz ishlashi bilan ham ahamiyatli bo‘ladi.

 

Biroq, simob haqida gap ketganda shuni ham alohida ta'kidlash shartki, simob va uning birikmalari zaharli hisoblanadi. Simob hatto qo‘rg‘oshindan ham zaharliroqdir. U atiga 357 °C dayoq qaynaydi. Bu esa, metallar orasida eng past qaynash harorati sanaladi. Lekin, bundan ham pastroq, oddiy xona harorat va yozgi issiq haroratlarda ham simob juda sekinlik bilan bo‘lsa-da, harholda muntazam bug‘lanib turadi. Simobning bug‘lari ham juda zaharli bo‘lib, kumulyativ effektga egadir. Shu sababli ham, kimyogarlar simob bilan ishlashda va ayniqsa uni qizdirishda, maxsus shkafdan foydalanishadi. Bunda simob o‘sha shkaf ichida tutib turiladi. Shkaf esa har qanday bug‘larni zudlik bilan boshqa kameraga o‘tkazadigan so‘rish moslamasiga ega bo‘ladi.

Simob ko‘plab metallar bilan qotishmalar hosil qiladi. Simobning boshqa metallar bilan qotishmasini amalgamma deyiladi. Masalan, kumush va simob qotishmasi kumush amalgammasi deyiladi. Kumush amalgamma erigan holatdan biror qolipga quyilsa, u bir necha daqiqa muddatda xuddi loy kabi yumshoq holda turaveradi. Bu holatda unga shakl berib, biror ko‘rinishga keltirish mumkin. Keyin u qotadi va o‘ziga berilgan shakni mustahkam saqlab qoladi. Tish davolovchi vrachlar tishlardagi kovraklar o‘rniga shunday kumush amalgammasidan to‘ldirish orqali kovaklarni berkitadilar. Albatta, tish shifokorlari qo‘llaydigan kumush amalgammada kumush va simobdan tashqari yana qalay, mis va rux ham mavjud bo‘ladi. Lekin, bunday amalgammada baribir asosiy o‘rinni simob egallaydi. Simob atomlari kumush atomlarini mustahkam bog‘lab tutib turadi. Natijada, so‘lak, havo, namlik, issiqlik va og‘izdagi bakteriyalar ta'sirida yemirilmaydigan, mustahkam qobiq paydo bo‘ladi. Bunday qopib, yoki qoplama tishlarga ham yaxshi o‘rnashadi va salomatlikka ziyon yetkazmaydi.

Tish davolash texnikasida shuningdek oltin amalgammasi ham qo‘llaniladi. Simob oltin bilan ham tez va oson aralashib, qotishma hosil qiladi. Shu sababli, simob to‘kilgan joyga tilla buyumlarni yaqinlashtirmagan ma'qul. Ayniqsa barmoqlardagi tilla uzuklar bilan simobga tegib ketilsa, qimmatbaho taqinchoqlarning sifati darhol buziladi. Simob bilan ta'sirlashgan tilla taqinchoq o‘zining yarqiroq jilvasini darhol yo‘qotib, xira va nursiz bo‘lib qoladi.

Amalgammalar kimyogar mutaxassislar tomonidan ham keng qo‘llaniladi. Masalan, metall natriy o‘ta faol modda bo‘lib, u bilan ishlashda juda xushyor bo‘lish talab etiladi. Shu sababli, kimyogarlar natriy amalgammasi tayyorlab, keyin u bilan tajribalar o‘tkazadilar. Natriy amalgammasi ham natriyning o‘zi bilan qilsa bo‘ladigan deyarli barcha tajribalarni o‘tkazish imkonini beradi. Yaxshi tarafi shundaki, natriy amalgammasi natriyning o‘zidan ko‘ra ancha xavfsizdir.

Simob shuningdek maxsus lampalarda qo‘llaniladi. Zich germetik lampa ichiga simob tomchisi joylashtirilsa, unga tok berilganda tok ta'sirida suyuq simob bug‘lanib, gaz holatiga o‘tadi. Gazsimon simob esa qizib o‘zidan yorug‘lik nuri taratadi. Bunday simobli lampalardan ultrabinafsha nurlar manbai sifatida foydalanish mumkin.

Simob xloridi - molekulasida ikkita simob va ikkita xlor atomidan iborat modda bo‘ladi. U avvallari kalomel nomi bilan ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lgan. Kalomeldan surgi dori sifatida foydalanilgan. Odamlar bu moddaning zararli tarafini bilishmaganliklari uchun u ko‘p yillar mobaynida uncha-muncha odamning ichak va hazm qilish tizimini ishdan chiqargan. Kalomel ich surishdan tashqari, odamni qayt qilishga ham majbur qiladi va iste'mol qilgan odamning sillasini quritib qo‘yadi. Kalomelning yaqin qarindoshi sulema nomli modda bo‘lib, uning ilmiy nomi simob dixloridi bo‘ladi. Bu modda molekulasi bitta simob va ikkita xlor atomlaridan iborat bo‘ladi. Sulema kalomeldan ham zararliroq. Xalq orasida uni sublemat ham deyiladi. Sulema, yoki, sublemat odamni o‘limga ham olib kelishi mumkin.

Simob oksidi - pishiq g‘ishtning rangidagi qizg‘ish-qo‘ng‘ir modda bo‘lib, uning molekulasi bitta simob va bitta kislorod atomidan iborat bo‘ladi. Bu moddaning qiziq tarixi bo‘lib, uni eslab o‘tmaslikning iloji yo‘q. Jozef Pristli kislorodni kashf qilgan tajribalarida aynan simob oksidini qizdirgan edi. Simobning yana bir qizg‘ish rangli birikmasi - simob sulfidi bo‘lib, uning molekulasida bitta simob va bitta oltingugurt atomi bo‘ladi. Simob sulfidi tabiatda eng keng tarqalgan simob birikmasi bo‘lib, uni simob rudasi ham deyish mumkin. Tabiiy holda, ruda ko‘rinishidagi simob sulfidini mutaxassislar kinovar deyiladi. Kinovar eng boy simob rudasi bo‘lib, uning tabiiy, sof holdagi shaklidan yorqin qip-qizil pigment - vermilion olinadi.

Simobning yana paqildoq simob nomli birikmasi ham qiziq tabiatga ega. Paqildoq simob mutaxassislar tilida simob fulminat deyiladi. Ushbu modda molekulasi tarkibida bittadan simob, kislorod, azot va uglerod atomlari mavjud bo‘ladi. Paqildoq simob arzimagan nozik teginish tufayli ham paqillab, portlash sodir qiladi. Bu esa, simobning mazkur birikmasini eng xavfli moddalar qatorida tilga olishga majbur qiladi. Boshqa har qanday portlovchi moddalarni portlashi uchun ancha ko‘proq mexanik ta'sir kerak bo‘ladi. Lekin, paqildoq simobga salgina turtki kifoya qiladi. Shu sababli, portlatish texnikasida, masalan, tog‘-kon ishlarida simob fulminatni nisbatan qiyin portlaydigan moddalarni, masalan dinamitni portlatish uchun detonator sifatida ishlatishadi. Fulminatni masofadan turib, nozik elektr uchquni vositasida portlatish mumkin. U esa, o‘z navbatida boshqa portlovchi moddalarni harakatga keltiradi.

Simobning avvallari tibbiyotda keng qo‘llanilgan birikmalaridan biri - merkuroxrom bo‘lib, uning molekula tuzilishi ancha murakkab. Merkuroxrom antiseptik xossasiga ega bo‘lib, undan yaralarni davolashda foydalanilgan.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 26.11.2018 09:51  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

Serjant askarlarga daraxt kestiryapti.

Bir askar norozi ohangda:

-Men oliy ma'lumotli matematikman, menga ozimga mos ish bering...

-Yaxshi, unda sen ildiz chiqarish bilan shugullan!



Tafakkur durdonalari

Farzandlarimiz bizdan ko'ra kuchli, aqlli va baxtli bo'lishlari shart...

I. Karimov