Orbita . U Z

...Ilm-fan fazosi uzra!

  • Shrift o'lchamini kattalashtirish
  • Odatiy shrift o'lchami
  • Shrift o'lchamini kichiklashtirish
Bosh sahifa

Linza va ko‘zoynak

E-mail Chop etish PDF
Maqola Reytingi: / 18
Juda yomon!A'lo! 

Linza va ko‘zoynak

Ko‘zoynakning ixtiro qilinish tarixini bayon etishdan avval, linzaning nima ekanligini va uning nima uchun ko‘zdagi ko‘rish bilan bog‘liq nuqsonlarni bartaraf etish uchun qo‘llanishi haqida suhbatlashsak.

Linza deb odatda, sferik yuzali shaffof optik asboblarni atashadi. Linzalarning aksariyatida har ikki taraf sferik bo‘lib, lekin, bir taraflama sferik, ikkinchisi esa tekis bo‘lgan linzalar ham uchraydi. Linzaning bizga ma'lum eng yaxshi xususiyatlaridan biri, uning tushayotgan nurlarni ma'lum yo‘nalishda o‘zgartirishi hisoblanadi. Nima sababdan bunday bo‘ladi?

Odamlar qadim zamonlardayoq yorug‘likning bir muhitdan boshqasiga o‘tishida, (masalan, havodan suvga yoki, shishaga) o‘z yo‘nalishini o‘zgartirayotganligini, boshqacha aytganda esa, sinayotganligini sezishgan. Masalan, qalamni stakandagi suvga botirsak, uning yon tomondan qaraganda xuddi sinib qolgandek ko‘rinishini hammamiz maktab fizika kursidan yaxshi bilamiz. Bunda yorug‘likning stakandagi suv va havo chegaralaridagi sinishi tufayli, ko‘zimizga shunday illyuziya namoyon bo‘ladi.

 

Linzalarda yorug‘lik ikki marta sinadi: dastlab linzaga tushiboq, ya'ni kirishda, keyin esa, undan chiqishda. Linzaning qabariqlik holatini o‘zgartirish orqali, sinishning har xil effektlarini hosil qilish mumkin. Ya'ni, bir turdagi linzalar yorug‘lik nurlarini bir nuqtaga to‘plasa, boshqalari esa uni sochib yuborishi mumkin. Chetlariga nisbatan o‘rtasi qalin bo‘lgan linzalar - yorug‘lik nurlarini bir nuqtaga jamlaydi. o‘rtasi yupqa, cheti qalin bo‘lganlari esa uni sochib yuboradi. Yig‘uvchi linzadagi nurlarning sinishdan keyingi to‘planadigan markaziy nuqtasi - fokus deb ataladi. Linza markazidan fokusgacha bo‘lgan masofa esa - fokus masofasi deb ataladi. Linzaning Sferik yuzasi radiusi qancha kichik bo‘lsa, uning fokus masofasi ham shunchalik qisqa bo‘ladi. Shuningdek, shochuvchi linza ham o‘ziga xos fokus masofasiga ega bo‘ladi.

Aytganimizdek, barcha turdagi linzalarning eng asosiy optik xususiyati - uning yorug‘likning fokuslashi, ya'ni, bir nuqtadan taralayotgan nurlarni qaytadan bir nuqtaga jamlay olishidir.

Har qanday buyumni, cheksiz miqdordagi nuqtalarning o‘zaro jamlanmasi deb tasavvur qilish mumkin, linza, buyumning bir nuqtasini emas, balki, buyumni butunligicha tasvirini hosil qiladi. Lekin, linza orqali olingan buyum tasviri uning aynan takroriy ko‘rinishi bo‘lmaydi. Balki, linzadan keyingi tasvir teskari holatda bo‘ladi, hamda, o‘lchamlari ham farqlanadi. Buning sababi shundaki, buyumdan linzagacha va linzadan tasvir tushayotgan joygacha bo‘lgan masofa doimo har xil bo‘ladi. Masalan, linzadan buyumgacha bo‘lgan masofadan, linzadan tasvirgacha bo‘lgan masofa 5 marta katta bo‘lsa, tasvir ham buyumning o‘zidan ko‘ra 5 barobar kattaroq bo‘lib hosil bo‘ladi. Linzaning buyumlarni kattaroq qilib ko‘rsatishi, ko‘rish uchun qo‘shimcha qulayliklar tug‘dirishi xususiyati shu bilan izohlanadi. Linzaning fokus masofasi qancha qisqa bo‘lsa, u shuncha kuchliroq kattalashtiradi. Agar aksincha, buyumgacha bo‘lgan masofa, tasvirgacha bo‘lgan masofadan kichikroq bo‘sa, tasvir buyumning haqiqiy o‘lchamlariga nisbatan kichikroq ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Buyumning aniq tasviri esa, uning linzaning fokus masofasidan o‘tuvchi tekislikka proyeksiyalanganida va bu tekislik linzaning asosiy optik o‘qiga perpendikulyar bo‘lganida hosil bo‘ladi.

Odam ko‘zi ham murakkab optik tizim hisoblanadi. Ko‘zga tushayotgan yorug‘lik nurlari, uning shaffof pardasi va gavharidan o‘tish jarayonlarida sinadi. Gavhar - ko‘zning shaffof qatlamli, linzaga o‘xshash qismi. Maxsus ingichka muskullar uning shaklini o‘zgartirib turishiga xizmat qiladi. Shu muskul tufayli ko‘z gavhari o‘zining fokus masofasini o‘zgartirib tura oladi va buyumlarning tasvirini to‘r pardaga proyeksiyalaydi, u esa o‘z navbatida, maxsus neyronlar orqali bosh miya axborot markaziga yuboradi. Bu - alohida katta mavzu.

Umuman olgan odam ko‘rish apparatini o‘z fokus masofasini tabiiy ravishda o‘zgartirib tura oladigan yig‘uvchi linza sifatida qarash mumkin. Agar odam kuzatayotgan buyum uzoqroqda joylashgan bo‘lsa, me'yoriy sog‘lom ko‘zning to‘r pardasidagi tasvir, gavhar muskullarining hech bir aralashuvisiz ham hosil bo‘laveradi. Buyum yaqinlashgani sayin, gavhar muskuli qisqarib, gavharning fokus masofasini borgan sari kamaya boshlaydi va tasvir tekisligi yana to‘q parda bilan muvofiqlashmagunicha gavharning qisqarishi davom etadi. Shunday qilib, ko‘z, uzoqqa qaraganida nisbatan yengil, yaqin masofadagi obyektlarga qaraganida esa birmuncha kuchlanish bilan ishlar ekan.

Biroq, ko‘pchilik odamlarda, uzoqdagi buyumga qarashda ham gavhar muskullarining kuchlanishi paydo bo‘ladi. Natijada, to‘rpardaning har bir nuqtasidagi buyum proyeksiyasi nuqta ko‘rinishida emas, balki doirachalar shaklida namoyon bo‘la boshlaydi. Tasvir tiniqligi kamayadi. Bunday odamlar, olisdagi buyumlarni tiniq ko‘ra olishmaydi, ammo, yaqin masofalarni juda ravshan va aniq ko‘rishadi. Bunday ko‘rish effekti «yaqinni ko‘rish» deb ataladi. Xuddi shu jarayonlarning aksi bo‘lsa, ya'ni odam ko‘zi yaqindagi buyumlardan ko‘ra uzoqdagilarni ko‘rishda nisbatan aniq tasvir hosil qilsa, «uzoqni ko‘rish» hodisasi kelib chiqadi. Uzoqni ko‘ruvchi odam olisdagi obyektlarni yaxshi farqlaydi va aniq tiniq ko‘ra oladi, ular yaqin masofada bo‘lganida esa, tasvirning xiraligidan nolishadi. Hammamizga ma'lumki, aytib o‘tilgan har ikkala ko‘rish nuqsoni, maxsus ko‘zoynaklar yordamida bartaraf etiladi. Ko‘z hakimlari tomonidan, Yaqinni ko‘ruvchilarga - sochuvchi linzalar, uzoqni ko‘ruvchilarga esa yig‘uvchi linzalar tavsiya etiladi. Bunday ko‘zoynaklarga ega bo‘lmagan odamlar, o‘zlari uchun juda katta noqulayliklar kelib chiqishini, hamda, agar vaqtida chora ko‘rilmasa, nogironlikka olib kelishi mumkinligini yaxshi anglaydilar albatta.

So‘nggi o‘n yillikda ayniqsa yaqinni ko‘rish dunyo bo‘ylab eng keng tarqalgan xastaliklar sirasiga kirib qoldi. Hozirgi zamonda, deyarli hamma odamlar, ma'lum yoshga borib ko‘zoynak taqishga majbur bo‘lmoqdalar. Shu sababli ham ko‘zoynaklarni, insoniyatning eng katta va foydali ixtirolari safida alqash o‘rinli bo‘lsa kerak.

Ko‘zoynaklarning konstruksiyasi juda sodda bo‘lsa hamki, ular nisbatan kech - o‘rta asrlarga kelibgina paydo bo‘ldi. Bunga sabab esa, bir jinsli va yuqori sifatli shisha ishlab chiqarishning faqat shu davrda o‘zlashtirilishi bo‘lib, avvallari shishaning sifati juda dag‘al va shaffofligi talabga javob bermas edi. Biroq, linzaning xususiyatlari bilan esa odamlar ancha avvalroq tanishib ulgurishgan. Qadimgi tamaddunlarning aksariyatida, asosan tog‘ xrustali va berill minerali kabi shaffof ma'danlardan tayyorlangan linzalardan turli maqsadlarda foydalanilgan. Bu kabi qadimgi linzalarning turli shakldagi namunalari, qadimgi Misr, Mesopotamiya, Yunoniston va Rim imperiyasiga taalluqli arxeologik qazishmalarda ko‘plab topilgan. Afsonaviy Troya qazishmalaridan esa taxminan 2500 yillik tarixga ega bir nechta linzalar topilgan edi. Shuningdek, miloddan avvalgi 1600-yillarga tegishli deb taxmin qilingan xrustal linzani Krit orolidagi Konos saroyi xarobalaridan topilgan. Shisha linzalarning eng qadimiylari esa, milodgacha bo‘lgan V - IV asrlarga tegishli Sargon yodgorliklariga (Mesopotamiya) taalluqli hisoblanadi. Milod boshlarida va ilk o‘rta asrlarda shisha linzalar tayyorlashin ancha keng ravnaq topdi. o‘rta asrlarga tegishli bir necha qo‘lyozmalarda optikaga oid risolalar saqlanib qolgan bo‘lsada, lekin, hech bir tarixiy manbada linzalardan ko‘zdagi ko‘rish nuqsonlarini bartaraf etishda foydalanilgani haqida tayinli gap yo‘q. Hattoki, linzadan tasvirni kattalashtirish - lupa sifatida foydalanilgani haqida ham biror ma'lumotga ega emasmiz. Tarixchilarning fikricha, o‘sha davrlarda linzalar o‘z amaliy vazifasidan ko‘ra ko‘proq ziynat buyumi sifatida qaralgan.

Dastlabki ko‘zoynaklar esa XIII-asrda Italiyada paydo bo‘lgan. Bu davr italyan shishasoz ustalari butun dunyo bo‘yicha eng yuksak mahoratli shisha sayqallovchilar sanalishgan. Ayniqsa Venetsiya shishasi va shisha mahsulotlari katta mashhurlikka ega bo‘lgan. Sayqallash jarayonidagi tayyorlanayotgan mahsulot sifatini ko‘p martalik tekshirish natijalari orqali ustalar shishaning optik yaqinlashtirish xususiyatini vanihoyat payqab qoldilar. Tarixiy faktligi tasdiqlanmagan naqlga ko‘ra, ikkita shisha linzani bir gardishga mustahkamlab, kattalashtirib ko‘rish uchun qulay optik asbob tayyorlashdek dohiyona g‘oya, 1285-yili, Florensiyalik shishasoz usta - Salvinyo Armatining kallasiga kelib qolgan ekan. Aynan u ko‘p miqdorda ko‘zoynaklar ishlab chiqarishni boshlab bergan kishi sifatida ham qayd etiladi. Bu shaxs haqida boshqa hech narsa ma'lum emas. Ammo, u o‘ylab topgan, oson va qulay usulda ko‘rish nuqsonlarini bartaraf etuvchi beminnat dastyor - ko‘zoynaklar hozirgi zamonda ham ko‘plab insonlarning mushkulini oson qilmoqda. Saqlanib qolgan namunalarga qaraganda, Salvinyo Armatining ko‘zoynaklari faqat uzoqni ko‘ruvchilar uchun bo‘lgan ekan. Yaqinini ko‘ruvchilarga mo‘ljallangan ko‘zoynaklar esa sal keyinroq - optika taraqqiy eta boshlagan, teleskop va durbinlar keng tarqalgan XVI-asrlarda paydo bo‘lgan ekan.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/

Tvitterda: @OrbitaUz

Google+ : https://plus.google.com/104225891102513041205/posts/

Telegramdagi kanalimiz: https://telegram.me/OrbitaUz

Yangilаndi: 27.04.2019 15:07  
Maqola yoqdimi? Do'stlaringizga ham tavsiya qiling:

Sizda mulohaza qoldirish imkoniyati mavjud emas. Mulohaza qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'tish kerak.

Banner

Orbital latifalar :) :)

????????????????????????

Fizika o'qituvchisi bolalarga savol beryapti:

-1 kg temir og'irmi, yoki, 1 kg paxtami?

Bir olg'ir so'zamol bola javob qaytradi:

-Domla oyoqqa tushib ketsami, yoki, tarozida tortib ko'rsami?


Birliklar Konvertori

Birlik / Kattalik turini tanlang:
Qiymatni kiriting:

Natijaviy qiymat:

© Orbita.uz

Kontent statistikasi

Foydalanuvchilar soni : 368
Kiritilgan mаqolalar soni : 880
O'qilgan sahifalar soni : 10908346

Tafakkur durdonalari

Dunyoda ilmdan o'zga najot yo'q va bo'lmagay! (Imom Buxoriy)