Ogoh bo‘ling!!! Digidrogen monooksid!!!
Yaqinda tadqiqotchilar, suv ta'minoti tizimida faol kimyoviy modda - digidrogen monooksidning (lot. Dihydrogen monoxide) katta miqdorda mavjud ekanligi va zudlik bilan ehtiyot choralar ko‘rilmasa, u barcha insonlar salomatligiga jiddiy ta'sir ko‘rsatishini aniqlashdi. Digidrogen monooksid odatda, sanoatda quyidagi maqsadlarda qo‘llaniladi:
- Ishlab chiqarishda erituvchi va sovutgich sifatida;
- Yadro reaktorlarida;
- Penoplast ishlab chiqarishda;
- o‘t-o‘chirgich ko‘piklar tayyorlashda;
- Kimyo va biolaboratoriyalarda;
- Pestidsidlar ishlab chiqarishda;
- Sun'iy ozuqaviy qo‘shimchalar va dori vositalari ishlab chiqarishda.
Shuningdek, digidrogen monooksid kimyoviy moddasi kislotali yomg‘irlarning asosini tashkil qilib, tuproq eroziyasiga sabab bo‘ladi. U korroziya (zanglash) jarayonini tezlashtiradi, elektr jihozlarning ishiga o‘ta salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Bu moddaning qattiq holatida inson teri qatlamlariga uzoq ta'sir qilsa, chuqur jarohatlar va ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Digidrogen monooksid kimyoviy moddasining gaz holatidagisi odam terisini kuchli kuydirishi mumkin. Uning oz miqdordagisi ham, agar o‘pkaga tushsa, halokatga olib kelishi aniqlangan. Uni ichga qabul qilgan barcha odam unga to‘laligicha bog‘lanib qoladi. Odamlar uchun, organizmga digidrogen monooksid yetishmay qolgan taqdirda, unga bo‘lgan talab qondirilmasa, buning ijtimoiy xavfi, narkomaniya va alkogolizmdan ham dahshatliroqdir. Bunday ~maniyaga uchragan kishilar, agar zudlik bilan zarur dozadagi digidrogen monooksid qabul qilmasa, bir haftaga bormay halok bo‘lishi mumkin. Hozirga paytda ilm-fanga ma'lum tozalagich moddalardan hech biri, quvurlarni undan butunlay tozalay olmaydi. Digidrogen monooksid, qishloq xo‘jaligida, o‘simliklar rivojlanishiga yordam berishi uchun, ko‘p miqdorda tuproqqa "solinadi".
Sanab o‘tilgan xavf omillariga qaramay, digidrogen monooksidni butun jahon bo‘ylab yurik korporatsiyalar tomonidan, maxsus yashirib yotqizilgan yer osti quvurlari orqali, millionlab tonnalarda qabul qilinib, o‘z mahsulotlarini tayyorlash jarayonida undan foydalanishda davom ettirib kelmoqda. Bu kimyoviy modda bilan ishlovchi ishchilarga esa maxsus kiyim va himoya vositalari berilmagan. Sanoatda ishlab chiqqan, chiqindi - digidrogen monooksid tonnalab okean va dengizlarga to‘kib tashlanmoqda.
Tarixda digidrogen monooksid tufayli sodir bo‘lgan falokatlarga misollar qalashib yotibdi, masalan:
- Digidrogen monooksid - Titanik kemasining dvigatellarida qo‘llanilgan va uning halokatiga asosiy sabablardan biri bo‘lgan; Shuningdek, Titanikning halokati vaqtida, 1500 dan ortiq odam, tanasiga digidrogen monooksidning ta'siri tufayli, ekzogen gipotermiyaga uchrab, cho‘kmasdan avvalroq vafot etgan;
- 2004-yilda janubiy-sharqiy osiyoda kuchli digidrogen monooksid yopirilish tufayli, 250000 dan ortiq odam qurbon bo‘lgan va bu faqat rasmiy ma'lumotlar xolos!
- 2012-yilning iyulida, Rossiyaning Krasnodar o‘lkasi Krimsk shahrida, nafas yo‘llarining digidrogen monooksid bilan to‘silib qolishi natijasida 171 kishi halok bo‘lgan. uning ta'siridan jabr ko‘rganlar esa 300 kishidan ortib ketgan.
- Undan tashqari, har yili dunyo bo‘ylab minglab kishilar, yuqori nafas yo‘llarining digidrogen monooksid bilan to‘lib qolishi natijasida ayanchli holatlarga tushib qolmoqdalar.
Shuningdek, alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar, digidrogen monooksidni ko‘p miqdorda (60-70% gacha) o‘z mahsulotlariga qo‘shib yuboradilar. Shuningdek, 2012-yilda Britaniyalik ayol, aynan digidrogen monooksiddan zaharlanib o‘lgani qayd etilgan...
Yuqoridagilarga qaramay, Digidrogen monooksidning shahar va qishloqlardagi barcha aholi xonadoniga kirib borishiga hech kim to‘sqinlik qilishga uringani yo‘q.
... Vahimaga tushib qolmadingizmi? Qo‘rqmang, Digidrogen monooksid kimyoviy moddasi hech qanaqa zaharli va toksik modda emas. Aksincha u inson uchun nihoyatda zarur va hayot uchun o‘ta muhim moddadir. Usiz tiriklik ham bo‘lishi mumkin emas! Axir u obi-hayot - SUV ku!
Digidrogen monooksid - oddiy suvning kimyo tilida nomlanishlaridan biri. Kimyodan yaxshi xabardor bo‘lmagan kishilar, bu nomni eshitib, u haqida kimyoviy o‘ta faol, zaharli modda haqidagi kabi tasavvurga keladilar. Vaholanki bu o‘sha oddiy suv. Shahar suv quvurlarida, ariq va zovurlarda, xullas yon atrofimizda u ko‘p miqdorda mavjud. Biz insonlar usiz yashay olmaymiz.
Digidrogen monooksid - IYUPAK (Amaliy va Nazariy Kimyo Xalqaro Ittifoqi) tomonidan qabul qilingan nomlanish bo‘lib, u H2O ning "Digidrogen" (ikkita vodorod) va "monooksid" (bitta kislorod) shaklida aytilishi (o‘qilishi) hisoblanadi.
Suvning Digidrogen monooksid shaklida nomlanishdan, ilk marta 1994-yilda Kaliforniya universiteti mutaxassislari, ilmiy hazil tariqasida foydalanib, u orqali ko‘pchilikning o‘pkasini tushirishgan edi. Ular maxsus tarqatma material tayyorlab, universitet hududida talabalarga ulashib chiqishgan va natijani kutishgan. Bundan maqsad, ilm-fanga bo‘lgan munosabat, va fandan yiroq kishilarning qanday qabul qilishini kuzatish edi. U yetarlicha ma'lumotga ega bo‘lmagan kishilarning (mohiyatni anglab yetmay turib) bu nomning o‘zidan qanday qo‘rqinch va xavotirga tushib qolganlarini ko‘rsatib berdi. Unga ko‘pchilik laqqa tushdi. Digidrogen monooksidni ta'qiqlash borasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarda ham, ko‘pchilik ta'qiqlashni yoqlab ovoz berdi. Hatto 2007-yilda, asl voqelikdan bexabar, Yangi Zelandiya parlamenti deputati Izobel Jaki Jin, deputatlarga Digidrogen monooksidni ta'qiqlash borasida kompaniya boshlashni taklif qilgan. U hatto mamlakat sog‘liqni saqlash vaziriga xat yo‘llab, "o‘ta xavfli bo‘lgan Digidrogen monooksid" moddasini ta'qiqlash borasida nima ishlar qilinayotganligi haqida hisobot so‘ragan...
Xullas Digidrogen monooksiddan qo‘rqmang. U ozodalik, pokizalik, hosildorlik, to‘kin-sochinlik, va umuman olganda HAYOT manbaidir!
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/
Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz
< avvаlgi |
---|