Fuko mayatnigi
"Yer aylanadi!" - degani uchun Jordano Brunoni dahriylikda ayblab, gulxanda tiriklayin yoqib yuborishgan. Aynan shu tasdiq uchun Galileo Galiley uzoq muddat inkvizatsiya sudining qiynog‘ida bo‘lib, kasallanib jon bergan...
Qanchalik ayanchli bo‘lmasin, yuqorida aytilgan gaplar tarixiy haqiqat. Bugungi kunda Yerning o‘z o‘qi va Quyosh atrofida aylanishini adashmasam 4-sinf tabiatshunoslik darsligidan boshlab, hammaga tushuntiriladi va zamonamizda Yerning aylanishiga shubha qilguvchilar qolmagan bo‘lsa kerak. Biroq, Brunoning hayotiga zomin bo‘lgan ushbu haqiqatni olimlar inkor etib bo‘lmas aniq tajriba va dalillar orqali isbotlashganiga ham ko‘p bo‘lgani yo‘q.
Yerning aylanishi 1961-yilda Yuriy Gagarinning koinotga uchib, o‘z ko‘zi bilan emas, balki undan naq 110 yil avval, ya'ni, 1851-yilda farang fizigi Jan Bernar LeonFukoning (1819-1868) Parij Panteonida o‘tkazgan tajribasi orqali isbotlangan edi. Parij Panteoni neoklassik uslubda barpo qilingan gumbazli inshoot bo‘lib, Fuko tajribasida, gumbaz o‘rtasiga 67 metr uzunlikdagi po‘lat arqonga kattaligi taxminan o‘rtacha oshqovoqdek keladigan temir shar ilib qo‘yilgan. Mohiyatan bu ulkan mayatnik bo‘lgan. Mayatnik Yerning aylanishi ta'sirida harakatga kelib, tebrana boshlagan. Mayatnik tebranishining harakat yo‘nalishi va tezligi sekin-asta o‘zgarib, soat ko‘rsatkichi bo‘ylab, har soatda 11 daraja tezlik bilan tebrangan. Bu esa, Yerning aylanayotganining isboti edi. Fuko tajribasini aniqroq tasavvur qilish uchun, shimoliy qutbning qoq markazida ham xuddi shunday Panteon qurilgan deb tasavvur qilamiz. Mayatnikning tebranish tekisligi, uning tagida aylanayotgan Yerning harakatiga bog‘liq bo‘lmaydi. Bu holatda Yer shunchaki ulkan mayatnik tagida aylanayotgan bo‘ladi. Shu sababli, Shimoliy qutbda mayatnikning tebranish tekisligi Yerga nisbatan, (ya'ni, Panteon devorlari va poliga nisbatan) soat ko‘rsatkichi yo‘nalishida sutkasiga 360º ga aylanadi. Tebranishlar tekisligining aylanish tezligi, mayatnik joylashgan geografik kenglikka bog‘li bo‘ladi. Masalan, ekvatorda tebranish tekisligi umuman aylanmaydi. Parijda esa, mayatnik taxminan 32 soat 20 daqiqa ichida to‘liq bir marta aylanib chiqadi.
Albatta, 1851-yilga kelib olimlar Yerning haqiqatan ham aylanishini allaqachon yaxshi bilishardi va endi ularga Bruno va Galileyning taqdiri kabi ayanchli hukm xavf solmayotgan edi. Lekin, Fuko mayatnigi va tajribasi, Yerning aylanishini juda oson va tushunarli shaklda isbotlab bergan ilk fizik tajriba bo‘ldi. Bungacha bu boradagi barcha bilimlar, istisnosiz ravishda faqat nazariy yo‘nalishda talqin qilinar edi. Bu borada Fukoning o‘zi shunday yozgandi: "Hodisa sekin-astalik bilan boshlanadi va qaytib to‘xtamaydigan bo‘lib rivojlanadi... U bilan to‘qnash kelgan kishi bir necha daqiqaga mulzam bo‘lib qoladi va sukut aralash tafakkurga g‘arq bo‘ladi. Keyin esa, bizning fazo bo‘ylab beto‘xtov harakat qilayotganimiz haqidagi nisbatan o‘tkir va keskin fikrlar bilan yana yo‘lida ravona bo‘ladi".
Fuko o‘zi yoshlik yillarida tibbiyot yo‘nalishida tahsil olgan bo‘lib, lekin, o‘zida ayrim psixologik omillar sababli, keyinchalik vrachlik sohasini tashlashgan majbur bo‘lgan. U qondan qo‘rqqan. Shundan so‘ng u fizika bilan mashg‘ul bo‘lgan va bir necha ajoyib kashfiyotlarni amalga oshirgan.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|