Leonardo da Vinchi va Abadiy dvigatelning imkonsizligi tamoyili
Abadiy dvigatelning imkonsizligi haqidagi tushuncha fizikaning maktablardayoq o‘quvchilar ongiga singdiradigan eng muhim qoidalaridan biri hisoblanadi. Natijada ko‘pchilikda shunday tushuncha paydo bo‘ladiki, kimki abadiy dvigatelni yasashga harakat qilayotgan bo‘lsa, demak u, yoki savodsiz, yoki, aqldan ozgan degan xulosaga kelinadi. Bunday yondoshuv bilan esa biz, o‘rta asrlar davri olimlarining fan va texnika oldidagi xizmatlarining ahamiyatini nomunosib tarzda pasaytirib qo‘yamiz.
Umuman olganda abadiy dvigatel yasash uchun bo‘lgan urinishlarni tushunish mumkin. Birinchidan, samarador va arzon energiya manbasi bo‘lgan mashinalarni qurish, jamiyatning eng muhim talablaridan biri hisoblanadi. (shunisi qiziqki, antik davrda, turli xil ilmiy maktablar mavjud bo‘lganiga qaramay, abadiy dvigatel yasash g‘oyasi amalda mavjud bo‘lmagan. Sababi oddiy: arzon ishchi kuchi - qullar mehnatidan keng foydalanish.) bu sohadagi dastlabki ixtirolar, turli mamlakatlarda XII-XIII asrlarga taalluqli bo‘lib, u asosan hunarmandchilik ishlab chiqarishining talab va ehtiyojlari bilan bog‘liq. Ikkinchidan, juda kuchli psixologik omil mavjud: kim ushbu muammoni hal qila olsa, butun insoniyatga katta xizmat ko‘rsatgan bo‘ladi va uning nomi asrlar osha ulug‘lanadi. Va nihoyat, uchinchidan, har kim ham tabiatdagi abadiy, to‘xtovsiz harakatlarni kuzatishi mumkin: Oyning, sayyoralarning harakati, daryolarning oqishi kabi. Agar bunday harakat tabiatda mavjud bo‘lsa, nahotki inson, texnik ko‘nikmalar va ilmiy salohiyat orqali, sun'iy abadiy dvigatelni o‘z qo‘llari bilan yasay olmasa? Agar sening modeling ishlamayotgan bo‘lsa, uni mukammallashtirishga intil! Shunday fikrlar, ilm-fan, texnika bilan aloqasi bo‘lgan ko‘plab shaxslarni abadiy dvigatelning loyihasi ustida faol ravishda izlanishga undagan.
Eng avvalgilar.
Abadiy dvigatelning dastlabki loyihasi hind Bxaskara tomonidan taxminan 150-yilda tayyorlangan deb hisoblanadi. 1a rasmda ko‘rsatilganidek, mazkur qurilma, og‘ir suyuqlik (simob) to‘ldirilgan trubkalarning jamlanmasining radiusga nisbatan ma'lum burchak ostida joylashtirilgan ko‘rinishida bo‘lgan. Ixtirochining fikricha, trubkalardagi suyuqlikning aylanma ravishda oqib turishi, yukning taqsimlanishida nosimmetrik vaziyatni keltirib chiqarishi va natijada g‘ildirakning abadiy aylanishini ta'minlashi kerak edi. o‘xshash loyihani 100 yildan keyin, mashhur farang me'mori va muhandisi Villar d'Onnekur 1b tasvirda keltirilgan ko‘rinishda taqdim etdi. Uning fikricha, g‘ildirakdagi toq sondagi yuklar nosimmetriklikni paydo qilishi va abadiy aylanishga sabab bo‘lishi kerak edi. Aftidan, abadiy dvigatelni aynan "abadiy g‘ildirak" tarzida tasavvur qilish, o‘rta asrlarda butun Yevropa bo‘ylab keng tarqalgan boshqa bir dvigatel - suv g‘ildiragiga asoslangan bo‘lsa kerak. Loyihaning modifikatsiyalaridan birini (1c tasvir) 1438-yilda Sienalik (Florensiyadan - Leonardo da Vinchining vatanidan uncha uzoq bo‘lmagan shahar) Mariano Jakopo ishlab chiqqan edi.
Leonardoning abadiy dvigatel muammosi ustidagi ishlashi.
Agar Leonardo da Vinchi (1452-1519) abadiy dvigatelni yasash kabi katta muhimlikdagi muammodan chetda qolganida g‘alati bo‘lar edi. o‘zi qiziqqan hodisalarningdeyarli barchasining‘ mohiyatini amalda tushunishga harakat qilgan va ko‘p hollarda bunga erishgan Leonardo, haqiqatan ham mazkur muammoga murojaat etgan. Uning saqlanib qolgan risolalari va yon daftarlari, olimning mazkur dolzarb muammoning ichiga kirib borish jarayonining bosqichma bosqich chuqurlashib borishini kuzatishga imkon beradi.
Birinchi bosqich - amalda ungacha mavjud bo‘lgan va sal o‘zgartirilgan yukli g‘ildirakli abadiy dvigatel loyihalarini o‘rganib chiqish.
Leonardo Italiyaning yirik universitet markazlari - Bolonya, Parma, Piza, Rimda ko‘p marta bo‘lgan va kutubxonalarda izlanib, hamkasblari bilan faol muloqotda bo‘lgan. Uning o‘sha paytda ma'lum bo‘lgan turli xil abadiy dvigatel modellarini yasab ko‘rgani va tadqiq qilgani ehtimoldan holi emas. Lekin, ulardan hech biri nimagadir umuman ishlamagan. "To‘sqinlik meni ega olmaydi. Har qanday to‘sqinlik qo‘shimcha ishtiyoq chaqiradi" - va Leonardo yana ilgari intildi.
Ikkinchi bosqich - g‘ildirak sxemasini jiddiy o‘zgartirish.
Abadiy dvigatelni tayyorlash uchun qandaydir konstruksiyani ishlab chiqa olishiga ichki ishonch, Leonardo da Vinchini barchaga ma'lum "abadiy g‘ildirak"larning sxemalariga ongli ravishda jiddiy o‘zgartirishlar kiritish orqali ijobiy natijaga erishishga undadi. Bunday urinishlarning "iz"larini, uning qaydlarida uchratish mumkin. Undagi umumiy g‘oyani ham anglash oson - aylanish momenti nosimmetriyasigai qo‘shimcha fizik effekt yordamida erishish. Shu tarzdagi sxemalardan biri, 2-rasmda keltirilgan. Undagi g‘ildirakning pastki qismi suvga botib turishi va uning ostki qismiga ta'sir qilayotgan suvning itarib chiqaruvchi kuchlari qo‘shimcha fizik effektni hosil qilishi kerak edi
Uchinchi bosqich - abadiy dvigatel harakatini ta'minlay oladigan tamomila yangicha sxemalarni ishlab chiqish
3-rasmda, Leonardoning 1487 yilga taalluqli yon daftarchasining sahifasidan nusxa keltirilgan. Unda abadiy dvigatelning Arximed vinti bilan modifikatsiyalangan loyihasi namunasi keltirilgan.
Leonardoning fikricha, suv, kichikroq diametrli birinchi vint yordamida qandaydir balandlikka chiqib, idishga quyilishi, keyin esa, ikkinchi vint orqali (yoki, pastdagi sxemada chap tarafda ko‘rsatilganidek, g‘ildirakni aylantirib o‘tib) dastlabki holatiga qaytishi kerak edi. Bunday modifikatsiyadagi abadiy dvigatellarning o‘ziga xos jiddiy xususiyati shunda ediki, suvni pastga qaytaradigan vintning radiusi ancha katta bo‘lib, u haqiqatan ham u birinchi g‘ildirakka nisbatan katta aylanish momenti hosil qilishi, lekin, bir sikl davomida nisbatan kam ish bajarishi kerak edi. Chizmaga Leonardoning izohi: "Suv vint bo‘ylab... birinchi vintga qaytadi va bu jarayon chegaralanmagan muddatda davom etadi" - guvohlik berib turibdiki, o‘sha vaqtda Leonardo da Vinchi abadiy dvigatelning amalda mavjud bo‘la olishiga shubha qilmagan.
To‘rtinchi bosqich - "Abadiy g‘ildirak"dagi yuklarning taqsimlanishi sxemasini tahlil qilish.
Sxemani turli yo‘llar bilan mukammallashtirishga bo‘lgan intilishlariga qaramay, abadiy harakatni paydo qilish uchun qilingan ko‘p sonli urinishlardagi muvaffaqiyatsizliklar Leonardo da Vinchini omadsizlikning sabablarini qidirib ko‘rishga chorladi. Bunday vazifaning hal qilishning mushkulligi, zamonaviy kitobxonga XIV-XV asrlar orasida ilm fanda hali "ish" va "energiya" kabi fizik tushunchalarning mavjud bo‘lmaganligini eslatish orqali tushunarliroq bo‘ladi. Lekin, baribir Leonardo, nisbatan mashhur bo‘lgan nosimmetrik yuklari bor g‘ildirakli abadiy dvigatelning nima uchun ishlamasligini tushuntirib bera oldi. Uning qo‘lyozmalarida g‘ildirakning aylanish jarayonidagi harakatini izohlovchi chizmalar saqlanib qolgan. Leonardo, yuklarning taqsimotidagi nosimmetriklikning o‘qqa nisbatan qanday o‘zgarayotganligini sinchiklab kuzatdi. U soddaroq variantdagi va nisbatan kam sondagi yuklari bor g‘ildirak misolida, jarayonni tahlil qilib chiqdi. Bunday sodda sxemalarda olim, hal qiluvchi faktor, bir tarafdagi yuklarning boshqa tarafdagisidan son jihatdan ortiqcha bo‘lishi emas, balki, yuklarning o‘qqa nisbatan joylashish masofasi, ya'ni, og‘irlik markazining holati ekanligini aniqladi.
4 rasmda og‘irlik markazining holatini aniqlovchi hisob kitoblari mavjud bo‘lgan mashhur chizma keltirilgan. Bu yerda yuklar tizimi og‘irlik markazining gorizontal koordinatasi, o‘qning vaziyati bilan muvofiq tushadi. (o‘qdan o‘ng tarafda 4 ta yukning og‘irlik markazi 7 interval masofada, chap tarafda esa, 7 ta yukdan iborat yuklar tizimining og‘irlik markazi, o‘qdan 4 interval masofada). Ravshanki, bunday sxema kutilayotgan perpetum mobile ning o‘rniga, perpetum stabile ni taqdim qiladi.
Beshinchi bosqich - abadiy dvigatelning imkonsizligi haqida xulosaga kelish.
Demak, Leonardo mavjud sxemalarni takomillashtirish va mutlaqo yangi sxemalar ishlab chiqish orqali, to‘xtovsiz ishlaydigan abadiy dvigatelni yasash uchun bir necha yil davomida urindi. Keyin u, nisbatan sodda bo‘lgan, yukli g‘ildirakli (ehtimol u suvdan foydalanish nazarda tutilgan boshqa turdagi abadiy dvigatellar sxemalari bilan ham ish olib borgandir) dvigatel shaklining ishiga to‘sqinlik qilayotgan ichki sabablari bilan mufassal tanishdi. Oqibatda u dvigatellarning ishlashiga xalaqit berayotgan sabablar bilan yanada batafsil tanishib chiqish zarur deb hisoblagan holda, , to‘xtovsiz harakatni hosil qilishning har qanday turini inkor etadigan o‘zining shaxsiy xulosasini qat'iy tarzda e'tirof etdi:
"Men to‘xtovsiz harakatning hamda abadiy g‘ildirakning mavjud bo‘la olishining imkonsiz ekanligi haqidagi xulosaga keldim. Abadiy dvigatel konstruksiyasi - abadiy harakat manbaining qidirish ishini, odamning eng katta adashishlaridan biri deb atash mumkin. Asrlar davomida kimki gidravlika, harbiy mashinalar, va shunga o‘xshashlar bilan ishlashga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, abadiy dvigatelni yasash uchun ko‘p vaqt va mablag‘ sarflashdi. Lekin ularning barchasi bilan, oltin qidiruvchilar bilan (alkimyogarlar) bilan yuz bergan narsa sodir bo‘ldi: har safar muvaffaqiyatga to‘sqinlik qiladigan qandaydir mayda chuyda topilardi. Mening kamtarona ishim ularga naf keltiradi: ularga endilikda Qirollar va hukumat vakillaridan, bajara olmagan va"dalari uchun qochib yurishlariga to‘g‘ri kelmaydi."
Leonardo da Vinchining yuqoridagi xulosasi davomida, aftidan o‘sha davrda katta shov shuv va mashmashalarga sabab bo‘lgan Venetsiyadagi turg‘un suvda ishlovchi qandaydir qurilmani yasashga bo‘lgan urinish haqidagi ikir-chikirlarigacha bayon qilingan hikoya keltiriladi. Aynan o‘sha sababga ko‘ra keyinchalik, sahifaning hoshiyasiga kichik satrlar bilan yozilgan qo‘shimcha izohda suv haqida "dengiz sathidagi tinch turgan suv" deb qo‘shimcha qilib o‘tiladi. Asosiy matnda va boshqa joylarda Leonardo ifodali ravishda "o‘lik suv" ("aqua morta") termini qo‘llagan.
"Olik suv" da ishlamagan dvigatel haqidagi (endilikda u Leonardo uchun ahamiyat kasb etmaydi) yozuvlarda, uning o‘z xulosasiga nisbatan ishonchi komil bo‘lganligi haqida tasdiqlar mavjud.
"Qandaydir mayda chuyda" (!) - bu so‘z orqali Leonardo da Vinchi shuni ta'kidlamoqdaki, abadiy dvigatelning har qanday sxemasida, uning harakatining "abadiy" ligiga veto qo‘yadigan ba'zi bir ichki effektlar doim topiladi. Zamonaviy fizikada "Qandaydir mayda-chuyda" so‘zi, energiyaning turli yo‘llar bilan bir turdan boshqa turga aylanishi yoki, loyihachi nazaridan chetda qolgan biror bir jarayon, masalan, qizish, bug‘lanish, erish, mexanik va elektromagnit to‘lqinlarni qo‘zg‘atsihdan boshlab, yadroviy jarayonlardagi neytrinoning nurlanishigacha bo‘lgan jarayonlar uchun sarflanishi bilan izohlanishi mumkin.
Birinchi izoh.
Leonardoning o‘zi abadiy dvigatelning imkonsizligi haqidagi xulosaning ahamiyatini qanday baholagan
Karlo Pedretti - Leonardo da Vinchi ilmiy me'rosi bo‘yicha yirik mutaxassisning fikricha, Leonardoning abadiy dvigatelning imkonsizligi haqidagi qaydlari, tartiblangan Madrid kodeksi[1]da 1493-yilda yozilgan. Aynan shu davrga taalluqli, ammo, nisbatan umumlashmagan tasdiq boshqa bir qo‘lyozmasida ham uchraydi:
"G‘ildirakka qanday og‘irlikdagi yuk qo‘yilishidan qat'iy nazar, shubhasiz, yuklarning og‘irlik markazi doimo o‘qdan pastda joylashadi; odamzod o‘ylab topgan biror bir uskunada bu effekt bartaraf etilishining iloji imkoni yo‘q."
Tabiatning muhim qonuni bo‘lgan - abadiy dvigatelning imkonsizligi haqidagi o‘zining xulosasini Leonardo o‘z tadqiqotlarida qo‘llaganmikin? Saqlanib qolgan ko‘p sonli tarixiy faktlar bunga ijobiy tasdiq berishi mumkin:
"Pastlayotgan yukning qanday bo‘lmasin, biri vaqt davomida o‘ziga teng yukni o‘sha o‘zi tushayotgan balandlikka ko‘tarishi mumkin emas".
"Agar g‘ildirak mashinani harakatlantirsa, uni ikki karra vaqt sarflamasdan ikki marta ko‘proq harakatga keltirish mumkin emas. Ya'ni, ikkita mashina bir vaqtda qilganchalik harakatni qilishi mumkin emas. Shu tarzda bitta g‘ildirak, sanoqsiz miqdordagi mashinalarni aylantirishi mumkin, lekin, ular cheksiz vaqt davomida ham ular, bittasi bir soatda bajargandan ortiq ish bajara olmaydi".
Leonardoning abadiy dvigatelni ishlayotgan modeli haqidagi qaydlarini ham alohida ko‘rib o‘tsak arziydi. g‘ildirakning pastki qismi suvga botirilgan tarzda ishlangan sxemadagi 2-rasmga qaytamiz. Uning ostiga yozilgan izoh qiziqarli: "Modelni yasashni maxfiy tut va u haqida namoyish orqali keng ommaga e'lon qil". Modelning siri nimada bo‘lgan ekan? Keyingi qaydlarda "o‘lik suv" mashinani ishlashga majbur qila olmasligini izohlangan. Leonardo "tirik suv" ning sezilar-sezilmas oqimini hosil qilishga urinib ko‘radi. Rasmda, urinib ko‘rilgan texnik yechim variantlaridan birini ko‘rishimiz mumkin: idish devoridagi teshikchaning mavjudligi (o‘ngroqda). Leonardo da Vinchi bu g‘oyani amalga oshirganmi? Bo‘lishi mumkin, sababi, Leonardoning knayz saroyidagi xizmat vazifalari tarkibiga turli xil bayramlar va ko‘ngilochar tadbirlarni amali tashkillash va yuqori saviyada o‘tkazilishini ta'minlash ham kirgan. Iste'dodli muhandis va olimning obro‘ e'tibori shunga munosib edi. Lekin, namoyishning maqsadi qanday bo‘lgan? o‘zining qo‘lidan ko‘p narsa kelishini isbotlashmi? Olim uchun,aqlga to‘g‘ri kelmaydigan tarzda g‘ayritabiiy kuchlar bilan sehr - jodu kabi qiliqlarni ko‘rsatish haqida so‘z bo‘lishi mumkin emas. Unda faqat bitta taxmin qolyapti: abadiy dvigatelning amalda ishlayotgan modelini barchaga namoyish qilish va orqali, keyinroq esa uning sirini oshkor qilib, o‘zining yirik ilmiy xulosasi - abadiy dvigatelning imkonsizligini keng ommaga targ‘ib qilish bo‘lgan shekilli.
Ikkinchi izoh. Davomchilar.
Leonardo da Vinchidan keyingi yashagan olimlar ichida abadiy dvigatelning mavjud bo‘la olishini inkor qilganlardan eng yaqinlari - Italyan matematigi Jerolamo Kardano (1516-1576), golland matematigi va muhandisi Simon Stevin (1548-1620), hamda, Galileo Galileyni e'tirof etishadi. Kardano, mayatnikli soatlarning toshlarini o‘zini o‘zi ko‘tarib tushuradigan qilib yasashning iloji yo‘qligini qayd qiladi. Stevin esa, abadiy dvigatelning imkonsizligini ifodalovchi isbotini, qiya tekisliklardagi jism harakatining muvozanatlanish hodisasi orqali izohlagan. Galiley esa "Mashinalar kuch paydo qilmaydi; ular faqat kuchni bir turdan boshqa turga aylantiradi. Kim buni aksi bo‘lishiga umid qilsa, demak u mexanika haqida umuman hech narsa tushunmaydi!" deb aytgan.
Leonardo da Vinchi hamda uning yaqin davomchilarining abadiy dvigatelga bo‘lgan munosabatlaridagi bir jiddiy farqni alohida ko‘rsatish lozim: Leonardo, har xil sxemadagi dvigatellarning nima sababdan ishlamayotganligini tushunishga harakat qiladi va qandaydir ichki effektlarning to‘sqinlik qiluvchi ta'siridan qutilishning iloji yo‘qligini ta'kidlaydi. Kardano, Stevin va Galileylar esa, abadiy dvigatelning imkonsizligini, amalda qat'iy isbotlangan tabiat qonuni sifatida qabul qilishgan.
Leonardo da Vinchining Kardanoga ko‘rsatgan ta'siri haqida to‘la asos bilan gapirish mumkin. Uning amakisi Fitsio Kardano - Milanlik huquqshunos va tabiiy fanlar bilimdoni - Leonardo da Vinchining yaqin do‘sti bo‘lgan va albatta uning abadiy dvigatel borasidagi izlanishlaridan xabardor bo‘lgan. Leonardoning vafotidan so‘ng, uning vasiyati bo‘yicha, barcha qo‘lyozmalari shogirdi Franchesko Meltsiga topshirilgan va u 1523-yilda Milanga qaytib, uzoq vaqt (Meltsi 1570-yilda vafot etgan) davomida o‘z ustozining ilmiy ishlarini bir tizimga keltirib, xususan uning risolalarini nashrga tayyorlagan. Jerolamo Kardano Meltsi tuzib chiqqan da Vinchi asarlari saylanmalari asosida o‘zining kasbiy qiziqishlariga oid (Kardano yaxshigina hakim bo‘lgan) - fiziologiya va anatomiyaga taalluqli risolalarni mufassal o‘qib chiqqan.
1775-yilda Fransiya Fanlar Akademiyasi abadiy dvigatellar haqidagi takliflarni umuman ko‘rib chiqmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi.
"(1*) abadiy dvigatelni yasash mutlaqo imkonsiz: (2*) agar muhitning ishqalanish qarshiligi, harakatlantiruvchi kuchning uzoq muddatli ta'sirini hecham kamaytirmasa ham, u teng miqdordagi effektni paydo qilishi mumkin emas. Sababi quyidagicha: Agar biz yakuniy kuch effektini cheksiz vaqt davomida olishni istasak, effektning o‘zi ham cheksiz miqdorda kichik bo‘lishi kerak. Tasavvur qilamiz, jismga harakat berilganida, agar ishqalanish qarshiligi mavjud bo‘lmasa, u harakatni doimiy saqlab turishi mumkin bo‘lsin; lekin bunda boshqa jismlar haqida unutib qo‘yilmoqda. Bunday abadiy harakat... odatda ularning ijodkorlari taklif qiladigan boshqa obyektlarga nisbatan mutlaqo foydasiz bo‘lgan bo‘lar edi... (3*) Bunday ishlar nihoyatda serharajat: ular ko‘plab oilalarni xonavayron qilib bo‘ldi. o‘z o‘rnini topishi mumkin bo‘lgan iste"dodli mexanikning, mazkur ish yuzasidan keladigan shon shuhratga qiziqib, o‘z iqtidorini va qimmatli vaqtini behuda sarflagan holatlari uchrab turibdi.
Akademiyaning qarori quyidagicha tamoyillarga asoslangan: Akademiya, o‘zining bu kabi savollar bilan boshqa shug‘illanmasligini qat'iy e'tirof etgan holda, uning mutlaqo foydasiz ekanligi haqida fikr bildiradi. (4*) Odamlarning hom hayol g‘oyalar bilan shug‘ullana turib, ko‘pincha foydali haqiqatlarni anglab yetganilklari haqida tez-tez eshitib qolamiz. Bunday nuqtai nazar, fanning barcha sohalaridagi izlanishlar va tekshirish usullari mutlaqo noma'lum bo‘lgan vaqtlardagina asosga ega bo‘lishi mumkin edi. Hozirgi vaqtda, bunday usullar ma'lum va haqiqatga erishishning eng yaxshi yo‘li - uni qidirishdir"
Ushbu matnni, yuqorida keltirilgan Leonardoning xulosalari bilan taqqoslasak, ulardagi ta'kidlarning o‘rtasidagi hayratlanarli o‘xshashliklarni sezishimiz mumkin: dastavval abadiy dvigatelning imkonsizligi to‘g‘risida qat'iy e'tirof keltiriladi (1*); keyin (2*) - imkonsizlikni asoslashga urinish (har qanday sxemada qandaydir mayda chuydaning mavjudligi haqidagi Leonardoning fikri va Akademiyaning bayonotidagi nisbatan qisqacha - muhit ishqalanish qarshiligining ta'siri haqidagi izohi); va nihoyat (3*) - ixtirochilarning havas qilib bo‘lmaydigan taqdiri haqidagi tezis (ilmiy hujjatlarda kam uchraydigan va majburiy bo‘lmagan narsa) va (4*) - haqiqatga erishishning to‘g‘ri yo‘li noma'lumligi haqidagi tezis (unchalik ham ishonarli emasga o‘xshaydi).
Bunday o‘xshashlikni tasodifiy deb baholash mumkin emas. Farang akademiklari shubhasiz Leonardo da Vinchining ilmiy ishlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishgan. Leonardo da Vinchining ishlari o‘sha davrlarda juda yuqori baholangan va XVII asr boshlarida barcha yirik kutubxonalarda ko‘p adadlarda mavjud bo‘lgan. Shuni ta'kidlash kerakki, Farang Fanlar Akademiyasining mazkur qaroridan 20 yil o‘tib, 1795-yilda, Napaleon Italiya qiroli bo‘lishidan sal avval, Leonardoning 12 ta kodeksini Milandan Parijga keltirib olgan edi. Faqat 1815-yildagina Atlantika kodeksi Milandagi Ambrozian kutubxonasiga qaytarilgan. Madrid kodeksiga kelsak, u XVIII-asr boshidan buyon Ispan qirollarining saroy kutubxonasida saqlangan. 1830-yilda, ya'ni, Farang Fanlar Akademiyasi qaroridan ancha keyin esa yo‘qolib qolgan va oradan faqat 135 yil o‘tgach topilgan.
o‘ylab qaralsa, abadiy dvigatel dvigatelning imkonsizligini aniq e'tiroflar orqali isbotlab bergan Madrid kodeksining olimlar nazarida chetda qolishi tufayli, Leonardo da Vinchining tabiatning fundametal qonunlaridan biri - Energiyaning saqlanish qonuni asoslashdagi roli yetarlicha baholanmay qolgan.
Uchinchi izoh.
Energiyaning saqlanish qonuni va uning abadiy dvigatelning imkonsizligi tamoyiliga ekvivalentligi.
Energiyaning saqlanish qonunini uzil-kesil isbotlanishi, XIX-asrning qirqinchi-yetmishinchi yillaridagi Sadi Karno, Robert Mayer, Jeyms Joulva German Gelmgoltslarning ilmiy faoliyati asosida yuz berdi. Ular energiyaning har xil turlari (mexanik energiya, issiqlik energiyasi, elektr energiyasi va ho kazo) orasidagi o‘zaro bog‘liqliklarni ko‘rsatib berishdi. Energiyaning saqlanish qonuni odatda quyidagi ko‘rinishda ta'kidlanadi: "Energiya yo‘qdan bor bo‘lmaydi, bordan yo‘q bo‘lmaydi. Izolyatsiyalangan tizimda energiya bir turdan boshqa turga o‘tishi mumkin, lekin, umumiy energiya miqdori doimiyligicha qoladi".
Abadiy dvigatelning imkonsizligi tamoyilining energiyani saqlanish qonuni bilan ekvivalentligi haqidagi tezis kichik bir izohi talab qiladi. Zamonaviy darsliklar abadiy dvigatelning imkonsizligi tamoyilini, energiyaning saqlanish qonunining natijasi sifatida izohlaydi. Albatta, energiyaning saqlanish qonuni, zamonaviy ilm-fandagi faxrlanish mumkin bo‘lgan kam sonli qonuniyatlardan biri hisoblanadi. Energiyaning saqlanish qonuni va Leonardoning abadiy dvigatelning imkonsizligi haqidagi tasdig‘i, amaliy tajribalar orqali kashf etilgan, masalan, Kulon qonuni (aytgancha uni ham undan 30 yil oldin Leonardo ochib bergan edi), Om qonuni, yoki, Boyl-Mariott qonuni kabi oddiy qonunlar sirasiga kirmaydi. Ular, boshlang‘ichlar yoki, tamoyillar sirasiga mansub. Bunday qonunlarda, istisnosiz ravishda amaldagi barcha tajriba usullari bilan tabiat qonunlari tekshiriladi, hamda cheklangan sonli tajribalar natijalari odatda, yangi ilmiy tadqiqotlarga zamin yaratadi. Abadiy dvigatelning imkonsizligi tamoyili Mayer va Gelmgoltslar tomonidan, energiyaning aylanish jarayonlarini tahlili orqali ilmiy asoslab berilgan.
Maks Plank o‘zining 1887-yilda yozilgan "Energiyaning saqlanish tamoyili" ilmiy ishida, (shuni ta'kidlash joizki, o‘sha vaqtlarda bu hali qonun deb emas, aynan tamoyil deb atalgan va bu nazarimda, uning kelib chiqishiga ko‘proq mos keladi) abadiy dvigatelning imkonsizligi va energiyaning saqlanish tamoyili orasidagi ekvivalentlik borasida maxsus ta'kid keltirgan.
***
Xotima o‘rnida shuni ta'kidlaymizki, Leonardo da Vinchining abadiy dvigatel muammosi ustida ishlashi jarayonida uning o‘ziga xos ijodiy uslublari namoyon bo‘ldi. Bu esa unga turli xil yo‘nalishlardagi tadqiqotlarida yuksak natijalarga erishishiga imkon berdi. Ulardan eng ahamiyatga moliklarini keltiramiz:
Vazifaning qo‘yilishida - barcha kuzatuvlar va amaliy ehtiyojlar (masalalar to‘plami yoki, o‘qituvchining topshirig‘idan tufayli emas) tufayli; bunda hodisaga nisbatan yaxlit nuqtai nazar bilan yondoshilgan ("Tabiatda tajribada iloji yo‘q bo‘lgan, sanoqsiz miqdordagi imkoniyatlar mavjud bo‘ladi"), hodisa ham keng, ham tor miqyoslarda mufassal o‘rganilgan;
Muammoni shakllantirishda - tizimli yondoshuv, hodisaning mohiyatini anglashga va uning aynan shu tarzda namoyon bo‘lishi uchun omil bo‘layotgan sabablarga ta'sir ko‘rsatishga harakat qilish;
Muammoni yechimida - yangicha yondoshuv, yangicha uslublarni faol ravishda izlash, qaralayotgan tizimdagi tarkibiy qismlarni mantiqan ajratib o‘rganish;
Tekshirishda qiziqtirayotgan muammoga ko‘p marta va odatda har safar yangicha yondoshuvlar bilan qaytish.
[1]Kodeks - (lot. codex) - Qadimgi Rimdagi kitob shakllaridan biri bo‘lib,mum bilan o‘zaro yopishtirilgan taxtachalar yoki, papirus qog‘ozlaridan iborat bo‘lgan, kodeks - zamonaviy kitoblarning muqovalarda saqlab qolgan (muharrir izohi.)
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi | kеyingi > |
---|