Orbita . U Z

Ilm-fan fazosi uzra

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish

Andreas Vezaliy

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 1
Juda yomon!A'lo! 

Andreas Vezaliy

(1514-1564)

Andreas Vezaliyni haqli ravishda zamonaviy anatomiyaning otasi va anatomiya maktabining asoschisi sifatida hurmat bilan yodga olishadi. U shuningdek hakim sifatida ham o‘z zamonasida yuksak natijalarga erishgan.

Andreas Vezaliy 1541-yilda Bryusselda, oilaviy, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan vrachlar sulolasida dunyoga keldi. Uning bobosi va bobosining otasi ham vrach bo‘lishgan. Vezaliyning o‘z otasi esa, imperator Karl V ning saroyida, dorixona amaliyoti bilan shug‘ullangan. Vezaliy avval oddiy maktabda, keyinroq Lyuven shahri universitetida ta’lim oldi. Universitetda u yunon hamda lotin tillarini mukammal o‘rganib, yoshlik yillaridayoq, sharq va g‘arbning buyuk olimlarning mazkur tillarda yozgan asarlarining asliyatlari bilan tanishishga erishdi.  Vezaliy, qamoqda vafot etgan mahkumning ustuxonidan odam skletining namunasini yasab, u asosida yevropadagi eng birinchi anatomik qo‘llanmani yozdi.  Andreas Vezaliyni tibbiyot sohasida ayniqsa odam anatomiyasini o‘rganish jiddiy qiziqtirgan. U har qanday bo‘sh vaqtdan, turli hayvonlar, it, mushuk, sichqon kabilarning tana tuzilishini o‘rganishga sarflovchi mashg‘ulot topardi.  O‘z bilimlarini mukammallashtirishga intilar ekan, Andreas Vezaliy 17 yoshida Monpelye universitetiga yo‘l oldi. 1533-yilda esa u mashhur anatomiya olimi Yakob Silviyning ma’ruzalarini tinglash uchun, Parij universitetining tibbiyot fakultetida paydo bo‘ldi. Yosh Vezaliy, o‘sha vaqtdayoq, universitetlardagi anatomiya o‘qitilishi usullariga tanqidiy yondoshib, undagi kamchilik va nuqsonlarni qayd etib borgan. Masalan u anatomiya darslarida amaliy ishlarning yo‘qligi, yorib ko‘rishlar (buni aksariyat hollarda cherkov ta’qib ostiga olardi) bajarilmasligi haqida taassuf keltirgan. U o‘zining «Odam tanasi tuzilishi» nomli risolasining kirish so‘zida bu haqida shunday yozadi: «Mening mashg‘ulotlarim hech qachon muvaffaqiyat keltirmagan bo‘lardi... agar, Parijdagi tibbiy amaliyotlarim vaqtida bu ishga o‘z qo‘limni urmaganimda va ... o‘zim bur necha marta, shaxsiy tajribalarimni ommaviy ko‘rsatish uchun, mustaqil ravishda yorib ko‘rishlarni bajarmaganimda...»

Andreas Vezaliy ma’ruzalarda shunday savollar berardiki, ular orqali o‘zining Galen ta’limotiga nisbatan shubhasi borligi yaqqol ko‘rinib turardi. Biroq o‘sha davrda Galen – Yevropa tibbiyotidagi eng obro‘li ustoz sifatida baholanib, uning har bir so‘zi so‘zsiz qabul qilinar edi. Andreas Vezaliy esa, Galendan ko‘ra o‘z ko‘zlarim va qo‘llarimga ko‘proq ishonaman der edi.  Vezaliy anatomiyani, barcha tibbiy bilimlarning asosi deb hisoblagan. Uning asosiy maqsadi ham, qadimdan davom etib kelayotgan, odam anatomiyasini o‘rganish usullarini takomillashtirish va bu fanni yanada rivojlantirish bo‘lgan. Ayniqsa u murdalarni yorib ko‘rish orqali, ularni qiynagan kasalliklarni sababini aniqlash mumkin, va bu tirik insonlar hayotini saqlab qolish uchun muhim natijalarni beradi deb ta’kidlardi. Biroq, cherkov murdani yorib ko‘rishni qat’iy ta’qiqlab, mazkur ishni amalga oshirganni esa dahriy deb e’lon qilardi. Shu tufayli Andreas Vezaliy anatomiya bilan shug‘ullanish uchun odatda yashirinib ishlashga majbur bo‘lgan, yoki, qo‘lga kirgan har qanday imkoniyatdan maksimal foydalanishga harakat qilgan. U bu maqsad yo‘lida shaxsiy mablag‘larini ham ayamagan. Natijada Andreas Vezaliy odam va hayvonlar skleti tuzilishini shu darajada mukammal o‘rgandiki, paypaslab ko‘rish orqali, undagi o‘zgarishlarni aniq aytib bera oladigan darajaga yetishib qoldi. U Parijda uch yil yashab, tahsil olgach, Lyuvenga qaytdi.

Lyuvenga yetib kelgan yili, Andreas Vezaliy o‘limga mahkum qilingan jinoyatchini murdasini yorib ko‘rish uchun, mahalliy cherkovdan ruxsat so‘radi. Cherkov ruhoniylari uning bu kabi «hunar»lari borligidan xabar topib, Vezaliyni dahriylikda ayblashdi va avval qilgan bu kabi «jinoyat»lari uchun eng qattiq jazoga hukm qilinishi kerakligini muhokama qila boshlashdi. Andreas Vezaliy Lyuvendan qochib ketishga majbur bo‘ldi va Italiyaga yo‘l oldi. U yerda Vezaliy Paduya universitetiga ishga kirdi. Mazkur ilm dargohida Andreas Vezaliy 1537 yilda fan doktori darajasini oldi. Qolaversa Venetsiya Respublikasi hukumati ham, mazkur universitetni moliyaviy va ma’naviy qo‘llab quvvatlab turardi va olimlarning har qanday ilmiy izlanishlarini munosib rag‘batlantirardi.  Yosh olimning yaqqol iste’dodi mahalliy hukumat vakillarining e’tiboriga tushdi. Bu vaqtda endigina 22 yoshda bo‘lgan va fan doktori unvonini olib ulgurgan yosh va navqiron Vezaliyni, Paduya universitetining jarrohlik kafedrasiga boshliq qilib tayinlashdi va uning majburiyatlari tarkibiga alohida band bilan, anatomiya bo‘yicha dars berishni ham kiritib qo‘yishdi.  Vezaliy, universitet talabalariga zo‘r ishtiyoq bilan ma’ruzalar o‘qidi. U o‘zi ochgan yo‘nalishda fanning barqaror rivoj topishini istardi. Asosiysi esa, tadqiqotlarini davom ettirardi. U organizmning ichki tuzilishini qancha chuqur o‘rgangani sayin, Galen ta’limotining kamchiliklarini tobora yaqqol ko‘rsatib borar, va ularni boshqalar nima uchun sezmayotganligini, ularning Galenning obro‘si ta’siri ostida, uning yozib qoldirgan hamma gapini to‘g‘ri deb qabul qilaverishlarida deb bilardi. Vaholanki, Galen nomi bilan chop etilgan asarlarning ba’zilarini Galenning o‘zi emas, balki, uning davomchilari, masalan, uning kuyovi yozganligi ham ma’lum edi.

U o‘zining ilmiy ishi ustida ishlash asnosida, 4 yil davomida o‘zidan avvalgi tibbiyot va anatomiya fanlari olimlarining asarlarini o‘qib, bir vaqtning o‘zida italyan tiliga tarjima qilib va ularni nashr ettirib bordi. U mazkur asarlardagi yanglish fikrlarning ko‘pini, ilmiy dalillar asosida inkor etib, izohlar yozdi.  «Eng yirik allomalar ham -  deb yozadi Vezaliy, - boshqalarning ba’zi fikrlariga quldek itoatkor bo‘lib olib, ularni aql tarozisida tortib ko‘rmaganlar ham, ular bu narsaning noto‘g‘ri bo‘lishi mumkinligini o‘ylab ko‘rmasdan ham, o‘zlari uchun dasturul amal sifatida qabul qilaverishgan...». Vezaluyning tunlari bilan bedor ishlab, anatomik tadqiqotlar olib borganligini, uning talabalari qayd etishgan.

Uning qattiq berilib, va jiddiy tirishib qilgan mehnatlari samarasi sifatida, 7 jildlik ulkan kitob – «Inson tanasi tuzilishi» asari dunyoga keldi. 1543 yilda nashr etilgan bu ulkan ilmiy asar, fanda o‘rnashib qolgan noto‘g‘ri aqidalar o‘rniga,  yangicha fikrlash bilan dadil kirib kelgan, uyg‘onish davri madaniy yuksalishini o‘zida aks ettirgan mukammal bir manba edi.

Andreas Vezaliy o‘z kitoblarini Bazelda chop ettirdi. Uning kitoblarini rassom Stefan Klarkning ajoyib asarlari bilan bezatildi. Odam skletlari tasviri ham tabiiy peyzajlarda va tirik odamlarga xos holatlarda, shuningdek, tananing teri va muskul qismi ham xira fonda ifodalangan ko‘rinishda ishlandi. Shu tarzda, Vezaliy, o‘zining kitoblaridan qo‘rqish emas, undan aynan tirik odamlar uchun naf keltiradigan tibbiy va anatomik ilmlar manbai sifatida qarash kerakligini mohirona ifodalab qo‘ydi. Kitobdagi har bir bo‘limning birinchi so‘zining bosh harfi, anatomiyani o‘rganayotgan bolalar tasviri bilan o‘ziga xos tarzda bezatilgan bo‘lib, bu ham Vezaliyning pedagogik-psixologik salohiyatidan dalolat beradi. Ajoyib tasviriy kompozitsiyalar, kitobga va anatomiyaga bo‘lgan qiziqishni yanada orttirardi.

Vezaliyning kitobi, zamona olimlarini xavotirga solib qo‘ydi. Uning ilmiy fikrlaridagi dadillik shu darajada ediki, uning ergashuvchi safdoshlaridan ko‘ra, unga raddiya beruvchilar ko‘proq bo‘lib chiqdi. Ba’zilar bilan esa ish shaxsiy adovat – dushmanlikkacha borib yetdi. Uning ishongan shogirdlari uni tashlab ketishdi, hattoki o‘z ustozi – Silviy ham uni «Veznus» - tentak deb atadi. Silviy o‘z shogirdi Andreas Vezaliyga qarama qarshi «Galen va Gippokratning anatomik ishlariga tuhmat qilgan qandaydir tentakka qarshi himoya» deb nomlangan, keskin va qo‘pol satirik (pamflet) chiqish qilib, unda, «Inson tanasi tuzilishi» asarini «Bir telbaning ishi» deb baholadi. Silviy o‘z shogirdini hammaga namoyishkorona jazolashni so‘rab, imperatorga maktub yozishdan ham tap tortmadi. «O‘tinaman, Sezarona buyuklik sohibi – deb yozadi professor(!) Silviy imperatorga xatida, - chuqur noxolislik va haqsizlik, surbetlik, johillik, ko‘rnamaklik namunasini ko‘rsatgan,  bu maxluqni shunday jazolangki, tug‘ilgan uyida tarbiya ko‘rmagan bu maxluq, o‘zining o‘lat keltiruvchi nafasi bilan butun Yevropani zaharlay olmasin...»

Aftidan, Andreas Vezaliy ham voqealarning bu taxlit rivoj olishini oldindan sezgan. Axir hamma zamonda ham, butun bir boshli ta’limotni inkor etuvchi mutlaq yangicha g‘oyalarni qabul qilinishi juda murakkab kechgan. U o‘ziga qarshi otilayotgan toshlardan ham munosib himoyalanardi. Bu haqida uning o‘z shunday yozgan: «...mening ishlarim, anatomiyani g‘azab bilan o‘rgangan va xuddi italyan maktablarida bo‘lgani kabi, lekin, ancha yoshi ulug‘ bo‘lib qolgan bo‘lsa ham, o‘zidan yoshi kichik odamning to‘g‘ri gapirayotganligini ko‘rolmaydigan, kuykanak odamlar tomonidan ta’qibga olindi».

Haqiqatan ham, o‘sha davrning ko‘plab taniqli hakimlari Silviy tarafida bo‘lib olishdi. Ular ham buyuk Galenni tanqid ostiga olgani uchun Vezaliyni jilovlab qo‘yish va qattiq jazolashni talab qila boshlashdi. Ularning asosiy ushlab olgan dastagi – Vezaliyning murdalarni yorib ko‘rgani edi. Shuning sababidan, ularga cherkov ham yon bosib, qo‘llab quvvatlardi. Andreas Vezaliyning erkak va ayol skletlaridagi farqlarni aytganidagi xulosasi, cherkov korchalonlarining g‘azabini ham quyushqondan chiqarib yubordi.  Vezaliy, ayol va erkak skleti hech qanday jiddiy farq qilmasligi, mavjud farq ham asosan jismoniy holatdan va faqat ayollarning reproduktiv vazifasiga bog‘liq birgina qism – tos suyagida ekanligini e’tirof etdi. Tos suyagidagi farq ham konstruktiv o‘zgarish bo‘lmay, balki, ikkita suyak orasidagi masofaning ayollarda kattaroq (ular farzand dunyoga keltirishlari uchun), va erkaklarda kichikroq bo‘lar ekan. Cherkovdagilar ming yillardan beri bong urib kelgan ta’limot – erkak kishining skletida qovurg‘alar soni, ayollarnikidan bittaga kam bo‘ladi degan fikr esa, Vezaliy ta’limotiga ko‘ra - yanglish bo‘lib chiqdi. Bu bilan Vezaliy xristian cherkovining diniy ta’limotlari obro‘siga ham qattiq zarba bergandi. Oxir oqibat ish shu darajaga borib yetdiki, Paduyadek katta shaharda u maslakdosh topolmay yakkalanib qoldi. Andreas Vezaliyga xayrixoh bo‘lgan talabalarni ham cherkov ta’qibga olardi, uni o‘zini esa tentakka chiqarardi. Yakkalanib qolgan Vezaliy qanchalik og‘ir bo‘lmasin, so‘nggi chora sifatida, Paduyani tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ldi.

Omadni qarangki, aynan shu vaqtda Ispaniya qiroli Karl  Andreas Vezaliyni o‘z saroyiga, saroy bosh hakimi lavozimiga taklif etdi. O‘sha vaqtda imperator saroyi Bryusselda joylashgan edi. Yodingizda bo‘lsa, Karlga Vezaliyning otasi ham dorixonachi sifatida xizmat qilardi. Yosh professor uchun bu taklif ayni muddao bo‘ldi va uni darhol qabul qildi. Albatta, Bryusselda uning uchun kafedra ham, undan ilm olishni istovchi talabalar ham yo‘q edi, lekin, imperator saroyi, uning uchun cherkov ta’qiblaridan holi bo‘lgan ajoyib boshpana edi. Saroyda Vezaliy anatomiya bilan xotirjam shug‘ullanishi mumkin edi. Bu nuqtai nazardan, Saroy tabibi lavozimi, Vezaliy uchun ko‘ngildagidek  bo‘lmasa-da, baribir afzalliklarga ega edi.

Lekin baribir bu lavozim bilan Vezaliy chiqisha olmasdi. U tadqiqotchi olim edi. Saroy tabibi esa, o‘zining oliy martabali mijoziga doimo parvona bo‘lishi, uning har bir so‘ziga munosib javob topa olishi va saroydagi har qanday tadbirlarda uning yonida hoziru-nozir turishi kerak edi. Bu sharoitda Vezaliyning o‘z amaliy tajriba ishlari to‘xtab qoldi. Vaqt topdi deguncha olim «Inson tanasi tuzilishi» asarini qayta tahrir qilardi, tuzatishlar va qo‘shimchalar kiritib, uni yanada mukammallashtirishga intilar edi. Har qanday imkon bo‘lishi bilanoq, u anatomiya bilan shug‘ullanishga shoshilardi. Biroq, endilikda ilmiy faoliyat uning uchun «ikkilamchi ish» bo‘lib qolganini o‘ziga sig‘dirolmagan. Vezaliy ko‘p o‘tmay kafedraga qaytish haqida orzu qila boshladi. Lekin u Bryusseldan uzoq ketishi bilan cherkov ta’qibga olishini ham yaxshi bilardi. Shu sabadan barchasiga chidab ishlashga majbur bo‘ldi. U o‘z kitobini ikkinchi nashrini chop ettirishga muvaffaq bo‘ldi. U uning hayotidagi qisqa bir quvonchli kunlar edi. Keyin yana o‘sha eski bir xillik turmush tarziga qaytildi – saroy, qirol, dabdababozlik va ilmdan yiroqlik qayg‘usi. Lekin, ko‘p o‘tmay, Vezaliyning Karl V saroyidagi xizmat vaqti ham poyoniga yetdi. Qirol – imperator avval taxtdan voz kechib, monastirga ruhoniylikka o‘tib ketdi va tez orada o‘sha yerda vafot etdi. Bryusselda Andreas Vezaliyning himoya qiluvchi homiysi qolmadi. Taxtga o‘tirgan voris – yangi qirol Filipp II esa, Andreas Vezaliyni yoqtirmasligini uning yuziga ochiq aytdi. Qolaversa, endi uning dushmanlari ham, cherkovdagilar ham g‘imirlab qolishdi. Vezaliyni inkvizatsiya kursisida ko‘rishni istaganlar, uni tezroq tutib keltirilishini kutishardi. Andreas Vezaliy bunday tahlikali vaqtda o‘zi va oilasi (aytgancha, uning xotini va bir qizi ham saroyda yashardi) bilan tezroq boshqa yerga chiqib ketishni o‘ylab qoldi. Uning Filipp II ga o‘zini Italiyaga qo‘yib yuborishini so‘rab qilgan murojaatini Filipp ataylab rad etdi. Cherkov namoyondalari Filippga ham ta’sir o‘tkazib, Vezaliyni muqaddas qonunlarni buzganligi uchun jazolashga unday boshlashdi. Unga endi yana yangi tuhmat yog‘ildi: emishki Andreas Vezaliy tirik odamning ham tanasini yorib ko‘rayotganmish...!

Bu endi kurakda turmaydigan gap edi. Vezaliy o‘zining aybsizligini isbotlashga qattiq harakat qildi. Ammo cherkov baribir qat’iy va shafqatsiz hukm chiqardi: «Saroy tabibi Andreas Vezaliy o‘z gunohlarini yuvishi uchun, Iso Masiyhning xokini ziyorat qilib, muqaddas yerlarga ibodatga borishi» kerak edi. 1564 yili Vezaliy qizi va ayolini Bryusselda qoldirib, o‘zi Quddusga yo‘l oldi. Yo‘l yo‘lakay olim o‘z hayotining eng yorqin damlarini o‘tkazgan – Venetsiyada bo‘lib, xotiralarini yodga oldi. Ba’zi manbalarda, Venetsiya senati Vezaliyga o‘sha vaqtda Paduya universitetidagi o‘zi ishlagan kafedrani yana boshqarishini taklif qilgan ekan.  Biroq olimning ilm fanga qaytishga bo‘lgan umidlari ushlanmadi. Quddusdan qaytishda Andreas Vezaliy qattiq kasallanib qoldi. U qaytayotgan kema halokatga uchradi va dengizchilar bemor Vezaliyni Yunoniston yaqinidagi Zante oroliga yolg‘iz tashlab ketishdi. O‘sha yerda buyuk anatomik olim Andreas Vezaliy olamdan ko‘z yumdi. Hozir Zanteda Vezaliyning sharafiga yodgorlik o‘rnatilgan. Biroq, fan taraqqiyoti uchun ishtiyoqmandlik bilan kurashgan va odam anatomiyasi faniga asos solgan buyuk olimning eng katta yodgorligi, uning - «Inson tanasi tuzilishi» asaridir!


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

 

Yangilаndi: 19.03.2018 08:17  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Mulohaza bildiring:


Mahfiy kod
Yangilash

Banner

Buyuk olimlar fotogalereyasi

Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Haqiqy matematikning ovqatlanish qoidasi: ratsional nonushta; kompleks tushlik va yaxlitlangan kechki ovqat


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 784
O'qilgan sahifalar soni : 3672751

Tafakkur durdonalari

Farzandlarimiz bizdan ko'ra kuchli, aqlli va baxtli bo'lishlari shart...

I. Karimov