Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa Maqolalar Qiziqarli matematika Qopqondagi pishloq (yoki, moliyaviy piramida haqida)

Qopqondagi pishloq (yoki, moliyaviy piramida haqida)

E-mail Chop etish
Maqola Reytingi: / 3
Juda yomon!A'lo! 

Qopqondagi pishloq (yoki, moliyaviy piramida haqida)

Bundan to‘rt-besh yil muqaddam Farg‘onada asosan yoshlarni va qisman katta yoshdagilarni o‘z girdobiga tortgan bir narsa avj olgan edi. O‘shanda mening ham bir necha do‘stlarim bunga aralashib qolib keyin ancha afsuslanib yurishdi. Yaxshiki tegishli idoralar tezkor choralar ko‘rib, qalloblikning payini qirqishdi. Biroq ular, ancha munchasini chuv tushurib ulgurishgan edi..

O‘zlarini allambalo tushunarsiz ajnabiy tildagi bolaxonali nomlar bilan atab olgan bir firma, arzimagan buyum va mayday-chuydalarni falon pulga sotar, bunda sotib oluvchilarga ham qandaydir usullarni tavsiya etib, tez boyib ketishga va'dalar berar edi. Firmachilar bir binoni ijaraga olib, bashang kiyingan holda, tillarida rasmiy jumlalarni qo‘llab, odamlarni (tuzog‘lariga ilingan bechoralarni desa yanglishmagan bo‘laman) boplab laqillatib, qo‘ynilarini puch yong‘oqqa to‘ldirib, oqibatda esa, arzimas buyumlarini falon so‘mga pullab olishar edi. Matbuotda bunday holatni "Moliyaviy piramida" deb atashadi. Ya'ni, piramida kabi, yuqoridan pastlagan sari kengayib, tarmoq yoyib boradi. Foydani esa faqat eng yuqoridagi, piramidaning cho‘qqisidagi(lar) ko‘radi. Ular taklif qilayotgan tez boyish sxemasi esa ancha sodda:

Siz bu firma taklif qilayotgan biror buyum yoki xizmatni sotib olasiz. Bu narsalar arzon emas, masalan, kuchni ko‘paytiradigan g‘ayritabiiy xususuiyati bor bir allambalo shishaga o‘xshagan matoh 650$ turadi. Ular taklif qilayotgan buyumlar orasida eng arzoni mana shu. Qolaversa, ularda qandaydir sanoqli sondagi Misr tilla tangalarimiey, qanaqadir taqinchoqlar va ho kazolar, yirik shaharlarga sayohatlar mavjud. Xullas, shulardan birini sotib olasiz va shu bilan birga firmaga a'zo bo‘lasiz. Keyin esa, o‘zingizga o‘xshaganlardan yana uchtasini topib kelasiz. Ular ham o‘sha narsalardan sotib olishadi. Ularni siz olib kelganingiz uchun, firmachilar, siz olib kelgan haridorlarning qilgan harid summasidan, adashmasam chorak qismini sizga berishadi. Keyin esa, ular ham o‘zlari uchun uchtadan haridor topib kelishadi. Ulardan ham, sizga foyda tariqasida ma'lum ulush tegadi. Shu tarzda piramida davom etaveradi. Qarabsizki siz boyib ketasiz. Faqat dastlabki, haridni qilib, o‘zingizga uch nafar haridor topib kelib ularni ham buyumlardan sotib olishga ko‘ndirsangiz bas.

Ammo aytganimdek bularning bari hom hayoldan boshqa narsa emas. Bu - eski yolg‘onlardan bo‘lib, odamlarni laqillatishning ko‘hna usullaridandir. Quyida nima sababdan bu usulning ish bermasligini misollar orqali ochib berishga harakat qilaman.

Odatda bunday kampaniyalarda ruhiy ta'sir o‘tkazish usullaridan ham foydalaniladi. Masalan, yaqin bir do‘stimning taklifi bilan o‘zim ham o‘sha kampaniyaga bosh suqqan edim. Sezganindizdek, do‘stim meni, o‘ziga foyda keltiradigan uch nafar tarmoqlaridan biri sifatida bo‘lishim uchun olib brogan edi. Biroq, men ancha yillar avval o‘qigan bir maqolamdagi holatning real hayotda qanday ekanligini tekshirish uchungina u yerga borgan edim. Haqiqatan ham, piramidachilarning artistlik qobiliyatlariyu, va'dalari meni hayron qoldirdi. Ular avvaliga mendan nima orzularim borligini so‘rashdi, ulardan birini aytganimdan keyin, bu orzularimga yetishim uchun hozirgi maoshim bilan yetisha olmasligimni "ilmiy isbotlab" berishdi. Emishki, bunday topish tutishim bilan bu orzuimga erishishim tabiat qonunlariga zid ekan Men qiziqish bilan voqealar rivojini kuzatdim: ular menga tez boyib ketishim uchun aynan ularning xizmatidan foydalanishim kerakligiga meni "ishontirishdi".

Xullas meni ularning qarmog‘iga ilinishdan, ancha avval, bolaligimda o‘qigan bir kitobimdagi maqola qutqarib qoldi. Hayr ma'zurni ham nasiya qilib va hafsalam pir bo‘lib chiqib ketdim. Meni XXI asrda ham bunaqangi tovlamachilar topilayotgani va ularning tuzog‘iga tushayotgan soda insonlar hali hamon ko‘pligi afsuslantirdi.

Endi esa, moliyaviy piramidalarning asl basharasi haqidagi bolaligimda o‘qigan o‘sha maqolani e'tiboringizga havola qilaman. Umuman olganda, ushbu maqolani, hayotda hech qachon katta maqsadlarga halol mehnatdan boshqa yo‘llar orqali erishib bo‘lmasligini, bunga bepisand qaraydiganlar esa, oxir oqibat sarobga ergashib qolishlarining matematik isboti desa ham bo‘ladi. Axir xalq matalida bejizga aytilmagan: tekin pishloq faqat qopqonda bo‘ladi!

Arzon velosipedlar girdobi.

Ya.I.Perelmanning "Qiziqarli arifmetika" kitobidan.

(Tushunarliroq bo‘lishi narx navo hozirgi davr uchun moslab olindi).

XIX-asr songida ba'zi chet el davlatlarida, korxona egalari sotilishi qiyin bo‘lgan, odatda jo‘nroq mollarini pullash uchun g‘alati bir usuldan foydalanishar edi. Ular ishni ko‘p tarqaladigan seradad gazeta va jurnallarda quyidagicha mazmundagi reklama yoki, e'lonlarni bosib chiqarish bilan boshlaganlar:

"Arzon narxlarda, atiga 50 ming so‘mga velosiped! Istagan kishi atiga 50000 sarflab velosiped sotib olishi mumkin. g‘animatdan foydalanib qolingiz!!! (tafsilotlar shaxsiy uchrashuvda, yoki pochta orqali)".

Albatta, bunday e'tiborni jalb qiluvchi e'lon oldidan ko‘pchilik shunchaki o‘tib keta olmagan. Qancha qancha kishilar arzon velosipedga ega bo‘lish ilinjida, firma xodimi bilan shaxiy uchrashuvlarga yoki, pochta orqali tafsilotlarni bilishga intilganlar. Ularga javoban, arzon velosiped sotib olish uchun mufassal yo‘riqnoma olar edilar. Bu yo‘riqnomaga ko‘ra, ularga arzon velosipedga ega bo‘lish uchun qiyidagi shartlar ma'lum bo‘lar edi:

Avvaliga 50000 so‘mga hozircha velosipedni o‘zini emas, balki, faqat 4 ta patta sotib olib, ularni oshna-og‘aynilariga har birini 50000 so‘mdan pullash kerak bo‘lardi. Shu yo‘sinda yig‘ilgan 200000 so‘m pulni to‘plab firmaga olib borish lozim edi va shundan keyingina velosiped qo‘lga kelib tegar edi. Demak velosiped haridorga chindan ham atiga 50000 so‘mga tushar edi, chunki qolgan 200000 so‘mni u o‘z chontagidan to‘lamasdi-da. To‘g‘ri, arzon velosiped oluvchi haridor, o‘zi naqd 50000 so‘m pul to‘lashdan tashqari, oshna og‘aynilariga ham patta sotish asnosida firmaga ma'lum xizmat bajarib berar edi. Biroq u "arzimagan" mehnat bo‘lib hisobga kiritilmas edi.

Xo‘sh, bu pattalarning mohiyati nimadan iborat edi? Ularni 50000 so‘mga sotib olgan kishi, shunday pattaning har birini, firmadan yana beshta shunday pattaga almashtirish huquqiga ega bo‘lar edi. U ham olgan o‘sha beshtasini o‘z oshna-og‘aynilariga 50000 so‘mdan sotib kelsa, unga ham velosiped berilardi. Boshqacha aytganda unga ham velosiped, avvalroq o‘z o‘rtog‘idan sotib olgan bitta 50000 so‘mlik patta qiymatiga tushar edi. Undan patta olgan kishilar, o‘z navbatida firmadan yana 5 tadan patta olib, ularni ham 50000 dan pullashga urinardilar va ho kazo.

Yuzaki qraganda bu ishlarda hech qanday tovlamachilik yo‘qdek tuyuladi. Reklamadagi va'da bajarildi: velosoped chindan ham haridorga atiga 50000 so‘mga tushdi. Buning ustiga firma ham zara ko‘rmasdi. Chunku u ham o‘z mahsulotining qiymatini to‘liq olardi.

Holbuki bu ishlarning barchasi firibgarlik-qalloblikdan bo‘lak narsa emas. Bunday tovlamachilik juda ko‘p kishilarni chuv tushirar, ular sotib olgan pattalarini boshqalarga o‘tkazolmay sarson bo‘lar edilar. Firmaga 250000 so‘mlik velosiped bilan 50000 so‘mlik pattaning orasidagi narx rafovutini to‘laydigan sho‘ring qurg‘urlar aynan oshalar edilar. Bora-bora shunday payt kelar ediki, patta egalari pattalarini sotish uchun haridor topolmay qolar edilar. Shunday hol o‘zini uzoq kuttirmay albatta juda tezlik bilan yuz berishini aniq hisoblab chiqishingiz qiyin emas. Buning uchun qo‘lingizga qog‘oz qalam olib, shunday girdobga tushib qolgan odamlar sonining qanday tezlik bilan o‘sib borishini hisob-kitob qilib ko‘rishingiz mumkin.

Pattalarni bevosita firmadan olgan birinchi guruh odamlar odatda haridor topishga qiynalmaydilar. Bu guruhning har bir a'zosi to‘rtta yangi kishini patta bilan ta'minlaydi.

Bu to‘rt kishining har biri, o‘z pattalarini 4*5=20 nafardan kishiga sotishga urinishlari asnosida, mazkur yigirma nafar haridorning har birini bunday usulda velosiped sotib olishning qulaylik va foydali jihatlari haqida ishintirishga harakat qiladilar. Faraz qilaylik, bunga muvaffaq bo‘lindi ham. 20 ta laqma haridor topildi deylik. Patta sotib olgan o‘sha 20 ta haridor, o‘z navbatida yana 20*5=100 nafar haridorlarni topib, ularga patta sotishni uddalashi kerak. Shu choqqacha ishni boshlab bergan bir kishining o‘zi, bu girdobga 1+4+20+100=125 kishini tortgan. Ulardan faqat beshdan birini, ya'ni 25 nafarigina velosiped olgan. Qolganlari esa velosiped olishga umidvor bo‘lib yuribdi, chunki ular 50000 so‘mdan pul to‘lab qo‘yishgan.

Endi bu girdob tanish bilish va qarindosh urug‘larning tor doirasidan chiqib shaharga yoyila boshlaydi. Lekin endi ish tobora qiyinlashaveradi. Patta egalaridan keyingi yuztasi, shunday pattalar bilan 500 ta odamni ta'minlashi kerak. Bular esa o‘z navbatida 2500 ta omi odamlarni topishi shart. Tezda shaharni pata hirmoni bosib ketadi va pattalarni sotib oladigan odamdan ko‘ra, ularni sotmoqchi bo‘lagn odamlar ko‘payib ketadi. Ko‘rasizki, girdob damiga tortilgan odamlar soni, quyidagi qonuniyat bo‘yicha o‘sadi.

1

4

20

100

500

2500

12500

62500

Agar shahar katta bo‘lsa-yu, uning velosiped minib yura oladigan aholisi soni 62500 kishini tashkil etsa, 8-turda girdob tugashi kerak, chunki hamma unga tortilib bo‘lgan bo‘ladi. Ammo velosiped olganlar aholining atiga beshdan bir qismini tashkil qiladi xolos. Qolgan 4/5 qism aholi esa qo‘llaridagi pattalarni kimga sotishni bilmay ovora bo‘lib qoladilar. Aholisi ko‘proq bo‘lgan, aytaylik millioner shaharlar uchun ham girdob atiga bir necha tur keyinoq to‘lishini matematika bizga ochib berishi mumkin: girdob haddan tashqari tez o‘sib boradi va uning keyingi uyurmalari quyidagicha bo‘ladi:

312500

1562500

7812500

39062500

Ko‘rdingizki, girdob 12-turda butun boshli davlat aholisi sonini qamrab olishi mumkin. Masalan o‘zbekiston aholisi bugungi kunda 31 millionga yaqin kishini tashkil qiladi. Anavi girdobda esa 39 million odam tortilgan! Amalda bunday bo‘lish mumkin emasligini hamma juda juda yaxshi anglaydi. Ahir hech qachon bir mamlakatda aholi soni qancha bo‘lsa o‘shancha velosiped bo‘lmaydi. Chunki aholining yarmidan ko‘prog‘ini umuman velosiped minmaydigan yosh bolalar va qariyalar tashkil qiladi. Qolaversa, velosiped minishga yaroqli qismining hammasi ham aynan velosoped sotib olavermaydi Masalan, o‘sha XIX-asrda uni o‘rniga ot minishni afzal ko‘ruvchilar ko‘proq topilardi.

Endi, girdob yasash orqali firma korchalonlari nimaga erishishini tahlil qilish bilan maqolamizga yakun yasaymiz:

Ular aholining 1/5 qismi arzon narxda olgan molning pulini qolgan 4/5 qismiga to‘lattirishadi; boshqacha aytganda, har to‘rt kishini o‘zaro pul yig‘ib, beshinchi bir kishiga velosiped olib berishga majbur qilishadi. Bundan tashqari bunda firma, o‘z mahsulotini zo‘r berib reklama qiluvchi va tarqatuvchi ko‘p sonli odamlarning xizmatidan g‘irt tekinga foydalanadi. Bu o‘yin orqasiga yashirinib yotgan ulkan son, o‘z manfaatlarini firibgarlik hujumidan himoya qilishda arifmetik himoyavositalaridan foydalana olmaydiganlarni rosa boplab chuv tushiradi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 26.12.2018 08:01  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbita.Uz infotekasi

Milliy bayramlarimiz

Yaqin kunlardagi rasmiy bayramlar, kasb bayramlari, muhim tarixiy va xalqaro sanalar.

26 - may - Kimyogarlar kuni


1 - iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


5 - iyun - Iyd al-Fitr - Ramazon hayiti (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


13 - Iyd al-Adho - Qurbon hayoti kuni (Dam olish kuni) (oy chiqishiga qarab bir kunga o'zgarishi mumkin)


 

1 - Sentyabr - Mustaqillik kuni. (Dam olish kuni)


2 - Sentyabr - Bilimlar kuni.


 

1 - Oktyabr - Ustoz va murabbiylar kuni. (Dam olish kuni)

O'zbekiston shaharlari ob-havo ma'lumotlari

Orbita.Uz do'stlari:

Ziyo istagan qalblar uchun:

O'zbek tilidagi eng katta elektron kutubxona!

​Ўзбекча va o'zbekcha o'zaro transkripsiya!
O'zbekcha va ўзбекча ўзаро транскрипция!

Bizning statistika


Orbital latifalar :) :)

Matematikning hayotidagi eng go‘zal lahzalari - uning teorema isbotini topgani, lekin, qilgan xatosini hali fahmlamagini vaqtlari bo‘lsa kerak.



Tafakkur durdonalari

Dunyoda ilmdan o'zga najot yo'q va bo'lmagay! (Imom Buxoriy)