Gipatiya (taxminan 370-415 yillar)
Vatikan muzeyiga tashrif buyursangiz, 5×7,7 metr o‘lchamli ulkan freskani tomosha qilishingiz mumkin. Freska "Afina maktabi" deb nomlanadi. Muallif - Rafael (Rafael Santi). Shedevr asarga razm solar ekansiz, uning haybati va go‘zalligi sizni maftun etib qo‘yadi. Qadimgi yunon mutafakkirlariga bag‘ishlangan ushbu ulkan freskada Aflotun, Arximed, Aristotel, Suqrot, Yevkilid, Pifagor kabi buyuk daholarni tanib olish mumkin. Ushbu benazir allomalar orasida yakkayu-yagona ayol qiyofasini ilg‘ash unchalik qiyin emas. Xuddiki, shundayin buyuk shaxslar qatorida tasvirlangani uchun xiyol uyalish bilan biroz egilib turgan ushbu sochlari qo‘ng‘ir rangli ayol - Iskandariyalik Gipatiya bo‘ladi. U benazir mantiq sohibi bo‘lgan faylasuflar, astronomlar, matematiklar orasida tik turibdi va tomoshabinning ko‘ziga tik qaramoqda.
Tarixchilarda Gipatiya shaxsiyatiga haqiqiy xolis chizgi beradigan kam sonli ma'lumotlar mavjud xolos. Astronomlar esa unga alohida hurmat bajo keltirishgan: uning sharafiga Oydagi krater, hamda, Mars va Yupiter oralig‘idagi asteroidlardan biri "Gipatiya" nomlangan. Lekin baribir Gipatiyani eng yuksak sharaflagan narsa bu - Rafaelning yuqorida tilga olingan asaridir. Undan bahra olish uchun yulduzlar xaritasi kerak emas.
Gipatiyaning hayot yo‘lini kuzatar ekanmiz, olimlarning hayoti ularning vafotidan keyin ham kitoblarda, ensiklopediyalarda hamda kinoekranlarda davom etishiga amin bo‘lamiz. Tan olish kerakki, bugungi kunda qahramonga mashhurlik keltirish borasida kitobdan ko‘ra kino yaxshiroq bo‘lib qoldi.
Gipatiya zodagonlar oilasida tavallud topgan. Uning otasi Teon (taxminan eramizning 335-405 yillarida yashagan) Iskandariya muzeyi boshqaruvchisi bo‘lib, unga shuningdek Sarapeum kutubxonasi ham bo‘ysungan. Sarapeum kutubxonasi afsonaviy Iskandariya kutubxonasining merosxo‘ri bo‘lib, ellinistik davrning javohiri sanalardi. Iskandariya kutubxonasining o‘zi bir necha asr ilgari vayron qilingan bo‘lib, undagi ko‘plab nodir qo‘lyozma asarlar yo‘q bo‘lib ketgandi. Bu esa o‘sha davr ilmiy va texnikaviy taraqqiyotini ancha orqaga surib yuborgan. 391-yilda esa mutaassib nasroniy ruhoniylaridan biri Feofil Sarapeum kutubxonasini ham yoqib yo‘q qilishga buyruq bergan.
Gipatiyaning otasi Teon ham o‘sha zamonning yetuk matematiklaridan bo‘lgan. U astronomiyaga oid bir necha masalalar yuzasidan yangi matematik uslublar ishlab chiqqan. Otasining matematikaga oid ishlarida ishtirok etish bilan ushbu ajoyib fanga kirib kelgan Gipatiya, o‘zidagi ajoyib nodir iste'dod orqali Teonning ba'zi hisob-kitoblarini takomillashtirgan, ba'zilariga esa tuzatishlar kiritgan. U shuningdek otasining ilmiy ishlariga kotibalik ham qilgan. Teon Ptolomeyning mashhur "Almagest" asariga sharh yozgan bo‘lib, uning ushbu sharhini aynan Gipatiya qog‘ozga tushirgan. Gipatiya xattotligida tugallangan Teon sharhlari "Magiste" (qadimgi yunonchada "Olamshumul" ma'nosida) deb nomlangan va zamondosh olimlari orasida anchayin mashhur asar hisoblangan. Vaqt o‘tishi bilan Gipatiyaning matematik salohiyati otasining darajasidan ancha ortib ketadi. Buni hatto Teon ham mamnuniyat bilan tan olgan ekan.
Gipatiya erkak olimlar ichida ham o‘zini mutlaqo erkin tutadigan, ilmiy munozaralarga dadil kirishadigan, jur'ati baland ayol bo‘lgani haqida o‘sha zamon olimlarining ayrim qaydlaridan o‘qish mumkin. U aynan qanday ko‘rinishdagi ayol bo‘lganini hozirda hech kim bilmaydi. Lekin zamondoshlari Gipatiyani nihoyatda chiroyli va xushxulq ayol sifatida tasvirlashgan. U shuningdek juda yaxshi notiq bo‘lgan va o‘quvchilarga ta'lim berish bilan ham shug‘ullangan ekan. Sarapeum kutubxonasi vayron qilingach esa u faqatgina o‘z uyida ta'lim berishni boshlagan. Tez orada Gipatiyaning yuksak ilmiy salohiyati haqidagi xabarlar butun mamlakat bo‘ylab ovoza bo‘ladi undan ilm olishni istagan yuzlab talabalar Iskandariyaga oqib kela boshlashadi. U hatto o‘z davrida dunyoning eng yetakchi matematigi ham sanalgan.
Gipatiya neoplatonizm falsafasining vakilasi hamda, e'tiqodiga ko‘ra ma'jusiya bo‘lgan. O'sha paytlarda Iskandariya - asosan nasroniylar istiqomat qiladigan shahar bo‘lgan. Shu sababli ham Gipatiyaning dini nasroniylik dini peshvolariga yoqmasdi. Garchi olim yoki olima bo‘lish uchun kishining qaysi dinga e'tiqod qilishi ahamiyat kasb etmasa-da, lekin Gipatiya uchun bu jihat fojeaga aylandi.
Gipatiyaning fojeaviy o‘limi
Voqealar rivojiga qisqacha nazar tashlasak, Gipatiya fojeasi quyidagicha yuzaga kelganini ko‘ramiz: Rimdan Iskandariyaga noib qilib tayinlangan Orest ismli amaldor va shahar ruhoniysi patriarx Kirill o‘zaro janjallashib qolishadi. Orest nasroniy dinini endigina qabul qilgan bo‘lib, u ham avvallari ma'jusiy bo‘lgan. Boz ustiga, Gipatiya Orestga o‘qituvchilik ham qilgan bo‘lib, ular o‘zaro juda yaxshi ustoz-murabbiy va qalin do‘st bo‘lishgan. Gipatiya shahar noibi bilan tez-tez ko‘rishib turgan va unga boshqaruv hamda siyosat borasida maslahatlar berib borgan. Bu esa mahalliy nasroniylarga, aniqrog‘i ularning peshvolariga, jumladan patriarx Kirillga yoqmas edi. Oddiy omma orasida ham Gipatiyaning obro‘si baland bo‘lgan. Unga oddiy xalq vakillari kelajakni ayta oladigan munajjim sifatida hurmat bilan yondoshishgan. U zamonlarda astronomlar asosan ommaga munajjimlik bashoratlarni aytish orqali pul topishgan. Odamlarning aksariyati ham ularga chippa-chin ishonishar edi. Gipatiya amalda munajjimlik bashorati tuzish bilan shug‘ullanmagan bo‘lsa-da, uning matematik hisob-kitoblari ko‘plab zamondosh munajjimlar uchun asosiy dasturul-amal bo‘lgan. Bu paytga kelib nasroniy dini ancha oyoqqa turib olgandi va bir paytlar o‘zlari ta'qib ostida bo‘lib, qochib-berkinib yurgan nasroniylar endi kuch to‘plab, boshqa din vakillarini ta'qib qilishga o‘tishgandi.
Kirill Iskandariyadan yahudiylarni butunlay haydab chiqarishga qaror qildi. Lekin noib Orestga bu fikr ma'qul kelmadi. Chunki o‘sha paytda shahar aholisining chorak qismini aynan yahudiylar tashkil etardi va Orest e'tiqoddagi tafovut sabab aholining katta qismidan voz kechishni aqlsizlik deb baholadi. Kirill diniy mutaassiblikka berildi va qaroriga qo‘shilmagan noibdan qanday bo‘lmasin qutulish payiga tushib qoldi. U Orestga suiqasd uyushtiradi. Lekin baxtli tasodif tufayli noib tirik qoladi. g‘azabga mingan Kirill endi yangi o‘lja qidira boshlaydi va Orestning eng yaqin maslahatchisi va ustozi Gipatiyani o‘ldirish orqali o‘ch olishni rejalashtiradi. U avvaliga nasroniy omma orasida Gipatiya haqida uning "yovuz sehrgar, yulduzlarga qarab fol ochadigan, ayollarga xos bo‘lmagan fikrlaydigan, eng asosiysi esa - ma'jusiya" ekani haqida allambalo mish-mish gaplar tarqatadi. U shaharning nasroniy aholisi ongida Gipatiyaning nasroniylarni dushmani ekani haqida umumiy fikr paydo qilmoqchi edi. Va g‘arazgo‘y rohib Kirill afsuski bu maqsadiga yetishdi. Kirillning davomli ayblovlari va chaqiriqlari ta'sirida, asosan noshud va o‘zi fikrlamaydigan mutaassib aqidaparast nasroniylar Gipatiyani din dushmani deb qaray boshlashdi. Shunday kimsalardan bir to‘dasi to‘planib, uni o‘ldirishni maqsad qilishdi va olimaning yo‘lini poylay boshlashdi. 415 yil sodir bo‘lgan o‘sha dahshatli qotillik voqeasiga qandaydir Petr ismli cherkov voizi boshchilik qilgan degan ma'lumotlar bor. To‘da Gipatiyaning qayerdandir uyga qaytib kelayotgan vaqtda ko‘chada tutib oldi va Sezarion deb nomlanuvchi cherkovga sudrab borib, avval yechintirishdi va keyin qiynab o‘ldirishdi. Qotillar to‘dasi olimaning jonsiz tanasini ham tinch qo‘yishmadi. Ular avval murdani burdalab to‘rtga bo‘lishdi. Keyin esa tana qismlarini Kenarion degan yerga olib borib, gulxanda yoqib yuborishdi. Ushbu dahshatli fojea 415 yilning mart oyida, nasroniylar ro‘zasini tutayotgan vaqtda sodir bo‘lganini Suqrot Sxolastik (380-439) ismli nasroniy dini tarixchisi yozib qoldirgan. Patriarx Kirillning ushbu iflos qilmishi haqida nasroniy tarixchisining o‘zi hikoya qilib turgan bo‘lsa-da, lekin zamonamizning nasroniy dini peshvolari zo‘r berib Kirillni oqlashga intilishadi. Kirillni oqlash uchun aytilgan eng jo‘yali gap shuki, Kirill Gipatiyaning o‘limiga aloqador emas emish. Nima ham derdik, tarixni tan olmaslik, yoki, uni o‘z manfaatlariga moslab qayta yozishga urinish cherkov vakillari uchun yangi narsa emas.
Vafot etgan paytida Gipatiya 60 yosh atrofida bo‘lgan deyiladi. Shunday yorqin hayot yo‘lini yashab o‘tgan olima nomini tarix zarvaraqlariga muhrlagan narsa shubhasiz uning yuksak ilmiy salohiyati va o‘zidan qoldirgan qimmatli ilmiy asarlaridir.
Gipatiyaning tafakkuri qanchalik keng va ilmiy salohiyati qandayin chuqur bo‘lganini, undan iqtibos sifatida keltiriladigan ushbu fikrlardan ham bilish mumkin: "Muhimi, fikr yuritish huquqingizni saqlab qoling. Fikrlash qobiliyatini qotirib qo‘yishdek gunohga qo‘l urgandan ko‘ra, xato qilishdan qo‘rqmay, tavakkal qilgan afzal!". Yana bir ajoyib iqtibos: "Bid'atni odamlar ongiga chin haqiqat niqobi ostida singdirishdan ham jirkanch narsa yo‘q!".
Gipatiya ilk o‘rta asrlardan boshlab feminizm[1] va tolerantlik ramziga aylandi. U haqida kitoblar, romanlar, fotosuratlar to‘plami, romanlar, pyesalar yozilgan. Olima sharafiga kapalak turlaridan biri "Hypatia" deb nomlangan. 2009-yilda Ispaniyalik kinorejissor Alexandro Amenabar tomonidan Gipatiya hayotiga bag‘ishlangan "Agora"[2] nomli kinofilm ham ishlangan. Bu film ssenariysida aniq dalillarga asoslanmagan ayrim badiiy to‘qimalar ham keng qo‘llangan bo‘lsa-da, harholda film hatto Vatikanda ham namoyish qilindi va zamonaviy nasroniy dini peshvolarining tanqidiga uchramadi. Filmda ko‘rsatilgan ayrim jihatlar, masalan, Gipatiya qadimgi yunon olimi Aristarxning sayyoralar harakati haqidagi g‘oyalari bilan qiziqqanligi va ular asosida astronomiyaga oid muayyan fikrlarni bayon qilganligi kabi ayrim ilmiy faktlar keltirilgani tahsinga loyiqdir. Taxminan eramizdan avvalgi 310-230 yillarda yashagan Samoslik Aristarx tarixda birinchilardan bo‘lib geosentrizm, ya'ni, olamning markazida Yer emas, balki Quyosh turadi, boshqa sayyoralar, shu jumladan Yer ham Quyosh atrofida aylanadi degan g‘oyani ilgari surgan edi.
Gipatiya ham Aristarx tarafdori bo‘lgan va u tarixda birinchilardan bo‘lib, osmon jismlarining harakat trayektoriyasi aslida konus kesimlari bilan ifodalanishi haqidagi fikrlarni bayon etgan.
Gipatiyaning barcha tarixiy manbalarda qayd etib o‘tilgan asarlari, o‘zidan avval yozilgan biror-bir boshqa asarga sharh tarzida bitilgan. Xususan Gipatiya Ptolomeyning "Almagest", Apolloniyning "Konus kesimlari", hamda, Diofantning "Arifmetika"sharhlar yozgan. Shuningdek, Gipatiyaning o‘zi yozgan deb qaraladigan "Astronomiya qonunlari" asari ham mavjud bo‘lib, unda osmon jismlarining harakat jadvali keltirilgan. Bulardan tashqari Gipatiya otasi Teon bilan birgalikda Yevklidning "Asoslar" asariga ham qo‘shimchalar kiritgan. Islom uyg‘onish asrida musulmon allomalari tomonidan arab tiliga o‘girilgan Yevklidning ushbu fundamental asari, XII-asrda arab tilidan qayta lotin tiliga tarjima qilingan. Biz hozir kutubxonalardan topib o‘qishimiz mumkin bo‘lgan Yevklidning o‘sha "Asoslar" kitobi, aynan Gipatiyaning sharhi ostida bitilgan talqinidir. Chunki "Asoslar"ning asl qo‘lyozmasi yo‘q bo‘lib ketgan. Musulmon allomalari orqali saqlab qolingan va keyinchalik Yevropa tillariga qayta tarjima qilgan talqini esa, Gipatiya Iskandariya kutubxonasidan olib, sharh yozib qoldirgan asardir.
Shuningdek Gipatiya shunchaki nazariyotchi olima bo‘lib qolmasdan, balki o‘ziga xos muhandislik qobiliyatiga ega bo‘lgan. U qadimgi munajjimlarning eng asosiy ish quroli - usturlobni takomillashtirish bo‘yicha ham diqqatga sazovor amaliy ishlarni bajargani ma'lum. Uning suyuqliklarning zichligini o‘lchashga mo‘ljallangan asbob - areometr yasagani haqida ham faktlar mavjud.
Diofant tenglamalari
Yuqorida ham ta'kidlanganidek, Gipatiya Diofant asarlariga sharh yozishga ham katta ahamiyat qaratgan. 13 ta kitobdan iborat o‘z matematik asarlarida Diofant hozirda uning nomi bilan ataladigan "diofant tenglamalari"ni ko‘rib chiqadi. Afsuski uning asarlaridan faqat 6 tasi bizga yetib kelgan xolos. Diofant tenglamalari butun koeffitsiyentli va butun yechimli tenglamalar bo‘lib, soddaroq aytganda, bu [x1, x2, xn] shaklda aniqlanadi.
Ushbu tenglamalar haqida uzoq hikoya qilish mumkin. Keling, yaxshisi uzundan-uzoq quruq gap bayon qilgandan ko‘ra, bitta yaxshi misolga murojaat qilamiz. Bu masalani ilk bora Ben Eyms Uilyams bayon qilgan bo‘lib, unda dengizchilar, maymun, hamda kokos yong‘og‘i ishtirok etadi.
Kema halokatidan omon qolgan 5 nafar dengizchi, kimsasiz tropik orolga tushib qolishadi. Orolda kokos yong‘oqlaridan bo‘lak hech qanday yegulik yo‘q deb o‘ylagan dengizchilar, kun botguncha imkon qadar ko?proq kokos yig‘ishga kirishishdi. Tun oqqach kokoslarni ertasi kuni tongda taqsimlashga kelishib olishdi. Ular hazilomuz ravishda, oroldagi bir maymunga ham xayrli tun tilab uyquga ketishdi.
Biroq, tunda dengizchilardan birining qorni judayam ochib ketdi va u kokos uyumi oldiga borib uni 5 ga taqsimladi va o‘z ulushini yeb qo‘ydi (aytaylik unda har bir dengizchiga a donadan kokos taqsimlangan). Taqsimlash natijasida 1 dona kokos ortib qoldi va dengizchi uni maymunga berib yubordi. Keyin joyiga qaytib borib yana uyquga ketdi. Biroz o‘tib ikkinchi dengizchi ham ochlikdan uyg‘onib ketdi va u ham birinchi dengizchi singari yo‘l tutdi: kokoslarni 5 ga taqsimlab, o‘z ulushini yeb qo‘ydi (u b donadan kokos taqsimlagan deb olamiz). Unda ham bitta kokos ortiqcha bo‘lib qoldi va u ham o‘sha ortiqcha kokosni maymunga berib yubordi. Shu tarzda dengizchilarning beshovi ham bir-biridan bexabar, bir xil ishni takrorladi. Savol: Avvaliga kokoslar jami nechta bo‘lgan edi?
Agar biz bu sonni N bilan belgilasak, masala diofant tenglamalariga keltiriladi:
Bu yerda a, b, c, d, e - har bir dengizchi yeb qo‘ygan kokoslar soni. o‘zgaruvchilarni ketma-ket almashtirish orqali quyidagi tenglamaga ega bo‘lamiz:
Bu tenglamaning yechimlari cheksiz ko‘p bo‘lib, ularni unchalik murakkab bo‘lmagan algebraik usul bilan topish mumkin. Biz batafsil yechimni keltirib o‘tirmaymiz, zero bunga kitobimiz mutolaachisining o‘zi ham urinib ko‘rishini istaymiz. Tenglamaning yechimi quyidagicha:
Yechimni topish uchun λ ning o‘rniga turli xil sonlarni qo‘yish kifoya. Bunda faqat kokoslar miqdorini ifodalovchi son albatta musbat bo‘lishi kerakligini yoddan chiqarmaslik zarur. ?=1 deb olsak, kokoslar soni eng kam bo‘ladigan yechimga ega bo‘lamiz: N=15621. Basharti, kimsasiz orolga tushib qolgan dengizchilar qosh qorayguncha eng kamida shuncha miqdorda kokos yong‘og‘i to‘plashgan bo‘lsa, demak ulardan birinchisi 3124 ta, ikkinchisi 2499 ta, uchinchisi 1999 ta, to‘rtinchisi 1599 ta va nihoyat beshinchisi 1279 ta kokos yeb yuborishgan bo‘lib chiqmoqda. Nima ham derdik, dengizchilar shunchalik mechkay bo‘lishmagandir?! .
[1] Feminizm - ayollarning jamiyatda erkaklar bilan teng huquqli bo‘lishi uchun kurashuvchi harakat.
[2] Film rasmiy sayti: http://www.agoralapelicula.com/ ; IMDb: ID 118683
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|